12 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,1 °C

Ijtimoiy hayot
30 Mart  2019 8260

Maqsad to‘y qilishmi yoki dabdababozlikda kimo‘zarlik?

Ba’zan shunday taassurot hosil bo‘ladiki, ko‘plab oilalar nikoh to‘yidan oldingi tadbirlaru tantanalarni katta qilib o‘tkazishga dasturlashib qolgandek go‘yo. To‘g‘ri, o‘z shodligu quvonchini boshqalar bilan baham ko‘rishishning yomon tomoni yo‘q. Ammo hammasi me’yorda bo‘lgani yaxshi. Negaki, to‘ydan so‘ng ayrim oilalar qulog‘igacha qarzga botib ketib, qiynalib qoladi.

O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, qancha tadbirlarni o‘tkazish kerak: qiz oshi, qizlar bazmi, fotiha to‘y, katta to‘y, beshik to‘y, yangi qudalarning tug‘ilgan kunlari va bir olam boshqa narsalarni...

Bir tanishimning qizi, Malikani shoshilinch uzatadigan bo‘p qolishdi, shunday qilmasayam bo‘lmasdi, chunki 25 yoshga to‘lgandi. Qizig‘i shundaki, fotiha paytida kimlarga sovg‘a-salom olinishi kerakligi oldindan gaplashib olinmagan ekan va nikohdan oldin ular birma-bir yuzaga chiqa boshladi. Taklif qilinadigan mehmonlar soni ham keskin ko‘payib ketdi. Boz ustiga kelin ham o‘z fe’l-atvorini ko‘rsatdi, nima emish, kelin ko‘ylakning dunyodagi eng chiroylisi tanlanishi, to‘y dabdabali va esda qolarli bo‘lib o‘tishi kerak emish. Quda tomonning gap-so‘zlari, kelin bo‘layotgan qizining talablaridan oddiy hunarmand Azizbek akaning boshi gangidi, yuragi sim-sim qila boshladi. Bu ham yetmaganday, xotini ham olinishi kerak bo‘lgan bir talay narsalarning ro‘yxatini qo‘liga tutqazgan. Bechora barcha qarindosh-urug‘larinikiga borib, qarz ko‘tardi.

To‘y ham ikki kunda o‘tdi-ketdi... So‘ng og‘ir kunlar boshlandi. Qarz berganlar uning eshigini taqillata boshlashdi, ammo Azizbek akaning ularni qaytarishga hech vaqosi yo‘q edi. Nima qilishini bilmagan bechora ko‘chaga chiqolmay, uyiga qamalib oldi. Yaqinlari ham har ikki-uch kunda almashtirib turiladigan eshikni shartli taqillatish orqali uning yoniga kiradigan bo‘lishdi. Ammo qarz berganlar ham anoyi emas, bir-ikki bor ular bilan ham uchrashishiga to‘g‘ri keldi, albatta. Bunaqa mashmashalaru siqilishlardan uning yuragi yomonlasha boshladi. So‘ng infarkt...

Unday bo‘lsa, bunaqa dabdabaning ortidan quvishning nima keragi bor?  Axir, to‘ylarni kamtarona va kamchiqim qilib o‘tkazsa bo‘ladi-ku?! Ammo turli kerak-nokerak tadbirlaru chiqimlar hammasidan oshib tushadi. To‘g‘ri, ko‘pchilik fuqarolarimiz shunday deb o‘ylaydi-yu, biroq el-yurt, mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘, odamlar nima deydi, rosa ortimizdan gap-so‘z qilishsa kerak, degan hadikdan qutula olmaydi.

– Biz qudalarimiz bilan to‘ydan oldin kelishib oldik: yosh kelin-kuyovlar alohida yashashi uchun o‘g‘limizga ikki xonali uy sotib oldik, – deydi bir tanishim Nargiza Ahmedova. – Biroq mebelu maishiy jihozlar bilan uni to‘ldirish mening muammom emas, bu kelin tomonning zimmasida. Bundan tashqari, qudalarimiz biznikiga har hafta bozor-o‘char qilib keladigan bo‘lishdi. Shunday kelishganmiz.

Lekin yangi qudalarning bunday shartlarni bajarishiga asabi qanchaga chidarkan?..

– Turmush qurganimga to‘rt yil bo‘ldi. To‘ydan oldin qaynonam juda ko‘p marta nimalar olishimiz (hammasi a’lo sifatli va qimmat bo‘lishi lozim ekan) kerakligini aytgandi. Kerakli mebelni xarid qildik, qaynonamga tilla taqinchoq oldik. Endi oshxona mebelini olishimiz kerak, ammo bunga pulimiz yo‘q. Mashmashalar va ta’nalar boshlandi. Turmush o‘rtog‘im ham bir necha marta onasi bilan gaplashib ko‘rdi, ammo u sira tushunishni istamadi. Ta’na qilishdan sira to‘xtamaydi: yo ovqatni tagiga oldirib yuborarmishman, yo ota-onam tug‘ilgan kuniga tilla buyum olib kelmaganini yuzimga soladi, ba’zan esa o‘g‘liga badavlatroq kelin tompay, adashganini gapiradi... Yaqindan farzandli bo‘lamiz, sog‘ligimni asrashim kerak, shu bois qizlik uyimga kelib turibman, – deydi Saida A. ko‘zlarida yosh bilan.

– Jamiyatda o‘ziga xos, turli dabdababozliklar urfga kirmoqda: hamma qo‘shnilaridan, tanishlaridan, bir-biridan o‘zsam, deydi. Ammo to‘ylarni kamxarj va kamtar qilib o‘tkazsa ham bo‘ladi, – deydi «Namangan haqiqati» tahririyati jurnalisti Oltinbek Boybulatov. – Buning uchun ozgina fantaziyani ishga solish kifoya. O‘zim ham qiz chiqarganman, o‘g‘il uylantirganman. Ikkala to‘yda ham elga nahorgi osh berdim va san’at kolleji duxovoy orkestrini taklif etdim. Ayniqsa, ikkinchi safar, o‘g‘limni uylantirganimda uyimiz oldigan 32 kishidan iborat, baraban, truba, klarnet va boshqa sozlarni ko‘targan sozandalar jamoasining avtobusdan tushib kelganini ko‘rganlar dong qotib qoldi. Orkestrning musiqasi esa butun mahallaga taraldi. Sozandalar turli kompozitsiyalarni, xususan, oilamiz yaqinlari – baynalmilal-jangchilar uchun harbiy marsh va qo‘shiqlar musiqasini chalishdi.

O‘ttiz kilogramm guruch, bir necha o‘n kilogramm go‘sht, salkam bir chelak yog‘ solingan oshni esa eng zo‘r oshpaz damladi. Taom juda shirin chiqdi, barakali bo‘ldi va bir necha yuz kishiga yetdi. Shuningdek, mahalla aholisiga ham tarqatdik. To‘ydan so‘ng o‘zimiz ham ikki kun osh yeganmiz.

Bizning yoshligimizda to‘ylarning o‘tganini eslayman: birgina garmonchi bitta to‘yni o‘tkazib bera olardi. Shunday chalardiki, beixtiyor oyoq-qo‘llaring o‘ynab ketardi. Bu gaplar allaqachon unutilgan, biroq dabdababozlik, ortiqcha chiqimlar, muammolar paydo bo‘lgan... Afsuski, dabdaba-yu-hashamatli madaniyatga intilish xorijiy va milliy filmlarda ham uchramoqda. Tasvirlar jonli va ishonarli chiqishi uchun rekvizit sifatida eng zamonaviy hamda hashamatli mebel, kiyim va boshqa narsalardan foydalaniladi.

– Dabdabali o‘tkaziladigan to‘y-hashamlarga mutlaqo qarshiman. Ana shu dabdabalaru kimo‘zarlarni deb oilalar tijorat krediti olishmoqda. So‘ng qarz botqog‘iga botib, umrining oxirigacha undan chiqa olmaydi, – deydi «Obi hayot» mahallasi maslahatchisi, pedagog-psixolog Tamara Qamchibekova. – Bundan ortiqcha hashamatlarning nima keragi bor, kimo‘zarga to‘y qilish qaerdan chiqqan? Bunday bo‘lmasinu agar yosh oila chiqisha olmay, ajrashib ketsa-chi? To‘ydan keyin hammasining yaxshi bo‘lib ketishiga hech kim kafolat bera olmaydi, aslida.

Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida ham aholi bilan uchrashuvlarda ana shu sohani tartibga solish kerakligi haqidagi iltimoslarni eshitganini ta’kidlaydi. Bundan Prezidentning Virtual qabulxonasiga kelib tushgan mrojaatnomalar ham dalolat beradi. Prezidentimiz to‘ylar va boshqa tadbirlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlarning minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini tan olish lozimligini ta’kidlaydi. Negaki, ellikdan sal oshgan soppa-sog‘ kishining kutilmaganda insult yoki infarktga chalinib qolishi ham uchrab turadi. Sababi esa dabdabali, hammaning og‘zi lang ochilib qoladigan to‘y o‘tkazaman, deb qarz botqog‘iga botgani.

2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 15-yalpi majlisida senatorlar to‘ylar va oilaviy tantanalar, xayr-ehson va tadbirlarni o‘tkazishga me’yoriy cheklovlar o‘rnatishni maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga keldi. Ularning fikricha, to‘y va oilaviy tantanalarning kamtarona va kamxarj o‘tkazilishiga qat’iy me’yorlar o‘rnatish yo‘li bilan emas, balki fuqarolarning ongli ravishda shunday qarorga kelishi orqali erishish lozim. Buning uchun aholi o‘rtasida axborot kampaniyalarini olib borish, shaxsiy o‘rnak ko‘rsatish va namunali tadbirlardan foydalanish rejalashtirilmoqda. Unda ta’kidlanishicha, fuqarolarning ma’lum bir qismiga yaqinlar, mahalla-ko‘y va qo‘ni-qo‘shnilar, odamlarning sap-so‘zlaridan xavotir hissi to‘y-hashamlarni serchiqim va dabdabali o‘tkazishiga turtki beradi. Biroq oilaviy tadbirlar milliy an’analarimizni hisobga olgan holda tejamli va ortiqcha dabdabasiz o‘tishi lozimligini har bir O‘zbekiston fuqarosi ongli ravishda tushunishi kerak.

...Ushbu maqola orqali nima demoqchimiz? Oilalarni xonavayron qilishga, odamlarning yuragini changallab qolishga olib keladigan bunday to‘y-tantanalarni o‘tkazishda ortiqcha hashamat, chiqim va yuqori talablaru standartlardan qutulishni o‘rganish payti allaqachon keldi, demoqchimiz.

Feruza Otaxonova.

Namangan viloyati.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech