USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O‘zbekiston zamonaviy yo‘lovchi vagonlarini eksport qiladi

Nashr qilingan sana: 24 10 2017

O‘zbekiston yo‘lovchi vagonlari bilan jahon bozoriga yuz tutdi, deb xabar beradi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati.

Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJ ilk marotaba “Made in Uzbekistan” tamg‘asi ostida o‘z mahsulotlarini eksport qila boshladi.

2016-yilda Rossiya va Qozog‘iston davlatlari tomonidan mamlakatimiz vagonsozlari ishlab chiqarayotgan 61-911, 61-907 rusumidagi platskart va kupe vagonlariga qiziqish katta bo‘lgan edi. Joriy yilda esa ular uchun mo‘ljallangan yangi ko‘rinishdagi qulay vagonlarni ishlab chiqarishga kirishildi. Bu borada joriy yilning iyun oyida jahon standarti sertifikati qo‘lga kiritildi.

Mazkur vagonlar oldingisidan ancha farq qiladi. Bunisida yo‘lovchilar uchun bir qator qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, ilk bor suv va havoni tozalash uskunalari o‘rnatilgan hamda yoritish tizimi butunlay o‘zgartirilgan. Vagon ichini jihozlashda yorqin ranglardan foydalanilgan. Isitish va sovutish tizimlarining zamonaviyligi esa yo‘lovchilarga qishning izg‘irin kunlarida hamda jazirama yozda ham mo‘tadil havoni ta’minlab beradi.

Vagonni tayyorlash jarayonida yo‘lovchilarning xavfsizligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Zamonaviy dizayn buyurtmachilar talabi asosida ishlab chiqilgan. Ushbu eksport mahsulotiga zavodning o‘zida tayyorlangan 68-922 va 68-921 rusumdagi telejkalar o‘rnatilgan. Bu esa vagonning tekis harakatlanishi, ortiqcha chayqalmasligi, tez yurishini ta’minlab beradi.

Yil oxiriga qadar 5 ta platskart va yana shuncha kupe vagonlariga buyurtmalar kelib tushgan. Dastlabki 4 ta vagon iyul oyida buyurtmachilarga jo‘natilgan va yil oxiriga qadar qolganlari ham o‘z egalariga yetkaziladi.

Ko'rishlar soni

161