23 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,9 °C

O‘zbekiston: yangi davr
20 Iyun  2019 549

UYG‘ONAYOTGAN MO‘YNOQ

Orol dengizining qurigan 1,1 million gektar hududiga saksovul urug‘i qadalib, teresken, boyalich, astragal, yulg‘un va boshqa qurg‘oqchilikka chidamli butalar, qumda o‘suvchi o‘tlar va o‘simliklar ko‘chatlari o‘tqizildi. Olimlarning fikricha, ana shu o‘simliklar tufayli Orolqum tubida tuz-qumli quyunlar va bo‘ronlar paydo bo‘lmaydi. Tuya va yilqi uyurlari, sigir va qo‘ylar podasi paydo bo‘ladi. Yangi tarmoq – chorvachilik yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Orol hududini ekologik sog‘lomlashtirish dasturi shu va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishga ham qaratilgan.

 

Halokat signalini uzatayotganlar

...2018-yil 28-may. Bu kunni hali ham eslashadi. Mo‘ynoq bo‘ron ichida qoldi.

Hodisa guvohi tilidan

– Yo‘lda ketayotganimda bo‘ron boshlanib qoldi, – deydi Mo‘ynoq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ozarboy Qurbonniyozov. – Hech nima ko‘rinmaydi. Mashinani to‘xtatdim. Bir daqiqadan ichida mashinani qalin chang qatlami qopladi. Shunda yurish kerakligini angladim, aks holda qum uyumi ostida qolib ketish hech gap emas. Chiroqlarni yoqib, past tezlikda mashinani haydab ketdim. Odatda qirq daqiqa yuradigan masofani to‘rt soat ichida bosib o‘tdim. Hatto, mahkam yopilgan eshiklaru oynalar orqali ham mashina ichiga tuz va qum kirdi. Tishlarim g‘ichirlaydi, quloqlarim to‘lib qolgan. Hech narsa eshitmayman. Shamol shunchalik kuchli ediki, g‘uvillamasdi, balki tom ma’noda o‘kirardi.

– Va bu qariyb bir sutka davom etdi, – deydi suhbatdoshimiz. – Ertasi kuni ertalab – chor-atrof qor yoqqanday oppoq edi. Harorat esa yigirma darajadan baland. Tuz va qum og‘irligidan daraxt shoxlari egilib ketgan. Tomorqaga o‘tqizilgan olma va giloslar ustiga qor yoqqan archaga o‘xshaydi. Yashil maysalaru ko‘katlar tezda nobud bo‘ldi. Aytishlaricha, Mo‘ynoqda turgan bo‘ron oqibatlari Samarqand va Toshkentda ham sezilibdi. Orol tubidan minglab tonna chang va tuz ko‘tarilgan. Buni biz keyinroq bildik. O‘shanda osmon bilan yer qo‘shilib ketganday bo‘ldi. Mo‘ynoqliklar unuta boshlagan hodisa yuz berdi. Ilgari ham bunday bo‘ronlar va quyunlar tez-tez sodir bo‘lgan, albatta.

 O‘sha yili qish deyarli qorsiz bo‘ldi va bahorda ozgina yomg‘ir yog‘di. Natijada kimyoviy o‘g‘itlar bilan aralashgan qum va tuz ochilib qoldi. Shamol esgach, aralashma ko‘kka o‘rlagan. Shunday qilib, o‘layotgan dengiz navbatdagi halokat signalini uzatdi.

Inson mintaqani sog‘lomlashtirishga kirishdi

– O‘n ming yil davomida Orol dengizi qurib, yana sakkiz marta to‘lgan, – deydi bu hududda o‘rmon xo‘jaligi loyihasi ilmiy rahbari, akademik, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiy. – Arxeologlar dengiz tubidan 600 yoshli maqbaraning qoldiqlarini ham topishgan. Hozirgi global falokat - to‘qqizinchisi. Davriyligi - o‘n asr. Agar ilgari tabiatning o‘zi Orolni qayta tiklagan bo‘lsa, endilikda besh yilga mo‘ljallangan hozirgi davlat dasturining noyobligi shundaki, bunda eng ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalar, olimlar tadqiqotlari va ishlanmalari sabab qurigan dengiz tubi hosildor yerlarga aylanib, insonlar manfaatiga xizmat qiladi.

 – To‘g‘ri, o‘lib borayotgan suv havzasining naf keltirishi borasidagi loyihalar ko‘p edi, – deya davom etdi Zinoviy Bogdanovich. – Sibir daryolarini burish va Kaspiy dengizidan kanal tortib kelishgacha. Orolni qutqarish uchun qancha jamg‘armalar va boshqa tashkilotlar, jumladan, xalqaro tashkilotlar ham tashkil etilgan. Negaki, fojia sayyoraviy ko‘lamga ega. Mo‘ynoq tumani tuzlari Shimoliy Muz okeaniga qadar yetib borgan. Ammo, natija-chi?

1989-yilda dengiz ikki qismga bo‘lingan - Katta va Kichik Orolga. 60 mingga yaqin kishi o‘z ishini yo‘qotdi. Mintaqadagi ekologik vaziyat juda tang ahvolga kelib qolgan edi.

Olimning ta’kidlashicha, Prezidentimizning 2017-yil 28-fevraldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroridan keyin ish amaliy tekislikka o‘tdi. Mintaqada ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha hayotiy, bosqichma-bosqich loyihalar ishlab chiqildi. Va ular davlat rahbarining faol quvvatlovida jadar sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Orolning qurigan tub qismida o‘rmon ekish uchun katta resurslar safarbar qilindi. Bir milliondan ortiq gektar maydonni o‘zlashtirish uchun uch mingdan ziyod mutaxassis va xodimlar jalb qilingan, FVVning ekologik bataloni shakllantirilgan, hamma joyda yura oladigan qudratli mashina (vezdexod)lar, yuk avtomobillaridan tortib, zamonaviy traktorlar va ekinekkichlarga 250 ga yaqin turli texnikalar safarbar etilgan.

Havodan turib ekish ishlarida ikkita samolyot ishtirok etdi. Respublikaning barcha o‘rmonlaridan boshqa ekinlarning jumladan, yem-xashak ekinlarining urug‘lari va ko‘chatlari keltirildi. Mo‘ynoqliklarning o‘zlari ham ko‘chat materiallarini yig‘ishda ishtirok etishdi, bunga esa yetarlicha asos bor edi.

Xususan, har bir kilogramm saksovul urug‘i uchun 15 ming so‘m to‘landi.

