USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Vazifa aniq. To‘siqlar ham

Nashr qilingan sana: 01 11 2017

Navoiy viloyatidagi paxta tolasini qayta ishlaydigan korxonalarning iqtisodiy salohiyati yildan yilga oshib bormoqda. So‘nggi yillarda zamonaviy andozalar asosida bunyod etilgan ishlab chiqarish korxonalarida sifatli ip yigirish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yil esa paxta xomashyosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha harakatlar strategiyasining boshlanishi bo‘ldi. Bu vazifa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga shu yilning mart oyidagi tashrifi chog‘ida belgilab berilgan, mazkur sanoat korxonalari iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlangan edi.

Shunday qilib, ip yigiruv-polotno-tayyor mahsulot shaklidagi to‘qimachilik zanjiri paydo bo‘ldi. Buning uchun xomashyo yetarli. Mamlakatimizning paxta yetishtiriladigan hududlarida asosan g‘o‘zaning “Buxoro-6”, “Buxoro-102”, “An-boyovut-2”, “Sulton” kabi sanoatbop navlari ekiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ichki va tashqi bozorda tolaning uzunligi, rangining tozaligi alohida ahamiyat kasb etadi. Har yili 100 ming tonna paxta paxta yetishtiriladigan viloyatda yig‘ib olingan hosilning yarmidan ortig‘ini qayta ishlash va o‘n yetti ming tonnadan ko‘proq kalava tayyorlash imkoniyati mavjud. Davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi chog‘ida tayyorlangan barcha paxta hosilini sanoat asosida qayta ishlab, gazlamadan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 70 foizga, trikotaj buyumlarini 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan ustuvor investitsiya loyihalarida ip yigiruv va gazlama sanoati asosiy o‘rin tutadi.

O‘tgan kuzning boshlarida viloyatning Xatirchi tumanida to‘qimachilik sohasidagi yirik loyiha amalga oshirildi. “8-mart — Xatirchi” tikuv fabrikasining ishga tushirilishi munosabati bilan 350 ishchi o‘rni ochildi. “Yangi fud invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatining rahbari Mahmud Hakimov tijorat banki hamkorligida 160 zamonaviy to‘quv dastgohi xarid qildi va trikotaj mahsulotlaridan 15 turdagi bolalar libosi tayyorlash bo‘yicha yirik buyurtma ham oldi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sakkiz milliard so‘m hisobiga tashkil qilingan ushbu korxona tuman iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Navoiydagi “Navoiy-pryaja” ishlab chiqarish korxonasi ishlab chiqarish quvvatlarini tobora kengaytirmoqda. Korxona yiliga “Navoiy Azot” aksiyadorlik jamiyatidan oladigan nitrondan 35 tonna sintetik kalava ishlab chiqaradi. Mahsulot Toshkent, Farg‘ona, Surxondaryo, Xorazm hamda Navoiy viloyatlaridagi korxonalar buyurtmasi bo‘yicha peshma-pesh jo‘natilmoqda. Ishlab chiqilgan sun’iy tola faqat qo‘lda to‘qish uchun mo‘ljallangan. Bozor talabini, shuningdek rossiyalik hamkorlar bilan tuzilgan eksport shartnomasini hisobga olib, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish yo‘llari izlanmoqda. Jumladan, mahsulotlarni zamonaviy texnologiya asosida ishlab chiqarish, shuningdek, qo‘shimcha ish o‘rni yaratishga erishildi.

“Baxt tekstil” qo‘shma korxonasi o‘z sohasining yetakchilaridan, ko‘p milliardlik biznes loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan. Bu korxonaning o‘n bir yillik faoliyatiga nazar solinsa, muttasil rivojlanish va modernizatsiyaga ulkan e’tiborning guvohi bo‘lasiz. Yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlar hamda farovonlik timsoliga aylangan, deyish mumkin. O‘tgan yillar davomida uddaburonlik bilan tashkil qilingan ishlab chiqarish evaziga kalava tayyorlash qariyb uch barabar oshdi. To‘qimachilik korxonasi rahbariyatining navbatdagi tashabbusi umumiy qiymati 182 milliard so‘mni tashkil etadigan keng ko‘lamdagi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Boshqa istiqbolli loyihalar tashabbuskorlari haqida gap ketganda “Navoiy tinch tekstil” korxonasining iqtisodiy salohiyati ham yuqori ekani ma’lum bo‘ladi. Xususan, yaqin kunlarda 80 foizi eksportga mo‘ljallangan paypoq ishlab chiqaruvchi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Xitoy taraqqiyot banki krediti bo‘yicha paypoq to‘quvchi qirq dona mashina va yordamchi texnik uskunalar sotib olinib, 150 ishchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Biroq, “O‘zsanoatqurilish banki”ning Navoiy hududiy filialining sustkashligi 2016-yilda Xitoy kompaniyasi bilan moliyalashtirishga oid tuzilgan shartnoma loyihasini amalga oshirishdagi eng katta to‘siq bo‘lib qolmoqda. Ma’lum darajada sarf-xarajatlarni qilib, binoni tayyor holatga keltirgan tadbirkor bank tizimidan bunday munosabatni kutmagan edi. Kredit muassasasi filialidan olingan  bildirish xatida ma’lum qilinishicha, xalqaro kredit liniyasida pul mablag‘larining yo‘qligi sababli mijozga milliy valyutadagi bank zayomlaridan foydalanish tavsiya qilingan. Bu moliyaviy asosi yulib olingan korxonaning keyingi faoliyatiga to‘g‘ri kelarmikan?

Qiziltepa tumanidagi paxta tolasidan yigirilgan ip-kalava va trikotaj polotnosi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yana bir biznes reja tashabbuskorlari mazkur yo‘nalishda boshqacharoq iqtisodiy saboq oldilar. “Toshrabot tekstil” MCHJdagilar keng ko‘lamda sanoatlashtirishga qatiy e’tibor qaratayotgan edi. “O‘zlishkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Xo‘ja Hasan qishlog‘ida qad rostlagan mahobatli fabrika binosini ko‘rib, katta ishlab chiqarish quvvatlarini his qilganday bo‘lasiz. Shaharda emas, balki qishloq ichkarisida to‘qimachilikka yo‘naltirilgan va barcha rivojlangan kommunikatsiya infratuzilmalariga ega sanoat korxonasining qurilishi ko‘plarni hayratga solgani rost. Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishayotgan Qiziltepa tumani endi-endi viloyat markazidagi to‘qimachilik “mash’allari” tomon yuz tuta boshladi. Shu yilning martida Navoiy viloyatiga tashrif buyurgan Prezidentimiz qiziltepaliklarga murojaat qilib, ana shu masalalarga e’tiborni qaratgan va “Toshrabot-tekstil” fabrikasi qurilish loyihasi bilan tanishar ekan, o‘zining muhim tavsiyalarini bergan edi.

Fabrikaning birinchi navbatini sentabr oyida ishga tushirish mo‘ljallandi. Ishchi-xizmatchilar soni esa ming kishiga yetadi. Mahsulotning 90 foizi eksportga mo‘ljallangan. Biroq, moliyaviy shartnomaning bajarilmaganligi oqibatida Germaniyadan olinadigan zamonaviy uskunalar o‘z vaqtida keltirilmadi. Natijada ham vaqt, ham bozor imkoniyatlari boy berilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Navoiy bo‘limi tomonidan taqdim qilingan kreditlash varianti korxona faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uning xarajatlar qismi ikki barobarga oshdi va moliyaviy ahvoli yomonlashdi. Korxona mutaxassislarining ta’kidlashicha, rejalashtirilgan 300 dona tikuv mashinasining o‘rniga undan 140 dona sotib olindi. Tabiiyki, ishchi o‘rni ham qisqarib ketdi.

Korxona boshqa muammo girdobida ham qoldi. To‘qimachilik fabrikasi binosi, shu bilan birga faxriylar choyxonasi va nonvoyxona qurilishlari tugagach, qiyinchiliklar yuzga keldi. Biznesning ijtimoiy mas’uliyatini anglagan tadbirkor Ulug‘bek Fayziyev o‘z jamg‘armasi hisobidan xayrli ishlarni amalga oshirdi. Natijada butun qishloqning infratuzilmasi o‘zgara boshladi. Biroq istiqbolni ko‘zlab chekkan ko‘p ovoragarchiliklariga qaramay ishlab chiqarish obyektini elektr ta’minotiga ulash muammoligicha qolib ketdi. Shunga qaramay, turli idoralarning eshiklarini qoqib, ular bilan yozishmalar olib borayotgan Qiziltepa loyihasining tashabbuskorlari qat’iyat bilan olg‘a intilmoqda. Afsuski, hozirgacha hamma harakati qumga sepilgan suvdek besamar ketmoqda.

To‘qimachilik sohasini yanada rivojlantirish borasida hududiy iqtisodiyot tarmoqlarining rejalari bisyor. Butun viloyatning “kayfiyati” esa nomlari zikr etilgan bosh korxonalarning qanday ishlashi yoki ishlamasligiga, erishajak muvaffaqiyatlariga bog‘liqdir.

Dilfuza G‘ulomova,

“Pravda Vostoka” muxbiri.

Navoiy viloyati.

Ko'rishlar soni

542