23 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,9 °C

O‘zbekiston: yangi davr
17 May  2019 918

Bo‘ka tajribasi: yaxshi hayotning boshlanishi

Bu yil respublikamiz mustaqillikning 28 yilligini nishonlaydi. Endi mamlakat o‘zining yangi rivojlanish davriga kirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z tantanalarida ta’kidlaganidek, «...Jonajon O‘zbekistonimiz ham bugun o‘z milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Bu – erkinlik va ozodlikning yangi davri, bunyodkorlik va farovonlikning yangi, yuksak bosqichidir». Vatanimizning barcha burchaklarida O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan Harakatlar strategiyasiga muvofiq keng ko‘lamli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili davlat dasturlari, «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Har bir oila ­– tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz» kabi davlat dasturlari va odamlar turmush darajasini tubdan yaxshilash va barcha sohalarni yangilashga xizmat qiladigan boshqa muhim tashabbuslar samarali amalga oshirilmoqda. Ularni yoritish uchun «Pravda Vostoka» gazetasi «O‘zbekiston: yangi davr» rukni ostida yangi turkum maqolalar chop etmoqda. Maxsus loyihaning birinchi nashri Prezidentimizning beshta tashabbusiga va ularni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani misolida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganiga bag‘ishlangan.

«...Jonajon O‘zbekistonimiz ham bugun o‘z milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Bu – erkinlik va ozodlikning yangi davri, bunyodkorlik va farovonlikning yangi, yuksak bosqichidir. Bu – «Xalq manfaati hamma narsadan ulug‘» degan ezgu g‘oya amaliy ishlar bilan o‘z tasdig‘ini topayotgan davrdir. Yangi-yangi uy-joylar, zamonaviy korxonalar, ta'lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, obod qishloq va shaharlar yurtimiz chiroyiga chiroy qo‘shayotgan davr bu... Bugun ko‘pni ko‘rgan, mard va olijanob xalqimiz o‘zining fidokorona mehnati bilan, kelajakka mustahkam ishonchi bilan shonli tariximizning yangi sahifasini yaratmoqda».

(O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zidan)

 

O‘zbekiston davlat va jamoat qurilishida yuz berayotgan o‘zgarishlar odamlarning farovonligini oshirishga qaratilgan. Muammoni hal qilish uchun jalb qilingan turli xil vositalar hayratlanarli. Masalan, Prezidentimizning yoshlarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish, xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan beshta tashabbusining amalga oshirilishi istiqbolda nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri maqsadlarni amalga oshirishni, balki bir qator ijobiy ta'sirini ham ta'minlaydi. O‘zgarishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun Bo‘ka tumaniga borib kelgan «Pravda Vostoka» muxbirlari bunga ishonch hosil qilishdi.

Bugun Buka hayoti quvonchli voqealar bilan bog‘liq. Bu yerda davlatimiz rahbari tomonidan yangi tizim bo‘yicha yosh avlod bilan ijtimoiy va ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan beshta tashabbus o‘z ifodasini topmoqda. Bor-yo‘g‘i bir oy ichida «Bo‘ka tajribasi» iborasi muomalaga kirib ulgurdi va tumanning o‘zi esa ishonchli tarzda namunaliga aylanishga harakat qilmoqda.

...Toshkentdan yo‘lga chiqqanimizda o‘zgarishlar faqat tuman markazi atrofida bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandik. Biroq mashina tuman markazidan ham o‘tib, Bekobod yo‘liga chiqib oldi. Biroz yurganimizdan so‘ng «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘ini burilishi keldi. Nimaga bu tomonga ketayotganimizni keyin tushundik.

Oldin. Aholi so‘nggi yillarda qanday qiyin bo‘lganini so‘zlab berdi. Elektr energiyasi, suv, gaz bilan bog‘liq muammolar (hozirda suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlar yetkazib berilmoqda)... Hatto, uncha uzoq bo‘lmagan Bo‘kaga avtobus va yo‘nalish taksilari qatnamagan, lekin barcha rasmiy muassasalar, maishiy xizmatlar tuman markazida joylashgan. Bir necha yil oldin u yerda tezkor operatsiyalarni ham amalga oshirishgan shifoxonani yopishibdi. Shundan so‘ng kunlari qishloq vrachlik punktiga qolgan, ya'ni ikki shifokor va o‘n nafar hamshiralarga.

Asosiy bosh og‘rig‘i – bandlik masalasi. Bugun eng katta ish beruvchilar - ikkita maktab, bolalar bog‘chasi va yuqorida tilga olingan QVP. Bu 3800 nafar aholi yashaydigan mahallada bo‘lib, ularning chorak qismi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Ishsizlar - 500 dan ziyod kishi. Mavsumiy qishloq xo‘jaligi yumushlari va kunlik ishlar bilan shug‘ullanishlariga to‘g‘ri kelgan. Buning ajablanarli joyi yo‘q, tirikchilikni deb ko‘plari Toshkentga, hatto, chet elga o‘qishga va ishlashga junashardi.

Hozirda. Burilganimiz hamonoq juda ko‘p ishchilar mehnat qilayotganiga ko‘zimiz tushdi. Yuk mashinalari  u yoq-bu yoqqa qatnagan, hammayoqda qurilishlar yoki bo‘yash ishlari ketmoqda. Kiraverishda ekskavator kanalga tutashgan yerni tekislayapti. Markaziy qo‘rg‘on deb nomlanuvchi markaziy ko‘chani bundan bir oy muqaddam hamkasbimiz butunlay boshqacha bo‘lganini aytib qoldi. O‘shanda yangicha hayotning o‘ziga xos boshlanishi bo‘lgan birinchi kitob karvoni Bo‘ka tumaniga kelgandi. Odamlarning yuzlaridagi, ayniqsa, baxtiyorlikdan irg‘ishlayotgan bolalarning samimiy quvonchini ko‘rsangiz edi. Ular kitoblarni qo‘llariga olishib, darhol varaqlashga tushib ketishgandi...

Oldin o‘ydim-chuqur yo‘lga endilikda yangi asfalt yotqizilgan, uning ikki tomonidagi eski uylar yorqin ranglarga bo‘yalib, tomlari almashtirilib chiroyli ko‘rinishga keltirilmoqda. Yangi suv quvurlari yotqizildi - endi so‘nggi o‘n yilliklar davomida bo‘stonliklarning hayotini ancha qiyinlashtirgan ichimlik suv muammosi unut bo‘ladi. Albatta, ta'mirlash faqat bittagina ko‘chaga taalluqli bo‘lmasa kerak? Qishloqdagi ishlarni boshqaradigan to‘rtinchi sektor shtab-kvartirasida tushuntirishlaricha, bu hali boshlanishi ekan. Hatto, kam ta'minlangan oilalarning uylarini ham qamrab olinadi. Keyin – undan ham ko‘prog‘i.

Ilgari uylarning ko‘cha tomonida xunuk va ko‘rimsiz to‘siqlar bo‘lardi, ba'zi joylarda imoratlarni ko‘chadan hech narsa ajratib ham turmasdi. Bugun ko‘cha bo‘ylab zamonaviy mustahkam to‘siqlar ko‘tarilmoqda. «Bo‘ston»ning yangi me'moriy ko‘rinishini yaratish uchun qurilish materiallari va bo‘yoqlar hamma joyda bir xil ishlatilyapti. Simyog‘ochlarda - Mirzo Ulug‘bek, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf va turli soha vakillari tasvirlangan bannerlar. Shuningdek, namoyish uchun uylarning oldingi va keyin aks etajak tasvirlari, butun mahalla rejasi osib quyilgan.

Yo‘l qishloqning asosiy ob'ektlari jamlangan doira bilan tugaydi. Uning markazida «I love Buka» yozuvli gullar ekilgan maydoncha. Bu yerda bir joyda - fuqarolar yig‘inining yangi binolari, poliklinika (QVP o‘rniga ochilgan), tikuvchilik sexi (u umuman yo‘q edi), shuningdek, qayta tiklangan madaniyat markazi va yaqinda yarim tashlandiq holdagi park joylashgan. Qayta tiklangan stadion va kutubxonaga, ilgari bu yerda yetishmagan 130 o‘rinli bolalar bog‘chasiga, bir qadamgina yo‘l. Xuddi shu narsa uni boshqa tumanlardan ajratib turadi - bu yerda beshta tashabbusning ro‘yobga chiqishini namoyish etuvchi barcha muassasalarning bari bir joyda jamlangan. Shu bois ham boshqalarga ko‘rsatish uchun uni tanlashgan.

Shuningdek, supermarket, suzish havzasi, sport zali, hammom qurish, tuman markazi bilan transport qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Keng ko‘lamli qurilish-ta'mirlash ishlari esa band bo‘lmagan mahalliy aholini ishga joylashtirish imkonini berdi. Mahalla «Obod qishloq», «Har bir oila – tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturlari sabab o‘z ko‘rinishini o‘zgartiradi. Moliyalashtirishning asosiy qismi dasturlardan va mahalliy byudjetdan amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy tuzilmalar va homiylar o‘z hissasini qo‘shyaptilar. Tuman aholisi bunday e'tiborni hech qachon kutmagan ko‘rinadi...

- Prezidentning tashabbuslari haqida eshitganimizda hamma xursand bo‘ldi! Biz uchun xuddi tushdagi kabi ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Biz - barchamiz davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz! – eslaydi so‘nggi 8,5 yil davomida mahalla fuqarolar yig‘iniga rahbarlik qilgan va yaqinginada uni boshqaga topshirgan Mohira Sulaymonova. - Bu yerda juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgandi, ular haqida ilgari turli instansiyalarga shikoyat qilganmiz. Bugun o‘zgarishlarga qarab, xalqning ham kayfiyati o‘zgarmoqda. Yana nima kerak?

Suhbatdoshimizni juda ko‘p chalg‘itishdi, Bo‘ka tajribasini ko‘rib, unga baho berishga boshqa tumanlardan ham mehmonlar kelishibdi. Barchaning yuzida ajablanish va tabassum. Bir necha yil oldin taraqqiyot markaz bo‘lmagan joylarga yetib bormaydiganday tuyulardi. Lekin yetib bordi, qarang. Agar ilgari aholining suhbatlarida afsusu nadomatlar jaranglagan bo‘lsa, bugun ularning ko‘zlari chaqnagan, nuqul endi hammasi zo‘r bo‘lib ketishi haqida gapirishadi. Ha, endi u chindanda zo‘r!

Biz, davlatimiz rahbarining beshta tashabbusi bo‘yicha qanday aniq natijalarni shaxsan ko‘rish mumkinligi bilan qiziqdik.

1. Yoshlarning musiqa, chizmachilik, adabiyot, teatr
va boshqa san'at turlariga qiziqishini oshirish.

Maydonda ustunlari chiroyli bino darrov ko‘zga tashlanadi. Bu ta'mirlash ishlari davom etayotgan madaniyat markazi. Ilgari bor-yo‘g‘i to‘rt yoki beshta to‘garak bor edi.

Biz kelishimizdan oldin bu yerga bir necha o‘nta musiqa asboblari va yuzlab kitoblar keltirilibdi. Endi ular kamida 15 ta to‘garak ochishlari mumkin - birinchi navbatda ijodiy: qo‘shiq kuylashdan tortib rubobda chalishgacha. AKT yo‘nalishi ham paydo bo‘ladi. Mahallaning majlislar zalini o‘yma naqsh bezagan va markazda hali sellofan o‘ramlari ochilmagan yangi o‘rindiqlar va sahna pardasi o‘z navbatini kutib turibdi.

Keyin 39-o‘rta maktabga borishga qaror qildik. Uch qavatli maktab binosining uzoq vaqtdan beri modernizatsiyaga muhtojligi ko‘rinib turardi. Maktab 1964-yilda qurilgan, ikkinchi binosi esa 1991-yilda ko‘tarilgan. Shu paytga qadar maktab xodimlari va bolalarning ota-onalari muassasani tartibda saqlashga ko‘maklashib turishgan. O‘qituvchilar etishmasligi, ayniqsa, aniq fanlar bo‘yicha, mavjud, ammo eng muhimi, o‘quv jarayoni to‘xtab qolmagan.

Bizning tashrifimiz haqida bilishmasdi, shu bois har bir sinfda bolalarning, namoyish uchun emas, balki musiqa, o‘qish, AT bilan berilib shug‘ullanishayotganini ko‘rdik. Maktab stadionida futbol o‘ynayotganlar hatto, mehmonlarni ham ko‘rmadilar. Bizga esa qisqa intervyular, suratga olish uchun ularni va o‘qituvchilarni chalg‘itish noqulay bo‘ldi.

- Beshta tashabbus ustida ish boshlangach, xorda kuylash, rubob va doira chalish, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha yangi to‘garaklar ochdik, - deydi direktor o‘rinbosari Zafar Xolmurodov. - Sport borasida allaqachon yutuqlarimiz mavjud: bolalarimiz orasida belbog‘li kurash bo‘yicha mamlakat chempionlari bor. Hozirda futbol, voleybol, stol tennisi, kurash va o‘zbek jang san'ati seksiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Kitobxonlar doirasi kengaytirildi, drama to‘garagi o‘nlab o‘quvchilarni birlashtirdi. Ular birinchi natijalarni yaqinda poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlarga - ijodiy uchrashuvga kelgan madaniyat arboblariga namoyish etdilar. Alisher Navoiy va Guli o‘rtasidagi suhbat sahnasi, giyohvandlik zarari haqida mini-spektakl namoyish etildi. Adabiyotshunoslar o‘quvchilarimizning ijodiy qobiliyatiga juda yaxshi baho berishdi, keyinchalik e'lon qilish uchun mualliflik she'rlaridan olib ketishdi. Bu yerda qo‘llab-quvvatlanishi lozim bo‘lgan iste'dodlarni ko‘rishdi.

Majlislar zalida musiqa darsi o‘tilayotgan ekan. Ko‘plab o‘g‘il-qizlar ustozini o‘rab olgan. Chorak asrdan ko‘proq vaqt musiqadan o‘quvchilarga saboq bergan Qudrat To‘ychiyev darslarda o‘z shaxsiy pianinosidan foydalanardi, boshqasi maktabda bo‘lmagan. Yaqinda Janubiy Koreya granti bo‘yicha, «Pravda Vostoka»da bu haqda yoritildi, bu yerga butun O‘zbekiston ta'lim muassasalariga keltirilgan 2000 tadan biri - zamonaviy raqamlisi keltirildi.

- Bilasizmi, bolalar uni ko‘rib angrayib qolishdi! Birdaniga yangi musiqa asbobi bilan shug‘ullanishi istaganlar ko‘payib ketdi. Bugun bizda 70 ta bola maktab dasturidan tashqari musiqa o‘rganmoqda, - deydi Q. Tuychiyev. – Shaxsiy pianinomni esa madaniyat markaziga sovg‘a qildim. Yaqinda tumanning boshqa maktablari kabi bizga ham ruboblar va doiralar olib kelishadi.

Qo‘shni sinfxonasida 15 kompyuter bor ekan. Yana bir nechta yangisini keltirishlarini aytishdi. Bolalarni ekranlardan chalg‘itib bo‘lmaydi. Nima qilishayotganini so‘radik. «Matnni yozishni o‘rganyapman»,  deydi uchinchi sinf o‘quvchisi. «Referat tayyorlayapman», deya monitorni ko‘rsatadi yoshi kattaroq qiz. Yaqinda bu yerga internet ulanadi, shunda texnologiya dunyosini kashf qilish uchun o‘quvchilarda ko‘proq imkoniyatlar paydo bo‘ladi.

Kutubxonaga o‘tamiz, u yerda barcha yoshdagi bolalar mutolaaga kirishib ketgan. Kimdir ertak, boshqasi bilim beruvchi nashrlarni o‘qimoqda. Kitob fondi katta emas, ammo javonlarda ko‘plab yangi mahsulotlar joylashtirilgan. Xo‘sh, ular qaerdan kelgan?

- Beshta tashabbus tufayli bir oy oldin O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Yoshlar Ittifoqi, Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi, Ma'naviyat va ma'rifat markazidan, asosan, badiiy adabiyotlarni sovg‘a sifatida qabul qildik. O‘tgan yillardagi bitiruvchilar ham yordam berdi. Ayniqsa, Pirimqul Qodirov va Oybekning yangi nashrlaridan shaxsan o‘zim mamnun bo‘ldim, - deydi Z. Xolmurodov. – Bu esa bolalarni ilhomlantirdi! Bu oy davomida tashrif buyuruvchilar soni sezilarli darajada oshdi, o‘zingiz qarang!

Suhbatdoshimiz tashriflar jurnalini ochadi: o‘tgan ko‘rsatkich - 90 kishi, hozirgisi - allaqachon 569. Ammo maktabda 765 o‘quvchi o‘qiydi, xolos. Ular zamonaviy nasr va she'riyat, bolalar va texnikaga oid nashrlar bilan ko‘proq qiziqishadi. Axir, bu muvaffaqiyat emasmi?

2. Yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida
qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish.

Bo‘ka tumanidagi «Bo‘ston» mahallasi yaqin vaqtgacha oddiy qishloq, mahalliy stadioni esa o‘txo‘r jonivorlar boqiladigan joy edi. Aholi punktining o‘ziga xos xususiyati shundaki, bu yerda barcha infratuzilma, ijtimoiy kayfiyat va aholining farovonligi kaftdek namoyon. Endi hamma joyda qurilish ketmoqda. Ba'zi joylarda allaqachon natijalar paydo bo‘lgan, boshqa joylarda faqat ob'ekt uchun endigina yer maydoni ajratilgan yoki poydevori quyilgan, foydalanishga topshirishdan oldin so‘nggi ishlar nihoyasiga  yetkazilayotganlari ham bor.

So‘nggisiga futbol stadionini misol keltirish mumkin. Bu qanday qarashga ham bog‘liq, albatta. Maydonning o‘zi qariyb tayyor, ammo kelgusiga ham rejalar bor - yaqin atrofda dush va yechinish xonasi bo‘lgan sendvich-panelli yopiq mashq zali ham quriladi. Shunday qilib, yangilangan stadion kelgusida sport majmuasining bir qismiga aylanadi.

- Maydon professional uchrashuvlarni o‘tkazishga tayyor, birinchi bo‘lib, ikkinchi ligadan «Bo‘ston» jamoasi ishtirok etadi, - deydi Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mintaqaviy bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Azamat Turobov. - Tribunalar ta'mirlandi, yo‘l yotqizildi (ariq orqali stadionga o‘tish asfaltlanmagan edi), stadion maysasi kerakli holatga keltirildi. Endi futbolchilar uchun yechinish xonalarini o‘rnatamiz. Bundan, ayniqsa, yoshlar xursand, chunki katta professional maydonning yonginasida havaskorlar uchun kichigi ham joylashgan.

- Bunday stadionda o‘ynash juda yoqimli, - deydi quruvchilar ishini kuzatayotgan yosh futbolchi Jamshidbek. - Endi darvozalarning to‘ri bor. O‘tkazib yuborilgan goldan keyin uzoq joyga yugurib, to‘pni olib kelishga to‘g‘ri kelmaydi.

Yaqin kelajakda mahalliy bolalar sport mahoratini yanada kuchaytirishlari mumkin. Stadion yonida voleybol-badminton maydoni qurish rejalashtirilgan, ko‘cha oxirida joylashgan istirohat bog‘ida allaqachon rezina qoplamali basketbol maydoni qurilishi boshlangan.

Yuqorida aytib o‘tilgan maktabda bolalarning futbolga kuchli qiziqishiga guvoh bo‘lgandik. Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga ko‘pchilik bolalar sevimli futbolchilarining kiyimida chiqishadi. Birinchi o‘rinda «Barselona» va «Real» kabi ispan klublari formasida.

Ma'lumotlarga ko‘ra, «Bo‘ston» mahallasi ham kiradigan Bo‘ka tumanining to‘rtinchi sektorida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 4,6 ming nafar yosh istiqomat qiladi. Sportga bo‘lgan qiziqishni aniqlash uchun o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 1,2 ming kishi 14 turdagi jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanishni xohlaydi. Ushbu mahalladan tashqari, stadionlar yana to‘rtta qishloqda paydo bo‘ladi. O‘g‘il-qizlarni 70 dan ziyod sport seksiyalariga jalb etish rejalashtirmoqda.

3. Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari
va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish.

Prezidentimizning beshta tashabbusi Bo‘ka tumanida hayotga tatbiq etilishi telekommunikatsiya infratuzilmasini sezilarli darajada yaxshilashni taqozo etdi. Zero, birgina «Bo‘ston» mahallasida yuqori tezlikdagi internetga muhtoj o‘nlab ob'ektlar mavjud - maktablar, kutubxona va madaniyat markazi, rekonstruksiya qilinayotgan Wi-Fi-hududli park.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi har bir ta'lim muassasasining kompyuter sinflarini yuqori tezlikdagi internetga ulash uchun sharoit yaratadi. Mutaxassislar ta'kidlaganidek, optik tolali aloqa liniyalarini o‘rnatish va maktablarni ulash aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash imkonini ham beradi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, telekommunikatsiya tarmoqlarining tuman markaziga o‘tkazish hajmi ikki baravarga oshgan. IP-televidenie va boshqa xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beruvchi 768 portdagi zamonaviy stansiyalar foydalanishga topshirilgan. Maktablar, bolalar bog‘chalari, kutubxonalar va boshqa muassasalarni yuqori tezlikdagi internetga ulash uchun 328,5 kilometr uzunlikdagi optik tolali aloqa liniyalari tortilmoqda.

Tuman markazida raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi foydalanishga topshiriladi. Bu yerda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar IT sohasida biznes-g‘oyalarni tayyorlashlari, elektron tijorat, dasturlash va kibersport asoslari bo‘yicha bepul kurslarda o‘qishlari mumkin. Bu yerda yiliga 430 dan ziyod o‘g‘il-qiz bilimlarga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Bo‘ka tumanida maxsus ta'lim butunlay yangi darajaga ko‘tariladi. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring-a: qishloq yoshlari veb-dizayner va dasturchi kabi zamonaviy kasblarni o‘zlashtiradi, mobil ilovalarni yaratishni o‘rganadi va shu sohada o‘z biznesni boshlaydi. Kibersport - kompyuter o‘yinlari ustalari butun dunyodagi tengdoshlari bilan raqobatlashadi, xalqaro chempionatlarda qatnashadi va katta pul mukofotlarini qo‘lga kiritadilar. Aslida internetning o‘zi cheksiz bilimlar dunyosiga ochilgan eshikdir. Uning kengliklarida siz xorijiy tillarni, kasblarni o‘rganishingiz, qiziqishlaringiz mos keladigan do‘stlar topishingiz mumkin.

4. Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni
keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish.

Qishloqda qachonlardir kutubxona bo‘lgan va keyin yopilgan. Xodimlari ishdan bo‘shatilib, kitoblar bir kollejning axborot-resurs markaziga topshirilgan, ammo u yerga yetib borish ham kerak... Biroq bu yerda o‘qishni istaydiganlar ko‘p. Xuddi ana shu o‘y Turdiniso Jumanovani uzoq vaqtdan beri bezovta qilardi. Uni kutubxonaning sobiq xodimasi yoki pedagog, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak? Yo‘q, ayol ko‘p yillar davomida mahalliy dorixonada ishlagan, keyinchalik o‘sha binoni sotib olgan, ammo yaqin vaqtdan beri u bo‘sh yotgandi. Prezidentning beshta tashabbusini eshitgach, u Yoshlar ittifoqi tuman kengashiga yo‘l oldi.

- Ana shu bir qavatli binoni xalq kutubxonasiga aylantirishni taklif qildim. Bizdan - bino, Yoshlar ittifoqidan - ta'mirlash va jihozlash. G‘oyani qo‘llab-quvvatlashdi! – deya hayajon bilan so‘zlaydi Turdiniso opa.

Binoning markaziy ko‘chada joylashgani ham bir omad edi. Endi oila qurilishning markazida yashamoqda: ularning uyi kelajakdagi ma'rifat markaziga tutash. Bir tomondan, binoning old tomoni oqlanmoqda, yangi derazalar o‘rnatilyapti, gulzor barpo etilmoqda. Ichkarida «Book Cafe», Wi-Fi aloqali kompyuter xonasi, shaxmat o‘ynaydigan xona joylashadi. Boshqa tomondan, o‘zi tushlik tayyorlayapti va atrofida ikki nabirasi yugurmoqda.

- Shaxsan o‘zimga Muhammad Yusuf, Alisher Navoiy she'rlari, Abdulla Qahhor asarlari  yoqadi. Kitoblar bilan turli yoshdagi qo‘shnilar ham qiziqishadi. Iqtidorli yoshlarimiz ko‘p, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, eng yaxshi misollar bilan o‘rgatish kerak, va bu borada kitoblar ajoyib yordamchi, - deydi suhbatdoshimiz ishonch bilan. - Barcha kutubxonaning tez paydo bo‘lishidan hayratga tushmoqda, tinimsiz mendan uning qachon ochilishini so‘rashadi. Unga Yoshlar ittifoqi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan yetti mingga yaqin kitob qo‘yiladi. Bu yerda yozuvchi, shoir, adabiyotshunoslar va boshqa soha vakillari bilan badiiy va ijodiy kechalar, kitob yarmarkalari hamda viktorinalar o‘tkazish mumkin.

Turdiniso opaning qizi va kuyovi tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatadi. Har ikkisi ham boshqa kollej bitiruvchilari bo‘lgani uchun, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida bir oylik o‘qish uchun yo‘llanma olishgan.

- Ularga yordamim tegsa, bundan faqat xursand bo‘laman! Bir paytlar o‘zim ham kutubxonada ishlaganman va bir kun kelib ana shu ishimga qaytishga umid qilaman. Odamlar u yerga borishadi, negaki hammada ham ulkan shaxsiy to‘plam yo‘q-da! - deydi o‘zi she'rlar mashq qilishni yoqtiradigan Mohira Sulaymonova. - Kutubxona ochilishida kitob bayramini tashkil qilishni o‘ylayapmiz va qishloq aholisidan o‘zlarida bor nashrlarni olib kelishlarini so‘raymiz. Axir, agar yaxshi kitobingiz bo‘lsa, undan faqat bitta oila foydalanadi, xolos. Kutubxonada esa minglab odamlar foydalanishi mumkin. Fikrimcha, mutolaa - fikrlashni rivojlantiradigan va insonlarga katta foyda keltiradigan ulkan quvonchlardan biridir.

5. Xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash.

Qishloqda talab qilinadigan qancha mutaxassisliklar bo‘lishi mumkin? Ularni barmoq bilan sanarli - dehqon, o‘qituvchi, traktorchi, savdogar va, ehtimol, butun qishloq uchun bitta jurnalist, u ham hamma joyda emas, albatta. Ayollar, odatda, ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘ladilar. Prezidentimizning beshta tashabbusi amalga oshirilayotgan «Bo‘ston» mahallasida go‘zal jins vakillarini ishga joylashtirish masalasini hal etishga jiddiy yondashildi.

 Yuz berayotgan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, gap birgina vatandosh ayollarimizni ish bilan ta'minlashda emasligini, balki ish joyining yaqin bo‘lishi kerakligini ham tushunib yetasiz. Ko‘pchilik tuman markazida ishlashga majbur, ammo bu noqulay. Uyda bolalarga qarash, tovuq-sigirlardan boxabar bo‘lib turish kerak. Ushbu mahallada uy-ro‘zg‘ormi yoki ish, degan tanlov muammosiga to‘qnash kelmaydigan baxtli qizlar bor. «O‘zpaxtasanoat» AJ ixchamgina qishloqda tikuv-trikotaj majmuasini barpo etib, 300 ta tikuvchi xotin-qiz uchun yangi ish o‘rni yaratdi. 150 tadan xotin-qiz smena almashib ishlaydi.

Korxonaga «Poytaxt baraka chevarlari» nomi berildi. Korxona tashqari va ichkaridan ham did bilan bezatilgan. Har bir ish joyida alohida maxsus chiroq mavjud. Sexni ishga tushirishdan oldin u barcha zarur xomashyo va yarim mahsulotlar bilan ta'minlandi. Ulardan kiyim-kechak, choyshab va sochiq ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning aksariyatini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

2019-2020-yillarda barcha tumanlarda sendvich-panellardan foydalanib 195 tikuv-trikotaj korxonalarini qurish mo‘ljallanmoqda. Ular aholi zich joylashgan, katta mehnat resurslariga ega hududlarda joylashadi. Natijada ayollar uchun 24 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi.

«Poytaxt baraka chevarlari»ning yonida kichik bino – oddiy, uncha katta bo‘lmagan do‘kon hajmicha keladigan joyga poydevor qo‘yilibdi. Biz, u yerda g‘isht terayotgan kishidan nima qilayotganini so‘rashga jazm etdik.

- Qizimga sartaroshxona qurib beryapman, - deydi «Bo‘ston» mahallasida yashovchi Rahmatilla Qurbonov, - Yo‘qsa, tuman markazida qatnashiga to‘g‘ri kelayotgandi. Bu transport muammolari tufayli ham qiyin. Endi uyimiz yonginasida uning o‘z go‘zallik saloni bo‘ladi. Sartaroshxona qurilayotgan joy ham juda qulay. Bu yerda kanalizatsiya, shundoq bir qadam joyda madaniyat markazi, park mavjud.

Rahmatilla aka butun qishloqni qamrab olgan o‘zgarishlardan ilhomlangan. Shahardagilaridan qolishmaydigan sartaroshxona qurmoqchi, aytishicha, u so‘nggi rusumdagi mebellar bilan jihozlanadi va old ko‘rinishi ham chiroyli bo‘ladi.

Yana bir qishloq fuqarosi – bir mavsumda xususiy tomorqasidan uch marta hosil oladigan Akbarali Bo‘riboev ham juda serg‘ayratliligi bilan esda qoldi. Hozir issiqxonasida pomidor deyarli pishib-yetilgan, ochiq dalada kartoshka o‘smoqda.

- Mahsulotlarni mahalliy bozorga olib chiqamiz, - deydi u. – Oladigan daromadimiz barcha xarajatlarimizga yetyapti. Odamlar ham mendan o‘rganishga harakat qilyapti, chunki ko‘pgina katta joylar bo‘sh turibdi, qo‘shimcha daromad zarar qilmaydi.

...«Bo‘ston» mahallasi qishloq ahlining hali «Book Cafe» nima ekanini bilmasliklari aniq bo‘ldi. Ammo kitob o‘qishning tobora rusumga kirayotgan bu yangi usuli bilan shaharlarda ham ko‘pchilik tanish emas. Prezidentimizning beshta tashabbusi doirasida ko‘plab qishloqlarda ana shunday nuqtalar bunyod etilmoqda. Bu esa muhim bir fikrga undaydi - yoshlarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish, xotin-qizlarni ish bilan ta'minlashni oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning qo‘shimcha ta'siri boshqa sohalardagi muammolarni ham hal etishga, qishloq aholisining shaharlarga oqib kelishi kamayishiga va urbanizatsiya darajasini oshirishga xizmat qiladigan qishloqlar infratuzilmasining shaharnikiga yaqinlashishidir.

Ramil Islomov va Muhammad Qarshiboyevlar tayyorladi.
Timur Kaysarov surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech