USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Kam ta’minlangan oilalarga mikrokreditlar ajratiladi

Nashr qilingan sana: 02 11 2017

Vazirlar Mahkamasi Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan “Kam ta’minlangan oilalarni bandlik bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqladi, deb xabar beradi Markaziy bank.

Unda ta’kidlanishicha, ushbu nizomga asosan tijorat banklari muayyan mehnat turlari bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga ularning oilalarini yetarli darajada ta’minlash imkonini beradigan imtiyozli shartlar asosida mikrokreditlar ajratib boradi.

Mikrokreditlar qarz oluvchilarga tikuv mashinalari, matolar va boshqa sarf materiallari, kosibchilik faoliyati uchun inventarlar, maishiy, kompyuter va boshqa texnikalar, shuningdek, mehnat bilan bandlikni ta’minlovchi boshqa asbob-uskunalar xarid qilish, shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish (kichik issiqxonalar barpo etish, chorva mollari, parranda sotib olish, og‘ilxona va tovuqxona qurish, bog‘dorchilik inventarlari va asboblari xarid qilish maqsadlari uchun) eng kam ish haqining 100 baravari miqdorigacha yillik 4 foiz stavkada ajratiladi.

Mikrokreditlar qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz, olti oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.

Qarz oluvchilar ariza bilan birgalikda mikrokreditlar qaytarilishining ta’minoti sifatida bankka mol-mulk garovi, tijorat banki yoki sug‘urta kompaniyasi kafolati, uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polisidan birini, shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish maqsadida so‘ralgan hollarda esa tomorqa uchastkasi mavjudligini tasdiqlovchi o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan ma’lumotnomani taqdim etishi lozim.

Kreditni ajratish to‘g‘risidagi qaror tijorat banklari tomonidan arizalar kelib tushgan kundan boshlab uch bank ish kunida qabul qilinadi.

Qarz oluvchilar mikrokredit hamda unga hisoblangan foizlarni naqd pulda, bank plastik kartochkalari orqali yoki qarz oluvchining omonat hisobvarag‘idan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lashi mumkin.

Olingan mikrokreditdan boshqa maqsadda foydalanilgani aniqlangan hollarda esa bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda mikrokreditning maqsadsiz ishlatilgan qismini qarz oluvchidan muddatidan oldin undirib olish huquqiga ega.

Kam ta’minlangan oilalarning ro‘yxati O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tuziladi.

Ko'rishlar soni

127