USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

“O‘zbekiston havo yo‘llari" parvozlar geografiyasi hamda samolyotlar parkini kengaytiradi

Nashr qilingan sana: 23 10 2017

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokidagi yig‘ilish davomida yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini to‘liq amalga oshirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni bajarishda davom etmoqda, deya xabar beradi MAK axborot xizmati.

O‘tgan haftada kompaniyaning havo floti va parvozlar geografiyasini kengaytirish, shu jumladan, mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovni rivojlantirish bo‘yicha ikkita xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Qayd etilishicha, aviakompaniya samolyot parkini laynerlarni lizing asosida olish, xarid qilish yoki ijara yo‘li bilan kengaytirish ishlarini jadal olib bormoqda. Ushbu vazifani bajarish uchun milliy aviakompaniya mutaxassislari o‘nta yirik xalqaro lizing kompaniyasidan Airbus A320 to‘rtta klassik modifikatsiyadagi samolyoti va Airbus A320 Neo kabilarni lizingga olish yuzasidan tijorat takliflarini so‘rashdi. Yangilangan havo kemalari teng sig‘imga (o‘rtacha 150-200 o‘ringa) ega bo‘lgan holda, ancha tejamkor dvigatellar va fyuzelyaj konstruksiyasidagi zamonaviy texnologiyalar bilan yonilg‘ini sezilarli darajada tejash imkonini beradi.

Lizing masalalari bo‘yicha birinchi uchrashuv klassik Airbus A321 havo kemasini taklif etgan kompaniya bilan bo‘lib o‘tdi. Unda texnik jihatlar muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni lizing kompaniyasi vakillarini o‘z talablari bilan tanishtirdi va tijorat takliflari bo‘yicha fikrlarini bildirdi. Milliy kompaniya takliflari diqqat bilan tinglanib, xorijiy tomon yakuniy tijorat taklifini taqdim etishini aytib o‘tdi.

Yaqin kelajakda havo kemalarini lizingga beruvchi boshqa kompaniyalar bilan ham muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Zamonaviy tejamkor aerobuslar 2018-yilda eng yaxshi taklifni taqdim etgan lizing kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida MAK temirqanotlari safiga qo‘shiladi.

O‘zbekistonning boshqa shaharlariga parvozlar geografiyasini kengaytirish va xizmat ko‘rsatiluvchi yo‘lovchilar sonini ko‘paytirish masalalari Boeing kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha marketing direktori Ismoil Robban bilan uchrashuvda muhokama qilindi. Uchrashuv davomida aviatashuvchining ko‘p yillik hamkori vakillari MAK yo‘nalish tarmog‘ining rivojlanishi va 2030-yilgacha bo‘lgan davrda qaysi havo kemalar parki talab qilinishi yuzasidan o‘z qarashlarini bayon etishdi.

Ko'rishlar soni

221