Ko‘chatlarda allaqachon dastlabki kurtaklar paydo bo‘lgan. Qattiq iqlim sharoitlariga moslashtirilgan va qishning qirq darajadan pastroq sovug‘ida ekilgan ko‘chatlar omon qolib, tutib ketdi. Endi o‘simliklarni parvarish qilish, o‘g‘itlash kerak. Bu o‘rmon ekishning keyingi, g‘oyat muhim bosqichidir. Axir, ilgari ham shu kabi agrotexnik tadbirlar o‘tkazilgan, ammo barchasi odatda qumlarga singib ketardi. Mablag‘lar o‘zlashtirilardi-yu, ammo natija juda past bo‘lardi.

Cho‘l o‘simliklarining sun’iy ekilishi 2000-yilda boshlangan hamda qurigan dengiz tubida yiliga uch yuz kun mobaynida paydo bo‘ladigan qum va tuz bo‘ronlari uchun jonli to‘siqni barpo etish kerak. Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi yerlarining har gektariga besh yuz kilogrammgacha tuz tushishi hisoblab chiqilgan.

 O‘ttiz metr chuqurlikda vohalar

Bugun «yashil voha» loyihasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Noyob tajriba o‘tkazilmoqda. Surg‘il qishlog‘idan Uyg‘onish oroliga qadar 130 kilometrlik yo‘l bo‘ylab qariyb o‘ttiz metr chuqurlikdagi qurigan dengiz tubida mevali bog‘lar barpo etilmoqda. Ular besh zonaga bo‘lingan. Uch gektar maydondagi vohalardan biri allaqachon ko‘zga tashlanib qolgan. Gilos, olma, jiyda va hatto, uzumzorlarni yangi qazilgan quduq suvi bilan sug‘ora boshladilar.

Turistik infratuzilmani shakllantirish boshlanadi. Mehmonxona, hovuz, mikroiqlim yaratish uchun favvora, sport va sog‘liqni saqlash majmuasi, shifokorlar tuya va echki sutining shifobaxsh xususiyatlaridan foydalanadigan davolash va profilaktika muassasasi bo‘ladi, qimiz ishlab chiqarish sexi ochiladi. Chor atrofda shuvoq isi kelib turadigan yaylovlar joylashadi.

Bu Orolbo‘yidagi butun o‘simlik dunyosidagi o‘zgarishlarning bo‘lajak manzarasi, mahalliy aholi bandligini ta’minlash va yaxshi hayot umidini qaytarish kafolati.

Orasida Avstraliya, Chexiya, Slovakiya, Buyuk Britaniya, Singapur, Xitoy, Janubiy Koreyadan ham olimlar bo‘lgan sayyohlar «yashil voha»ni katta qiziqish bilan tomosha qilishdi.

- Bu yerga yana besh yillardan so‘ng qaytishni istardim, - deydi biz bilan Muynoq shahrida tanishgan angliyalik turoperator Kris Xilton. – Ko‘chmanchi qushlarning bu o‘lkalarga yana qaytib kelishi ertak emas, balki haqiqat. Pushti va qizil flamingolar, oqqushlar, g‘ozlar, baliqchi qushlar, yovvoyi to‘ng‘iz, tulki, bo‘rilarning yana paydo bo‘lgani mo‘’jiza emasmi? Orolbo‘yi hududini ekologik sog‘lomlashtirish dasturi qoraqalpog‘istonliklar turmush tarzini tubdan o‘zgartirishi mumkin.

- Darvoqe, Angliyada sho‘rxok yaylovlarda o‘tlagan qoramol va qo‘y go‘shti g‘oyat tansiq taom hisoblanadi, - deya so‘ziga yakun yasaydi Tumanli Albiondan kelgan mehmon. – Nasib etsa, mo‘ynoqcha shish-kabobni tatib ko‘rish niyatim bor, boz ustiga bu yerning qo‘li shirin oshpazlari baliqdan beshbarmoq va palov tayyorlashni o‘zlashtirishgan...

«Uyimiz – odamlar gavjum joyda»

Mo‘ynoqdagi Kujamuratovlar oilasining mehmon uyiga joylashdim. Nukusdagi «Mo‘ynoq-tur» sayyohlik firmasida shunday maslahat berishgandi: «U yer toza-ozoda, dushda issiq suv bor, to‘yimli nonushta tortishadi va turar joyi ham qimmat emas». Mehmonga yana nima kerak?

Barcha ishlarni uy sohibasi Dilbar boshqarar ekan. U oltita xonani batartib saqlashda yordam beradigan besh nafar farzandni tarbiyalamoqda. O‘zi ma’lumoti bo‘yicha farmatsevt, dorixona ham ochgan. Ammo hozir u ishlamayotgan ekan.

- Litsenziya muddati tugadi, muddatini uzaytirib o‘tirmadim, ishi-tashvishi ko‘p, daromadi ham unchalik emasdi, - deydi Dilbar. – Uyimiz - odamlar gavjum joyda. Yonginamizda - bozor, avtoshohbekat, tuman shifoxonasi bor, aeroportni rekonstruksiya qilishmoqda. 2018-yilning avgust oyida Prezidentimizning Mo‘ynoqqa tashrifidan so‘ng mehmonxona borasidagi tadbirkorligimni qonuniylashtirdim. «Yoshlar - kelajagimiz» dasturi bo‘yicha 50 mln. so‘mlik bank kreditini olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Qizim Qo‘ng‘irotdagi tibbiyot kollejida o‘qiydi va kreditni unga rasmiylashtirdik. Mehmon uyidagi keng xonada turgan kengformatli televizorni, mebel, katta muzlatgich, bir necha o‘nlab choyshab, kir yuvish mashinasi sotib oldik, hojatxonani ta’mirlab, dush kabinalarini qurdik. Erim - quruvchi. Barcha pulni ishga tikdim va adashmabman. Agar xostel o‘ttiz foizga to‘lsa, u iqtisodiy samarador hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich bizda ikki baravar yuqori. Qonuniy soliqlarni, kredit foizlarini muntazam va vaqtida to‘lab boryapman. Foyda oila uchun yetyapti. Bu davlatgayam, bizgayam foydali.

Dilbar bu bilan cheklanib qolmoqchi emas. Ikki qavatli kottedj qurishni istamoqda. Yuqorida bitta xonada uch yoki to‘rtta o‘rin emas, balki ikki kishilik alohida xonalari bo‘lgan mehmonxona bo‘ladi. Pastida esa dorixona va oziq-ovqat do‘koni joylashadi. «Bu shaharda hozirgi kabi, piyoz va sariyog‘ yonma-yon qo‘yilgan, don va non bilan shirinliklar, ko‘ylaklar, poyabzal va kurtkalar bilan birga aralash-quralash peshtaxtalarga qo‘yilmaydi. Madaniylashgan savdo bo‘lishi kerak», deydi Kujamuratova.

Uy bekasi hamma narsani, hatto, eng mayda tafsilotlarigacha hisoblab chiqqan va buning katta biznesga aylanib ketishiga aminman. «Mo‘ynoq» kichik sanoat zonasi kengaymoqda. Uzoq hududlarda ishlashga ketgan vatandoshlar qaytib kelishyapti. Axir, o‘z yurtida yangi korxona va firmalar ochilmoqda. Bir kunga emas, balki ko‘proq qolib, nafaqat o‘tmishning fojiasini, kemalar qabristonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish, balki qurigan dengiz tubining qanday o‘zgarayotganiga guvoh bo‘lishni istagan sayyohlar soni kun sayin ortib bormoqda.  Yovvoyi jonivorlaru baliq ovlashni istaydiganlari ham paydo bo‘ldi.

Kujamuratovlar oilasi nafaqat «Mo‘ynoq-tur», balki Nukus, Buxoro, Xiva, Samarqand kabi qator boshqa soha firma va kompaniyalari bilan ham mustahkam aloqalar o‘rnatgan. Sayohatchilar oqimi barqaror. Turizm sohasida kuyib qolmasligiga ishonchi komil.

Lekin bu orzuni amalga oshirish uchun bir milliard so‘m kredit kerak, deb hisoblaydi Dilbar. Bank esa bermayapti. Negaki, hech qanday garov ta’minoti yo‘q, u esa olinadigan qarzdan 25 foizga ko‘proq ham bo‘lishi kerak. Normativ-huquqiy talablar shunday. Moliyachilar hech qachon tavakkal qilishmaydi.

- Nima uchun menga, ildizlari shu yerlarga chuqur ketgan kishiga berishmaydi? – hovridan tushmaydi tadbirkor ayol. - Markaziy yo‘l bo‘yidagi uyni Bosh rejaga muvofiq baribir buzishadi. Agar o‘zim zamonaviy bino qursam, bu davlat uchun foydali emasmi?

Jo‘yali savol. Unga kim javob beradi? Ehtimol, hadeb bezovta qilaveradigan tadbirkorga qo‘l siltash osonroqdir. Biroq Dilbar ham anoyilardan emas. Barcha eshiklarni taqillatib ko‘radi. U Mo‘ynoqning yagona ko‘chasi yoritilishini istaydi. Prezidentning virtual qabulxonasiga o‘z g‘oyasi haqida yozmoqchi. U vatandoshlar orasida o‘z mamlakatini qayta tiklashni istaganlar ko‘pligini biladi. Ularga umid va orzu qilish qobiliyati yana qaytgan. Odamlar ongida o‘zgarishlar yuz berdi. Davlatimiz rahbari ham shuni istaydi.

Mo‘ynoq tumaniga investitsiya kiritishga qaror qilgan tadbirkorlar uchun O‘zbekistonda muqobili bo‘lmagan soliq imtiyozlari berilmoqda. Qariyb o‘n yil muddatga, 2017-yilning 1-aprelidan 2027-yilning 1-yanvariga qadar - ular yangi tashkil etilayotgan korxonalar va «Mo‘ynoq» kichik sanoat zonasida sanoat sohasida faoliyat yuritayotgan barcha turdagi soliqlardan, - tuman hududida ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar belgilangan soliqlardan ozod etiladi.

Tadbirkorlar foydalanilmayotgan davlat ob’yektlarini o‘n yil muddatga nol ijara haqi qiymatida olishlari mumkin. Bitta sharti - ish o‘rinlarini yaratish. Tijorat banklariga Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etildi.

Tumanning manzilli investitsiya dasturiga umumiy qiymati 30 milliard so‘mlik 28 ta sanoat loyihasi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 16 ta, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 17,2 milliard so‘mlik 28 ta loyiha kiritilgan. Jami investitsiyalar hajmi 52 milliard so‘mdan ortiq, jumladan, 990 ming dollar ham. 1340 ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan.

Investorlar uchun ma’lumot

O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasining tezkor geologiya-qidiruv ishlari natijasida olingan ma’lumotlar asosida Mo‘ynoq tumanida noruda qazilmalarning istiqbolli uchastkalari aniqlandi. Masalan, barxanlar qumini betonda ishlatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu nafaqat to‘ldiruvchi, balki qisman bog‘lovchi unsur hamdir. Silikat birikmalar tarkibi sifatida issiqlik elektr stansiyalarining kuliga o‘xshash faol mineral qo‘shimchalardan foydalanish mumkin.

Ulkan betonit konlari mavjud. Erkin shishish cheklangan joylarda bu loysimon mineral namlikning kirishiga to‘sqinlik qiluvchi zich gel hosil qiladi. Zaharli emasligi va kimyoviy bardoshliligi betonitni qurilish va boshqa ko‘plab sohalarda juda kerakli xomashyoga aylantiradi. Oziq-ovqat sanoatida u o‘ziga xos qo‘shimcha sifatida ro‘yxatga olingan. Undan burg‘ilash aralashmasi tayyorlashda, metall quyishda, neft mahsulotlari va temirni qayta ishlashda foydalaniladi. Tuproqqa aralashtirilsa, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshiradi.

Soz tuproq jinslari. Qumoq tuproq yo‘llar yotqizish, uylar tomini uchun cherepitsalar va g‘isht, keramika, ohak ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Kvars qumi. Ushbu chidamli materialdan shisha, ganch aralash loy, chinni, sir, bo‘yoq mahsulotlari, sement, asfalt ishlab chiqarishda foydalaniladi. Shuningdek, po‘lat va o‘tga chidamli mahsulotlar ishlab chiqarish ham kvars bilan bog‘liq.

Albatta, investorlarni gips va bo‘r kabi minerallarning katta konlari qiziqtiradi. Ular sellyuloza-qog‘oz va kimyo sanoati, o‘g‘itlar, aralash ozuqalar, rezina va plastmassa mahsulotlarini ishlab chiqarishda beqiyos ahamiyatga ega. To‘ldiruvchi sifatida tayyor mahsulotlar tannarxini sezilarli kamaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, Mo‘ynoq tumanida allaqachon tabiiy gaz (zaxirasi - 100 milliard kubometr), neft (1,5 milliard tonna), qazib olish boshlangan. Mo‘ynoq-Qo‘ng‘irot gaz quvuri yotqizildi. Uchsoy - Urga (63 km) trassasi qurilmoqda. Uchsoyda kompressor zavodi ishlaydi, Urgada uskunalar montaj qilinadi.

«Bu yerning istiqbollari juda ulkan»

 «Toshkentning baland tomlari» MChJ rahbari Saidali Rasulov shunday fikrda.

- Jamiyatimiz dastlab poytaxtning Olmazor tumanida ro‘yxatga olingan, - deydi u. - Qurilish bilan shug‘ullanardik. Uch yil avval do‘stlarim saqlanib qolgan ko‘llar va Orol suv havzalaridan artemiyani tutishni taklif qilishdi. Mo‘ynoq tumanining potensial boyliklaridan biri bo‘lgan qimmatbaho mahsulot.

Ma’lumot uchun: artemiya - qizil qisqichbaqa. Kuzda bu jonzot yosh baliqlar uchun oziq bo‘ladigan ulkan miqdordagi mikroskopik tuxumlar qo‘yadi, u gormonlarga boy biologik xomashyo manbai hisoblanadi.

Narxi juda balanligiga qaramay, yevropa va Osiyoda talab katta.

Orolda artemiyani tonnalab olish mumkin. Kosmosdan kuzatishlarga ko‘ra, sho‘r suvlarda ushbu qizil qisqichbaqaning butun boshli orollari suzib yuradi. Shamol va to‘lqin ularni qirg‘oq tomonga suradi va u yerda qizil rangli fantastik tepaliklar hosil bo‘ladi.

- Tuman hokimligi bilan kelishilgan holda investitsiya majburiyatlari asosida sobiq baliqchilik kombinati bazasida 0,5 gektar yer ajratildi, - dedi Saidali Saidkamalovich. - Dastlabki kapital xarajatlar 710 mln. so‘mni tashkil etdi. U yerdan chiqqan chiqindining o‘zi yigirmata yuk mashinasi bo‘ldi. Deyarli qayta qurilgan va bir paytlar yuz tonnalik quvvatga ega bo‘lgan sex bugun ikki baravar ziyod quvvatga ega. Birinchi yili 100 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi, shundan keyin bu ko‘rsatkich qariyb 200 mingga oshdi, o‘tgan mavsumda 400 ming dollarga yetdi.

2019-yilda xorijga yetkazib berishning uch million dollarga yetishi kutilmoqda.

Bunday ishonch qaerdan keldi? S. Rasulov Qoraqalpog‘istonning yirik korxonalari, kompaniyalari va tashkilotlari rahbarlari bilan birgalikda Xitoyda bo‘ldi. Xitoyda 500 ming dollardan ziyod mahsulot yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu eksport yutug‘ining faqat birgina qismi. Lekin asosiysi, boshqa yoqda. U daromadni ishlab chiqarishni kengaytirish, texnikalar va asbob-uskunalar sotib olishga yo‘naltirdi. MChJ hozirda ikkita zamonaviy qayiq, oltita kvadratsikl, ikkita yuk mashinasiga ega, jip va hisobdan chiqarilgan, ammo ta’mirlangan vezdexodni hisobga olmaganda. Ikkita garaj qurildi. Ushbu texnikalarsiz Muynoq shahridan 140 kilometr masofadagi suv havzalarida biror ishni qilib bo‘lmaydi.

Eng muhimi, 25 nafar mo‘ynoqlik doimiy ish bilan ta’minlangan. Ular uchun - qulay dam olish xonasi, yechinish xonalari, dush, kuniga uch mahal ovqat (o‘z oshxonasi), maxsus ish kiyimi... Barchasi korxona hisobidan.

Shunisi e’tiborga loyiqki, artemiya xomashyosini qayta ishlaydigan va quritadigan korpus ham qurilgan. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yakuniy mahsulotlar chetga sotiladi. Biznesga bunday yondashuv «Toshkentning baland tomlari» bitim imzolagan Xitoy kompaniyalari vakillari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Shuni ham ta’kidlashni istardimki, o‘tgan yili tuman byudjetiga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar shaklida 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Tabiiyki, korxonani modernizatsiya qilgandan so‘ng, bu miqdor yana oshadi. Rasulov va uning hammuassislarining ishga mablag‘ tikishi qariyb besh barobar o‘sdi.

Ma’lumot: «Mo‘ynoq» kichik sanoat zonasida 4,6 gektar maydonda yettita korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Mulkchilik shakli - masuliyati cheklangan jamiyatlar. Investitsiyalar qariyb olti milliard so‘mni tashkil etdi, shundan tadbirkorlarning o‘z shaxsiy mablag‘lari to‘rt milliarddan ortiq, qolgan qismi - bank kreditlaridir. Joriy yilda yana o‘n bitta korxona ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Kapital xarajatlar hajmi - 67 mlrd. so‘mdan ortiq, uning aksariyat qismini - 47 mlrd 245 mln so‘mni banklar taqdim etadi. Uch yuzga yaqin mo‘ynoqlik ish bilan ta’minlanadi.

Investitsiyaviy majburiyatlarini bajara turib Saidali Rasulov uch hammuassis bilan 2019 yilda yana bir firmani - «Mo‘ynoq beton servis»ni ochishdi. Unga 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Zarur uskunalar Turkiyadan sotib olindi. Tarmoq sutkasiga 500 kubometr beton ishlab chiqarishga quvvatiga ega. Bunday qurilish materialiga talab juda katta ekanini hisobga olish unutilmadi. Afsuski, tuman markaziga hatto, g‘ishtlar ham boshqa hududlardan, yuz kilometrlab uzoqdan olib kelinmoqda.

Mutanosiblik, nozik did, betakrorlik

Yana bir muhim belgi: Mo‘ynoq tumanida to‘ylar tobora ko‘paymoqda. Yangi turmush qurganlar qarindoshlar, do‘stlar va qarindoshlar bilan to‘yni nishonlashadi, xursandchilik qilishadi. Go‘yoki «Biz qanchalik baxtli ekanimizni ko‘ring!», deganday, uni boshqalar bilan baham ko‘rishadi.

E’tibor berdim, juftlarning aksariyati g‘ayrioddiy liboslarda. An’anaviy - oq va qora kiyimlarda emas. Kelin boshqacha to‘y libosida, kuyov rangli kiyimda. Kiyimlar oddiy va qat’iy geometrik shakllar bilan bezatilgan, qizil va ko‘k, sariq va kulrang kombinatsiyalar juda chiroyli ko‘rinadi. Biror ortiqcha, qiyqiriq narsa yo‘q. Har bir narsada mutanosiblik, o‘ziga xos simmetriya. Qoraqalpoq xalqining asrlik an’analari va marosimlari bilan charxlangan nozik didi. Va bu ham xalqning o‘ziga xosligini belgilaydi.

- Har bir naqsh, rang ma’no-mazmunga ega, - deydi «Mo‘ynoq Amu to‘lqinlari» oilaviy korxonasi rahbari Gulnora Embergenova. - Moviy kashtachilik - qizning qayg‘usi, yoshlik bilan xayrlashish, qizil – kelajakka bo‘lgan ishonch bilan yangi hayot sururi. Kuyovning libosi ham ko‘p narsani aytishi mumkin: u qaysi urug‘dan, qancha aka-uka va opa-singillari bor, qo‘y-qo‘zisi... qancha, bildirib ham turadi. Go‘yoki betartib joylashgan geometrik romblar, kvadratlar, uchburchaklar yosh yigit va qiz nima qilayotganini, qanday kasb egasi ekanini va nima bilan qiziqishidan dalolat beradi.

- Bosh kiyimlar ham muhim, - dedi Gulnora. - Ayollar, masalan, odatda qasava ro‘mol o‘rashadi. Buning bari qirq qiz, ya’ni jangchi qizlar, jasur To‘maris jasoratlari haqidagi afsonasini eslatadi. Taqinchoqlar esa boshqa rivoyatu afsonalar bilan bog‘liq. Ular, asosan ko‘z tegishi va turli balo-qazolardan himoya qiluvchi tumorlardir. Qizlarning sevimli duru javohirlari - bu hosildorlik, mo‘l-ko‘lchilik, oiladagi qut-baraka, farovonlik ramzidir...

Milliy kiyim-kechaklardagi maxfiy belgilarni tushunishga bo‘lgan qiziqish, ma’lumoti bo‘yicha rassom, Mo‘ynoq san’at kollejining sobiq o‘qituvchisini Igor Savitskiy nomidagi va Nukus o‘lkashunoslik muzeylarida kutubxonalar saqlovxonalarida kecha-kunduz tinim bilmay bir olam qadimiy juda katta va qalin kitoblarni titkilab chiqishga majbur etdi. Moskvadagi Sharq muzeyida turli davrlardagi marosimiy liboslarning ko‘plab eskizlarini yaratdi, Sankt-Peterburgdagi san’atshunoslar bilan maslahatlashdi.

- Qiziqishim kollejdagi etnografiya darsiga tayyorgarlikdan boshlangan, - deydi G.Embergenova. - Ayniqsa, kashtachilikdagi aniq grafika qattiq qiziqtirib qo‘ydi. Bizning kiyim-kechaklarimiz, masalan, atlas va adras ishlatiladigan Farg‘ona vodiysidagi yurtdoshlarimizning yorqin liboslaridan farq qiladi, gapimga qo‘shilavering. Hatto, qo‘shni Buxoro vohasi, Surxondaryo, Qashqadaryo kashtalariga ham o‘xshamaydi. Ularda ko‘pincha rangli chiziqqa to‘qilgan kamalakning barcha tuslaridan foydalaniladi.

Rassomning bu izlanishlari san’atshunoslik bo‘yicha nomzodlik darajasiga tortadi. Biroq u ilmiy unvonga ega bo‘lish istiqbolini rad etdi. Unda juda qadim tarixda ular haqidagi xotiralar saqlanib qolgan noyob qoraqalpoq liboslarini qayta tiklash amaliyoti ko‘proq qiziqish uyg‘otdi. Ko‘pchilik hatto, uning behuda ish bilan shug‘ullanayotganiga ishongan ham.

Har narsaga shubha bilan qarovchilar pand-nasihatiga quloq tutmadi. O‘ziyam o‘rgandi, boshqalarga ham ajdodlar an’analariga asoslanib o‘rgatdi. Oilaviy korxona ochdi. Buvilar, ularning qizlari, nabiralarini tikishga jalb qildi. Shunday qilib, avlodlar an’analari davomiyligini amalga oshirdi. Birlari uzoq vaqt eski sandiqlarda yotgani bilan o‘rtoqlashgan bo‘lsa, boshqalari allaqachon unutilib ketganlarni qayta jonlantirdi.

Bu tadbirkorlik faoliyati to‘liq o‘zini oqladi. Bank kreditini Embergenova va uning qirq nafar sherigi tezda qaytarishdi. Qo‘lda tikilgan mahsulotlarga bo‘lgan talab nafaqat mo‘ynoqliklar orasida, balki ekzotikani yaxshi ko‘ruvchi sayyohlar orasida ham katta ekan. Vatandoshlarimiz oilaviy korxonaning ezgu ishini qo‘llab-quvvatlash uchun sotib olishsa, chet ellik mehmonlar – ushbu, hech nimaga qaramay, hayot qaynayotgan o‘lkada bo‘lishganidan esdalik sifatida xarid qilishadi.

Buyurtmalar ko‘paydi. Hatto, folklor ansambllari va musiqa guruhlari, teatrlardan ham tusha boshladi. Xususan, «Aykulash» xalq ansamblining qo‘shiqchilari va raqqoslaridan ham.

Qo‘l mehnati ustalari bo‘lgan ayollar kelajakka katta umid bilan qarashadi. Davlat hunarmandchilik, kasanachilikni rivojlantirishga, imtiyozli kreditlar va preferensiyalar ajratishga katta e’tibor qaratmoqda. Prezidentimizning, Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilindi. Bu - ular oilalari farovonligining kafolati. Ularning aksariyati «Orol oltin merosi» Qoraqalpoq jamoat birlashmasi a’zosi bo‘lib, uning tashabbuskori Gulnora Embergenovadir.

Aholini nima tashvishlantiradi?

Bu savol bilan Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi xalq qabulxonasi mudiri Sabit Daumenovga murojaat qildik.

- Asosan, qaerda ishga joylashish mumkinligini so‘rashadi, - deydi u. - Agar ilgari band bo‘lmagan fuqarolar obodonlashtirish ishlariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, endi tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Yaqinda, masalan, o‘n sakkiz ayol yangi «Doka-non» novvoyxonasida barqaror maosh ola boshlashdi. Ajoyib bulka non pishirishmoqda. Peshtaxtaning o‘zidan talab ketishyapti. Shuncha qiz tikuvchilik sexida ishlamoqda. Quruvchi, oshpaz, gid-tarjimon, murabbiy, shifokor kabi kasblar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari paydo bo‘ldi. Madaniyat saroyidan xabar qilishdi, aktyorlar, kutubxonachilar, musiqa to‘garaklari rahbarlari kerak ekan. Mutaxassislarga yana talab paydo bo‘ldi.

Darvoqe

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga elektrotexnik, pedagog, avtoslesar, payvandchi va turizm sohasida servis xizmatlari ko‘rsatish mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha takliflar kiritildi. Xorijda o‘qigan 46 nafar Mo‘ynoq fuqarosining diplomlarini nostrifikatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

- Uyi buzilishga to‘g‘ri kelib qolganlar ko‘proq maslahat so‘rab kelishadi, - dedi Sabit Aytmuratovich. - Nafaqat shaxsiy, balki jamoatchilik muammolari ham ko‘tariladi: nima uchun, masalan, qurilish ob’yektlari o‘rab olinmaydi, natijada atrofga chang yoyiladi, yo‘llar loy bilan qoplanadi – na o‘tib bo‘ladi va na yurib? Yoki nima uchun ko‘chalardagi chiqindilar vaqtida olib ketilmaydi? Bizda farroshlar bormi? Ilgari savollar bunday qo‘yilmasdi. Odamlarning ona shahri, mahallasiga bo‘lgan munosabati o‘zgarmoqda.

Mudir ta’kidlaganidek, hozirda odamlar borgan sari kam murojaat qilmoqda. Agar 2017-yilda 743 arizachi bo‘lsa, keyingi yilda - 565, joriy yilning birinchi choragida - 80 kishi. Ushbu an’anani mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolar yig‘inlari raislari, turli bo‘linmalar rahbarlarining o‘z vazifasini yanada mas’uliyat bilan bajarishga kirishgani bilan bog‘laydilar. Ular xalqqa yaqinlashishdi.

Prezident Xalq qabulxonasi xodimlari tomonidan muntazam sayyor qabullar o‘tkazilmoqda, uyma-uy kirish muammolarni o‘rganishlar amalga oshirilmoqda. Yangi aksiyalar paydo bo‘ldi. Masalan, «Tik uzoq»  fuqarolar yig‘inidagi Marat Narsulboyev va uning qo‘shnilari xonaki quyon boqa boshlagan. Aytishlaricha, butun qish davomida go‘sht sotib olishmabdi.

Boshqa mahallalarda ham tajribani yoyishga qaror qildik. G‘oya, ayniqsa, kam daromadli va katta oilalarga juda qo‘l keldi. Kam xarajat sarflash barobarida endi dasturxonlaridan parhyez go‘sht arimaydi.

Uchsoy qishlog‘ida ko‘katlar yetishtirish uchun kichik issiqxonalar qurilib, ularda ukrop, petrushka, ko‘k piyoz, redis yetishtira boshladilar. Aslida bu nimadan boshlangan? Yolg‘iz keksa bir onaxonning uyiga 4 metrlik sellofan o‘rami va bir bog‘lam kesilgan sim keltirishdi. Oldindan ag‘darilgan joy ustida kichik issiqxona ko‘tarib, sabzavot urug‘ini berishdi. Qarangki, onaxon ajoyib vitamin hosilini oldi. Hatto, qo‘ni-qo‘shnilarga ham ulashdi. Boshqalar esa bundan o‘rnak olishdi.

Joriy yilgi bahorda tuman hokimligi 3300 tup olma, gilos, olcha ko‘chatlarini sotib oldi va aholiga bepul tarqatdi. Lekin bir shart bilan - meva daraxtlarni ular o‘z tomorqasiga ekishlari, vaqtida sug‘orib, o‘g‘itini berib turishlari lozim.

Shunday qilib, Mo‘ynoq shahrida qurilgan chiroyli yangi bozor nima uchun haftada bir marta - yakshanba kuni ishlaydi va u yerga mahsulotlar uzoqdan olib kelinadi, degan masalaga yechim topildi. Endilikda bunday mahsulotlar o‘zlarida ham bor.

Endi ular An-2 samolyotining sobiq uchuvchisi Vladimir Zuyevning ko‘psonli oilasining o‘z bog‘i, issiqxonasi va hovuzi bo‘lgan katta oq uyiga boshqacha ko‘z bilan qaray boshladilar. 1993 yilda Mo‘ynoq va Nukus o‘rtasida muntazam yo‘lovchi qatnovlari to‘xtatilgach, pensiyaga muddatidan oldin chiqib, baliqchilar artelning sobiq yotoqxonasini xususiylashtirdi. Bog‘ o‘stirish uchun Zuyev avval ikki metrli qum qatlamini qazdi va yana shuncha qatlamni Amudaryo qayirlaridan keltirilgan unumdor loy bilan to‘ldirdi. Artezian suv ta’minoti tizimini o‘rnatdi. Qo‘shnilar Vladimir behuda ish bilan shug‘ullanyapti, deb o‘ylashdi. Negaki, vaqti-vaqti bilan paydo bo‘ladigan qum-tuz bo‘ronlari barcha sa’y-harakatlarni bekor qilardi. Ammo Zuyev aeroport yaqinida joylashgan yashil «fazenda»sini har safar qaysarlik bilan tiklab olardi.

Darvoqe, havo porti yana tiklanadi. Uchish-qo‘nish chizig‘ini rekonstruksiya qilish va zamonaviy terminal qurilishi boshlandi. Uchib-qo‘nish chizig‘i uzunligi 2,3 kilometrga, kengligi esa 45 metrga oshadi.

Ma’lumotnoma: «Mo‘ynoq» aeroporti 1947-yilda ochilgan. 1990-yillar boshiga qadar o‘n besh uchuvchidan iborat alohida zveno kuniga 19 marta yo‘lovchi qatnovini amalga oshirgan. Hozirda parvoz otryadi Urganchda joylashgan bo‘lib, uchish-qo‘nish yo‘lagidan asosan, chigirtkalar o‘choqlariga qarshi kurashda mavsumiy agrokimyoviy reyslarda foydalaniladi.

