USD = 8188.33 (+1.38) SUM   EUR = 10057.73 (-139.12) SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Aholi punktlari bosh reja bilan ta`minlash yaxshilanadi

Nashr qilingan sana: 05 02 2018

Keyingi yillarda respublikada shaharsozlikni takomillashtirish sohasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi, deyilgan  O'zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 2 fevralda qabul qilingan “2018-2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta`minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga sharhda. Zamonaviy ijtimoiy ob`ektlar va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta`minlagan holda aholi farovonligi darajasini oshirish, arzon va ayni vaqtda qulay hamda shinam uy-joyga bo'lgan ehtiyojlarini qondirish borasidagi ishlar shaharlar va qishloq aholi punktlarining arxitektura qiyofasida sezilarli o'zgarishlar yasamoqda. 


Shu bilan birgalikda zamonaviy binolar, inshootlar, ko'p funktsiyali komplekslarni barpo etishgagina emas, balki aholi punktlarida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishga ko'maklashuvchi yangi istirohat bog'lari, xiyobonlar, suv havzalari va sport inshootlari bilan birgalikda rekreatsiya zonalarini barpo etishga va mavjudlarini obodonlashtirishga katta e`tibor berilmoqda. 

Rivojlanishning bosh rejalarini ishlab chiqish jarayoni hududlarni rejali va bosqichma-bosqich qurishning asosi hisoblanadi. 

Ushbu omil hisobga olingan holda quyidagi choralar ko'rildi: 

birinchidan, maqsadli davlat dasturlariga muvofiq 96 ta shahar va 87 ta shahar posyolkalari uchun bosh rejalar ishlab chiqildi hamda 550 ta qishloq (ovul) fuqarolar yig'inlari uchun hududlarni me`moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalari tayyorlandi; 

ikkinchidan, bosh rejalarni sifatli va o'z vaqtida ishlab chiqishni ta`minlash maqsadida respublika hududlarida qo'shimcha ravishda 26 ta etakchi loyiha-qidiruv tashkiloti hamda “O'zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasining 12 ta filiali tashkil etildi, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga jalb etilgan bosh loyiha tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish choralari belgilandi. 

Shu bilan birgalikda shahar va qishloq aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan ta`minlash bo'yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari, vazirliklar va idoralar tomonidan ko'rilgan choralar etarli bo'lmaganligi sababli 23 ta shahar, 994 ta shahar posyolkasi va 922 ta qishloq aholi yashash joylari tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga ega emas. 

Loyiha tashkilotlarining zamonaviy texnik vositalar, ilg'or innovatsion dasturiy mahsulotlar va zarur axborot bazasi bilan etarlicha ta`minlanmaganligi loyiha mahsulotining sifati pasayishiga va ishlab chiqish muddatlari cho'zilishiga olib kelmoqda. Xorijiy tajribani o'rganishda va kadrlarni tayyorlash jarayonida tizim yo'qligi ham loyiha-qidiruv ishlarining sifatiga salbiy ta`sir ko'rsatmoqda. 

Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni, ular bilan aholi punktlarini o'z vaqtida qamrab olish uchun shart-sharoitlar yaratishni, loyiha tashkilotlarining faoliyatini yanada takomillashtirishni, ixtisoslashtirilgan oliy ta`lim muassasalari tomonidan arxitektorlar, quruvchilar va tarmoqning boshqa mutaxassislarini tayyorlash sifatini oshirishni ta`minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta`minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda quyidagi choralar nazarda tutilgan: 

birinchi – 2018-2022 yillarda respublika shaharlari va shahar posyolkalarining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqish dasturlari, 2018-2019 yillarda aholi punktlarini batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda qishloq (ovul) fuqarolar yig'inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirishni tashkil etish loyihalarini ishlab chiqish dasturi hamda Ishlab chiqilayotgan shaharsozlik hujjatlari sifatini yaxshilash, loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish va ularning malakasini oshirish bo'yicha kompleks tadbirlar tasdiqlandi; 

ikkinchi – 2018-2022 yillar davrida 23 ta shahar va 115 ta shahar posyolkasi bosh rejalari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi va Jizzax viloyatida 55 ta qishloq (ovul) fuqarolar yig'inlari hududlarini me`moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalari ishlab chiqilishi belgilandi; 

uchinchi – shaharsozlik hujjatlari sifatini yaxshilash va o'z vaqtida ishlab chiqish maqsadida ushbu qaror bilan tasdiqlangan dasturlarni amalga oshirish bo'yicha buyurtmachi funktsiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalaridan Qoraqalpog'iston Respublikasi arxitektura va qurilish qo'mitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga olib berildi; 

to'rtinchi – ixtisoslashtirilgan loyiha tashkilotlari “O'zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasi va “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi bilan bir qatorda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi “Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-2946-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan mintaqaviy etakchi loyiha-qidiruv tashkilotlari loyihaga ko'ra aholi soni 20 ming kishidan kam bo'lgan shahar posyolkalarining bosh rejalarini ishlab chiqishga jalb etilmoqda. Shu bilan birgalikda “Qishloqqurilishloyiha” MChJga qishloq (ovul) fuqarolar yig'inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirishni tashkil etish loyihalarini ishlab chiqish bilan birgalikda qo'shimcha batafsil rejalashtirish loyihalarini hamda ushbu batafsil rejalashtirish loyihalari uchun topogeodeziya xaritalarini ishlab chiqish yuklanmoqda; 

beshinchi – O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasiga, shuningdek, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligiga O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida tegishli mablag'lar ajratilishini nazarda tutib ushbu qaror bilan tasdiqlangan dasturlarni amalga oshirishni moliyalashtirishga har yili zarur mablag'lar ajratilishini ta`minlash yuklanadi; 

oltinchi – shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga tor doiradagi respublikaning loyiha tashkilotlariga monopol huquq berilishi amaliyotidan voz kechish maqsadida qaror bilan birinchi marta Toshkent shahri, Toshkent viloyati shaharlari va shahar posyolkalarining hamda boshqa shaharlarning bosh rejalarini ishlab chiqishga xorijiy loyiha-qidiruv tashkilotlarini tanlov asosida jalb etish nazarda tutilmoqda; 

ettinchi – loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo'mitasiga ikki oy muddatda "O'zshaharsozlikLITI" DUK, "ToshkentboshplanLITI" DUK va "Qishloqqurilishloyiha" MChJning etakchi loyiha-qidiruv tashkilotlari tuzilmasiga hududlarni rejalashtirish va qurish bo'yicha hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida ular faoliyatining samaradorligini oshirishni, shuningdek, ilg'or xorijiy tajribani hisobga olgan holda hajm-rejalashtirish jihatidan loyihalashtirishni nazarda tutuvchi dolzarb o'zgartirishlar kiritilishini, shuningdek loyiha-tashkilotlari va shaharsozlik faoliyatining boshqa ishtirokchilari orasida tegishli dolzarb axborotni tezlikda va keng ko'lamli tarqatish imkonini beruvchi zamonaviy texnik darajadagi axborot-tahliliy baza tashkil etilishini ta`minlash vazifasi qo'yildi; 

sakkizinchi – ilg'or xorijiy tajribani sinchiklab va tizimli o'rganmasdan hech bir sohada ilg'or texnologiyalarni joriy etishdan real natijalarga erishib bo'lmasligini inobatga olgan holda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga arxitektura sohasida xorijiy ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik o'rnatishda O'zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari orqali O'zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo'mitasiga har tomonlama ko'maklashish topshirildi; 

to'qqizinchi – O'zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo'mitasi hamda Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligiga tarmoq mutaxassislarining malakasini oshirish uchun tizimli asosda tajriba almashishni va maqsadli tajriba orttirishlarni tashkil etish uchun har yili 1 dekabrgacha etakchi ixtisosli xorijiy oliy ta`lim va tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik dasturlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta`minlash topshirildi; 

o'ninchi – O'zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo'mitasi hamda Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligiga ta`limning yangi talab etilgan yo'nalishlari bo'yicha kadrlarga bo'lgan ehtiyojlardan kelib chiqib, har yili 1 dekabrgacha ta`limning ushbu yo'nalishlarini ochish va ular bo'yicha qabul kvotalarini belgilash uchun O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga yagona shakllarga muvofiq aniqlangan ehtiyojlar bo'yicha asoslangan takliflarni kiritish vazifasi yuklatildi. 

Ta`kidlash kerakki, ishlab chiqilayotgan shaharsozlik hujjatlari sifatini yaxshilash, loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish va ularning malakasini oshirish bo'yicha kompleks tadbirlar shaharsozlik sohasida normativ-huquqiy va normativ-texnik bazani takomillashtirishga yo'naltirilgan choralarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. 

Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlari tasdiqlanishi qisqa muddatda barcha shaharlarni, shahar posyolkalari va qishloq hududlarining bir qismini shaharsozlik hujjatlari bilan ta`minlash imkonini beradi, bu esa aholi punktlarining qiyofasini yaxshilashga ijobiy ta`sir ko'rsatadi, ko'chalarni va boshqa hududlarni tartibsiz va o'zboshimchalik bilan qurish holatlarining oldini oladi, ya`ni aholining qulay yashashi darajasini oshirishga ko'maklashadi. 

Aholi hayot faoliyati uchun qulay muhit yaratish, ishlab chiqarish, ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasi rivojlangan obod aholi punktlarini barpo etish yangi shaharsozlik siyosati amalga oshirilishining natijasi bo'lishi kerak. 

Ko'rishlar soni

91