USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O‘zbekiston biznes uchun qulay sharoitlar yaratuvchi islohotchi davlatlarning birinchi o‘ntaligiga kirdi

Nashr qilingan sana: 01 11 2017

Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha so‘nggi yilda qabul qilingan chora-tadbirlar samaradorligini Jahon bankining “Biznesni yuritish” (“Doing Business”) xalqaro hisobotining so‘nggi nashri ham tasdiqlamoqda.

Joriy yilning 31-oktabrida e’lon qilingan “Biznesni yuritish 2018: ish o‘rinlari yaratish uchun islohotlar” ma’ruzasiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning 190 davlati ichida 74-o‘rinni egallab, o‘tgan yildagi mavqeini biryo‘la 13 pog‘onaga yaxshiladi. Qolaversa, mamlakatimiz biznes yuritish uchun eng qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha islohotchi davlatlarning birinchi o‘ntaligiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekistonning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va biznes yuritish sharoitlarini soddalashtirish bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari orasida yetakchiga aylanishiga imkon berdi.

Jahon bankining “Biznesni yuritish 2018” hisobotidagi 10 ta indikatorning 6 tasi bo‘yicha sezilarli o‘sishning qayd etilganligi ham ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ko‘lami va natijadorligidan darak bermoqda.

Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimining tubdan takomillashtirilgani tufayli O‘zbekiston korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘rsatkichi bo‘yicha 11-o‘rinni band etdi. Bu yo‘nalish bo‘yicha mamlakatimiz AQSH, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Daniya va boshqa rivojlangan davlatlarni ortda qoldirdi.

Elektr tarmoqlariga ulanish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 56 pog‘ona yuqorilab, reytingda 27-o‘rinni egalladi hamda bu indikator bo‘yicha AQSH, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Latviya, Turkiya, Qozog‘iston, Kanada, Isroil kabi mamlakatlardan o‘tib ketdi.

Respublikamizda yer uchastkalarini olish va qurilishga ruxsatnomalarni rasmiylashtirish uchun talab etiladigan tartib-taomillar soni 23 tadan 17 tagacha qisqarib, bu qurilishga ruxsat olish ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakat reytingining 12 pog‘onaga yaxshilanishiga xizmat qildi.

Soliq hisobotlarini topshirishning to‘liq elektron shakliga o‘tganligi hamda soliqlarni masofadan to‘lash amaliyotining kengayishi soliqqa tortish ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatimiz reytingining sezilarli yaxshilanishiga sabab bo‘ldi (138-o‘rindan 78-o‘ringa). “Biznesni yuritish” jamoasi ekspertlari baholariga ko‘ra, O‘zbekistondagi tadbirkorlik subyektlariga soliq yuki darajasi AQSH, Avstraliya, Germaniya, Shvetsiya, Turkiya, Xitoy va Rossiya kabi davlatlardagidan ancha pastdir.

“Yagona darcha” markazlari orqali amalga oshiriladigan mulkni ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston o‘z mavqeini mustahkamlab, jahon reytingida 73-pog‘onani band etdi.

Korporativ boshqaruvning ochiqligi va aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati to‘g‘risidagi, jumladan, jamiyatning ijro organi, kuzatuv kengashi va taftish komissiyalari a’zolariga hisoblangan va to‘langan to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor etishga bo‘lgan talablarning kuchaytirilganligi O‘zbekistonga “Minoritar investorlar himoyasi” indikatori bo‘yicha 62-o‘ringa ko‘tarilib olish imkonini berdi.

Yakunda O‘zbekiston korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish (11-o‘rin), elektr tarmoqlariga ulanish (27), shartnomalar ijrosini ta’minlash (39), kreditlash tizimi (55), minoritar investorlar himoyasi (62), mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish (73) va soliqqa tortish (78) yo‘nalishlari bo‘yicha jahonning birinchi 100 mamlakati qatoridan joy oldi.

Ushbu natijalar haqida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Ko'rishlar soni

211