Turizmni rivojlantirish

So‘zimni bir xorijlik sayyohning Ekologiya muzeyining fikrlar kitobida yozib qoldirgan taassuroti bilan boshlamoqchiman. «Ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganman va tan olamanki, Ustyurt platosi tepaliklaridan Orol dengizi panoramasi kabi dunyoning hech bir diqqatga sazovor joyi meni bunchalik hayratga solmagan. yerga taalluqli bo‘lmagan, samoviy manzara. Bu yerda qirg‘oq bo‘ylab sayr qilib yurganimni va atrofning naqadar go‘zalligini darhol tasavvur qildim. Jon Braun (Avstraliya)».

Mo‘ynoq shahrida haqiqiy sayyohlik shovuri kezmoqda. Mahalliy hokimiyatda yanvar oyidan buyon ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqadigan maxsus komissiya ham faoliyat yuritmoqda, bu esa tuman iqtisodiyotining ravnaqi lokomotivi bo‘lishi mumkin. Qiziqarli loyihalar Toshkent, Navoiy va Buxoro viloyatlari, Qoraqalpog‘istonning bir qator hududlaridan kelib tushgan. Bizga aytishlaricha, ma’lumotlar oldindan qayta ishlangandan so‘ng komissiya eng qiziqarli beshta taklifni tanlagan. Bu shaharning eng yuqori nuqtasida teleskopli minora qurish, shoir Ajiniyoz Qusiboy o‘g‘li muzeyini yaratish, dunyoning turli poytaxtlariga masofa ko‘rsatgichini o‘rnatish, Orol dengizi sohilidagi Ural kazaklari hayoti haqidagi muzeyni tashkil etish, sayyoramiz xalqlarining o‘tov va an’anaviy uy-joylarini o‘rnatish bo‘yicha xalqaro festivalni o‘tkazish.

«Baliqchi uyi» oilaviy xosteli sohibasi Muyassar Alimbetova tashabbusi bilan tashkil etilgan jaylov-turizmining noodatiy yo‘nalishi ham ma’lumot uchun qabul qilindi.

- Asosiy g‘oya - ko‘chmanchilarning haqiqiy muhitida bir necha kun bo‘lishni istaganlar uchun taklif, - deydi u. - Sayyohlarning o‘zi olovda taom pishiradilar, otlarda yoki tuyalarda sayohat qilishadi. Bunday biznesni tashkil etish katta xarajat talab etmaydi. Kengliklarimiz esa tez start olish joyiga chiqish imkonini beradi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, uning mehmon uyi bir vaqtlar dengiz mavjlanib turgan Tigroviy burunida joylashgan. Yana dengizchilarning taxminan bir asrlik xaroba kichik kulbasi yaqinida. Past shiftli loysuvoq, poli tuproq kulba ichida kamtargina maishiy qaqir-ququrlar – quruq saksovul shox-shabbasi ishlatiladigan jo‘mraksiz samovar, dazmol, kerosin chiroq, tor kichik karovat, boshqa oddiy narsalarga ko‘zingiz tushadi.

Muyassar tushuntiradi: agar jaylov-turizmning ekstremal yo‘nalishini ko‘proq yosh sayyohlarga mos kelsa, keksa va qulayliklarga o‘rgangan sayyohlar xostelning o‘zida Mo‘ynoq dengizchilari hayoti va turmush tarzi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, bu yerda zamonaviy baliq ovlash to‘ri, ikkita o‘tov, an’anaviy ayvonlar bor. Jip ham sayohatchilariga xizmat qiladi va ular Orol tubi bo‘ylab ko‘pkilometrli ekskursiyani amalga oshirishlari mumkin.

«Baliqchi uyi»da - sovg‘alar do‘koni mavjud. Uning bisotida esa – aynan bu joylarda ishlatiladigan qamishdan qilingan shol, qoraqalpoqlarga xos gul va naqshlar solingan gilamlar, milliy ust-boshlar, bosh kiyimlari va 30 nafar mohir tikuvchilar yetkazib beradigan buyumlar bor. Alimbetova ularni zarur xomashyo bilan ta’minlaydi, naqd avans ajratadi. Mazkur ish juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Hududning sayyohlik salohiyatiga tumanda birinchi marta o‘tkazilgan avtoralli ham hissa qo‘shishi aniq. Avtoralli O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Poyga Mo‘ynoq markazida boshlandi. 420 km uzunlikdagi yo‘lda rallichilar Qora jar qishlog‘i, Sudoche ko‘li va Ustyurt platosidan o‘tdilar. Qaytishda ular Kabanbay qiyaligi orqali Uchsoy ovuliga yetib bordilar.

- Musobaqa davomida chor-atrofni kuzatib borishning imkoni bo‘lmadi negaki, bor e’tiborim juda murakkab va qiyin yo‘lga qaratilgandi, - deydi musobaqa g‘olibi jizzaxlik Furqat Ahrorqulov. - Shunga qaramay, Ustyurt daralari katta taassurot qoldirdi - unutilmas manzara. Ko‘chmanchi qabilalarning tarixiy turar-joylari, eski baliqchilar qishlog‘i Urga, dengiz qirg‘og‘idagi o‘rta asrga oid karvonsaroy xotiramda qoldi. Men bu ajoyib hududga yana qaytib, uning noyob diqqatga sazovor joylari bilan shoshilmay tanishishni istardim.

So‘ngso‘z o‘rnida

Kimgadir avtorallining asosiy tashkilotchisi Bosh prokuratura ekani boshqacha tuyulsa kerak. Ammo xulosa qilishga shoshilmang: ushbu idora tumanda boshqa yirik loyihalarni ham amalga oshirmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarning bajarilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va huquqiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, vakolatli shaxslar tomonidan belgilangan ishlarning vaqtida va samarali bajarilishini nazorat qilish maqsadida Bosh prokurorning maxsus farmoyishi bilan ushbu hududni qayta tiklash bo‘yicha qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi tashkil etildi. Boshqarmada 12 nafar mutaxassis mehnat qilmoqda. Allaqachon katta ishlar amalga oshirilgan.

 

P.S. Uzoq yillar davomida Mo‘ynoqning diqqatga sazovor joyi bo‘lgan, hozirda kemalar qabristoni deb atalgan - sobiq Ribatskiy ko‘rfazida tasodifan xalq shoiri Usmon Azimni uchratib qoldim.

- Bu yerga kelishdan oldin o‘zimning Orolga bag‘ishlangan barcha she’rlarimni ko‘rib chiqdim, - deydi u. - Juda ko‘p narsa yozgan ekanman. Barchasida - qayg‘u, ushbu mintaqa kelajagi uchun tashvish, shunchaki, umidsizlik aks etgan. Endi boshqa she’rlar kerak. Albatta, bir qolipdagi maqtovlarsiz. Xalqimizning bardoshliligi, davlat rahbarining siyosiy irodasi haqida qanday so‘zlarni topish mumkin? Yana ko‘p ishlar qilinishi kerakligi kunday ravshan. Ammo bu ajoyib mintaqaning qayta tiklanishiga ishonch paydo bo‘ldi...

Timur Nizayev.

«Pravda Vostoka»ning

maxsus muxbiri.

Toshkent - Mo‘ynoq - Toshkent.

 

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalqaro innovatsiya markazi tomonidan Mo‘ynoq tumanidagi ilmiy-tadqiqot uchastkasida turli cho‘lbop va tuproq sho‘rlanishiga chidamli o‘simliklar ekildi.

 

Kvartiralar o‘z egalariga topshiriladi

Ko‘plab binolar qurilmoqda, jumladan, 24 ta to‘rt qavatli uydan iborat butun boshli turar joylar barpo etilmoqda. Ularning yigirmatasi Mustaqillik bayrami arafasida o‘z egalariga topshiriladi. Yangi massiv allaqachon «Mo‘ynoq Siti», deb nom olgan.

 

Batafsil rejalashtirish loyihasi bilan birlashtirilgan

Bosh rejadan olingan ko‘chirmalar.

Rejada - 119 ta ob’yekt. Ularning uchdan biri qurib bo‘lindi, rekonstruksiya qilindi, kapital ta’mirlandi. Asosiy yangi binolar orasida - teatr sahnasi, turli to‘garaklarda mashg‘ulotlar uchun xonalar, kutubxona bilan jihozlangan Madaniyat saroyi mavjud. Yo‘lning narigi tomoni - ochiq amfiteatr, undan sal naridagi sun’iy maysali futbol stadioni foydalanishga topshirildi, o‘sha yerda yopiq hovuz va o‘yin arenasi bo‘lgan sport majmuasi barpo etildi. Shisha va betondan bozor, ikkita bank ofisi, ikki qavatli bolalar bog‘chasi qurildi. Yangi kafe va do‘konlar, novvoyxona, avtoshohbekatlar paydo bo‘ldi. Yana muhimi shundaki, eski Ekologiya muzeyi yorug‘ va keng binoga ko‘chib o‘tdi. Endi Mo‘ynoq tumanida ilgari zaxiralarda saqlangan muzeyning nodir buyumlari ko‘rgazmaga qo‘yiladi.

Biroq xuddi yerga qo‘ngan laylaklarni eslatadigan qurilish kranlari zimmasida hali ko‘p yumush bor.

- Birinchi qoziqlar 3 yanvar kuni qoqildi, - deydi suhbatimiz boshida «Mo‘ynoq Siti» qurilishining bosh buyurtmachisi bo‘lgan «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi Qoraqalpog‘iston filiali vakili Ulug‘bek Shnikeyev. - O‘shandan beri deyarli yuz quruvchi qattiq ter to‘kmoqda. Avgust oyi oxiriga kelib 80 milliard so‘mlik ish hajmini bajarishimiz, ya’ni yigirmata to‘rt qavatli uy-joy qurishimiz kerak.

- Xonadonlar qanday bo‘ladi? 

- Ikki va uch xonali. Ajoyib loyiha. Me’morlarimiz iqlim sharoiti va aholining mahalliy urf-odatlarini hisobga olishgan. Jalyuzi o‘rnatilgan oynalar quyosh kuydirib yubormasligi uchun g‘arbga qaragan bo‘ladi. Katta zal ham nazarda tutilgan. Unda oilalar bir dasturxon atrofida yig‘ilishi mumkin, mo‘ynoqliklar mehmon kutishni yaxshi ko‘radi. Xuddi eshikdan kirgan quyosh nuri kabi dahlizdan eshiklar orqali boshqa xonalarga, hammom va oshxonaga kiriladi. Aytgancha, uy bekalari uchun kutilmagan sovg‘a - oshxona gaz plitasi va boshqa zarur mebel bilan jihozlangan. Kalitni oling-da, ichkariga kirib, choydan ho‘plang.

- Bunday xonadonlar qancha turadi?

- Yosh oilalarga mo‘ljallangan ikki xonalisi - 148 mln., uch xonalisi - 180 mln. so‘m. Kreditlar imtiyozli - yigirma yilning dastlabki besh yilida yetti foiz stavkasi ajratilgan. Ma’lumki, yirik shaharlarda mazkur stavka 25 foizni tashkil etadi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarga e’tibor qaratiladi. Ularning dastlabki badali davlat byudjetidan to‘lanadi.

- Bu uylarga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lganlar bormi?

- Albatta! Kvartiralarning yarmidan ko‘pi sotib olingan. Ularning asosiy qismi hozirda buzilib ketgan eski binolar, paxsa uylar istiqomat qilishgan. Ular 250 mln. so‘mga qadar katta kompensatsiya olishdi. Shunday qilib, yangi uylarga ko‘chib o‘tishga ularning qurbi yetadi.

- Aftidan, ijtimoiy infratuzilma va kichik me’moriy binolarni qurish ham nazarda tutilgan?

- O, bu alohida bir suhbat. Har to‘rtinchi uyning birinchi qavati do‘konlar, shuningdek, kimyoviy tozalash, sartaroshxonalar, go‘zallik salonlari va xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tadbirkorlik ob’yektlari uchun ajratiladi. Agar ular oldida o‘yin maydonchalari, favvora bo‘lmasa, foydalanishga qabul qilinmaydi. Park xiyoboni ham rejalashtirilgan bo‘lib, u kichik sun’iy ko‘l va plyaji bo‘lgan «Mo‘ynoqlend»ga olib keladi. Maktablar, musiqa va innovatsion texnologiyalar maktabi, Yoshlar markazi, bolalar bog‘chasi shundoq yaqinginada bo‘ladi.

- Zarur materiallar va xomashyo, asosan, chetdan keltirilishi qurilish sur’atiga ta’sir ko‘rsatmaydimi?

- Albatta. Lekin kichik sanoat zonamizda o‘z beton tarmog‘imiz ishga tushirilganingizni bilasiz, albatta. Yana bir tadbirkor g‘isht zavodini ochmoqchi. Mo‘ynoqliklar biznes ta’mini his qilishdi, istiqbolni ko‘rishdi. Qurilish davom etmoqda. «Mo‘ynoq Siti»ning qurilishining birinchi bosqichi tugayapti. Hali ko‘p ish qilish kerak.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech