23 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +27,2 °C

Suhbat
7 Mart  2019 23538

Hayot go‘zal, yashamoq totli...

Mashhur xonanda Muslim Magomayevning «Moviy boqiylik» («Sinyaya vechnost») qo‘shig‘i ko‘pchilikka tanish, albatta. Undagi so‘zlar go‘yoki toshkentlik Olga Volkovaning g‘aroyib va shu bilan birga mashaqqatli sinovlarga to‘la qismati haqida so‘zlayotgandek. Uning hayotini va o‘zini kuchli po‘rtanalar yengil shabadaga aylanuvchi cheksiz moviy dengizga qiyoslash mumkin. Moviy va tinch dengiz esa uning g‘am-anduhlarini uzoq-uzoqlarga olib ketadi. Urush yillarida mo’jiza tufayligina gaz kamerasidan omon qolgan, dahshatli kasallikni yenggan va butun umrini ana shu xastalikdan shifo topishi uchun boshqalarga yordam berishga bag‘ishlagan insonning ayollik baxti nima, degan savolga o‘z javobi bor. Uning uchun, har kuni quyosh nurlaridan zavq olish va tungi sukunat aro yulduzlar ohangini tuta olish, yana hech qachon taslim bo‘lmaslik va hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonish, eng muhimi.

 

Bayram oldidan, xotin-qizlarimizga bag‘ishlangan tezkor materiallarni tayyorlash bilan bog‘liq ishlar qaynagan tahririyatda telefon jiringladi. Go‘shakdan hayajonlangan qari kishining ovozi eshitildi: «Menga shuhrat kerak emas. Shunchaki uzoq yillardan beri nafaqat o‘z taqdirim, balki tirik qolishimga yordam bergan insonlar haqida so‘zlab berishni orzu qilaman...»

Bungacha ko‘p bor intervyular olganman, turli kishilar bilan muloqotda bo‘lganman. Ammo Olga Volkova bilan suhbatlasha turib, angladim – inson yashagan va kutgan... Ehtimol, o‘zini-o‘zi kutgandir. Go‘yoki iqror chog‘i diliga chuqur ko‘mgan narsalarni tiliga chiqarishni, uzoq yillar azob bergan tikanni sug‘urib tashlashni istayotganday edi. Hikoyasi – barchamiz kabi turmushning shodligu g‘amlari bilan yashaydigan oddiy, qandaydir lahzalar ichida muqaddasga aylangan ayollar haqida. Material ustida ishlay boshlaganimda, tomog‘imga nimadir tiqildi. Ammo o‘zimni qo‘lga oldim, axir, bunday hech nimaga qaramasdan baxtli bo‘lgan g‘aroyib inson haqida barchaga ma’lum qilish mening burchim.

– Kelganingiz uchun rahmat, – deydi onaxon ko‘z yoshlarini ro‘moli uchi bilan artib. Keyin biroz tinchlangach, hikoyasini boshladi.

1935-yilda Toshkentda tug‘ilgan. Keyin... mittigina Olga suyak-bo‘g‘im siliga chalindi. Xastalik unga ushbu kasallikning ochiq turidan aziyat chekkan va uzoq-uzoq vaqt shifoxonada yotadigan onasidan o‘tgan. Shusiz ham, bir-ikki bor onasining suratini ko‘rgan qizaloqni otasi va xolasidan ayirib, yevpatoriyadagi sil kasalliklari sanatoriyasida uzoq muddat davolashga jo‘natishdi. Tibbiy xodimlar harakatsiz, gipsda yotgan bolalarga nafaqat dori-darmonlar bilan yordam berardi, balki iliq so‘zlari bilan ham dalda bo‘lishardi.

– Turli bayramlarda, esimda, bizga chiroyli kiyimlar kiydirib, aravachalarda har xil atirgullar o‘sadigan boqqa olib chiqishardi, – deydi Olga Ivanovna. – Bu biz uchun bayram edi. Kattalar esa ko‘z yoshlarini tiya olishmasdi...

Urush boshlangach, shifoxonadagi hamshiralar va shifokorlarga muolaja xonasiga gipslab tashlangan bolakaylarni ko‘tarib olib boradigan yosh erkak xodimlarining bari ko‘ngilli bo‘lib frontga ketdi. Shunda barcha og‘irlik ayollar yelkasiga tushdi. Qachonlardir bolalarni ko‘zini quvnatgan bog‘ning tagida chuqur kovlangan bombapanohga bolalarni kuniga bir necha marta qo‘llarida ko‘tarib tushib-chiqishardi.

Dushmanning tez-tez hujumlari sababli shifoxonani Shimoliy Kavkazdagi Teberdaga ko‘chirishdi.

– Biz bolakaylar, – eslashda davom etadi Olga Ivanovna, – nega yoshi kattaroq bolalar, ayniqsa, qizlarning, kechalari chinqirib yig‘lashini sira tushunmasdik. Ulardan shifoxona hamshiralari yoki enagalar buning boisini so‘rashganda, nemislar bu yerga ham uchib kelishidan qo‘rqishayotganini aytishardi. Ularni: «Qo‘ysanglar-chi! Qaranglar, bizni qanday baland tog‘lar o‘rab olgan! Osmonga tegay deydi, nemislarning samolyotlari oshib o‘ta olmaydi, qo‘rqmanglar», deya yupatishardi. Afsuski, keyinroq vaqt ularning yig‘isi bezij bo‘lmaganini ko‘rsatdi. Nemislar shifoxonagacha yetib keldi. Ko‘chma gaz kameralari bilan. Bizga qaraydigan ayollar bolakaylarni o‘ldirmaslikni, ularga rahm qilishni yolvorib so‘rashardi. Ularning qanchalik iste’dodli ekanini bildirish uchun yasagan buyumlarni, chizgan rasmlarini ko‘rsatishardi. Ammo fashistlar uchun barcha mayiblarni yo‘q qilish haqidagi buyruq bizning hayotimizdan ham ustunroq edi...

Ammo olti yashar Olya va uning 12 yoshli do‘sti Vitkaning omadi bor ekan – Olga Volkovaning xolasi ularni muqarrar o‘lim changalidan qutqarib qolishga ulguribdi. Qolgan barchani, bolalar bilan gaz kamerasiga yo‘l olgan fidokor va jasur enagaluru hamshiralarni dahshatli qismat qarshi oldi.

Uy sari yo‘l uzoq va mashaqqatli bo‘ldi. Ovullardan birida bir ayolning rahmi kelib, Olganing xolasiga chana bergan va u bolalarni Dog‘istongacha tortib borgan. Bandargohda kemani kutishganlarida deyarli barcha kiyimlarini yegulikka ayirboshlab bo‘lishdi. Xullas, Toshkentgacha yuk paroxodida yetib olishgan. Kaspiy dengizida suzishganlari va kuchli po‘rtanalarga duch kelishganini hali-hanuz yaxshi eslaydi. Olga Ivanovnaning aytishicha, o‘sha paytlari shifoxonada bolalarga nisbatan amalga oshirilgan dahshatli qotillikni yoritgan «Pravda Vostoka» gazetasi deyarli har bir xonadonga kirib borgan ekan.

Vaqti kelib, onasi vafot etgan. O‘zbek otliq diviziyasi tarkibida frontga ko‘ngilli bo‘lib jo‘nagan otasi ham dom-daraksiz ketibdi. Uning nomini baribir Xotira daftarida abadiylashtirishmagan. O‘zlarining ham ikki o‘g‘li bo‘lgan xolasi va amakisi ularga ota-ona o‘rnini bosibdi.

– Keyingi taqdiringiz qanday bo‘ldi? – so‘rayman hamsuhbatimdan.

Savolni yaxshiroq eshitish uchun onaxon boshini men tomon egadi. Xuddi shu payt chehrasida jilmayish, ko‘zlarida chaqnash zohir bo‘ldi. Go‘yoki og‘ir sinovlaru g‘am-anduhlar, yo‘qotishlar hech qachon bo‘lmaganday.

– Juda yaxshi bo‘ldi, – javob beradi u.

Urushning bor dahshatini ko‘rgan, kasallikdan mo’jiza tufayli sog‘aygan qiz hayotini tibbiyotga bag‘ishlashga qaror qildi. Borovskiy nomidagi tibbiyot bilim yurtini a’lo baholarga tamomladi. U guruh sardori va a’lochisi edi. Pedagoglar unga tibbiyot oliygohida bemalol o‘qib ketishi mumkinligini bashorat qilishardi, u esa o‘qishdan so‘ng ko‘ngilli bo‘lib Buxoroga, sil kasalliklari dispanseriga yo‘l oldi. Shahardan besh kilometr tashqaridagi ishiga piyoda qatnardi. Keyinchalik Toshkentdagi harbiy gospitalda sil kasalligiga qarshi kurash dispanserida ishladi. So‘ng Ftiziatriya va pulmanologiya ITI (hozirgi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy markazi)da faoliyat olib bordi.

Bugun undagi biror alomat bir paytlar aziyat chekkan kasalligidan dalolat bermaydi. Faqat gipsdan so‘ng noto‘g‘ri bitgan, urush sababli qayta operatsiya qilinmagan oyog‘ini aytmaganda. Yosh Olga Volkova hamma qatori ravon yura olmasligidan uzoq vaqt uyalib yurdi, hech qachon turmushga chiqa olmasam kerak, deb ham o‘ylardi. Ammo hayotida uning uchun bir umr qadrli bo‘lib qolgan inson uchradi. Uning yelkasidan mehribonlik bilan quchib: «Obbo, esipastginam-ey! Muhabbat faqat shu bilan bo‘larkanmi?» degandi. Uning ismi Georgiy Peregonsev bo‘lib, ekskavatorlarni ta’mirlash zavodida mexanik bo‘lib ishlardi. Olgadan 19 yosh katta edi, Lagerlar va qamoq joylari bosh boshqarmasi (GULAG)ning barcha dahshatlarini ko‘rgan, ammo shunda ham kelajakka bo‘lgan ishonchini yo‘qotmagandi. Birgalikda ahil-totuv yashadilar. Bugun Georgiy Petrovich oramizda yo‘q, ammo bu sof va yorqin muhabbatdan qiz yodgorlik bo‘lib qoldi. Hozirda nevarasi-yu, evarasi xorijda yashayapti.

Yaqinlari uni olib ketishmoqchi bo‘lgan, biroq o‘zi bunga ko‘nmagan. Negaki, uni Toshkent bilan ko‘p narsa bog‘lab turadi – bolalik xotiralari, o‘qigan yillari, ishi va muhabbati... Yana atrofdagi odamlarning unga bo‘lgan samimiy munosabati. Olga Volkovaning aytishicha, barchamizni – turli millat, madaniyat va dinlar vakillarini Vatanga bo‘lgan muhabbat birlashtirarkan. Osmonimiz hamisha musaffo, yoshi kattalar e’zozlanadigan, bolakaylar yaxshi ko‘riladigan yurtimiz tinch. Boshqa hech bir joyda hatto, mutlaqo notanish odamni ham bir piyola qaynoq choy bilan siylashmaydi.

Kechqurunlari, qadrdon shahrimiz chiroqlari miltillab, qosh qoraya boshlaganda Olga Ivanovna xayolan olis o‘tmishga yo‘l oladi. Bolaligidan yaxshi ko‘rgan Lermontov she’rlarini o‘nlab, yuzlab marta qayta o‘qiydi. Maktabda «Msiri» dostonini qanday yoddan o‘qib bergani hamon esida, Kavkaz tog‘larida mangu qolganlar haqida o‘y suradi... Boris Vasilevning «Tonglar sokin edi bu yerda» (qissa), «Ertaga urush bo‘lgandi» asarlarini qayta-qayta o‘qiydi. Salkam uvalanib ketay degan suratdagi eri va yosh o‘ziga tikiladi. Ana shu lahzalarda bunga o‘zi ham qayta va qayta ishonch hosil qiladi, og‘riqlaru yo‘qotishlarga, har bir inson chekiga tushuvchi turli holatlaru sharoitlarga qaramay – hayot baribir go‘zal.

Oksana Kadishyeva.

Shaxsiy arxivdan surat.

Rashid Galiyev surati.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech