USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Samarqand viloyatida 321 ta yirik loyiha amalga oshiriladi

Nashr qilingan sana: 10 11 2017

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tganidek, “Bu ishlarning natijasi sifatida qo‘shimcha investitsiya loyihalarini o‘z ichiga olgan yangi Dastur loyihasi shakllantirildi. Dasturga muvofiq 2018-2019-yillarda Samarqand viloyatida umumiy qiymati 4 trillion 200 milliard so‘m bo‘lgan 321 ta yirik loyiha amalga oshiriladi va qariyb 11 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bu loyihalar asosan quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha joriy etiladi.  Birinchidan,  yengil sanoatda umumiy qiymati 1 trillion 400 milliard so‘m bo‘lgan 34 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi va 3 ming 400 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Bunda asosiy e’tibor xomashyoni chuqur qayta ishlab, raqobatdosh va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratiladi.

Natijada viloyatda paxta tolasini qayta ishlash darajasi bugungi 20 foizdan 2018-yilda 60 foizdan oshadi, 2019-yilda esa 100 foizga yetkaziladi.

Ikkinchidan, yuqori texnologiyalarga asoslangan mashinasozlik, elektrotexnika va farmatsevtika kabi zamonaviy sohalarda umumiy qiymati 715 milliard so‘mlik 17 ta loyiha amalga oshiriladi.

Masalan, Oqdaryo tumanida “Vaksina farm medikal” korxonasida yiliga 12 million dona dori vositalari ishlab chiqaradigan korxona barpo etiladi.

Uchinchidan, mahalliy xomashyo asosida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 407 milliard so‘mlik 33 ta loyiha amalga oshiriladi va 1 ming 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Misol uchun, Pastdarg‘om tumanidagi sement korxonasida yiliga 560 ming tonna sement, temir yo‘l ta’mirlash korxonasida 10 ming tonna grafit ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

To‘rtinchidan, Samarqand zaminida yetishtiriladigan shirin-shakar mevalar, sabzavot mahsulotlarining dovrug‘i butun dunyoga yaxshi ma’lum. Afsuski, bizda ularni zamonaviy qayta ishlash, saqlash va iste’molchiga yetkazish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilmagani uchun bu boylikning katta qismi qishga yetmasdanoq yo‘q bo‘lib ketadi.

Hozirgi kunda ekologik toza va xavfsiz oziq-ovqat masalasi jahon miqyosida qanday dolzarb bo‘lib borayotganini barchamiz televideniye, Internet orqali ko‘rib-bilib turibmiz.

Ana shu masalalarning barchasini hisobga olib, yurtimizda, jumladan, Samarqand viloyatida meva-sabzavot yetishtirish, uni saqlash va qayta ishlashni yanada ko‘paytirish choralarini ko‘ryapmiz.

Bu borada oxirgi yillarda viloyatda 9 ming gektardan ortiq intensiv mevali bog‘lar barpo etilgani albatta katta ish bo‘ldi.

Joriy yil aprel oyida viloyatga tashrif paytida berilgan topshiriqqa asosan 1 ming 300 gektar yong‘oqzor, 230 gektar pistazor va 60 gektardan ortiq unabi plantatsiyalari barpo qilindi. “Ertaning g‘amini bugundan ko‘rib qo‘y” degan naqlga amal qilib, endi bu bog‘larning mevasini qayta ishlash, ulardan qanday mahsulotlar tayyorlash, ularni dunyo bozoriga chiqarib sotish haqida o‘ylashimiz kerak.

Ko'rishlar soni

127