USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

IIV xodimlari kuniga yana bir tuhfa 

Nashr qilingan sana: 21 10 2017

Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamda Vatan himoyachilari kunlari arafasida yangi ko‘krak nishonlari topshiriladi.


O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017-yil 9-iyuldagi buyrug‘iga asosan «Yong‘indagi jasorati uchun» va «Yong‘indan saqlash xizmati a’lochisi» idoraviy ko‘krak nishonlari topshiriladi. Ushbu ko‘krak nishonlari bilan kimlar taqdirlanadi, degan savolga O‘zbekiston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Sanjar Zuparov javob beradi.
— «Yong‘indagi jasorati uchun» idoraviy ko‘krak nishoni bilan yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari bilan birgalikda yong‘inlarni oldini olish va o‘chirishda hamkorlik qilganlar ham taqdirlanadi. Ya’ni, yong‘inlarni o‘chirishda fuqarolarni yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini yong‘indan qutqarishda ishtirok etib, yong‘inlarni katta maydonlarga tarqalishini oldini olib, qisqa muddatlarda kam talofatlar bilan bartaraf etilishida yong‘in o‘chirish bo‘linmalarini oqilona va tezkorlik bilan boshqarayotgan shaxslar taqdirlanadi.
«Yong‘indan saqlash xizmati a’lochisi» idoraviy ko‘krak nishoni bilan yong‘indan saqlash xizmati bo‘linmalarida 10 yildan ortiq samarali xizmat qilib, o‘ziga yuklatilgan topshiriqlarni a’lo darajada bajarayotgan, kasbiy mahorati va xizmat tayyorgarligi bo‘yicha muntazam yuqori natijalarga erishayotgan xodimlar taqdirlanadi. Shuningdek, yong‘in xavfsizligini ta’minlashda mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatayotgan, yong‘inni oldini olish va yong‘inlarni o‘chirish yo‘nalishi hamda yong‘in xavfsizligi xizmatiga munosib kadrlar tayyorlashda o‘z hissasini qo‘shayotgan shaxslar ushbu nishonga munosib ko‘riladi.
«Yong‘indagi jasorati uchun» idoraviy ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining uch barobari, «Yong‘indan saqlash xizmati a’lochisi» idoraviy ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar esa eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida bir yo‘la pul mukofotini oladi.

Ko'rishlar soni

355