20 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

Ijtimoiy hayot
13 Aprel  2019 16415

Pensiyalar: qachon, qancha va qanday sharoitlarda?

Statistika bo‘yicha 2019-yil 1-mart holatiga ko‘ra, respublikamizda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 515 005 kishini tashkil etdi. Bunday raqamlar sohadan o‘zgarishni, qulay va tushunarliroq bo‘lishni talab etadi, biroq uning ba'zi bir jihatlari va nozik ikir-chikirlari haliyam fuqarolarga noma'lumligicha qolmoqda. Shu bois tahririyatga mushtariylarimizdan kelgan ana shu yo‘nalishga oid savollarni jamladik. Pensiya yoshining oshirilishi, ishda qisqarishga tushganda qilinishi kerak bo‘lgan zaruriy harakatlar, mehnat stajini tasdiqlash va boshqa ko‘pgina narsalar haqida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari Shuhrat Davronov so‘zlab beradi.

 

«2018-yili pensiyaga chiqishimga ikki yil qolganida qisqarishga tushib qoldim. Eshitishimcha, qonunchilik bo‘yicha, shunday vaziyat yuzaga kelsa, pensiyaga ertaroq chiqish mumkin ekan. Chindan ham shundaymi? Qaerga murojaat qilmayin, bunaqa qonun yo‘q, degan javobni eshityapman».

K.Ortiqov.

Kattaqo‘rg‘on sh.

– «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga muvofiq fuqarolar pensiya olish huquqi paydo bo‘lganidan so‘ng istalgan paytda pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etishlari mumkin. U ma'lum holatlardagina muddatidan oldin taqdim etilishi mumkin.

Darvoqe, qonunning 14-moddasidan berilgan savolga javob topish mumkin. Unda texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e'tirof etilgan shaxslarga muddatidan oldin pensiya tayinlanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Ammo buning ham o‘z shartlari bor. Masalan, erkaklar 58 yoshdan kichik bo‘lmasligi va kamida 25 yil ish stajiga ega bo‘lishi lozim. Ayollarda esa bu ko‘rsatkich - 53 yosh va 20 yil.

Ishsiz, deb e'tirof etilishi uchun, tabiiyki, ma'lum tartib mavjud. Mehnat kodeksining 60-moddasiga muvofiq, ishsizlar, deb o‘n olti yoshdan to pensiya bilan ta'minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan ta'lim muassasalarida ta'lim olayotganlar mustasno) hisoblanadi. Vazirlar Mahakmasining 2011-yil 8-sentyabrdagi «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan yoshga doir pensiya tayinlanishini so‘rab murojaat qilgan shaxslar o‘z arizasiga tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining uning ishsiz, deb e'tirof etilishi haqidagi taqdimnomasi ham qo‘shimcha tarzda ilova etishlari shart.

Alohida asoslarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomaga muvofiq kim ishsiz va muddatidan oldin pensiyaga chiqishga haqli ekani to‘g‘risida nomlari yuqorida tilga olingan markazlar №4 shaklda taqdimnoma tayyorlaydi. Besh kun muddat ichida ular mos tuman (shahar) BTPJga jo‘natilishi shart. Ana shu taqdimnomalar yoshga doir muddatidan oldin pensiya tayinlashda bizning bo‘limlarimiz uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Pensiya to‘lovlari esa Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan BTPJga o‘tkazilib, amalga oshiriladi.

«Pensiyani hisoblashda zararli ishlab chiqarishda ishlaganlik hisobga olinadimi?»

G.Ergasheva.

Nukus sh.

– Yerosti ishlarida, mehnat sharoiti o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan xodimlar (2-sonli ro‘yxat, I qism) umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega. Bu «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunining 11-moddasi «a» bandida yozib qo‘yilgan. Unda bunday imtiyozga kiritilgan ishlab chiqarish, muassasa, ishlar, kasblar, lavozim va ko‘rsatkichlar kiritilgan 2-sonli ro‘yxat haqida ham gap boradi.  Hujjatda unda ham xuddi ana shu punktlar sanab o‘tilgan, biroq muddatidan besh yil oldin pensiyaga chiqish huquqini beruvchi 3-sonli ro‘yxat ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, imtiyozli pensiyaga chiqish huquqini beruvchi erkaklarda o‘n yil va ayollarda yetti yarim yil to‘liq ish yillari ikki baravar qilib hisoblanadi. Deylik, erkak zararli ishlab chiqarishda 11 yil band bo‘lsa, unga 22 yil ish staji hisoblanadi va hokazo.

«1990-yilda yopilgan ishlab chiqarishda bir umr ishlaganman. Mehnat daftarcham yo‘qolgan va ish stajimni tasdiqlata olmayapman. Pensiyaga chiqqanimga ancha bo‘ldi, ammo minimal pensiya olyapman. Menga o‘xshagan holatga tushib qolganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu cho‘zilib ketgan muammoning yechimi bormi?»

O.Xo‘jayeva.

Samarqand sh.

– Ma'lumki, ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat mehnat daftarchasi hisoblanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 59-bandida yozib qo‘yilgan.

Mehnat daftarchasi mavjud bo‘lmaganda, shuningdek, mehnat daftarchasida zarur yozuvlar bo‘lmagan yoki mehnat faoliyati davrlari to‘g‘risida noto‘g‘ri va noaniq yozuvlar mavjud bo‘lgan hollarda ish stajini tasdiqlash uchun (band shaxsning ish stajidan tashqari) ma'lumotnomalar, buyruqlardan ko‘chirmalar, shaxsiy hisobvaraqlari va ish haqi berish uchun vedomostlar, mehnat shartnomalari (kontraktlar), arxiv ma'lumotnomalari va mehnat faoliyati davrlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar qabul qilinadi.

Bunday hujjatlar bo‘lmagan holatlar ham uchraydi. Unda bandlik vaqti sud qarori bilan o‘rnatiladi. Bunday holatlarda qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lsa, ish stajini tasdiqlash uchun da'vo arizasi tayyorlashda ko‘maklashishni so‘rab, BTPJ bo‘limlariga murojaat qilinadi.

«O‘zbekistonda davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh etish konsepsiyasi loyihasiga muvofiq pensiya yoshini erkaklarda 63, ayollar uchun 58 yosh etib belgilash rejalashtirilmoqda edi. Ushbu hujjatning keyingi taqdiri nima bo‘ldi? O‘zgarishlar qachon sodir bo‘ladi?

B.Boltaboyev.

Qarshi sh.

– Joriy yilning yanvar oyida Prezidentimizning «Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan 2019-2021-yillarda mamlakatimizda tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining «Yo‘l xaritasi»ni amalga oshirishni ta'minlash bo‘yicha Iqtisodiy kengash tashkil etildi.

Xuddi ana shu kengashga yurtimizdagi boshqa mahkamalar bilan birgalikda keyingi yilning 1-yanvariga qadar yuqorida nomi tilga olingan konsepsiya loyihasini tayyorlash va Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirig‘i yuklatildi. Yuqori malakali mutaxassislar jalb etilgan ishchi guruh, shuningdek, Butunjahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari ayni damda uning ustida ishlamoqda. Umumxalq muhokamasi uchun uning regulation.gov.uz saytiga joylashtirilishi sababli aholi esa u bilan birinchi bo‘lib tanishadi, o‘z tuzatish va takliflarini berish imkoniga ega bo‘ladi. Hozircha loyiha shunday qolmoqda va to‘liq ishlab chiqilmagan, xullas, oldindan aniq prognoz qilib bo‘lmaydi.

«Biron kishida mehnat staji bo‘lmasa, unga pensiya to‘lanmaydi, deb eshitdim. Shu to‘g‘rimi?»

R.Abdullayeva.

Toshkent sh.

– Chindan ham, yoshga doir pensiya yetti yillik ish staji bo‘lsagina to‘lanadi. Bu qonunda nazarda tutilgan. Bunday stajga ega bo‘lmaganlar davlat pensiyasini olishmaydi.

Bunday shaxslarga yoshga doir nafaqa tayinlanadi. Va faqat Respublika Oila kodeksiga mos holda ularni ta'minlashi shart bo‘lgan mehnatga layoqatli voyaga yetgan farzandlari, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bo‘lmagan taqdirdagina.

«O‘zbekistonda bitta o‘zim yashayman, barcha farzandlarim mamlakatdan tashqarida. Qizim Janubiy Koreyaga mehmonga kelishimni aytmoqda. Agar uzoq vaqt xorijga ketsam, pensiyamni olamanmi? Mamlakatdan tashqaridagi kishining pensiya olishi qonunchiligimizda nazarda tutilganmi?»

A.Mirzabekova.

Namangan sh.

– Pensiya haqidagi qonunning 64-moddasiga binoan chet elga doimiy yashash uchun chiqib ketishdan oldinroq tayinlangan pensiyalar chiqib ketish to‘g‘risida ariza berilgan kundagi holatga ko‘ra pensiya miqdori hisobidan chet elga chiqib ketish oldidan 6 oy avval to‘lanadi. Uning miqdori BTPJning tuman (shahar) bo‘limlariga chiqib ketish haqidagi ariza berilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Yana shuni ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi pensiya ta’minoti borasida xalqaro kelishuvga erishgan chet elga doimiy yashash uchun chiqib ketishdan oldinroq tayinlangan pensiyalar turar joydan ro‘yxatdan chiqib ketish oyi oxiriga qadar to‘lanadi.

Ammo buni tushunishingiz kerak: olti oy avval to‘langan pensiya summasi qayta hiooblanmaydi. Ya'ni agar siz olti oy avvaldan pensiya olgan bo‘lsangizu ammo deylik, yigirma kundan so‘ng qonunchilikka mos tarzda pensiya to‘lovlari oshirilsa, farqni konpensatsiya qila olmaysiz.

Agar uzoq vaqt xorijga qizingiznikiga mehmonga ketayotgan bo‘lsangiz (turar joydan ro‘yxatdan chiqmay),  tayinlangan va o‘z vaqtida talab bo‘lmagan pensiya summasi so‘nggi bor murojaat qilinganidan keyin o‘n ikki oydan kam bo‘lmagan muddatda to‘lanadi.

«Xorij fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga pensiya qanday rasmiylashtiriladi?»

Yu. Filimonova.

Angren sh.

– O‘zbekistonda doimiy yashayotgan xorijlik fuqarolar va apatridlar mamlakat fuqarolari bilan birdapensiya olishga haqli. Rasmiylashtirish va pensiya olish bir-biriga o‘xshash.

«Yaqinlardan birortasiga pensiyani olishni ishonish mumkinmi? Qanday hujjatlarni taqdim etish kerak?»

Z.Xoliboyev.

Termiz sh.

– Pensiya to‘lovlari mamlakat qonunchiligiga mos ravishda rasmiylashtirilgan ishonchnoma orqali olinishi mumkin. O‘zbekiston tashqarisida rasmiylashtirilganni ham qabul qilinishi mumkin, ammo bunda mazkur hujjat rasmiylashtirilgan davlatning vakolatli organi apostili qo‘yilgan bo‘lishi shart. Bu barcha davlatlarga taalluqli, bundan MDHga a'zo davlatlar, Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiya ishtirokchilari istisno.

Bunda ishonch qog‘ozi beruvchi tayinlangan pensiyaga bo‘lgan huquqini muntazam tasdiqlab turishi kerak. Buning uchun yiliga bir martadan kam bo‘lmagan holda BTPJ bo‘limlariga kelib turishi lozim.

Pensioner xorijiy davlatda bo‘lgan va salomatligi tufayli vataniga kela olmasligi vaziyati ham o‘ylangan. Bunday holatda u O‘zbekistonning xorijiy davlatdagi vakolatxonasi yoki konsulligi muassasasiga borib, doimiy yashamoqchi emasligini, shuningdek, ayni damda o‘zi bo‘lgan xorijiy davlat hududida pensiya yoki boshqa nafaqalarni olishning imkoniyati yo‘qligini tasdiqlashi lozim. Bundan tashqari, pensiya olishga ishonch bildirilgan shaxs ham pensiya to‘loviga ta'sir qiluvchi barcha dalillardan BTPJ bo‘limlarini xabardor qilishi shart.

«O‘zbekistonda qanaqa pensiya turlari mavjud hamda yoshga va nogironlikka doir pensiyalar miqdori qanday ko‘rsatkichlarga bog‘liq?»

Y.Akbarova.

Nukus sh.

– Qonun bilan davlat pensiyalarining quyidagi turlari belgilangan: yoshga doir pensiya, nogironlik pensiyasi, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

«O‘z jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotini qanday bilish mumkin? Uni pensiyaga chiqishdan oldin olish mumkinmi?»

D.Azimova.

Toshkent sh.

– Chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ish vaqtini hisobga olib bo‘lmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lash tartibini, shuningdek ularning pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq  BTPJga to‘langan sug‘urta badallari qaytarilmaydi. Solik kodeksining 58-moddasida keltirilgan ortiqcha to‘langan summadan tashqari.

Bundan tashqari, mazkur sohadagi munosabatlar «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi.  Shuningdek, unda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida majburiy tartibda ishtirok etuvchi fuqarolarni hisobga olish ish beruvchining talabnomasiga muvofiq mazkur fuqarolarning asosiy ish joyidagi Xalq banki filialida amalga oshiriladi va o‘sha qonunning 23-moddasiga asosan, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari holati to‘g‘risida fuqarolarni har yili, shuningdek ularning murojaatiga asosan xabardor qilishi shart.

«Agar ota yoki ona 80 yoshdan oshgan yoki nogiron bo‘lsa, unga qaraydigan boshqa hyech kim bo‘lmasa, ularga qaragan vaqtim uchun menga ish staji hisoblanadimi? Buni rasmiylashtirish uchun qaerga murojaat qilishim kerak?»

J.Xo‘jaxonov.

Jizzax sh.

– Davolash muassasasining o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksaga qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Pensionerga qarab turish zarur bo‘lgan vaqtni quyidagi asosda o‘rnatish mumkin:

- amaldagi parvarish holati tekshiruvi dalolatnomasi;

- yoshini tasdiqlovchi hujjatlar, o‘zga kishi parvarishiga zarurat borligi haqidagi tibbiy xulosa.

Birinchisi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, parvarishlangan shaxs va qo‘shnilardan so‘rab-surishtirilgach, BTPJ bo‘limi tomonidan tayyorlanadi. Mazkur hujjatni rasmiylashtirish davomiyligi – har 12 oyda.

«Pensiya to‘lovini to‘xtatib turish yoki bekor qilish qanday amalga oshiriladi?»

S.Ubaydullayev.

Toshkent sh.

– Ushbu savolga javobni Pensiya ishlarini rasmiylashtirish va yuritish tartibi hamda pensiya hujjatlarining shakllari va ularni to‘ldirish qoidalari to‘g‘risidagi yo‘riqnomadan topish mumkin.

To‘lovlar pensiya to‘loviga huquqni yo‘qotgandan so‘ng, doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketish, xorijiy davlatda bo‘la turib, pensiya (yoki hatto ijtimoiy nafaqa) olishi holati aniqlanganda, va tabiiyki, pensioner vafot etganda to‘xtatiladi.

Tayinlangan pensiya to‘lovi to‘lov muddati tugagandan, pensiya qatorasiga uch davomida olinmasa, pensioner ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilinganda, u ruhiy hasta kishilar yashaydigan internat-uylarda yashay boshlagandan so‘ng to‘xtatiladi.

Pensiya to‘lovi BTPJ bo‘limiga pensiya oluvchining yoki unga vasiylik qiluvchining bevosita o‘zi kelib ariza topshirganda tiklanadi. Bunda, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talab etiladi. 41-bandda esa Pensiya, ijtimoiy nafaqa va boshqa to‘lovlarning to‘lanishini tiklash komissiya qarori bilan rasmiylashtiriladi, deya ko‘rsatilgan.

«Pensiya to‘g‘ri hisoblanganini qanday tekshirish mumkin?»

T.Husniddinova.

Xiva sh.

– «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunning 44-moddasiga ko‘ra, pensiyalarni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tayinlaydi. Pensiyaning to‘g‘ri hisoblanganini aniqlash uchun yashash joyi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, undan yuqori turuvchi organ yoki bevosita sudga murojaat qilish mumkin.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech