19 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,2 °C

O‘zbekiston: yangi davr
24 Iyul  2019 3937

Katta umid va ezgu intilishlar davri

– biz hozir yashayotgan vaqtni shunday, deb atash mumkin. Bundan salkam uch yil muqaddam O‘zbekiston solnomasida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bog‘liq mutlaqo yangi bob ochildi. Saylovda saylovchilarning 88,61 foizi unga ovoz berdi, bu esa mamlakat hayotidagi o‘zgarishlarga qaratilgan katta ishonch kreditini aks ettirardi. O‘zgarishlar esa o‘zini ko‘p kuttirmadi.

Odamlarga so‘z berildi

Respublika rahbari boshdanoq xalq bilan ochiq muloqotga e’tibor qaratdi – rahbarlikning birinchi kunlaridanoq hududlarga tashrifi chog‘ida fuqarolar bilan uchrashdi, ularning fikr va g‘oyalariga qiziqdi, tashvishlari haqida so‘radi. Bir joyda muloqot zavod yoki maktab binosida, bir joyda – insonlar endigina ko‘chib kirgan yangi uylarda yoki markaziy maydonlarda sodir bo‘ldi. Fan arboblari va ijodkor ziyolilar ishtirokida qator mavzuli uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Asosiysi, aytilgan gaplar gapligicha qolib ketgani yo‘q. O‘sha joyning o‘zidayoq topshiriqlar beriladi, shuningdek, suhbatdoshlar tomonidan bildirilgan maslahatlarga asoslangan me’yoriy hujjatlar qabul qilinadi.

Odamlar o‘zini eshitishlarini his qilishi, og‘riqli nuqtalar haqida gapirishi va yillar davomida yechimini kutayotgan muammolarni ko‘rsatishlari uchun nima qilish kerak? Buning uchun 2016-yilning sentyabr oyida tarixiy hodisa sodir bo‘ldi, ya’ni Prezidentning Virtual qabulxonasi ishga tushdi. O‘shandan beri bunga Xalq qabulxonalari va Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari qo‘shildi. Vatandoshlarimiz ularning tezkor mexanizmiga baho berdilar – ular paydo bo‘lishi bilan tezda muammolarning samarali hal etilishi borasidagi aks sadolar yog‘ilib ketdi. www.pm.gov.uz sayti ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 23-iyuliga qadar 3,05 milliondan ortiq murojaat kelib tushdi! Ulardan 2,994 mln.i ko‘rib chiqilgan.

Faqatgina alohida bir inson uchun emas, balki  barcha uchun amaliy foydasi kunday ravshan. Arizalarni tahlil qilish davlatga alohida e’tibor talab qiladigan og‘riqli nuqtalarini aniqlash imkonini beradi. Agar uy-joy va yer yetishmayotgani, ta’lim va sog‘liqni saqlash sifatining pastligi, hujjatlar yoki kreditlar olishda asossiz byurokratik to‘siqlar borasida ko‘p shikoyatlar tushsa, demak, bu sohalarda o‘zgarishlarning vaqti kelgan. Ommaviy murojaatlar asosiy 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va davlat dasturlari kabi muhim hujjatlarni tayyorlashda qo‘l kelib, ijtimoiy-iqtisodiy kun tartibini shakllantirishda yordam bermoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portali ham ochildi. U o‘zbekistonliklarga o‘zlarini tashvishga solayotgan mavzular bo‘yicha arizalar yozish va ularga ovoz berish imkonini berdi. Saytda ulardan 2800 dan ortig‘i joylashtirilgan, 23 mingdan ziyod sharhlar olingan. Ular orasidan eng aks sado beruvchilari vakolatli organlar - Oliy Majlis palatalari, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Bugun ular orasida eng ommalashganlari - yaqin qarindoshlar tomonidan avtotransport vositasidan foydalanish uchun ishonchnomani bekor qilish (14 433 ta ovoz), xususiy transport vositalari oynalarini tonirovka qilish (12 728) va shaharlar va qishloqlar hududlarida daraxtlarni himoya qilish tizimini isloh qilish (12 565)ni aytish mumkin.

Vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, banklar, prokuratura organlari va soliq xizmatlari rahbarlarining barcha tumanlarda o‘tkaziladigan sayyor qabullari allaqachon odatiy holga aylandi. Odamlarning endi yuqori mansabdor shaxslar bilan uchrashish uchun olis joydan poytaxtga borishi shart emas. Ular endi ofis ishlari bilan chegaralanib qolishayotgani yo‘q. Xalq bilan doimiy muloqot qilish va uning muammolarini o‘rganish har bir sohadagi ishlarning haqiqiy ahvolini ko‘rishga, u yoki bu qarorlarning samaradorligini qayta ko‘rib chiqishga, rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga yangicha nazar tashlashga imkon berdi.

Oshkoralik haqiqatga aylandi

Ochiqlikning yana bir ko‘rinishi - amaldorlar ommaviy axborot vositalari orqali faol chiqishlar qila boshladilar. Ilgari televizorda vazirning paydo bo‘lishi yoki matbuotda maqolasining e’lon qilinishi bir martalik va juda kam uchraydigan hodisa edi, shundayam barcha o‘tkir qirralar ehtiyotkorlik bilan chetlab o‘tilardi. Natijada aholi ko‘pincha ko‘plab hujjatlarning qabul qilish sabablari haqida taxmin qilishlari mumkin edi, chunki tushuntirishlar berishga shoshilishmasdi. Yaqin-yaqingacha biz boshqa davlatlarning hukumat va parlament a’zolari va merlarining harakatlari haqida ko‘proq bilardik. O‘zimiznikilarni esa deyarli bilmasdik.

Endi vaziyat o‘zgarmoqda. Prezidentdan o‘rnak olgan birinchi shaxslarning aksariyati ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochdilar. Matbuotda deyarli har kuni turli darajadagi rahbarlarning bayonoti va sharhlari, ba’zan ko‘p ma’noli, bahs-munozarali chiqishlari e’lon qilinmoqda. Ular ochiqchasiga o‘z fikrlarini bildiradilar, baho va prognozlar berishadi. Bunday oshkoralikning aks tomoni – tomoshabin va mushtariyning har qanday bayonot yoki harakatga nisbatan tezkor munosabatidir. Ular uchun javob berish ham kerak. Agar biror va’da qilgan bo‘lsangiz, bajaring. Xato qildingizmi, tan oling. Afsuski, hali barcha amaldorlar ham bu yangi haqiqatga ko‘nikishmagan.

Xalqqa tomon yana bir qadam - davlat xizmatlari markazlarining paydo bo‘lishi. 2019-yilning boshiga kelib ularning soni 231 ta, yuz turda ko‘rsatilgan xizmatlar soni 2,655 mln. tashkil etdi. Eng ko‘p talab qilinadiganlari - elektron raqamli imzo sertifikatini berish, STIR olish, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qo‘yish va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni ro‘yxatga olish hisoblanadi. Markazlar «Yagona oyna» tamoyili bo‘yicha ishlaydi, shu bois ham boshog‘riqlar kam.

Prezidentning islohotlarni amalga oshirish jarayonida aholi bilan hamkorlikni kuchaytirish siyosatining yana bir vektori uchinchi sektor va ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq. Ushbu sohada milliy modelni shakllantirish bo‘yicha takliflar bilan ishlaydigan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etildi. NNTni qo‘llab-quvvatlash uchun jamoatchilik fondlarini ochish, ularni poytaxt va mintaqalarda joylashtirish uchun uylar ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Media sohasi ham o‘zgarmoqda, mahalliy nashrlar liberalizatsiya mevasini to‘liq his etdilar. Prezident Administratsiyasi huzuridagi yangi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boshchiligidagi boshqaruv tizimi qayta tashkil etildi.

Baholar – optimistik ruhda

O‘zgarishlar haqida gapirganda, mamlakatimizning dunyoga tobora ko‘proq ochilayotganini aytib o‘tmasak bo‘lmas. Xorijiy hamkorlar so‘nggi yillardagi islohotlarni diqqat bilan kuzatib bormoqdalar va ularga optimistik baho berishmoqda. Dunyoning yetakchi davlatlari va mintaqaviy hamkorlar bilan aloqalar mustahkamlanmoqda. O‘tgan yili 18 ta davlatlararo oliy darajadagi tashriflar bo‘lib o‘tdi, 1080 loyiha bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. 2006-yildan O‘zbekiston birinchi marta AQSh Davlat departamenti tomonidan vijdon erkinligi va diniy erkinlik sohasida alohida tashvishga sabab bo‘layotgan mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarildi.

Quyidagi faktlar ham mamlakatning global miqyosdagi obro‘-e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi. BMT Bosh Assambleyasi Prezidentimiz tashabbusi bilan «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyusiyasi hamda «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyusiyasini qabul qildi. 2018-yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Poytaxtimizda Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya, Samarqandda inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi. Bunday uchrashuvlar joriy yilda ham davom etmoqda, bu esa respublikamizni ushbu masalalar bo‘yicha muloqotning muhim ishtirokchilaridan biri sifatida e’tirof etilishidan dalolat beradi.

O‘zbekiston rahbarining sa’y-harakatlari ham yuqori baholanmoqda. U Qozog‘iston va Qirg‘izistonning oliy nishonlari - birinchi darajali «Dostik» va «Danaker» ordenlari bilan - strategik sheriklik o‘rnatish va an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikning mustahkamlanishiga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun mukofotlandi. 2018-yilning aprelida esa Turkiyada «EcoAvrasya» ishbilarmonlar jamoat birlashmasi tomonidan ta’sis etilgan «Evroosiyo oldidagi xizmatlari uchun» mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uni amalga oshirilayotgan chuqur va jadal islohotlar, mamlakat va Markaziy Osiyoni shiddat bilan o‘zgartirayotgani uchun Prezidentimizga topshirdilar.

2018-yil oxirida davlatimiz rahbari «Osiyoda yil odami» mukofotiga sazovor bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Uni Osiyo jurnalistlari assotsiatsiyasi (AJA) taqdim etadi. O‘zbekiston yetakchisi mintaqada tinchlik o‘rnatish va hamkorlikni faol rivojlantirishga, siyosiy va iqtisodiy islohotlarga qo‘shgan ulkan hissasi uchun alohida e’tirof etildi. 2019-yilning bahorida esa Amerikadagi «StrategEast» tadqiqotlar markazining iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, chegara nizolarini hal qilish va o‘lkadagi qo‘shnilar bilan munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun «StrategEast Westernization» mukofoti bilan taqdirlandi.

* * *

...O‘tgan salkam uch yil mobaynida Prezidentimiz boshlagan barcha islohotlarning tavsifini bitta maqolaga sig‘dirib bo‘lmaydi. Biz davlatning insonlar va global hamjamiyatga nisbatan ochiqligini kuchaytirish bilan bog‘liq ularning faqat ayrimlari bilan cheklandik, xolos. Bugun yaqindagina manzaraning butunlay boshqacha bo‘lganini tasavvur qilish qiyin. Oddiy tilda aytadigan bo‘lsak, bu shunchaki oddiygina silkinishni emas, balki o‘ziga xos qayta yuklanishni ham talab etdi. Va maqola boshida aytib o‘tganimizdek, umidlarni oqlash uchun hali ham davom etmoqda. Muhim vazifalar belgilangan, yaxshigina tezlik olingan. Faqat milliy tiklanishdan milliy farovonlik tomon harakatda davom etishimiz kerak.

Aleksey Romanov.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech