22 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +17,6 °C

Turizm
6 Sentyabr  2019 3510

Tog‘ qishlog‘iga turist bo‘lib…

Yoz ham bir zumda o‘tib ketibdi! Endi atrofga nazar tashlab, uni qanday o‘tkazganimizni eslaymiz. Ko‘pgina o‘zbekistonliklarning tog‘larga yo‘l olgani, shubhasiz. Bunga o‘zimiz ham, Chimyonda bir necha hafta bo‘lganimizda ishonch hosil qildik.

U yerda butun respublikamizdan tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy sayyohlarni ham uchratdik: bu yerning tabiati noyob va shu bois ko‘plab mehmonlar tashrif buyuradilar. Ilgarilab ketib aytmoqchiman, mutaxassislar yigirmata dam olish zonasini kurortbop qilib belgilashgan: bular sog‘liqni saqlash xizmatlarini, suzish havzalarini o‘z ichiga olgan mehmonxonalardir. Va shunga mos narxlar, ko‘pgina sayyohlar narxlarni qimmat, deb hisoblashdi. Buning uchun internetdagi sharhlarni o‘qish yetarli. Mazkur masalaning vaqti kelib tartibga solinishiga ishonchim komil, negaki bugun O‘zbekistonda turizmga davlat darajasida katta e’tibor qaratilmoqda.

Biz turizmning boshqa turlari va tog‘lardagi son-sanoqsiz dam olish joylari haqida so‘z yuritishni istadik. Darvoqe, ular ancha arzonga tushadi.

Masalan, erkin sayohatchilar tomonidan ijaraga olingan vagonchaga duch keldik. «12 kalit», deb nomlangan xushmanzara joyda bir nechta vagonchalar qator tizib qo‘yilgan va ular tunash uchun ancha arzon narxlarda ijaraga berilarkan.

Chimyon tog‘i etagida, Gulkam darasiga olib boradigan yo‘lda Sibirdan tashrif buyurgan yosh juftlik bilan yo‘llarimiz kesishdi. Yelkalariga katta safar xaltasi, chodir, xullas, to‘liq «qurollangan», ko‘tarib olishgan.  Darvoqe, yo‘nalishni internetdan topishibdi (ular bir necha kun oldin Buxoroda bo‘lishgan ekan).

Keyin biz «betonka» bo‘ylab Chorvoqqa yo‘l oldik. Bu yo‘lni notekis yotqizilgan beton plitalar tutashgan joyiga mashinalar g‘ildiraklarining urilib chiqaradigan ovozidan tanib olish qiyin emas. Xuddi qiyshiq-miyshiq temir izlardan katta tezlikda tramvayda ketayotganday bo‘lasiz. Yangiqo‘rg‘on qishlog‘iga yetib keldik. Bu joy hamisha o‘zining sog‘lomlashtirish lagerlari bilan mashhur bo‘lgan. Bir paytlar shu yerdagi o‘zim dam olgan lagerni esladim. Hech nima o‘zgarmabdi: qishloqqa olib boruvchi o‘sha changli toshloq yo‘l, lagerning tashrif qog‘ozi – uchayotgan yulduzli metalldan payvandlab yasalgan minora. Atrofni aylanib, mahalliy aholi bilan tanishdik, jumladan, butun umr ana shu mahalliy lagerda ishlagan Habiba opa bilan ham. Suhbatlashib ketdik, bizni uyga taklif qilishdi. Bog‘ eshigidan kirishimiz bilan chinakam jannatga tushib qolganday bo‘ldik. Hammayoq yam-yashil, nok va olmalar o‘sgan, ariqda suv jildiraydi. So‘riga taklif qilishdi. Dasturxonda vazalarga solingan novvot, qand-qurs, quritilgan mevalar, hammasi, risoladagiday. Jaziramada muzdaygina qatiq chanqoqni zo‘r bosarkan. Uy egasi Abdukarim aka: «Qani, olinglar, bunday qatiqni shahardan topib bo‘lmaydi. Tog‘ giyohlarining ta’mi kelib turadi», dedi. O‘zimiz sezmagan holda bir kosadan qatiq ichibmiz. Ana shunday mehmondorchilikka ko‘p bor duch keldik, bu yerda yashovchi o‘zbeklar va etnik tojiklar mehmonlarni birday ochiq chehra bilan kutib oladi. Ularning har biriga javoban yaxshi istaklar bildirgimiz keladi.

Abdukarim aka bo‘sh vaqtlarida (o‘zi santexnik) bog‘ ishlari bilan shug‘ullanishni yaxshi ko‘rarkan. Hatto, uyidan sal naridagi kichkina bog‘ini ko‘rsatishga ham olib bordi. Shu yerda jo‘yakning o‘zidan xo‘jag‘at (malina) terib yedik: xushbo‘y va shirin ekan. Qulupnayning vaqti o‘tib ketganidan afsuslandim ham... Bu yerda qayin yaxshi o‘sarkan, shundoq yaqinginadagi qayinzorga ko‘zimiz tushdi. U kishining uyi ortidan shundoq, mahalliy kishilarning nomlashicha, ayiq tog‘ boshlanarkan. Umuman, juda noyob joylar.  Yangiqo‘rg‘on qishlog‘idan ajoyib manzara ko‘zga tashlanadi. Pastda – moviyrang Chorvoq, o‘ngda quyosh botayotganda bir qizaradigan, bir pushtirangga kiradigan mahobatli va sercho‘qqi Chimyon tog‘lari. Nega ko‘p mehmonlar kelishini endi tushunsa bo‘ladi. Boz ustiga, mahalliy aholining uyida tunab ham qolish mumkin. Miyamda bir fikr yilt etdi: bu yerda oila tamoyili asosida mehmon uylari tashkil etsa bo‘larkan.

Chorvoqning narigi tomoniga ko‘prik orqali o‘tilsa, Burchmullo qishlog‘i keladi. Afsuski, u yerga bora olmadik. Taniqli qo‘shiqdagi motiv esimga tushdi – chindan-da, tillo Burchmullo. Aytishlaricha, ana shu qishloqda shunaqa mehmon uylari faoliyat yuritar ekan... Uzoq-uzoq ufqda cheki ko‘rinmas va olis-olislardan ham chiroyli ko‘rinadigan Tyan-Shan tizmalari...

Kech kirib, quyosh tog‘ ortiga yashirindi. Biz esa Chimyondagi o‘z «baza»mizga qaytdik. Yangi tanishlarimiz bizni quruq qo‘l bilan kuzatgilari kelmadi chog‘i, bir olam mevalar tutqazishdi va tunab qolishimizga ko‘ndirishga harakat qilishdi.

Chorvoqda cho‘milmay, Toshkentga qaytish mantiqsiz bo‘lardi. albatta. «Piramida» dam olish zonasi plyajiga yo‘l oldik. Kishi boshiga 6 ming so‘mdan to‘ladik. Lekin plyajga yetib kelgach, hafsalamiz pir bo‘ldi. Vertolyot maydonida – hech nima bilan o‘ralmagan ikkita chiqindi idishi to‘lib-toshib ketgan. O‘ng qirg‘oq bo‘ylab yana yurishga qaror qildik. Hammayoqda sigareta qoldiqlari, pista po‘choqlari, butun plyajga plastik idishlar sochilib ketgan. Chiqindi solingan paketlar tog‘-tog‘. Xuddi ana shular ajoyib manzaralar fonida. Dam olishga kelganlarni kuzatdik: cho‘milishdi, dam olishdi, yeb-ichishdi, so‘ng pinagini ham buzmay, qirg‘oqda chiqindilarni qoldirib, jo‘nab qolishdi. Atrofda birorta taqiqlovchi belgi osilmagan, chiqindi ishdishlar ham yetishmaydigandek. Kimningdir tozalikka qarashi ham kerak, axir? Biz qirg‘oqdagi chiqindilarni yig‘ishtirib oldik, uyib, tasvirga tushirdik. Kechga yaqin, quyosh botishi oldidan o‘n ikki yoshli mahalliy bolakay qirg‘oq bo‘ylab yurib, bir nechta plastik idishlarni yig‘ishtirib oldi. Undan bu yerni tez-tez tozalab turasanmi, deya so‘radik. «Bo‘sh vaqtimga qarab», javob berdi u. Axir, Chorvoqning salohiyati ulkan – xalqaro sayyohlik hududiga aylanishi mumkin.

Ayrim tog‘ soylari bo‘yining to‘siqlar bilan o‘rab qo‘yilgani ham bizda savol tug‘dirdi – bunday joylarga pul to‘lab kirilar ekan. Bu joylarning birorta egasi bilan suhbatlasha olmadik – pulni esa qorovullarga to‘ladik. Bunday joylarni ancha obod va toza, deya tasavvur qilgandik. Biroq ularning ham qarovsiz va chiqindi bosib ketganiga guvoh bo‘ldik.

Xo‘jasizligimiz va sustkashligimiz natijasida qanchalik ko‘p narsa yo‘qotamiz! Bu esa allaqachon turizm sohasini, jumladan, qishloq turizmini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilganligiga qaramasdan (Prezidentimizning 2019-yil 5-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni). Hujjatda ayrim mahallalarning ichki turizm salohiyatidan foydalanish ko‘zda tutilgan: ya’ni «Obod qishloq» va «Obod mahalla» davlat dasturlari doirasida ajratiladigan mablag‘larni ustuvorlik asosida «Turistik mahalla», «Turistik qishloq» yoki «Turistik ovul» maqomi bilan fuqarolar yig‘inlarini obodonlashtirish, shu jumladan, ichki avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, elektr, gaz, suv ta’minoti, kanalizatsiya tizimi barqaror ishlashini ta’minlash, mobil aloqa va internetni yaxshilash uchun qo‘shimcha baza stansiyalarini o‘rnatishga yo‘naltirish chora-tadbirlarni ko‘rish. Albatta, bunday ishlarni amalga oshirish natijasida hududlarni obodonlashtirish, xususan, ularni chiqindilardan tozalash muammosi ham hal etiladi.

Asosiy vazifa amalda rejalashtirilgan ishlarni tezda amalga oshirishdir. Buning natijasida sayyohlar ham, qo‘shimcha daromad ortiqchalik qilmaydigan mahalliy aholi ham foyda ko‘radi, va albatta – davlat iqtisodiyoti, mamlakatning xalqaro obro‘si ham.

Konstantin Bashlayev

«Pravda Vostoka»

Marat Najibayev surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech