10 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9 °C

Suhbat
9 Avgust  2019 4199

Sevara Nazarxon: «Hamma narsada musiqani eshita olish kerak»

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxonni hech bir mubolag‘asiz yulduz, deb atash mumkin.

Sevarani sayyoramiz aholisi 2003 yilda ingliz xonandasi, qo‘shiqlar muallifi va musiqiy prodyuser Piter Gebriel bilan yevropa, AQSh va Kanadaning ellikta shahrida qo‘shma konsertlardan berganidan so‘ng tanidi. Rusiyzabon tomoshabin uning iste’dodiga «Голос», «Точь-в-точь» televizion loyihalaridagi ishtirokidan so‘ng yuqori baho berdi. Biz esa uni hamisha bilganmiz, sevib tinglaganmiz. Muloqotda juda sodda va yoqimli, birinchi daqiqalardanoq suhbatimiz do‘stona kechishini sezdim. Sevara Nazarxon bilan eksklyuziv suhbatimiz - tomoshabin hayotida ijod va xonandaning o‘rni, zamonaviy estradaning bugungi ahvoli va boshqa ko‘plab narsalar haqida kechdi.

- Siz ijodiy oilada o‘sgansiz. Albatta, musiqaga bo‘lgan muhabbat bolalikdan bo‘lsa kerak?

- Uyda hamisha musiqa yangrardi. Lekin men uni sira yoqtirmasdim, qo‘rqardim hatto va eshitganimda ham doim qochib ketardim. Ko‘pincha ota-onalar bolaning musiqa yo‘nalishini tanlashga qarshi bo‘lishadi. Bizda esa hammasi teskari edi. Ota-onam to‘rtta farzandi ham ana shunday ta’lim olishini istagan.

Oxir-oqibat yolg‘iz mengina qo‘shiqchi bo‘ldim, ammo o‘zim tish shifokori bo‘lishni orzu qilganman. To‘g‘ri, bu orzuim birinchi marta qonni ko‘rganmidayoq tariqday sochilib ketgan. Hozirgi qilayotgan ishimga kelsak, bu menga hamisha o‘z-o‘zidan kasb bo‘la olmaydiganday, o‘tkinchi narsaday tuyuladi.

Bu otamning Botir Zokirov bilan juda ko‘p gastrollarda birga bo‘lganiga, «Yalla» bilan yaqindan hamkorlik qilganiga, afsonaviy jamoaning birinchi tarkibini juda yaxshi bilganiga qaramasdan. Keyinchalik 40 yil radioqo‘mitasida ishladi, u yerda 40 ta ijodiy ansambllar bilan faoliyat olib borgan. Qattiq charchardilar, ko‘p asabiylashardi, lekin butun hayotini bag‘ishlagan ishini juda yaxshi ko‘rardi.

Onam musiqa maktabida xalq cholg‘ularidan saboq berardi, keyin ko‘p yillar davomida uning direktori bo‘lib ishladi. Ota-onam hamisha men bilan hamfikr edi, doim qo‘llab-quvvatlashardi va har bir narsada yordam berishgan - ba’zi hayotiy vaziyatlardan tortib, ijoddagi birinchi qadamlarimgacha.

Natijada, yetti yoshimda musiqa maktabiga kirdim. Ajoyib va juda iste’dodli o‘qituvchimiz bo‘lardi. Fortepianoda ikkita notadan juda chiroyli ohang yarata olardi (Sevara barmoqlari bilan stolni chertib, o‘sha ohanglardan birini xirgoyi qilib berdi – muallif izohi). Men va boshqa bolalar butun dars davomida og‘zimizni ochib o‘tirardik. Ustozim Nodira Kabulovani ikkinchi onam, deb hisoblayman. U hamisha mening ovozimni kerakli yo‘nalishga sozlar, uni rivojlantirib borardi. Bir vaqtlar aynan, u operani tark etishim kerakligini aytgandi (dastlab, akademik vokal bilan shug‘ullanganman). Bunday lahzalar qalbda chuqur iz qoldiradi.

- O‘z kompozitsiyalaringiz qanday tug‘iladi?

- O‘zim she’r va qo‘shiq uchun so‘zlar yozmayman, lekin hamisha musiqa yaratishda, matnga tayanaman. Balki u yoki boshqa qo‘shig‘ingiz shaxsiy kechinmalaringiz, omadsiz sevgingiz ta’sirida tug‘ilgandir, deb mendan ko‘p so‘rashadi. Hyech-da! Musiqa yaratayotganimda, barcha his-tuyg‘ularni unutaman. Men uchun bu ko‘proq mantiqiy jarayon. Sherali Jo‘raevning qo‘shiqlari ilhomlantiradi, ijodini jamiyatning guli, deb atash mumkin, afsonaviy «Pink Floyd» guruhidan Rodjer Uoters kompozitsiyalari menga juda yaqin. Bunday musiqa insoniyatni tinchlik uchun kurashishga chorlaydi, ichki inqilobga turtki berishi, qadriyatlarni qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin.

Hozir zamonaviy opera yaratish ustida ishlayapman, mavzusi hozircha sir. Men uchun bu butunlay boshqa darajaga ko‘tarilish imkoniyatidir. Umuman olganda, artistning hayoti davomida bittagina qo‘shig‘i, aktyornining esa bittagina roli jamoatchilik mehrini qozonishi va tan olinishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Bu ulkan muvaffaqiyat. Agar undan ham ko‘prog‘ini yarata olsa, bu jiddiy yutuq, degani.

Buyurtma asosida musiqaga so‘zlar yozadigan qo‘shiqchi-shoirlarga hech qachon murojaat qilmayman. Menga shoirlarning ishi yaqinroq. Ularning asarlarida – hayot aks etadi. Ehtimol, kompozitsiya matni va musiqasini tanlashga bunday jiddiy yondashuv, sahnaga chiqishni hamisha mas’uliyatli ish, deb hisoblaganimdandir. Uni hech qachon ko‘ngilochar ish, deb hisoblamaganman. Tabiatan omma oldida chiqishga moyil inson emasman, yolg‘izlikni xush ko‘raman. Ehtimol, shu bois ham axborot olamiga kirish, shuningdek, menga tinglovchilar qalbiga yo‘l topishimda qo‘llovchi Yaratgandan so‘rash birinchi darajalidir. Men o‘zim va boshqalar uchun ochiq bo‘ladigan holatim, faqat musiqadagina. Ularning har biri uchun, birinchi navbatda, o‘zim uchun ham konsert - bu men muxlislarga bor samimiyatimni yetkazishga harakat qiladigan dars, deb o‘ylayman. Xuddi taqdimoti yil boshida Toshkentda bo‘lib o‘tgan yangi albomimdagi singari. U «2019» deb ataladi va uni yo‘lga qiyoslagim keladi: ushbu qo‘shiqlar ostida siz yo‘lda asta-sekin davom etishingiz yoki aksincha, katta tezlikda harakat qilishingiz mumkin.

Unda ajoyib mualliflar - Erkin Vohidov, Bobur Bobomurodov, Usmon Azim ijodlari jamlangan. To‘g‘ri, asarlari teatr bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan Usmon Azim she’riga musiqa yozishga qaror qilganimni aytganimda u hayron bo‘ldi. Lekin kompozitsiyani eshitgach, yoqqanini aytdi.

- Qaerda chiqish qilishni eng ko‘p yoqtirasiz?

- Bunday savollar meni hamisha biroz xafa qiladi. Men hamma joyda qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘raman. Katta va kichik sahnalar, ko‘cha maydonchalari teng darajada yaqin. Xonanda uchun har qanday chiqish yaxshigina maktab. Mamlakatlar haqida gapirsak, italiyaliklar hamisha konsertlarimni qizg‘in va otashin kutib oladi, yaponiyaliklar his-tuyg‘ularini namoyon etishda xuddi bolalar kabi samimiy, o‘zimizning muxlislarimiz, xalqimiz juda samimiy va mehmondo‘st bo‘lsa-da, lekin his-tuyg‘ularni namoyon etishda uyatchanroq, kamtarroq. Lekin bu ruhiy holatning turli ko‘rinishlari, deb o‘ylayman. Mavzular ham xuddi musiqa kabi cheksiz, musiqa o‘zgarib turadi, lekin bu hamisha o‘z tinglovchisini topishiga to‘sqinlik qila olmaydi. Bundan tashqari, yosh avlod yangi yo‘nalishlarga ko‘proq moyil bo‘ladi, yoshi kattalar esa yoshligidagi qo‘shiqlarini yaxshi ko‘radi. Repertuarimga hamisha milliy kompozitsiyalarni qo‘shishga harakat qilaman. Tomoshabin ham shuni kutadi. Men uchun hayotga moslashish emas, balki boshqalarning fikrini tinglash muhimroq.

- Bugun ommabop va folk-musiqa ijrochisi sifatida keng jamoatchilikka yaxshi tanishsiz. Biroq ko‘pchilik sizni ajoyib jaz qo‘shiqchisi sifatida eslaydi. So‘nggi yillarda nima uchundir konsertlaringizda improvizatsiyalar jaranglamay qo‘ydi?

- Umuman olganda, o‘zim - improvizatsiya muxlisiman. Bitta kompozitsiyani butunlay boshqacha ijro etishim ham mumkin. Lekin tomoshabin hali ham o‘sha kompozitsiyalarni tanib oladi, ular nafaqat men uchun, balki tinglovchilarga ham qadrli. Eng sevimlilaridan biri - «Yur, muhabbat». Ha, ilgari jazga butun borlig‘im bilan sho‘ng‘ib ketgandim. Ella Fitsjerald va boshqa taniqli klassiklar ijrolaridan kuylardim. Lekin ularni professional darajada ijro etilgan, deb o‘ylamayman, negaki, ingliz tilini bilmasdim, ushbu janrning barcha buyuk asarlari esa ana shu tilda yangraydi. Ikki yil davomida faqat jaz qo‘shiqlarini ijro etdim. Bu keyingi ijodimda ham o‘z izini qoldirgan. Ko‘p narsa chuqur ongimda qolib, meni qo‘shiqchi sifatida shakllantirdi. Aytish mumkinki, mazkur tajriba ovozimni rivojlantirishga va shaxsiy uslubimni shakllantirishga hissa qo‘shgan. Agar taqqoslasak, buning o‘zim bolaligimdan yaxshi ko‘rgan va hatto, maktabda darvozabon bo‘lgan futbol o‘yini bilan ko‘p umumiy tomonlari bor – maydonda barcha sportchi bitta qoida asosida o‘ynaydi, lekin har birining o‘z shaxsiy texnikasi mavjud.

- Zamonaviy milliy estrada darajasi haqida nima deya olasiz?

- Hozir estradada ba’zi betartibliklar mavjud. Bu yoqimsiz dinamika emas, balki tabiiy holatdir. Buning asosiy sababi - ta’lim tizimining yetarli darajada emasligi, zero, ta’lim juda ko‘p narsani hal qiladi. Men buni chetdan turib muhokama qilayotganim yo‘q. Aksincha, yoshlar o‘rtasida ma’ruzalar qilishga, musiqaga muhabbatni uyg‘otishga tayyorman. Agar ijodga to‘g‘ri yondashuvni topsangiz, u o‘zgarishga tayyor bo‘ladi, boz ustiga ijobiy tomonga. Oldindan ma’lum bir haqiqat bor: ijodiy omad - bu 1 foiz iste’dod, 99 foiz sabr-toqat va mehnatsevarlikdir, degan.

- Qo‘shiqchining yo‘li boshqa har qanday ijoddagi kabi, oson emas. Farzandlaringizning ham ortingizdan ergashishini istagan bo‘larmidingiz?

- Biz, bir vaqtning o‘zida bir necha kasblarni egallash mumkin bo‘lgan universal davrda yashayapmiz va bu juda yaxshi. Agar farzandlarim ham hayotini ijod bilan bog‘lashni istashsa, ularning tanloviga hech qachon to‘sqinlik qilmayman. O‘g‘limning ham, qizimning ham eshitish qobiliyati juda yaxshi. Har holda, ijodkorlikda professional sportdagiday jarohat olish xavfi yo‘q.

Bilasizmi, chinakam qo‘shiqchi bo‘lish uchun yaxshi eshitish qobiliyatining o‘zi yetarli emas. Siz hamma narsada musiqani eshita olishingiz kerak - uylar tomi va asfaltga tushayotgan yomg‘ir tomchilarining patir-puturida ham, yaproqlarning shitirlashida ham. Bunday uyg‘unlashuv juda muhim. Va sahnada yonish kerak. Tomoshabinlar sahnada ijro etayotganimda yonishimni bilishadi. Men uchun bu o‘ziga xos yonib kuylash, ular uchun - o‘zlarini tashvishlantirgan savollarga javob topish, kayfiyatini ko‘tarish va ehtimol, biror nimanidir chuqur anglab, tushunib olish imkoniyatidir. Agar shunday aloqa yuzaga kelsa demak, mehnatingiz zoe ketmabdi.

Oksana Kadisheva

suhbatlashdi.

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech