USD = 8146,38 SUM   EUR = 9965,47 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

2018 yildagi soliq stavkalaridagi asosiy o'zgarishlar — raqamlar va taqqoslar

Nashr qilingan sana: 02 01 2018

2017 yil 29 dekabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3454 sonli «O'zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to'g'risida»gi qarori qabul qilindi.


Ushbu qarorda soliqlarning turlari va ularning stavkalariga bog'liq bir qator o'zgarishlar belgilab berilgan. Keling, yangi yildan soliqlar borasida qanday o'zgarishlar sodir bo'lishini, ularning natijalarini avvalgi yillarga taqqoslagan holda o'rganib chiqaylik.

JShDS — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i stavkalari shkala bo'yicha: 0 — 7.5 — 16,5 — 22,5 foiz (shu vaqtga qadar 0 — 7,5 — 17 — 23 foiz bo'lgan).

O'zgarishlar natijasi: kelgusi yilda daromad solig'i yirik miqdordagi oyliklarda kamroq to'lanadi.

JBPT – jamg'arib boriladigan pensiya ta`minoti bo'yicha ajratmalar — 2 foiz (shu vaqtga qadar — 1 foiz).

Natija: jamg'ariladigan pensiya hisobvaraqlariga ko'proq mablag' yig'iladi va kelgusida ko'proq mablag' aholi ixtiyorida bo'ladi.

Tashkilotlar uchun obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig'i — endi yo'q, chunki foyda solig'i tarkibiga biriktirilgan (shu vaqtga qadar 8 foiz bo'lgan).

Natija: soliq turlari bittaga kamaydi va umumlashtirish hisobiga soddalashtirildi.

Yirik tashkilotlar (umumiy tartibda soliq to'lovchilar)dan foyda solig'i — 14 foiz (shu vaqtga qadar 7,5 foiz edi, biroq obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig'i bilan qo'shib hisoblaganda — 15,5 foizni tashkil etgan).

Natija: yirik tashkilotlar umumiy hisobda kamroq soliq to'lashadi va mablag'larini iqtisod qilishlari mumkin.

Tijorat banklari foyda solig'i — 22 foiz (shu vaqtga qadar 15 foiz edi, biroq obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig'i bilan qo'shib hisoblaganda — 23 foizni tashkil etgan).

Natija: banklar ham umumiy hisobda kamroq soliq to'lashadi va mablag'larini iqtisod qilishlari mumkin.

Davlat maqsadli jamg'armalariga ajratmalar — 3,2 foiz (shu vaqtga qadar 3,5 foiz va 3 quyidagi uch qismdan tashkil topgan holda alohida to'langan:

1. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasiga majburiy ajratmalar — 1,6 foiz;

2. Respublika yo'l jamg'armasiga majburiy to'lovlar (majburiy ajratmalar va yig'imlar) — 1,6 foiz;

3. Maktab ta`limi jamg'armasiga ajratmalar — 0.5foiz).

Natija: umumiy soliq to'lovchi tashkilotlar uchun ajratmalar soni kamayadi va soliq to'lovi miqdori ham nisbatan kamaygan holda ko'proq mablag' tashkilotlar ixtiyorida qolishi mumkin.

Mobil aloqa operatorlari tomonidan taqdim etilgan raqamlarga nisbatan abonent to'lovi — oyiga 4000 so'm etib belgilandi. (Shu vaqtga qadar 2017 yilda 2000 so'm va 2016 yilda 1500 so'mni tashkil qilgan).

Natija: mobil aloqa operatorlari xizmatlari narxi oshishi kutiladi.

Yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig'i faqat ko'chmas mulklar uchun to'lanadigan bo'ldi. (Shu vaqtga qadar balansda aks ettirilgan asosiy vositalarning yillik o'rtacha qoldiq qiymatidan to'langan. Asosiy vositalar tarkibida: bino va inshootlar, asbob-uskuna va jihozlar, o'tkazuvchi moslamalar, transport va moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi bo'yicha olingan boshqa asosiy vositalar kirgan).

Natija: yuridik shaxslar tomonidan to'lanadigan mulk solig'i miqdori kamayadi va tashkilotlar hisobida ko'proq mablag' qoladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlar endilikda yagona soliq to'loviga o'tish imkoniga ega. (Shu vaqtga qadar ularda faqat umumiy tartibda soliq to'lash imkoniyati bo'lgan).

Natija: NNT 2018 yil 1 yanvardan boshlab qancha xodim faoliyat yuritishidan qat`i nazar, yagona soliqqa o'tishlari mumkin. Bu ularga ko'proq mablag'ni tejash imkoniyatini beradi.

Quyidagi turdagi soliq va ajratmalar stavkalari o'zgarishsiz qolgan:

QQS — qo'shilgan qiymat solig'i: 20 foiz;

YaIT — yagona ijtimoiy to'lov: yagona soliq to'lovchilari uchun — 15 foiz, umumiy tartibda soliq to'lovchilar uchun — 25 foiz;

Fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasiga sug'urta badallari — 8 foiz;

Foiz va dividend ko'rinishidagi daromadlardan soliq to'lovi – 10 foiz;

Yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig'i — 5 foiz;

Umuman olganda, soliq va majburiy to'lovlar stavkalarining bosqichma-bosqich kamaytirilishi hisobiga xo'jalik yurituvchi sub`ektlar (tadbirkorlar)ning faolligini oshirish 2018 yilda asosiy maqsad qilinganini ushbu o'zgarishlardan anglash mumkin. Shuningdek, hududlardagi mahalliy byudjet mablag'larini tasarruf etish bo'yicha ham mahalliy hokimiyatlarga ko'plab vakolatlar berilgan.

 

Mansur Tangishov,

moliyachi ekspert (Kun.uz).

Ko'rishlar soni

240