17 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

Urbanizatsiya
29 Yanvar  2019 5405

Bir ko‘p qavatli uyning to‘rtta balkoni qulab tushdi. Bunga kim aybdor?

Yuqoridan ajralgan ulkan beton, po‘lat va g‘ishtlardan iborat bo‘lak yerga gupillab urildi va tushgan yerida xuddi minadan qolgandek, ikki metrlik chuqur hosil qildi. Ammo hozir bu yerda gap harbiy harakatlar haqida emas, balki Uchtepa tumanining 23-kvartalidagi 20-uyda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa to‘g‘risida ketmoqda.

Joriy yilning 17-yanvarida soat 18:40 da ikkinchidan beshinchi qavatgacha bo‘lgan to‘rtta osma balkon qulab tushdi. Xayriyatki, qurbonlar bo‘lmagan. O‘sha kuni kechqurun  Toshkent shahar IIBB saytida e’lon qilingan yangilik yashin tezligida internet tarmog‘iga tarqaldi.

Ana shu hodisadan so‘ng nimalar o‘zgargani va qanday ishlar qilingani hamda bundan zarar ko‘rgan uy yashovchilari bilan suhbatlashish uchun hodisa joyiga yo‘l oldik. Bu yerda esa allaqachon hodisa izlaridan asar ham yo‘q edi: beton, po‘lat va g‘ishtlar uyumi olib ketilgan, balkonlar eshigining yarmisigacha g‘isht terilib, derazalar o‘rnatilgan.

Yashovchilar bilan gaplashmoqchi bo‘ldik. Birovi eshigini ochmadi, boshqasining gaplashgisi kelmadi. Yagona gaplashishga rozi bo‘lgan kishi «domkom» Ubaydilla Ibragimov bo‘ldi. O‘sha kuni uyda ekan, gumburlagan ovozni eshitib qarasa, qo‘shnilarining balkonlari tushib ketgan ekan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, baxtsiz hodisa sodir bo‘lishidan bir necha soniya oldin to‘rtinchi qavatda bir ayol balkonida ekan... Yaxshiyam vaqtida balkonidan chiqib ketgani, bo‘lmasa...

– Sodir bo‘lgan hodisaga kim yoki nima sabab bo‘lgan?

– Ochig‘ini aytay, uyni ekspluatatsiya qishish qoidalarini buzgan yashovchilarning o‘zi. Kichkina balkonlarga g‘isht terishib, ularni og‘irlashtirib yuborishgan, – deydi ma’lumoti bo‘yicha muhandis, Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati mutaxassisi Jumaniyoz Sharipov. – Ularning har biri 250 kilogrammdan ko‘p bo‘lmagan yukni ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘lgan holda to‘rtta balkon to‘rt tonnadan (!) ziyod turli qurilish materiallarini ko‘tarib turgan. Yashovchilarning ayrimlari esa unga tokchalar o‘rnatgan, bir xillari maishiy texnika (muzlatgich) va boshqa vositalarini qo‘yib qo‘yishgan.

Yashovchilar to‘rt kvadrat metr maydonga ega balkonda og‘irligi o‘rtacha yengil avtomobil vazniga teng og‘irlikka ega narsalarni saqlashgan.

Yanada qo‘polroq aytadigan bo‘lsak, to‘rtinchi qavatdagilar o‘zlari o‘tirgan shoxni kesishgan. Balkonni o‘zgartirish chog‘i konstruksiyani tutib turuvchi metall armaturalar xalaqit bergani uchun kesib tashlangan. Orada uch soat vaqt o‘tib, hammasi qulab tushdi. Bundan chiqdi, chindan ham, hodisaga bunga sovuqqonlik bilan qaragan, oqibatini o‘ylamagan uyda yashovchilarning o‘zi aybdor. Atrofga ko‘z yugurtiramiz: qo‘shni uydagilar ham bularidan qolishmas ekan. Balkonlarga g‘isht va shlakoblok terilganidan ular og‘irlashib, qiyshayib ketgan va ana qulayman-mana qulayman, deb turibdi.

Tabiiyki, bu vaziyatni nazorat qilish kimning vakolatiga kirishi bilan qiziqib, Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati mutaxassislariga murojaat qildik. Va quyidagi: «Bunday vaziyatlarga fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari va XUJMSh qarashi kerak. Ammo uyda istiqomat qiluvchilarga buning oqibatlarini tushuntirish qiyin kechmoqda, uy egalari ularga hech kim xo‘jayinchilik qila olmaydi, deb hisoblashadi. Biron fojia yuz bermasin, deb o‘zimiz ham bunday vaziyatlar bilan kurashyapmiz. Yaxshiyamki mazkur holatda hech kim jabrlanmadi», degan javobni oldik.

Turar joylarni va uy atrofidagi yerlarni saqlash va ulardan foydalanish Qoidalarining 28-punktiga muvofiq, xususan, uylar, binolar, inshootlarni o‘zboshimchalik bilan qayta qurish, qayta rejalashtirish, shuningdek, ko‘p qavatli uylar, binolar va inshootlarga tutashib ketgan yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan imorat qurish yoxud ularning ko‘rinishini foydalanish ko‘rsatkichlarini va binolarning zilzilaga chidamligini pasaytiruvchi hamda boshqa shaxslarning yashashi yoki faoliyati uchun noqulaylik yaratuvchi tarzda boshqacha qilib o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ma’muriy javobgarlik kodeksining 159-moddasiga muvofiq bu shunday ishlarni sodir etgan fuqarolarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda muammo shundaki, ayrim uyda yashovchilar uzoqni ko‘ra olmaydi. Bundan ularning qilgan ishlari ham dalolat. Negaki, sog‘lom fikrlaydigan kishi shuncha xavf va taqiqlarga qaramay, yozgi balkoniga g‘isht terib tashlamaydi. Fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari va XUJMSh vakillari ko‘proq aynan, ana shunday yashovchilar bilan buning fojiali oqibatlari, ayniqsa, bu ishga qo‘l urmoqchi bo‘lib turgan yangi ko‘chib kelgan yashovchilar o‘rtasida tushuntirish ishlarini ko‘proq olib borishi kerak. Agarda bu xatti-harakatlar samara bermasa, sanksiyalar qo‘llash lozim.

Bu borada ilk qadam tashlandi: qo‘shni uylarda yashovchilar XUJMShdan ma’lum vaqtga qadar turar joyni uyning arxetektura loyihasiga mos holga keltirishlari lozimligi keltirilgan varaqalar tarqatildi. Aks holda ularga javobgarlikdan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan chora xavf soladi.

Konstantin Bashlaev.

Muallif surati.

 

 

 

 

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech