21 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12 °C

Madaniyat
5 Mart  2019 14298

Notalarga jo bo‘lgan Shashmaqom

O‘zbekiston xalq artisti, etnograf, kompozitor Viktor Uspenskiy bundan yuz yilcha burun yozuvchi, olim, davlat arbobi Abdurauf Fitrat tashabbusi va bevosita ishtirokida Shashmaqomni notalarga tushirdi. San’atshunoslik doktori, professor tavalludining 140 yilligi oldidan ushbu muhim hodisaning ayrim tafsilotlariga hujjatarga asoslangan holda to‘xtalamiz.

 

Tavsiya-maktub...

«Shashmaqomga Buxoroda katta e’tibor beriladi va xalq uni sevadi. Bunga 1923-yilda o‘zim guvoh bo‘lganman, Sayil bayramida hofiz Ota Jalol Nosirov ijrosidagi qo‘shiqlarni minglab odamlar sel bo‘lib tingladilar... Musiqani qanday tinglash va sevishga juda ajoyib misol bu!», deya xitob qilgandi Viktor Aleksandrovich.

Ilgari ham maqom iste’dodli san’at arboblari tomonidan o‘rganilgan. Ushbu san’at haqidagi fanning boyishi, keng tarqalishi va uning bor nafosatini o‘zlashtirishga hissa qo‘shgan hamyurtlarimizni eslatib o‘tmoqchimiz. 1572 yildayoq ushbu soha nazariyasi va amaliyoti bilan shug‘ullangan Darvishali Changiyning «Risolai musiqa»si nashr etilgan. Uning matni nafaqat chuqur akademik izlanishlari bilan, balki shoirona kayfiyati bilan ham kishini hayratga soladi. O‘zining qisqa umrini adabiyot va davlatchilik faoliyatiga bag‘ishlagan Fitrat ham musiqa bilan shug‘ullangan. Davlat arbobiga aylangach, Buxoroda Shashmaqomni notaga tushirishga barcha sharoitni yaratib berdi. Bu borada milliy ohanglar bilimdoni deya tan olingan, shoir, dramaturg G‘ulom Zafariy bilan hamfikr edi. Xuddi o‘sha Uspenskiy Moskvadagi do‘stiga u haqda iliq so‘zlarni yozgandi: «Samarqandda G‘ulom Zafariy bilan uchrashdim. U bilan aloqa o‘rnatishni juda tavsiya qilgan bo‘lardim, musiqa haqida juda ko‘p biladi, asosiysi, kitoblarga hatto, juda noyoblariga ham yaqin kishi».

Ana shu mashhurlaridan ayrimlarini ko‘rdim va tingladim, ular bilan muloqotda bo‘lganimga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Akademik Yunus Rajabiy biznikida, musiqashunos Ilyos va kompozitor Ikrom Akbarovlarnikida tez-tez mehmon bo‘lardi. Uncha katta bo‘lmagan xonadagi kitob javoni yoniga taniqli soz ustasi Usmon Zufarov tomonidan yasalgan dutor, tambur, doiralar osib qo‘yilgan. To‘rda esa ertadan kechgacha chalinadigan nemislarning eskiroq pianinosi. Bu yerda juda kam gapirilardi. Asosan, sozlar va nota belgilari tushirilgan qog‘ozlar «gapirardi».

Yunus aka va professor Ilyos Akbarovlar maqom haqida ham gap boradigan ko‘p tomli «O‘zbek xalq musiqasi» kitobini nashrga tayyorlashardi. Akademikning xalq artisti va repertuaridan ana shu janr o‘rin olgan Berta Davidova haqidagi gapi ham esimda qolgan: «Uni qaytaring. Usiz maqomni ijro qilib bo‘lmaydi, u shuning uchun yaralgan!». Oilaviy sharoiti tufayli Moskvaga ketgan Berta opaning qaytarilishini iltimos, talab qilardi. Berta opa ham qaytdi...

Rajabiylar sulolasining bag‘rikeng va donishmand vakillaridan biri sharq musiqiy adabiyotini aslidan o‘rgangan Is’hoq Rajabov edi. Biz ham uning kam o‘rganilgan material ustida uzoq va mashaqqatli ishlagani guvohi bo‘lganmiz. Natijada «Maqom haqida»gi fundamental tadqiqot dunyo yuzini ko‘rdi va bugun ham ulkan ilmiy ahamiyatga ega.

Uspenskiyning o‘zi ham quvnoq, qo‘li ochiq va bag‘rikeng inson edi. Bolalarni yaxshi ko‘rardi, ammo o‘zining farzandi yo‘q edi. Har yili o‘rmon hidi kelib turgan archani bezatardi va mahallaning yosh bolakaylari va qizaloqlarini taklif qilardi. Turmush o‘rtog‘i, xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Kseniya Mixaylovna bilan dasturxon tuzab, o‘ziga xos musiqiy tomosha uyushtirardilar. Shunda uning uyi (uylari Toshkentning hozirgi Radio uyi korpusi joylashgan yerda edi) xursandchilik, musiqa va o‘yin-kulgiga to‘lib ketardi. Fortepianoga bir gal o‘zi o‘tirsa, boshqa safar uni xotini chalardi. Ushbu satrlar muallifi, ya’ni kamina, o‘sha paytlarda yoshim sakkiz-to‘qqizlarda bo‘lib, Uspenskiyning o‘g‘il huquqidagi shogirdi, ham o‘sha davrada quvnoq qo‘shiqlar kuylardim...

Bir kuni mehmonlardan ba’zilarini kuzatib ortiga qaytgach, Viktor Aleksandrovich royalga o‘tirdi-da, bitta qo‘lida juda ajoyib bir kuyni chala boshladi. Keyin o‘ylanib qoldi... So‘ng: «Bu «Naylaram» deb ataladi», deya tushuntirdi. U «Farhod va Shirin» musiqiy dramasida ham jaranglaydi. Keyin ikkala qo‘lida, baland ovozda chala boshladi. Hamma beixtiyor royal atrofiga to‘plandi. «Xuddi shu musiqa bilan Shirin o‘ladi... Men ham ana shu musiqa bilan o‘lishni istardim», dedi hammaga eshittirib. Barmoqlarini klavishlardan oldi va jimlikni hazin tovushi bilan buzib: «Men o‘lishdan qo‘rqmayman. Yashamaslik qo‘rqinchli...», dedi.

Og‘ir vazifa

Kompozitor M.Balakirev va uning yaratgan to‘garagiga bag‘ishlangan tadqiqotlarda, ularga taniqli Musogorskiy, Kyui, Rimskiy-Korsakov, Borodinlar ham kiritilgan, ana shu kuchli insonlar, «Qudratli to‘da» haqida alohida mehr va minnatdorlik hissi bilan so‘z yuritiladi. Taniqli ijodkor arboblarning doirasini shunday nomlashardi. Ularning mehnati juda yuksak baholangan, «rus va jahon musiqiy san’ati rivojidagi» butun bir davr ekanini yozishgan. Shashmaqomni notaga tushirgan va uning alohida kitob bo‘lib nashr etilishini amalga oshirgan insonlarga nisbatan ham shu epitetni qo‘llash mumkin, deb o‘ylayman. Bu nafaqat Buxoroda o‘qiyotgan musiqachilaru tadqiqotchilar uchun, balki butun Turkiston hududida o‘sha davrda va bugunda ham butun boshli maktabga aylandi. Keyin Farg‘ona vodiysi hamda Xorazm vohasiga musiqiy-etnografik ekspeditsiyalar davom ettirildi. Ammo bari ko‘hna shahardan boshlangandi.

Maqomni nota yozuviga tushirishni tashabbusi o‘sha paytlarda Buxoro respublikasi tashqi ishlar noziri (vazir) bo‘lgan Fitratga tegishli bo‘lsa kerak. Uspenskiy uning nomiga 1923-yil yanvarida yo‘llagan maktubida: «Buxoro navolarini yozish bo‘yicha Sizning taklifingizga muvofiq...», deyilgan. Demak, Peterburg konservatoriyasini tugatgan va badiiy kengash qarori asosida (uni Aleksandr Glazunovning o‘zi imzolagan) xalq qo‘shiqlarini to‘plash va o‘rganish uchun Turkistonga kelgan «erkin rassom»ga rasman yozma yoki og‘zaki taklif berilgan. Bunga javoban Viktor Aleksandrovich unga uy-joy, yozib olish uchun xonandalar va sozandalar, Buxoro sozlari va Edison fonografini taqdim etishni so‘ragan.

Ish uchun maoshni o‘z ichiga olib ko‘rsatilgan xarajatlar summasining ayrim punktlariga ham izoh berib ketishni istardim. Esdaliklarda Uspenskiyning Ashxobodda boshdan kechirgani keltiriladi: «Dahshatli zilzila, asabiy zo‘riqish, u duduqlanib qoldi. Davolashdi... ammo yo‘qota olishmadi». Belyaevning yozishicha, uning «o‘pkalari zaif», keyin «silning faol jarayoni boshlandi», shu bois muntazam davolash kurslarini olishga majbur edi, bunga ham xarajat kerak bo‘lardi.

Viktor Aleksandrovichning maktubida esa faqat maishiy tavsifga ega va texnik ta’minot masalasi bilan bog‘liq tashkiliy hamda moliyaviy jihatlar tilga olinadi. Ilmiy konsepsiya esa maqolalarda, shu bilan bir qatorda «Pravda Vostoka» sahifalarida, maktublarda, Fitratning G‘ulom Zafariy, Cho‘lpon, Ilyos Akbarovlar bilan suhbatlarida aks etgan. 1922-yil 22-avgustda Viktor Aleksandrovich o‘zining Belyayevga maktubida istagi haqida yozadi: «Rossiyada buni bilishmaydigan chinakam sharqona musiqa bilan madaniyat markazini hamda nazariyachilarni qiziqtirish, bu musiqada qiziq va yorqin bo‘yoqlar juda-juda ko‘p. Juda qiziqarli ish, ammo men kabi kichkina va mutlaqo yolg‘iz musiqachi uchun og‘ir vazifa (Uspenskiyning qaydlari - ishida)».

Fitrat javob xatida yozgandi: «Hurmatli o‘rtoq Uspenskiy! Siz taqdim etgan va ko‘rsatilgan shartlar asosida ishlashga rozi bo‘ladigan BXSR musiqiy etnografiyasi bo‘yicha taklif etilgan ishlar rejasi ayrim o‘zgarishlar bilan qabul qilindi...

Buxoro respublikasi sizdan quyidagi ishlarning bajarilishini kutadi:

  1. «Sharq» musiqiy maktabida notalar bo‘yicha saboq berishingizni.
  2. «Sharq» musiqa maktabining hozirgi o‘quvchilaridan musiqiy orkestr tashkil etishni».

Kelishuvga erishildi. Hamkorlik haqidagi shartnoma 1923-yil 13-oktyabrda Uspenskiy va Maorif noziri Musajon Saidjonov bilan tuzilgan. Ko‘p o‘tmay, bu lavozimni Fitrat egallaydi. Uning boshqaruvidagi mahkama ilmiy-pedagogik sohani nazorat qilardi. Bundan kelib chiqadiki, ikki ma’nan bir-biriga yaqin fan va madaniyat arbobi o‘rtasida bevosita doimiy aloqada bo‘lish imkoniyati yuzaga kelgan. Bundan o‘sha og‘ir damlarda boshlangan ish va har biri alohida-alohida yutardi. Ular maqomning yanada keng tarqalishiga bo‘lgan ehtiyojni va uni abadiylashtirishni his etishardi.

Yozuvda qayd etish

O‘sha vaqtlar jamiyatdan quvilganlar fojiasi fonidagi sho‘x ritmlar va ohanglar kompozitsiyalari davri edi... Maqomning monumental ohangida Fitrat va Uspenskiylar boshlari uzra qora bulutlar yaqinlashib kelayotganini his etgan ziyolilarning yashirin tashvishlarini topishdi. Shunday bo‘ldi ham. Ko‘p o‘tmay, favqulodda iste’dod sohibi, har tomonlama o‘qimishli Munavvar qori Abdurashidxonov hibsga olindi va oliy jazoga hukm etildi. Maqomlarni nashr etishda birga ishlagan hamfikrlarni ham qayg‘uli va tahlikali kayfiyat chulg‘ab oldi.

Saqlanib qolgan hujjatlarning guvohlik berishicha, bunday o‘ziga xos yagona birlashma yaratganlar nafaqat gumanitar fanlar, musiqashunoslik, etnografiyaga qiziqishgan. Biofizika nazariyasi va amaliyoti ham tadqiqotlar ob’yektiga aylangan. Bizning eshitish a’zolarimiz qanday tebranishdagi to‘lqinlarni tuta oladi? Qanday hollarda biz ularni qabul qila olamiz? Ushbu yo‘nalishdagi izlanishlar bo‘yoqlar gammasiga mos keluvchi ohanglarning ranglarini aniqlash haqidagi fikrga turtki bergan. Ushbu mavzuda bosh qotirgan Uspenskiy yozadi: «Fitratning ma’lumotiga qaraganda, «Rost» maqomiga qizil rang, «Iroq»qa – feruza rang», «Buzurg»ga – tillarang, «Navo»ga – sandal daraxtidan olinadigan qizil bo‘yoq rangi to‘g‘ri kelarkan». Shuningdek, u G‘ulom Zafariyning ham variantini keltiradi: «Navo» - kulrang, «Munojot» - to‘q jigarrang, «Chorgoh» - oq rang».

Buxoroda qattiq ishlagan Viktor Aleksandrovich machitlardagi ranglar yechimining va o‘sha joydagi tovushlarning jaranglashi o‘xshashligi haqida ham o‘y sura boshladi. U bu qiziq lekin o‘ta murakkab masalani o‘rganishni taklif etadi.

Yozishmalar, shaxsiy aloqalar, Fitrat bilan uchrashuvlar va eski rasm-rusumlarga amal qiluvchi hofizlar bilan uzoq muloqotlar, ko‘hna Sharq madaniy markazida musiqiy etnografiyalarni o‘rganish, musiqashunos va etnograf Uspenskiyning tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishiga turtki berdi, pedagog va kompozitor sifatida ijodiy dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, uning Buxoroda bo‘lishiga va Shashmaqomni grafik asosda yozilishi tarixiga batafsil to‘xtalishimiz, aynan, shu bilan izohlanadi.

Viktor Aleksandrovich o‘zbek hamkasblarining chuqur bilimga ega ekanini ta’kidlab, ularning sintetik tafakkuriga qoyil qoladi, aniq ohanglarga mos keluvchi ranglarning turli-tumanligi haqidagi muhokamalardan hayratga tushadi. Ozoz yozish jarayonida juda ko‘plab martalab tinglash uning tasvirlash vositalarini boyitadi, konsepsiyasini chuqurlashtiradi. Musiqiy fikrlar dinamikasi o‘nta xatda o‘z aksini topgan. 1927-yilda u Zafariyning bunday deganini keltiradi: «Dugoh» soat 10 gacha, «Bayot» – 10 dan 12 gacha, «Chorgoh» - kechki 5-6 larda, «Segoh» - kechqurun, «Shahnoz» - tun orasida, «Nasrulloyi» - tungi 12 dan ertalabki 6 gacha ijro etiladi. Bu Turkiston maqomlari, ehtimol, Buxoroda ham maqomlar shunday ijro etish vaqti bilan bog‘liq bo‘lsa kerak».

Qaydlar yana Uspenskiyni nafaqat hofizlarning o‘zini tutishi va ijro texnikasi, balki ularning tarjimai holi va ashulachilar ijodiy hamdo‘stligining paydo bo‘lishi ham qiziqtirganini ko‘rsatadi. Masalan: «Hofiz Ota Jalol Nosirov Buxoro maqomining yagona va so‘nggi vakili hisoblanadi. Uch amir davrida saroy hofizi bo‘lgan, yetti yoshidan musiqani o‘rgana boshlagan. O‘n olti yoshida amir sozandalari orasida bo‘lgan. U juda taniqli hofizlar bilan zamondosh edi...» deya yozadi.

Shunday ustalar ijrosidagi ohangu taronalar fonograf valiklariga yozildi va nota belgilari bilan qayd etildi. Moskvada nashr etilgan kitob esa keyinchalik ko‘plab kompozitor va musiqachilarga ilhom manbai bo‘lib qoldi. Shu bois Shashmaqomning vokal qismlaridagi she’rlarning matni yo‘qligi katta kamchilik, deb hisoblovchilarga Viktor Aleksandrovichning bir satr maktubi orqali javob bermoqchimiz. Shunday qolishini Fitrat talab qilgan, deya xabar beradi Uspenskiy Belyaevga. Darvoqye, ularning yozishmalari o‘sha davrdagi o‘ta murakkab, mashaqqatli mehnatdan hikoya qiluvchi eng boy va ishonarli qissalar bo‘lishi mumkin.

O‘sha to‘plamning muqovasiga bosh harflarda: «V.A. Uspenskiy tomonidan Buxoroda yozib olingan olti musiqiy doston (maqom)», deb yozilgan. Ularning nomi ham keltiriladi: «Iroq», «Rost», «Dugoh», «Navo», «Buzruk» va «Segoh». Ular Xalq ta’limi nozirligining maxsus komissiyasi tomonidan tekshirilgan va 1924 yil 15 martda olimlar kengashi buni ma’qullagan. Muqovaning yuqori qismida – Uspenskiy, musiqachilar Ota G‘iyos Abdug‘ani va Ota Jalol Nosirovlar portretlari qo‘yilgan. Pastiga aniq qilib yozilgan: «A.Fitrat va N.N. Mironovlar tahriri ostida». Kimlardir keyinchalik qatag‘on qilingan madaniyat homiysi Fitratning nomini o‘chirib tashlashga uringan. Eplolmagan!

O‘shanda XX asrning fenomen shaxslari Fitrat va Uspenskiy rahbarligidagi kichik tashabbus guruhiga, tadqiqotchilar va hofizlar, musiqachilar hamdo‘stligiga san’at va fan ilhomi xayrixoh bo‘lgan. Ular yuqori mahoratga ega ustalar orasidagi faol muhitda ishlashgan. Tinib-tinchimas Viktor Aleksandrovich ham ushbu yo‘nalishda faoliyatini davom ettirgan – shahar va qishloqlarda yurib maqomlarni o‘rgangan, nazariy jihatdan tushunishga intilgan. Maqomning vokal qismini yozishga esa 1946-yilda yozishga kirishgan.

...O‘shanda «Naylaram» qo‘shig‘ining motam ohangida chalinishi vaqti ham yaqinlashib kelayotgandi...

Hamidulla Akbarov.

Filologiya fanlari doktori,

professor.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech