USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Yil boshidan 3 ming kilometr yo‘l ta’mirlandi

Nashr qilingan sana: 08 11 2017

Yil boshidan buyon respublikamizda 3 ming kilometr hududiy avtoyo‘llar, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 1,447 ming kilometr ko‘proq yo‘l ta’mirlandi.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov ta’kidlaganidek, dastlab ichki qatnov yo‘llari, ayniqsa, qishloq joylardagi yo‘llar yaxshilandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2018-yillarda hududiy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘rida”gi qaroriga asosan qishloq joylaridagi avtomobil yo‘llari, shahar ko‘chalari, posyolkalar, qishloq va ovullardagi  2700 kilometr yo‘l kapital va joriy ta’mirlanish vazifasi qo‘yilgan edi. Yil oxirida ushbu raqam yanada ortadi. Sababi ta’mirga muhtoj yo‘llar juda ko‘p va kelgusi yilda ham asfalt yotqizish ishlari davom etadi.

Joriy yil yo‘l xizmatchilari mehnati bilan “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau” A380 avtomagistralining 135 kilometrlik qismi, shuningdek,  “Olmata-Bishkek-Toshkent-Termiz” M39ning o‘ttiz kilometrli maydoni foydalanishga topshirildi, ushbu yo‘llarda ikkita yangi ko‘prik ham qurib bitkazildi.

Raisning birinchi o‘rinbosari uzoq vaqt davomida yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar e’tiborsiz qoldirilgani, shuning uchun bunday yuqori tezlikda ishlagan taqdirda ham barcha fuqarolarni qoniqtiradigan yo‘l infratuzilmasini yaratish uchun ma’lum vaqt kerak bo‘lishini ta’kidladi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ta’mirlash ishlari uchun moddiy-texnika bazasi ko‘paytirildi. Jumladan, 215 ta yo‘l-qurilish texnikasi sotib olindi va 7 ta asfalt-beton zavodlari qurildi.

Bundan tashqari, qo‘mita yo‘llarning me’moriy va badiiy jihatlariga ham e’tibor qaratadi. 2018-2020-yillar mobaynida yo‘llar bo‘ylab 1,6 million daraxt va buta o‘tqaziladi. Ularning 782 mingtasi shahar ko‘chalarida o‘tqazilishi rejalashtirilgan.

Muhammad Qarshiboyev.

Ko'rishlar soni

135