USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Biznes uchun eng qulay maydon

Nashr qilingan sana: 07 11 2017

O‘zekspomarkazda  “Made in Uzbekistan” O‘zbekiston iqtisodiyoti yutuqlari ko‘rgazma-yarmarkasi ochildi.

Munosib hamkor topish tadbirkorlar uchun doimiy dolzarb masala bo‘lib kelgan.  Savdo-sotiqqa ixtisoslashgan tadbirkorlar hamma narsani sotish mumkinligiga ishonishadi, ammo ishlab chiqarishni qiyin deb hisoblashadi. Ishlab chiqaruvchilar esa buning aksi: mahsulot tayyorlash oson, sotish esa muammo.

Mamlakatimizda ko‘plab tadbirkorlar metallurgiya sohasida faoliyat yuritadi. Ular istalgan turdagi dastgohni ishlab chiqarishi mumkin, xaridor bo‘lsa bas. Har bir subyekt qaysidir jihatdan kuchli, ammo strategik nuqtayi nazardan olib qaraganda milliy iqtisodiyotimizning imkoniyatlari va o‘sishini hisobga olgan holda korxonalar imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligi lozim.

Import qilinayotgan va eksportga yo‘naltirilayotgan mahsulotlarning ko‘plab turlarini ishlab chiqarish korxonalarining faoliyatini sarmoyalarni jalb qilgan holda kengaytirish asosida tayyorlash mumkin. “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi aynan ushbu yo‘nalishda hamkorlar safini kengaytirish imkonini beruvchi maydonga aylanadi. Yil oxirlab qolgan, tuzilgan ko‘plab shartnomalar bajarilib bo‘lindi. Endi esa tadbirkorlarning kelgusi rejalarini amalga oshirishi uchun shartnomalar tuzish va buyurtmalar qabul qilishning ayni vaqti.

Ushbu ko‘rgazmaga mamlakatimiz ichki doirasida va xalqaro darajada ham qiziqish yuqori. So‘nggi yillarda yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlar sabab tadbirkorlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar orasida Tayland, Quvayt, Xitoy, Turkiya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan mehmonlar bor.

Ko‘rgazma doirasi keng bo‘lib, 3ta pavilon va bir nechta ochiq maydonni egallagan. Unda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ulkan buldozer va yuk mashinalaridan tortib, uzuk va zirak singari zargarlik buyumlarigacha ko‘rishingiz mumkin. 220ga yaqin korxonaning o‘n minglab turdagi mahsulotlari joy olgan. Albatta, bu birinchi navbatda tadbirkorlarimizning mehnati sabab, shu bilan birga ushbu sohadagi qonunchilikning takomillashgani ham alohida ahamiyat kasb etgan.

«Chirchiq expo clean» MChJ mahsulotlari namoyish etilayotgan ko‘rgazma maydonchasidan 50 kilogramgacha bo‘lgan choyshablarni yuvish imkoni bo‘lgan kir yuvish mashinalari joy olgan.

- Menga ko‘pincha ushbu mashinalarni shunchaki yig‘asizmi yoki boshidan oxirigacha ishlab chiqarasiz, degan savol bilan murojaat qilishadi. Ular ko‘rinishi va bajaradigan vazifalariga ko‘ra xorijnikidan aslo qolishmaydi, - deydi korxona rahbari Ilhomjon Hamidjonov. - Shunda men har bir detalni o‘zimizda ishlab chiqarilganini tushuntirib beraman. Dvigatellarni «Energy motors» XK tayyorlagani, metalli detallarini O‘zmetkombinat yetkazib bergani haqida so‘zlab beraman. Dastlab, 2008-yilda xorijdan keltirilgan detallardan foydalanar edik. Keyinchalik mahalliy hamkorlar safini bosqichma-bosqich kengaytirib bordik. Joriy yildan boshlab Mahalliylashtirish dasturi ishtirokchisiga aylandik. Bugungi kunga kelib ishlab chiqarish jarayoni 70 foizga mahalliylashtirilgan. Ushbu kir yuvish mashinalari esa maktabgacha ta’lim, tibbiyot va boshqa davlat maskanlari talabiga to‘liq javob beradi.

 Ekspozitsiyalar orasida quyosh energiyasi va batareyasi bilan suv isitish, telekommunikatsiya moslamalari kabi yuqori texnologiyali mahsulotlar juda ko‘p. Ularni namoyish etayotgan korxonalarning asosiy xususiyati shundaki, ko‘pchiligi 2009-2014-yillarda tashkil etilgan bo‘lib, ularning safi har yili kengayib bormoqda.

«Telecom devices pro» MChJ ish boshqaruvchisi Vohid Davlatov so‘zlariga qaraganda korxonasining mahsulotlari doimiy xaridorgir.

- 30 foiz mahalliylashtirilgan mobil va uy telefonlarini ishlab chiqaramiz, - deydi u. – Joriy yildan boshlab yangi B5D telefonlarini ishlab chiqarmoqdamiz. O‘tgan oyning o‘zida ushbu mahsulotimizdan 6 ming dona sotildi.

Ko‘rgazmada Navoiy va Olmaliq kon metallurgiya kombinatlari, “O‘zbekneftegaz” AJ kabi yirik korxonalar ham ishtirok etmoqda. Ularning iqtisodiyotimizda tutgan o‘rni yuqori bo‘lib, ishtirokchilar ularning  xalq iste’moli mahsulotlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Jumladan, Navoiy kon metallurgiya kombinati zargarlik mahsulotlarini, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi esa energiya tejovchi lampalar, polietilen hamda polipropilen quvurlar ishlab chiqarmoqda.

 «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasi o‘z ishini davom ettirmoqda. Ko‘rgazma doirasida firma va kompaniyalarning taqdimoti o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari N.Otajonov ishtirok etdi.

Ko‘rgazmaning birinchi kunidan fotohisobotni galereyamizda ko‘rishingiz mumkin.

Muhammad Qarshiboyev.

Rashi Galiyev olgan suratlar.

Ko'rishlar soni

155