USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Adras kiygan qiz

Nashr qilingan sana: 21 10 2017

Yo‘nalishli taksiga chiqishdan yurak oldirib qo‘yganman. 


Payshanba kuni Yunusoboddan Shimoliy temir yo‘l vokzaliga qatnaydigan yo‘nalishli taksida o‘zim guvoh bo‘lgan voqeani olaylik.

Mezonda yoqqan yomg‘irning xosiyati ko‘p, deyishadi. Qish iliq kelsa-da, tog‘larda - qor, daryolarda - suv, ekinlar tagida xalqob, bahor – seryog‘in, yoz - serhosil bo‘larmish.
Seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi tonggacha yomg‘ir tinmadi. Maydalab, sekin, shoshilmasdan yog‘di. Ertalab quyosh chiqib, hamma yoq charaqlab ketdi. 

Yo‘nalishli taksi tomon yurdim. 

Liq to‘la mikroavtobusning old o‘rindig‘ida o‘yma yoqali adras ko‘ylagining uzun etaklarini tizzalari orasiga olib, boshqalarga yuzma-yuz o‘tirgan yigirma yoshlardagi qiz e’tiborimni tortdi. Qo‘ng‘irlikka moyil ko‘zlari g‘oyat aqlli. Peshonasi keng bu hilqatning tortinchoq, kamgap, kamsuqim, og‘ir-bosiq qizligi qordek oppoq yuzlaridan shundoqqina ko‘rinib turardi.

Qisinib-qimtinib o‘tirgan shu qiz Toshkent Davlat sharqshunoslik institutining yonida taksidan tushib qoldi. 

Boya aytganimdek, yo‘nalishli taksiga chiqishga yuragim bezillaydi. Lekin bu hayotni chidaganga chiqargan – o‘n yildan beri ishga “Gazel” (“Ohu”) degan shoirona nom bilan atalmish mikroavtobus - yo‘nalishli taksida qatnayman. Yo‘q, ulovimiz doim toza-ozoda, batartib – o‘z vaqtida g‘izillab qatnab turadi. Haydovchilari ham ha deganda baqirib-chaqirib, so‘kinavermaydi. 

Yurakni bezillatadigani boshqa narsa.

“Mostdan o‘tgandan keyin to‘xtatib yuboring, - deydi kattakon sumka sudragan o‘rta yoshlardagi semiz ayol haydovchiga orqa o‘rindiqdan pul uzatar ekan. – Sdachisi gerakmaydi”. 

Bunday dalolat mening tinchimni buzadi.

“Ko‘prikdan o‘tgandan keyin” deng, “qaytim” deng, opa!”- deyman ichimda va labimni tishlayman: hay attang! Ko‘prikdan keyingi manzil – kattakon bozor. Bozor ko‘rgan xotinga gap uqtirish dushvor - terisi qalin, og‘zi bepardalikka moyil bo‘ladi. Bu xonim ham birovga gapini oldiradiganga o‘xshamaydi. “Toshingni ter, uka!” desa, ko‘pchilikning oldida qanday odam bo‘laman.

Haddini bilgan xor bo‘lmas... 

“Nalogovoyning yonida to‘xtab o‘tarsiz?” - deydi qora ko‘zoynak taqqan yigit tizzasidagi qizg‘ish portfelini qo‘liga olar ekan.

“Soliq idorasining yonida” deng, uka!” – demoqchi bo‘lamanu yana g‘ijinishdan nariga o‘ta olmayman. Dami balandligiga qaraganda bunisi ham pul odami, deb o‘zimga taskin-tasalli beraman, birorta korxonada hisobchimi, boshliqmi bo‘lsa kerak. 

“Keyingi ostanovkada tushadiganlar bormi? - deb so‘raydi bo‘yniga oq belbog‘ tashlab olgan chapani haydovchi. 

“Bekat”, okaginam, “bekat”, - deb hayqirgim keladi endi. – Axir daqqiyunusdan qolgan “ostanovka” so‘zi ona tilimizda “bekat” bo‘ladi, “be-eka-at!..”

Ro‘paramda rus tilida o‘zaro cho‘g‘irlashib kelayotgan malla sochli ikki ayol bir-biriga ma’noli qarab qo‘yadi. Miyig‘ida sezilar-sezilmas istehzo paydo bo‘ladi. Balki menga shunday tuyulgandir. Balki ular, rostan ham, o‘zini dunyodagi eng boy tarix va eng qadimiy tilga ega millat deb faxrlanadigan bu, o‘zbeklar qanday xalq bo‘ldiki, zabonida “ko‘prik”, “soliq”, “bekat”, “qaytim”, degan oddiy so‘zlar bo‘lmasa deb ajablanayotgandir. O‘zbek tilida birgina “ko‘prik” so‘zining o‘nga yaqin ma’nodoshi - sinonimi borligini balki ular bilmas. Lekin shu xalqning farzandi bo‘la turib buni o‘zimiz bilmasligimiz, bilsak-da, o‘ylamay-netmay o‘zga tildan bo‘lar-bo‘lmasga “qarz olib”, lo‘lining ishtonidek ola-quroq qilib gapirishimiz uyat, deb o‘ylayman har gal. Begonalar oldida uyat! Shunisi ezadi odamni! Shuning uchun yo‘nalishli taksiga chiqishga yuragim betlamaydi. Bu ulovda hali “bekat” so‘zini tilga olgan odamni uchratmadim. Hamma yoq - “ostanovka”.

“O‘zingiz-chi? - deb so‘rarsiz.- Bunday paytlarda o‘zingiz qanday karomat ko‘rsatasiz?”

Menga oson. Chorrahadan o‘tib tushaman!..

Payshanba kuni Toshkent Davlat sharqshunoslik institutiga yaqinlashganimizda adras kiygan qiz haydovchiga ohista murojaat qildi:

“Iltimos, keyingi bekatda to‘xtatib yuboring!” 

Ipakdek muloyim, musiqadek shirali ovozni eshitib, hamma beixtiyor o‘sha tomonga qaradi. Qaradiyu qizga bir zum go‘yo mahliyo bo‘lib qoldi: ovozi-yu odobi o‘ziga naqadar yarashgan! 

Taksi to‘xtadi.

Qiz mikroavtobusdan tushib, eshikni sekin yopar ekan, dedi:

“Rahmat, amaki!”

“Arzimaydi!” - dedi haydovchi va tomog‘ini qattiq qirib olgach, qolganlardan so‘radi:

“Keyingi bekatda tushadiganlar bormi?..”

“Bor!..” - dedim men yengil tortib va o‘rnimdan shaxt turdim.
 

Jonqobil Juma

Ko'rishlar soni

759