USD = 8188.33 (+1.38) SUM   EUR = 10057.73 (-139.12) SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Bosh prokuratura: Noxolis axborot tarqatishdan maqsad nima?

Nashr qilingan sana: 08 02 2018

Internet tarmog'i axborot olish, zarur ma`lumotlarni qidirib topishning eng qulay vositasiga aylandi. Xo'sh, bu tarmoqda tarqatilayotgan xabarlarning barchasi asoslimi, xolismi? 


O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ommaviy axborot vositalari, xususan saytlarda tarqatilgan xabarlar qanchalik asosli ekanini aniqlashga qaratilgan o'rganishlar o'tkazmoqda.

Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo'limi boshlig'i Gulnoza Rahimova shu yo'nalishdagi o'rganish natijalari haqida O'zA muxbiriga quyidagilarni ma`lum qildi: 

– Xalqimiz turmush sharoiti bilan bog'liq muammolar ko'tarilgan xabarlar doim e`tibor markazimizda, – deydi G.Rahimova. – Prokuratura organlari aralashuvini talab qiladigan qonunbuzilishlar haqidagi xabarlarni to'liq va atroflicha ko'rib chiqishdan maqsad – haqiqiy vaziyatni aniqlash va unga huquqiy baho berish hamda mushkul ahvolga tushgan fuqarolarga yordam berishni tashkil etishga qaratilgan. 

Qayd etib o'tish kerakki, saytlarda e`lon qilinayotgan xabarlar monitoringi davomida ularning qariyb 30 foizi turli sohalarda qonun buzilishi, fuqarolarimiz hayotida yuzaga kelgan muammolar haqida ekani ma`lum bo'ldi. 

Albatta, ular orasida aniq dalil va haqiqiy holat aks etgan xabarlar mavjud. Bu borada aniq misollarga e`tibor qaratsak. 

“Yangiyo'l tumanining mansabdor shaxslari aholi muammolariga befarq” sarlavhali xabarda Yangiyo'l shahridagi Akmal Ikromov ko'chasida suv quvuri yorilib ketishi oqibatida yo'l yaroqsiz holga kelib qolgani bayon etilgan. Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi o'rganish o'tkazdi. 

Aniqlanashicha, ushbu ko'chadagi quvurlar 2017 yil oktyabrь oyida Yangiyo'l shahar “Suvoqava” filiali tomonidan almashtirilgan. Biroq quvurlarni almashtirish jarayonida qazilgan yo'l shu holda qolib ketgan. O'z holiga tashlab qo'yilgan bu holat aholining haqli e`tiroziga sabab bo'lgan.

Yangiyo'l shahar prokuraturasi aralashuvi bilan shahar “Suvoqova” filiali tomonidan hosil bo'lgan chuqurlarni ko'mish, yo'lni tekislash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, mazkur ko'chaga yaqin kunlarda asfalьt yotqizilishi belgilangan. 

“Gaz yo'qligi sababli odamlar stadiondagi o'tirgich taxtalarini o'g'irlayapti” sarlavhali maqolada Jizzax viloyati Do'stlik tumani “Manas” qishloq fuqarolar yig'ini hududida joylashgan uylarning ta`mirtalab ahvoli, gaz va suv ta`minotida muammolar borligi, aholi uylarini isitish uchun stadion o'tirgichlaridagi taxtalarni olib ketayotganligi yozilgan.

Tuman prokuraturasi tomonidan o'tkazilgan o'rganish davomida maqolada ko'rsatilgan holatlarning aksariyati o'z tasdig'ini topdi. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida aholiga xizmat ko'rsatuvchi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tashkil etish belgilandi. Mahallada tozalikni ta`minlash uchun “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tomonidan hududga nazoratchi biriktirildi. Maxsus avtomashina ajratildi. 2,5 kilometr yo'lga tosh qoplamasi yotqizildi. Mahalladagi stadionni ta`mirlash bo'yicha vazifalar belgilandi.

Hududda istiqomat qiluvchi aholiga 2-tumanlararo gaz ta`minoti korxonasi tomonidan gaz balonlari, shuningdek, “Suvoqava” korxonasi tomonidan maxsus avtomashinada muntazam toza ichimlik suvi etkazib beriladigan bo'ldi. 

Biroq, Internetdagi barcha xabarlarni asosli va xolis, deb bo'lmaydi. O'rganishlar natijasida prokuratura organlari uydirmadan iborat bo'lgan, mish-mishga asoslangan, asossiz va noxolis ma`lumotlarni tarqatish holatlari ham borligini aniqladi. 

Masalan, 2017 yilning dekabrь oyida ayrim veb-saytlarda «Trubada gaz bo'lsayu, biz sovuqda o'tirsak?!» - xonqaliklar dardiga kim quloq soladi?» sarlavhali maqola joylashtirildi. Unda Xorazm viloyati Xonqa tumani Paxtagul mahallasidagi ikki ko'cha gaz ta`minotidan uzib qo'yilgani, mutasaddi idoralarga yo'llangan murojaatlar o'z echimini topmaganligi ko'rsatilgan.

Mazkur holatga aniqlik kiritish va aholining ijtimoiy huquqlarini ta`minlash maqsadida Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan o'rganish o'tkazildi. Bu jarayonda, afsuski. maqolada keltirilgan holatlar o'z tasdig'ini topmadi. 

Ma`lum bo'lishicha, bu mahalla aholisining aksariyati tabiiy gazdan muntazam foydalanadi. Faqat 286 xonadonga tabiiy gaz etib bormayotgani inobatga olinib, ularga suyultirilgan gaz etkazib berish yo'lga qo'yilgan. Mahalla aholisiga kuz-qish mavsumida foydalanish uchun ko'mir yoqilg'isi ham ajratilgan. 

“Nonga zo'rg'a pul topyapmiz, uy-joy uchun dastlabki to'lovga pulni qaerdan topamiz” sarlahali maqolaga to'xtalsak. Unda Samarqand shahridagi Maqsud Shayxzoda mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro 23 yildan beri 6 kishidan iborat oilasi bilan 2 xonali uyda yashashi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga murojaat qilganidan keyin unga 2 xonali kvartirani 25 million so'm dastlabki to'lov bilan olish taklif etilganligi, ammo u nonga zo'rg'a pul topayotgani, dastlabki to'lov uchun pul topa olmasligi bayon qilingan.

Ushbu xabarda ko'rsatilgan holatga oydinlik kiritish hamda ko'rsatilgan mahallada yashovchi aholining yashash sharoiti Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan o'rganildi. Aniqlanishicha, mazkur mahallada 2 xonali uyda 6 kishi yashayotganiga oid fakt o'z tasdig'inii topmadi. 

2017 yil dekabrь oyida Internetda “Majburiy ijro byurosi xodimlari qarzdor fermerlarning mulkini kuch bilan tortib olishni boshladi” nomli xabar e`lon qilindi. Unga ko'ra, Surxondaryo viloyatining Muzrobod tumani Majburiy ijro byurosi va ichki ishlar bo'limi xodimlari mahalliy fermer Ibrohim Xonnazarovning uyiga bostirib kirib, mol-mulkini kuch ishlatib tortib olishga uringanligi bayon etilgan. Bu holat bo'yicha Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan tekshirish o'tkazildi.

Tekshirishda shu narsa ma`lum bo'ldiki, fermer xo'jaligi rahbarining davlat oldida katta miqdorda qarzdorligi bo'lganligi tufayli unga nisbatan ijro ishi qo'zg'atilgan. Qonunchilikka ko'ra, qarzdorning qarzini to'lashga mablag'i bo'lmasa, undiruv uning mol-mulkiga qaratiladi. 

Ibrohim Xonnazarov sud tarafidan bir necha marta ogohlantirilganiga qaramasdan qarzini bartaraf etishga urinmagan. Shuning uchun I.Xonnazarov O'zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining tegishli moddasi bilan eng kam ish haqining 12 baravari miqdorida jarimaga ham tortilgan.

Tekshiruv davomida Majburiy ijro byurosi xodimlarining harakatlarida qonun buzilishi holati aniqlanmadi.

Internet tarmog'ida Xorazm viloyati Shovot tumani hokimligi tashabbusi bilan hosildor mevali daraxtlar majburan yo'q qilinayotgani to'g'risida xabar tarqatilgan edi. Xorazm viloyat prokuraturasi organlari tomonidan o'tkazilgan o'rganishlar davomida mazkur xabarda keltirilgan ma`lumotlar haqiqatga mos kelmasligi aniqlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 yanvardagi “Xorazm viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar Dasturi to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, Shovot tumanida mavjud fermer xo'jaliklari hisobidagi eski, samarasiz, ko'p harajat talab qiluvchi va qarovsiz ahvoldagi 218 gektar bog' o'rniga eksportbop meva ko'chatlaridan iborat yangi intensiv bog' barpo etilayotgani ma`lum bo'ldi.

«O'zbekistonda odamlar qachongacha «emagan somsasi»ga pul to'laydi?» mazmundagi ma`lumotda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani bo'limi xodimlari tumandagi Istiqlol mahallasi aholisidan aslida iste`mol qilinmagan suv uchun to'lov undirishga kirishilgani haqida so'z yuritilgan.

O'rganishlar shuni ko'rsatdiki, Istiqlol mahallasida ichimlik suvi quvurlari va ichki quvurlar yaroqsiz holga kelganligi sababli mutasaddi tashkilotlar tomonidan 2018 yilning 1-choragida ularni qayta ta`mirlash rejaga kiritilgan. Bu borada tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu hududlarda yashovchi aholiga ichimlik suvi “Suvoqava” korxonasi tomonidan avtomashinalar orqali etkazib berilmoqda.

Ushbu hudud Majburiy ijro byurosi tuman bo'limi tomonidan ichimlik suvi uchun to'lovlarni yig'ish jadvallariga kiritilmagan hamda xonadon egalariga to'lovni amalga oshirish to'g'risida talabnoma yuborilmagani ma`lum bo'ldi.

Ko'rinib turibdiki, ayrim hollarda mavjud holat buzib ko'rsatilgan, uydirmaga asoslangan xabarlar uchrab turibdi. Xo'sh, bunday noxolis axborotlarni tarqatishdan maqsad nima? Odamlarni chalg'itishmi yoki yolg'on xabar berib bo'lsa ham ko'pchilikni o'ziga qaratishmi? Yoxud yurtimiz sha`niga dog' tushirishga harakatmi, bu?! 

Bu savollarga javobning o'zi shu savollar zamirida zohirdir, deb yozadi Norgul Abduraimova, O'zA.

Ko'rishlar soni

86