05 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15 °C

Xavfsizlik
22 Dekabr  2018 14753

Prokuraturada o‘zgarishlar ko‘p, tizim takomillashmoqda

So‘nggi ikki yil prokuratura organlarida o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Mahkama ishi to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Bundan soha xodimlari ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlarning ko‘pligi ham dalolat beradi. Yangi talablar paydo bo‘ldi, biroq qonun ustuvorligini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni, jamiyat va davlat manfaatlari, huquqbuzarliklarni oldini olishni ta’minlash o‘zgarmasdan qoldi. Yil ham yakunlanmoqda. Xo‘sh, rejalashtirilgan barcha ishlar uddalandimi? Shu va boshqa ko‘pgina masalalar haqida Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, adliya kichik maslahatchisi Surayyo Rahmonova so‘zlab berdi.

- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan prokuratura organlari tizimi tobora takomillashmoqda va yangicha ma’no bilan boyimoqda. Biroq asosiy tamoyillar, hamjihatlik, markazlashtirish, qonuniylik, mustaqillik va ochiqlik o‘zgargani yo‘q.

Topshiriqlar ijrosini ta’minlash jarayonida qonunlarga amal qilinishi, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash, mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlariga protestlar berish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari manfaatini ko‘zlab, shuningdek, jamiyat va davlatga yetkazilgan zararni qoplash borasida sudlarga da’vo arizalarini kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Davlat organlari bilan hamkorlikda hududlarni kompleks rivojlantirish vazifalarini bajarish maqsadida aholi, avvalo, yoshlar va biznesmenlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilyapti.  Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tadbirkorlik, maorif, sog‘liqni saqlash, huquqbuzarliklarni oldini olish sohasidagi muammolar hal etilmoqda. Aholining huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

- Surayyo Mahmudovna, so‘nggi paytlarda qanday bo‘linmalar va xizmatlar barpo etildi?

- Ularning eng birinchisi Prezidentmizning 2017-yil 29-maydagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-noyabrdagi «Prokuratura organlarining axborot-tahlil faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan Bosh prokuratura huzurida Axborot-tahlil multimedia markazi tashkil etildi. Mahkamaning rasmiy veb-saytining yangi versiyasi ochildi. U qulay interfeys, zaruriy funksiyalarni keng qamrab olish xususiyatiga ega. Unda huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini kunlik yoritishga bag‘ishlangan «Tezkor xabarlar» kolonkasi ham mavjud. Interaktiv xizmatlar bo‘limi ozodlikdan mahrum etish muddatlarini, yetkazilgan zarar summasini va alimentlar to‘lovini hisoblaydigan uskuna-dasturlar bilan to‘ldirilgan.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 17-apreldagi «Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni doirasida Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi. Inspeksiya tarmoqning holati, qonunchilik va normativ hujjatlar talablarining bajarilishini monitoring qiladi.

Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga yangicha yondashuv hamda qonun ustuvorligini va qonunchilikning mustahkamligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar kelgusida prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligini shart qilib qo‘ydi. Prezidentimizning 2018-yil 8-maydagi «Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy o‘quv kurslari Akademiyaga aylantirildi.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 15-fevraldagi «Prokuratura organlarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashdagi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq turli boshqarmalarning paydo bo‘lishi muhim qadam bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘tayotgan yilda boshqa muhim o‘zgarishlar ham sodir bo‘ldi. Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga aylantirildi. Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarida Jinoiy-huquqiy statistika bo‘limlari, shuningdek, akademiyada Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o‘rganish markazi paydo bo‘ldi.

- Kadrlarni tayyorlash qanday kechmoqda?

- Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirishning yagona tizimi bilan akademiya shug‘ullanyapti. Ularning bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish, shu bilan birga, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlash, shaxsiy va ishchanlik sifatlari, yuqori adolatparvarlik hamda mas’uliyat hissini shakllantirish va mustahkamlashi ta’minlanmoqda.

Oliy o‘quv yurti amaliy xarakterga ega va prokuratura organlarining professional faoliyati bilan yaqin o‘zaro aloqada magistr mutaxassislarni tayyorlamoqda

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab akademiya, xususan, ixtisosligi bo‘lmagan oliy ma’lumotli va mehnat staji besh yildan kam bo‘lmagan prokuratura organlari xodimlari safidan ham magistrlar tayyorlay boshlaydi.

- Davlatimiz rahbari: «Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak»ligini ta’kidlagandi. Prokuratura organlarilarining aholi bilan ishlashi qanday amalga oshirilyapti?

- Mahkamaning ustuvor vazifalaridan biri – jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqib, vatandoshlarimizning muammolariga amalda yechim topishdan iboratdir. Ko‘pgina masalalarni joyida hal etish imkonini beradigan fuqarolarni shaxsan qabul qilish, turli qonunbuzilishlarga tezkor harakat ko‘rsatishlar amalga oshirilmoqda. 2018-yilning 11-oyi davomida prokuratura organlariga 433 ming 404 ta murojaat kelib tushgan va shundan 264 ming 348 tasi (60,9 foizi) qanoatlantirilgan. Prokurorlar tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 34 ming 971 fuqaroning huquqlari tiklandi. Bunda ko‘chma qabullarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xuddi shunday yo‘l bilan 45 ming 484 jismoniy va yuridik shaxslar qabul qilingan, 293 narfar shaxs videokonferensaloqa orqali murojaat qilgan.

Davlatimiz rahbari hududlarga qilgan tashrifi chog‘ida viloyat, shahar va tumanlarda ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishadi, ularni yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar beradi. Prezidentimiz qurilish ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish va xalq bilan muloqot qilish uchun 29-30 noyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.

Xorazm viloyati xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida mamlakatimiz rahbari iqtisodiyotni yuksaltirish, aholining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zladi, shu bilan birga, o‘tgan davr ichida yaratilgan yangi ish o‘rinlarining yetarli emasligiga va viloyatdagi mavjud ishsizlikka ham to‘xtaldi. Prezidentimiz iqtisodiyot tarmoqlarini kengaytirish, yangi sanoat korxonalari barpo etish va mavjud qishloq xo‘jaligi, turizm va tadbirkorlikni rivojlantirishni kengaytirish hisobiga bandlikni ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ana shu topshiriqlar ijrosi yuzasidan sholi yetishtirish, meva-sabzavot va baliq mahsulotlari ishlab chiqarish, yer va suvdan oqilona foydalanishni ta’minlash uchun Xorazm viloyatida qishloq xo‘jaligida qonunchilikka amal qilinishini nazorat qiluvchi ixtisoslashgan prokuratura tashkil etildi.

- Prokuratura qaysi masalalar va yo‘nalishlar bo‘yicha xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qilmoqda?

- O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonunchilik va xalqaro shartnomalarga mos ravishda prokuror nazorati, jinoyatchilik bilan kurash va boshqa masalalar bo‘yicha hamkorliklarni amalga oshirmoqda. O‘zaro hamkorlikdagi harakatlar yo‘nalishlariga xorijiy mamlakat hududidagi O‘zbekiston fuqarolarining, xorijiy fuqarolarning yurtimizdagi huquq va erkinligi masalalari, jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish, jinoiy javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish uchun shaxslarni ekstradiksiya qilish, jinoiy ish qo‘zg‘ash uchun ishlar va materiallarni yo‘naltirish, shuningdek, jazoga hukm etilganlarni jazoni o‘tashda davom etishi uchun va ruhiy xastalikdan aziyat chekuvchi shaxslarni majburiy davolashga o‘tkazishlar borasidagi hamkorliklar kiradi.

O‘zaro aloqalar samaradorligini oshirish va tajribalar almashish uchun xorijiy davlatlarning bosh prokuraturalari, moliyaviy razvedka bo‘linmalari va boshqa vakolatli organlari bilan 25 ta mahkamalararo kelishuvlar imzolangan va hamkorlik dasturlari amalga oshirilmoqda. Uning faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish Halqaro huquqiy boshqarmasi Bosh prokuraturasi va uning hududiy prokuraturalardagi bo‘linmalari zimmasiga yuklatilgan.

Mahkamaning ko‘p tomonlama formatda ShHTga a’zo davlatlar yig‘ilishida, MDH mamlakatlari bosh prokurorlarining Muvofiqlashtiruvchi kengashida ishtirok etishini, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi, Xalqaro antikorrupsiya organlari, Pullarni yuvishga qarshi moliyaviy kurash choralarini ishlab chiquvchi guruh, jinoiy daromadlarni legallashtirish va moliyaviy terrrizmga qarshi kurashuvchi yevroosiyo guruhi, Moliyaviy razvedka bo‘linmalari xalqaro tashkiloti («Egmond» guruhi) va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda harakat qilishini ta’kidlash joiz. Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT), BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT NJB), BMTning bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), BMTning Taraqqiyot dasturi (BMT TD), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), Umumjahon banki va boshqalar bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Evelina Sinotova
suhbatlashdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech