17 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +17,4 °C

investitsiyalar
5 Iyun  2019 5470

Bosh vazir qabulxonalari: tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning yangicha usuli

Adliya vaziri va Savdo-sanoat palatasi raisi boshchiligidagi ikkita ishchi guruh hududlarda biznes sub’yektlari bilan uchrashdilar. Bundan ko‘zlangan maqsad Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini ochish, soha muammolarini o‘rganish va elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirishdan iborat. Surxondaryo viloyatida ulardan birinchisi bo‘lib o‘tdi.

 

Endi quruq rasmiyatchilik ketmaydi

Prezidentimizning 2019-yil 14-maydagi «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni doirasida muloqot qurishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Uning ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi, tuman, shahar, respublika darajasidagi samarali hamkorlik mexanizmini yaratishi, sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish imkonini berishi kutilmoqda.

«Men yangi qabulxonalarning ishga tushirilishi haqida eshitganlar qo‘llarini ko‘tarishini so‘rayman, - so‘raydi to‘planganlardan ishchi guruh rahbari, SSP raisi Adham Ikromov. Termiz shahridagi viloyat hokimiyati zali odamlarga to‘lgan, barcha o‘rinlar band, joylarning eng ko‘pi biznes sub’yektlari uchun ajratilgan. Ular orasida, shuningdek, ushbu sektor bilan bog‘liq vazirlik va idoralar rahbarlarining o‘rinbosarlari ham bor. Rais gapidan so‘ng sanoqli kishilargina qo‘llarini ko‘taradi. «Endi faoliyati bilan bog‘liq muammolari uzoq vaqtdan beri hal qilinmaganlarga murojaat qilaman. Shundaylar bormi?» Bu savol butunlay boshqacha ta’sir ko‘rsatdi - ko‘pchilik qo‘l ko‘tardi.

Har bir inson o‘z umidi bilan uchrashuvga kelgan. Avvalo, o‘zlarida yuzaga kelgan og‘riqli masalalarning hal etilishiga umid qilib. Hozircha ayrim vaziyatlardan chiqish noto‘g‘ri tushunish devoriga borib urilmoqda, ba’zan esa mas’ul shaxslar bunga mutlaqo befarq, boshqa hollarda esa davlat organlari birdamlikda harakat qilmaydi.

- Biznes sub’yektlari uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, soliq tizimi tubdan isloh qilinib, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartib-taomillari ancha soddalashtirildi, moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlar bekor qilindi, - deydi SSP raisi Adham Ikromov. – 2019-yilning birinchi choragida loyihalarni amalga oshirish uchun 16,4 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi, iqtisodiyotga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 1,3 barobar oshdi, yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektlari soni 2,3 baravarga ko‘paydi. Biroq davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. Ishchi guruhimiz ishtirokchilari tadbirkorlik sub’yektlariga bevosita yordam bera oladigan vazirlik va idoralardan bo‘lgan 51 kishidan iborat.

Tadbirkorning masalasiga banklardan biri aloqador bo‘lib chiqqanda, uning vakilidan darhol javob berish so‘raldi. Agar u, masalan, Moliya vazirligini bahona qilsa, ketidan ana shu vazirlik xodimi o‘rnidan turdi. Bordi-yu, hokimiyat vakilining javobi kerak bo‘lsa, uning ham o‘rnidan turishi so‘raldi. «Tadbirkorlarning muammolarini ko‘rib chiqish va hal qilish tizimi aynan shunday ishlashi kerak, - deydi A. Ikromov. - Buni repetitsiya, deb hisoblang. Zimmangizga tushadigan mas’uliyatni his etishingiz lozim. Muayyan idoraga murojaat jo‘natishingiz kerakmi? Jo‘nating! Eng muhimi, vaqtni haftalab cho‘zmaslik, ba’zan esa tadbirkorlarni oylab ilhaq kuttiradilar. Hisobotlar muntazam tinglab boriladi va endi quruq rasmiyatchilik ketmaydi. Bizga haqiqiy raqamlar, haqqoniy vaziyat kerak.

Bu nima uchun kerak? Bir tomondan, tadbirkorlar va investorlar faoliyatida g‘ovlarni bartaraf etish, boshqa tomondan, mavjud kamchiliklarni, jumladan, tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirish. Biznes tashabbuslarni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratmay, to‘siqlarni bartaraf etmay, ish muhitini qanday yaxshilash mumkin? Tadbirkorlar va investorlar bilan muloqotning yangi tizimi dolzarb masalalarni qamrab olish va tezkor hal etish, soha ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish imkonini beradi.

Qabulxonalarning yana bir yo‘nalishi vazirliklar, idoralar, joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat. Shu bilan birga funksiyalarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sudda ko‘rib chiqilayotgan vaziyatlar Qabulxonalar tomonidan parallel ravishda ko‘rib chiqilmaydi.

Yangi tizim qanday ishlaydi?

Hal etilishi mumkin va kerak bo‘lgan masalalar mavjud. Korxona, ishlab chiqarishning ochilishi yoki muayyan yo‘nalishdagi investitsiyalar bir-biri bilan bog‘liq harakatlar zanjirini ishga tushiradi. Avvalo, bu fuqarolarning ish bilan bandligidir. Munosib ish haqi va mehnat sharoiti bo‘lsa, o‘z oilasi, bolalarni tarbiyalash zimmasida bo‘lgan shaxsga yana nima kerak? Agar uyning shundoqqina yaqinida yaxshi bo‘sh ish joyi bo‘lsa, unda uni begona mamlakatlardan izlashga hojat qolmaydi. Ikkinchidan, bu mintaqaning iqtisodiy rivojlanishiga, jumladan soliqlar hisobiga ham hissa qo‘shadi.

Tadbirkorlar, investorlar o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda qabulxonalarga murojaat qilishlari mumkin. Ularni hokimliklar, Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, hududiy investitsiya va savdo organlari, adliya, soliq inspeksiyasi, qurilish, davlat kadastri, bank va boshqa tashkilotlar vakillari tinglashadi.

Murojaatlar elektron ma’lumotlar bazasida qayd etiladi. Agar savol tumanda hal etilmasa, u mintaqaviy darajaga o‘tadi. Agar shunda ham vaziyat o‘zgarmasa, u respublika darajasida Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakili, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa vakolatli organlar rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Farmonga muvofiq Bosh vazir muntazam ravishda murojaatlari oldingi bosqichlarda qoniqtirilmagan tadbirkorlik sub’yektlarini, jumladan xorijiy investorlarni, shaxsan qabul qiladi.

Joylardagi mutaxassislar kelib tushgan so‘rovlarni monitoring va tahlil qiladi. Bu muayyan maqsadda amalga oshiriladi, ya’ni u yoki bu sohaning zaif joylarini aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shu bilan birga kotibiyat Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakili bilan birga tarmoqlar rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi sabab va omillarni muntazam tizimlashtirib, tahlil qilib boradi. Har chorak - hukumat rahbariga aniq takliflar bilan hisobot beriladi. U esa o‘z navbatida davlat rahbarini xabardor qiladi.

Ish jarayoni haqida interaktiv business.gov.uz portalida tanishish mumkin. Uning test rejimida ishlayotganini xabar qilishdi. Hozircha mintaqalar bo‘yicha qilingan murojaatlar ma’lumotlar bazasi shakllanmoqda. Veb-resursda, shuningdek, ariza qoldirish, shaxsiy kabinet orqali uning ko‘rib chiqilishi jarayonining borishi to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati mavjud. Agar Qabulxonalarga kelish yoki virtual maydon orqali murojaat qilish imkoni bo‘lmasa, boshqa variant - saytda keltirilgan «Ishonch telefoni»ga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Qolish yoki ketish

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, shuningdek, uning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Rustam Pardayevning ta’kidlashicha, bu yerda gap davlat organlari hamda biznes sub’yektlari o‘rtasida samarali va shaffof muloqotni yo‘lga qo‘yishni hal etish borasida ketmoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’yektlari, jumladan, xorijiy investorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda mansabdor shaxslarni rag‘batlantirish va yuzaki o‘rganish yoki harakatsizligi uchun shaxsiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilishi belgilangan. Tizim rivojlanadi va mexanizmni shakllantirish uchun vaqt va har bir ishtirokchidan aks-sado talab etiladi.

- Bosh vazirning qabulxonalarini ochish tashabbusi biz tadbirkorlar va investorlar uchun umid baxsh etadi, - deydi «Afghan German Company» MChJ jamiyati ijrochi direktori Abdul Vahob Qayumiy. - O‘zbekistonni tark etaymi yoki qolaymi, deb o‘ylab yuruvdim. Bunday fikrga uy qurilishining to‘xtab qolishi asos bo‘ldi. O‘sha ko‘p qavatli bino viloyat hokimligi binosidan ko‘rinib turadi – u yerda aholi sotib olishi mumkin bo‘lgan 150 ta xonadon qurilishi kerak edi. Ammo ipoteka krediti ololmay turibmiz – foiz stavkasi qoniqtirmaydi, juda qimmat. Agar xaridor bo‘lmasa, u holda buning bari nima uchun qilinmoqda? Biz ushbu ijtimoiy ob’yektni qurishga ikki million dollar mablag‘ yo‘naltirdik. Albatta, hammasini bir yo‘la to‘xtatib qo‘yishni istamaymiz. O‘zbekistonda rivojlanish istiqbollarini ko‘rib turibman, bundan keyin ham ushbu hududdagi biznesga sarmoya kiritishni istayman. Biroq biz uchun vaqt tom ma’noda - puldir. Agar qurilish bo‘lmasa, odamlarga javob berib yuboramiz. Ish joylari bor edi, endi ular yo‘q. Ehtimol, bu muammo Qabulxonalarda hal bo‘lar. Agar tadbirkorlar uchun yo‘llar ochiq bo‘lsa, davlat rivojlanadi, yangi moliyaviy oqim paydo bo‘ladi.

Uning biznesda suyagi qotgan, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘z ishlab chiqarishi bor, - rahbar xavflarni chamalab ko‘radi. Shunga qaramay, oldindan bilib bo‘lmaydigan boshqa holatlar ham bor. Masalan, vizani qo‘llab-quvvatlash. Aytishicha, muassislar kirish hujjatlarini uch oycha kutadi. Biroq 2019-yil yanvar oyida Prezidentimizning «2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilindi. Hujjat doirasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta’sischilari (ishtirokchilari) va ularning oila a’zolari uchun muddatini mamlakatdan chiqmasdan uzaytirish imkoniyati bo‘lgan, amal qilish muddati uch yilni tashkil qiladigan «investitsiya vizasi» joriy etildi. Bundan tashqari, uch million dollardan ziyod sarmoya kiritgan investorlar uchun alohida punkt ham mavjud. O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha korxonalar tashkil qilish uchun 3 million AQSh dollaridan ortiq miqdorda investitsiya kiritgan xorijiy davlatlar fuqarolariga, shu jumladan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta’sischilari (ishtirokchilari)ga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi 10 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi. Unga investitsiya vizasi olish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi, o‘zining aytishicha, tadbirkor bu haqda bilmagan.

Bu safar soliq sohasidagi yangiliklarga afg‘onistonlik tadbirkor Muhammad Qosim Nizomiy duch keldi. U Surxondaryodan Afg‘onistonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan loviya, mosh, no‘xat, quritilgan mevalar jo‘natadi. Hozir yuk jo‘natish to‘xtatilgan, uning soliqdan qarzi bor ekan. Soliq stavkalarining o‘zgarganidan bexabar qolibdi. Shunga asosan, qarz va yuk jo‘natishni to‘xtatib turish yuzaga kelgan.

Boshqa misol, Termizda tikuvchilik sexini ochgan «Oysha Malak Trans» MChJ rahbari Mahliyo Turdimurodova o‘n kishini ish bilan ta’minlagan. Sexda ko‘rpa-to‘shak, matras, maxsus ish kiyimlari va boshqa mahsulotlar tikiladi. Biroq ishni yanada kengaytirish uchun bino yoki bo‘sh yotgan yer maydoniga muhtoj. Tadbirkor qizning aytishicha, hozirda binoni ijaraga olish juda qimmat bo‘lib ketgan. Qabulxonada, masalan, unga Prezidentimizning 2017-yil 27-iyuldagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan ishga tushirilgan «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasi haqida ma’lumot berilishi mumkin. Ushbu veb-xizmat orqali onlayn rejimda ko‘chmas mulk, transport va boshqa mulkni sotib olsa bo‘ladi.

Termiz shahrida birinchi kuni shahar, Angor, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlari aholisidan 50 ga yaqin murojaat qayd etildi. yer uchastkalari, kreditlar, tadbirkorlarning ob’yektlarini buzib tashlaganlik uchun hokimlik tomonidan kompensatsiyalar ajratilishi haqida so‘rashdi. Ehtimol, eng kutilmagani, kriptovalyuta tizimi va u bilan bog‘liq operatsiyalar haqidagi savol bo‘ldi.

Yetti marta hisoblab, bir marta kredit olish

Denov tumanida - yo‘nalishning navbatdagi punkti - Sho‘rchi, Oltinsoy, Uzun, Sariosiyo tumanlari aholisiga Bosh vazir qabulxonalarining ishga tushirilishi haqida so‘zlab berishdi.

Marhabo Jumaqulova imtiyozli kredit liniyasi bo‘yicha bolalar bog‘chasini qurish tashabbusi bilan murojaat qildi. Pul berish masalasi Milliy bankning viloyat filiali, shuningdek, Markaziy bankka biriktirildi.

Biznes-rejasi yo‘q, shuningdek, foyda olish muddati, ob’yektning rentabelligi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmagan bir yosh tadbirkor ham kredit talab qildi. Inson uchun ishni rivojlantirish emas, balki moliyaviy mablag‘ olish birinchi o‘rinda turadigan so‘rovga bankda hech qanday ishonch bo‘lmaydi. Yigitga biznes-reja tayyorlash, hisob-kitoblarga batafsil yondashish va kredit olish uchun tayyor variant bilan kelish topshirig‘i berildi.

Energiya ta’minoti masalasi e’lon qilindi. Shu zahotiyoq ishchi guruh tarkibida bo‘lgan «O‘zbekenergo» mutaxassisidan ma’lumot berishni so‘rashdi. Ilgari ikkita transformatorning almashtirilganligi va yaqin kelajakda muammo hal etilishi kerakligi ta’kidlandi.

Sherobod tumanida Boysun, Qiziriq, Muzrabot tumanlari aholisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlikni endi boshlayotganlarga mutaxassislarning mahorat saboqlari o‘tkazishi mumkin bo‘lgan biznes-seminarlarni tashkil etish taklifi bildirildi. Masalan, yosh yigit 30 million so‘m kredit olish uchun bankka murojaat qildi. U bir vaqtning o‘zida uchta ob’yektni – tikuv sexi, shuningdek, mebel ishlab chiqarish korxonasi va issiqxona qurmoqchi ekan. Qabul doirasida unga birinchi navbatda bir yo‘nalishga e’tibor berish tavsiya etildi, chunki «kuyib qolish», deb nomlanadigan jiddiy xavf mavjud. Bu yerda ancha yillardan beri faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari ishni bosqichma-bosqich rivojlantirish zarurligini tasdiqlashgan bo‘lardi. Bu g‘oyadan voz kechish kerak degani emas, balki bunda ishga aql bilan yondashish talab etiladi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2018 yil 7 iyundagi qarori bilan amalga oshirilayotgan «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida tadbirkorlikni boshlayotganlar uchun imkoniyatlar mavjud. Yoshlar, xotin-qizlar uchun imtiyozlar tizimi, shuningdek, ijtimoiy ob’yektlar va boshqa yo‘nalishlarni barpo etish kichik biznesni rivojlantirish, bu jarayonga faol aholini jalb etish, barqaror yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.

Boysun tumanidan kelgan Xudoyqul Nazarov choyxona qurish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash uchun murojaat qildi – bunga ham kredit kerak. Yana bir tashabbuskor fuqaro Sherobod-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab qatnaydigan avtobuslar parkini yangilashni taklif qildi. Mazkur masala ham nazoratga olindi va uning qanday hal qilinishi - Bosh vazir qabulxonalarining mutaxassislariga bog‘liq. Kim bilsin, ehtimol yaqin orada boshqa turlarga muqobil bo‘ladigan qulay transportlarda poytaxtdan mazkur tumanga qatnovlar yo‘lga qo‘yilar.

Yuliana Moroz.

«Pravda Vostoka».

Toshkent - Termiz - Denov - Sherobod -Toshkent.

 

 

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech