USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Ko‘priksozlik yanada rivojlanadi

Nashr qilingan sana: 28 10 2017

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Kichik xalqa yo‘li va Farg‘ona yo‘li ko‘chalari kesishgan joyda qurilgan yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi.

Ilgari poytaxtimizning markazidan Farg‘ona yo‘liga chiqish yoki aksincha, bu yo‘ldan markazga kelish uchun transport vositalari ortiqcha bir necha kilometr yurishga majbur bo‘lardi. Davlatimiz rahbari 25-mart kuni bu yerda bo‘lib, yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish va uning bir qismini yangidan qurish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Yaqinda ushbu ko‘prikning foydalanishga topshirilgani haydovchilarga katta qulaylik yaratdi, harakat xavfsizligini ta’minladi.

Yo‘l o‘tkazgichning eni 30, uzunligi 346 metr bo‘lgan qismi rekonstruksiya qilindi. Eni 22, uzunligi 281 metr bo‘lgan qismi yangidan barpo etildi. Ikki tomonida piyodalar yo‘lakchalari qurildi.

Prezidentimiz ushbu yo‘l o‘tkazgich odamlarga qanchalik manzur bo‘lgani, transport harakati va xavfsizligiga qanday ta’sir ko‘rsatgani bilan qiziqdi. Bunday ko‘priklarni poytaxtimizning boshqa joylarida ham qurish, bunda, avvalo, xavfsizlik talablariga rioya etish zarurligini ta’kidladi. Ko‘prik atrofini obodonlashtirish, poytaxtimiz qiyofasiga mos zamonaviy binolar qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida.

Ko'rishlar soni

237