17 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,3 °C

Energetika
31 May  2019 4664

Ko‘mirmi yo gaz? Qay biri afzalroq?

Yaqinda jurnalistlarni qazilma yoqilg‘ining afzalliklarini hayotiy misolda ko‘rsatish, kelgusida undan foydalanishga o‘tishi kerak bo‘lgan tadbirkorlardagi noto‘g‘ri tushuncha va xavotirni tarqatish uchun ko‘mirda ishlaydigan issiqxona xo‘jaligi bilan tanishtirishdi. Bir qarashda masala ko‘ringanidan ham dolzarbroq va globalroqdir.

Issiqxonani qattiq yoqilg‘i bilan isitishning o‘ziga xos qulay va noqulay tomonlari mavjud. Kamchiliklari – u gaz kabi quvurlardan oqib kelmaydi va bittagina ventilni burash bilan ish bitmaydi, balki uni tashish, ko‘mirxonaga joylashtirish va vaqti-vaqti bilan qo‘lda qozonga tiqib turish talab etiladi. Bu asosiy muammolardan biri kabi ko‘rinadi. Lekin manzarani yaxlit ko‘rib anglash uchun, avvalo, bir narsani, zangori olovning nimasi noqulayligini aniqlashtirib olish kerak bo‘ladi. Va bu issiqxona xo‘jaligidan boshqa vaziyatlarga ham taalluqli.

Mamlakatimizda juda ulkan miqyosdagi tabiiy gazdan foydalaniladi. Uning yordami bilan elektr energiyasining 80 foizi ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarishda resursning bunday ulushi hatto, zaxiralari bo‘yicha mamlakatlar reytingi yetakchisi Rossiyada ham mavjud emas. Aksincha, ko‘mir stansiyalari yetakchilik qiladigan davlatlar mavjud. Masalan, Polshada energiya ishlab chiqarishning 80 foizi qattiq yoqilg‘i hisobiga to‘g‘ri keladi va bu ko‘rsatkichni faqat 2050-yilga borib 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.

Yana bir masala: nima uchun yevropa ko‘mir iste'molini qisqartirayotgan paytda, O‘zbekiston aksincha qilmoqda? Qadimiy Dunyo va Shimoliy Amerikada iqtisodiyot va aholi o‘sish sur’ati juda katta emas. Shu bois arzon va samarali manbalarni izlashni talab etuvchi quvvatni oshirishga ehtiyoj yo‘q. Bundan tashqari, ushbu qit’alardagi davlatlar iqtisodiyoti energiya olinuvchi ko‘mirni hatto, tabiiy gaz bilan emas, balki shamol va quyosh stansiyalari bilan almashtirish imkonini ham beradi. Darvoqe, agar mamlakatllar bo‘yicha alohida-alohida qaralsa, xuddi o‘sha Yevropada  ham qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘sishi bir xil emas va u asosan, Germaniya va Buyuk Britaniyaga hissasiga to‘g‘ri keladi. Energiya balansida QTEMning salmoqli o‘rnini ta’minlashga faqat sanoqli davlatlargina muvaffaq bo‘lgan.

Xalqaro energetika agentligining «Ko‘mir-2018: tahlil va prognozlar»ga bergan sharhida qayd etilganidek, ushbu qazilma yoqilg‘i hozirda eng ko‘p talab bo‘lgan resurslardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirgi kunda global elektr energiyasini ishlab chiqarishda ko‘mir yoqilg‘isining ulushi 38 foizni tashkil etadi va 2023-yilga qadar bu daraja saqlanib qoladi. Rivojlanayotgan bozorlar uchun ko‘mir afzal va qulay energiya manbai hisoblanadi. Misol uchun, Pokistonda 2017-yilda ko‘mir iste'mol qilish 52 foizga, Vetnam, Avstraliya va Filippinda – o‘n foizga, Hindistonda - to‘rt foizga o‘sgan.

– Yoqilg‘i-energetika resurslarining yirik iste'molchilari orasida - qurilish materiallari sanoati ham bor, – deydi Energetika vazirligining ko‘mir sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yusupov. – Xarajatlar tuzilmasidagi yoqilg‘i va energiyaning solishtirma miqdori 50 foizdan oshadi. Bu zavodlarda eskirgan uskunalardan foydalanish bilan bog‘liq. Mahalliy korxonalar orasida eng kam resurs xarajatlari ko‘rsatkichi «Qizilqumsement»ga tegishli. Ammo uning ham ko‘rsatkichlari Yaponiya, Turkiya, Xitoy, Koreya Respublikasi zavodlarinikiga qaraganda yuqori. Natijada, narx omili sabab mahalliy sementimiz kamroq raqobatbardosh bo‘lib qoladi. G‘isht ishlab chiqarishda ham energiya resurslarining ulkan iste'moli kuzatiladi.

Ta’kidlash joizki, sement fabrikalarining «quruq» ishlab chiqarish usuliga, g‘isht zavodlariga, so‘ndirilgan ohak ishlab chiqarish sexlariga, shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarini muqobil yoqilg‘i - ko‘mir, ko‘mir briketlari va boshqa yoqilg‘i turlaridan foydalanishga o‘tkazish davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturida ham nazarda tutilgan. 

Prezidentimizning 2019-yil 23-maydagi «Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2021-yil 1-yanvarga qadar energiya samaradorligi mezonlariga mos kelmaydigan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari ko‘mir va boshqa muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tadilar.

– Muammoni hal qilish uchun tadbirlar rejasini ishlab chiqyapmiz, – deydi R. Yusupov. – Ko‘mirga o‘tkazilganda uni qayerdan sotib olishni bilmaslik muammosi yuzaga chiqmasligi lozim. Shu bois reja kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi – xo‘jalikni inventarizatsiya qilish, ularning uskunalarini o‘rganish, ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish, jumladan, import qilishning ham, tizimini tayyorlashgacha.

Ko‘mirdan foydalanishga o‘tish xarajatlarni kamaytirishi va ishlab chiqarishning raqobatbardoshligini oshirishini namoyish etish uchun issiqxona xo‘jaliklari borasidagi amaliy misoliga qaytsak.

Toshkent viloyatida «Turan tomatoes» va «Parranda sanoat baraka» masuliyati cheklangan jamiyatlari bir xil geografik sharoitda, maydon va ixtisoslashuvda (pomidor yetishtirish) faoliyat ko‘rsatmoqda. Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, yoqilg‘i-energetika resurslari xarajatlaridagi farqni hisobga olgan holda, ko‘mirdan foydalanishda mahsulotlarni yetishtirish gektariga nisbatan tabiiy gazdan foydalanishga qaraganda 36 foizga arzonroq ekan. Bu pul ko‘rinishida 90 million so‘mni tejash, degani.

– Oxirgi isitish mavsumida ko‘mirdan foydalangan «Turan tomatoes» issiqxonalari ikki gektar maydonni egallaydi, – deydi O‘zneftgazinspeksiya boshqarmasi boshlig‘i Fozil Abdujabborov. – Bir oyda 42 million so‘mlik 50 tonna ko‘mir yoqilg‘isi iste'mol qilgan va bitta qozon ishlagan. «Parranda sanoat baraka» shu davrda 100 ming kubometr gaz ishlatib, 100 million so‘m mablag‘ sarflagan. Bu bilan farqlar hali tugamaydi. Toshkentda tajriba namunasi sifatida ishlab chiqarilgan ko‘mir pechkasi o‘n ming dollarga (boshqa majmuaga o‘rnatilgan Turkiya mahsulotining narxi - 55 ming dollar), import qilingani va gazda ishlaydigani esa 60 ming dollarga teng.

Bunga shubha bilan qaraydigan tadbirkorlar bir narsada haq, har qanday ko‘mir ham issiqxonalarni isitish uchun to‘g‘ri kelavermaydi. Zangori olovdan farqli o‘laroq, qattiq yoqilg‘ining sifati, jumladan, issiqlik uzatishi va kuli qazib olingan joyiga qarab turlicha bo‘ladi. Ma'lumki, Angren ko‘miri ana shu parametrlari bilan Qozog‘istonnikidan ortda qoladi.

Biroq mutaxassislar buni sifati pastroq yoqilg‘i arzonroq ham bo‘ladi, deya izohlaydi. Tadbirkorlarda esa tanlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Mahsulotlarni uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash uchun Qozog‘istonning «Maykuben-Vest» MChSh va «Shubarkol Premium» MChJ bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan. Kompaniyalar shuningdek, kiritgan investitsiyasini o‘n yil davomida qoplash sharti bilan o‘z hisobidan zavodlar va issiqxona xo‘jaliklarini ko‘mirga moslab qayta jihozlash bo‘yicha taklif kiritdi.

So‘nggi yillarda energiya balansining sezilarli diversifikatsiyasiga olib keladigan jarayonlar boshlandi. Ular orasida AES, quyosh va shamol stansiyalari qurish loyihalari, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Sharg‘un ko‘mir konini modernizatsiya qilish loyihalari ham mavjud. Davlat tomonidan sun’iy ravishda bozor narxidan past ushlab turiladigan zangori olov narxining oshishi ham gazdan voz kechishga olib keladi.

Gaz tobora qimmatbaho tabiiy resursga aylanmoqda, va aftidan, undan yonilg‘i sifatida foydalanish vaqt o‘tishi bilan qimmatlashib boraveradi.

Muhammad Qarshiboyev.

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech