USD = 8188.33 (+1.38) SUM   EUR = 10057.73 (-139.12) SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O'rta muddatli byudjet tizimi nima?

Nashr qilingan sana: 07 02 2018

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida o'rta muddatli byudjet tuzish kontseptsiyasi hamda Namangan shahri misolida byudjetni o'rta muddatga tuzish uslubiy qo'llanmasining taqdimoti bo'lib o'tdi.


Moliya vaziri o'rinbosari Yo.Tursunov, vazirlik o'quv markazi direktori B.Nurmatov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning parlamentga Murojaatnomasi hamda Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida byudjet daromadlari va xarajatlarining xalq uchun ochiq va oshkora bo'lishini ta`minlash, shuningdek, davlat moliyasini boshqarishda o'rta muddatli modelga bosqichma-bosqich o'tish bo'yicha aniq vazifalar belgilab berilganini ta`kidladi.

Mamlakatimizda amaldagi tartiblarga muvofiq, davlat byudjeti indeksatsiyalarni qo'llash metodi bilan bir yillik asosda tuziladi. Chunki byudjet mablag'larini taqsimlovchilar va byudjet tashkilotlari o'zlarining istiqbollarini rejalashtirilgan yildan uzoqroq davrga prognozlashtira olmaydi. Buning asosiy sababi esa kelajakdagi makroiqtisodiy o'zgarishlarni va ularning fiskal ko'rsatkichlarga ta`sirini oldindan ko'ra bilish imkoniyati yo'qligidir. 

O'rta muddatga byudjetni rejalashtirish – davlat byudjetini bir necha yilga (qoida tariqasida 3-5 yilga) tuzish jarayonidir. Rivojlangan xorij mamlakatlarida ushbu tizim shakllantirilgan. Mamlakatimizda ham ushbu tizimni joriy etish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda va dastlabki shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, valyuta kursi liberallashtirildi va natijada o'zbek so'mining kursi barqarorlashdi. Ma`muriy islohotlar kontseptsiyasi strategik rejalashtirish tizimini yaratishni ko'zda tutadi. Unga ko'ra, «qisqa muddatli», «o'rta muddatli», «uzoq muddatli» kabi tushunchalar kiritilmoqda. 2018 yildan boshlab O'zbekiston Respublikasi rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish va shakllantirishning yangi tartibi joriy etildi.

O'rta muddatli byudjet tuzish kontseptsiyasiga ko'ra, o'rta muddatli byudjetni rejalashtirish jarayoni “yuqoridan-pastga” va “pastdan-yuqoriga” yondashuvlari asosida amalga oshiriladi. Ya`ni, “yuqoridan-pastga” yondashuvida makroiqtisodiy prognoz modellari asosida 3-4 yillik byudjetning yuqori chegaralari aniqlanadi, “pastdan-yuqoriga” yondashuvida esa vazirlik va idoralarning byudjet so'rovi ko'rinishida byudjet mablag'lariga 3-4 yillik talabi aniqlanadi.

Tadbirda O'zbekistonda ilk bor Namangan shahrida 2018-2020 yillar uchun o'rta muddatli byudjet ishlab chiqilgani va xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan qabul qilingani ta`kidlandi. Uslubiy qo'llanma Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot dasturi va Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi texnik ko'magida ishlab chiqildi. Qo'llanma o'rta muddatli byudjetlashtirish jarayonini to'liq yoritishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

– Buyuk Britaniya elchixonasi ushbu loyihani qo'llab-quvvatlash imkoniyati mavjudligidan juda mamnun, – deydi Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi sektsiya mudiri Jo Bidsvosu. – Xalqaro tajribadan ma`lum, mazkur loyiha davlat byudjeti sektori samaradorligini oshiradi va uning ochiqligini ta`minlaydi. BMT taraqqiyot dasturida ko'zda tutilgan loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz.

Uslubiy qo'llanma ikki qismdan iborat. Birinchi qismda O'zbekiston Respublikasining byudjet tizimi va tuzilmasi nazariy jihatdan ta`riflangan. Ikkinchi qismda o'rta muddatli byudjetlashtirish jarayonlari aks etgan. Qo'llanmani yaratishdan oldin mutaxassislar tomonidan Namangan shahridagi byudjet tashkilotlari xodimlari o'rtasida so'rov o'tkazilgan.

Ushbu loyiha ilk bor keng omma muhokamasiga qo'yildi. Unda bildirilgan taklif va tavsiyalarga asosan Namangan shahrining mahalliy byudjeti misolida o'rta muddatli byudjet shakllantirildi. Taqdimot jarayonida 2018-2020 yillar uchun prognoz loyiha namoyish etildi. (O'zA).

Ko'rishlar soni

85