USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Bog‘cha hududida avtoturargoh qurilishi to‘xtatildi

Nashr qilingan sana: 13 11 2017

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyati bog‘cha hududida avtoturargoh qurilishini to‘xtatdi, deyiladi ma’muriyatning feysbukdagi rasmiy sahifasida.

Unda “Pravda Vostoka Online” nashri “Mirzo Ulug‘bek tuman hokimiyatiga oid holatni, ya’ni 232-maktabgacha ta’lim muassasasi hududida avtoturargoh qurilishi borasidagi savolni ko‘targani” ta’kidlangan.

“Aholi va ommaviy axborot vositalari tomonidan ko‘tarilgan bu savolning ijtimoiy ahamiyati hisobga olinib, ushbu holatni hokimning o‘zi borib chuqur o‘rganib chiqqan. Avtoturargoh joyi bilan tanishib, o‘rganib chiqilgach, ushbu avtoturar maydonni qurish to‘xtatilishi haqida qaror qabul qilingan”, - deyiladi hokimiyat murojaatida.

Shuningdek, “qurilish ishlarining davom ettirilishi aholi istak va takliflariga ko‘ra, amaldagi qonun hujjatlariga asosan shahar qurilish me’yorlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi” ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, 31-oktabr kuni nashrimiz tumandagi 232-maktabgacha ta’lim muassasasi hududida ochiq avtoturargoh qurilayotgani haqida materialni chop etgan edi. Muxbirimiz ishchilarning bolalar bog‘chasi hovlisining o‘rtasidan panjara-yu devorlar tortayotgani haqida xabar bergan edi.

Bunga javoban hokimiyat vakillari “avtoturargoh maydoni 232-maktabgacha ta’lim muassasasi hududidan emas, uning yonidan qurilayotgani”ni aytib o‘tishgan edi.

Hokimiyatning javobidan so‘ng muxbirimiz yana bir bor ushbu manzilda bo‘lib, bog‘chaning kadastr hujjatlari bilan tanishgan edi. 2007-yilda tuzilgan kadastrga ko‘ra, avtoturarjoy qurilishiga ajratilgan hudud bolalar bog‘chasiniki ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilgan edi.

Ko'rishlar soni

114