20 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,1 °C

Xalqaro munosabatlar
24 Oktyabr  2018 1316

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti AQSH savdo vazirini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-oktyabr kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Amerika Qoʻshma Shtatlari savdo vaziri Uilbur Rossni qabul qildi.

Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil may oyida AQSHga rasmiy tashrifi ikki tomonlama koʻp qirrali munosabatlarni yanada yuqori darajaga koʻtarib, strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.

AQSH savdo vazirining Oʻzbekistonga ilk tashrifi tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar doirasida munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan oʻzaro manfaatdor va ularning bu boradagi intilishi mushtarak ekanidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oʻzaro savdo hajmini oshirish, AQSH yetakchi kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari, ilgʻor texnologiyalari va tajribasini jalb etgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, bank-moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini alohida taʼkidladi.

AQSHning jahonga mashhur sanoat xoldinglari, moliya-investitsiya korporatsiyalari va banklari rahbarlari va vakillari ishtirokida oʻtgan Oʻzbekistonda AQSH biznesi haftaligi tadbirlarining samarali natijalari chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda savdo, sanoat va yuksak texnologiyalar, qishloq xoʻjaligi, logistika va transport sohalarida aniq loyiha va dasturlarni roʻyobga chiqarishda amaliy hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston bozorida Amerika kompaniyalarining faoliyatini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratishga, jumladan, qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish xususida fikr almashildi.

AQSH savdo vaziri davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Shu bilan birga, Uilbur Ross AQSH Prezidenti Donald Trampning geosiyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikka doir barcha masalalardaOʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yuksak ishonch izhor etilgan soʻzlarini yetkazdi. Bundan tashqari, Donald Tramp Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Uilbur Ross mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hamda AQSH biznesida katta qiziqish uygʻotayotgan, uning Oʻzbekistonda faoliyat yuritishi uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan islohotlar surʼati va miqyosini yuqori baholadi.

Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yoʻlida barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorlik bildirildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech