20 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,1 °C

Kеyingi avlod
7 Fevral  2019 8018

«A’lochilar ikkitadan oshmasin!..»

Sessiya paytida hamisha ballni tushirib yuborishgani va bilimni vijdonan baholanmagani haqidagi bahslar avj oladi. Ana shu vaziyatga oydinlik kiritish uchun mamlakatimizning bosh ta’lim muassasasi – O‘zbekiston Milliy universitetiga yo‘l oldik.

Xo‘sh, nega noto‘g‘ri baholash mavzusi hech barham topmayapti? Ta’lim jarayoniga esa, ma’lum bo‘lishicha, nafaqat talabalarni, balki o‘qituvchilarni ham chalkashtiradigan bir olam o‘zgartirishlar kiritilgan.

– Hozir hammasi boshqacha bo‘lib ketgan. Ko‘pchilik shunchaki yangi sharoitlarni tushunmayapti, moslasha olmayapti, – deya fikri bilan o‘rtoqlashdi fizika fakulteti xodimi. – Kichik kurslarda yana besh ballik tizimi joriy etildi, yuqori kurslarda haliyam eng yuqori baho – 100 ball. Farq shu bilan tugamaydi. Yuqori kurslarda, shuningdek, ikkinchi qaydnoma bekor qilingan va yakuniy bahoni o‘sha kuniyoq reyting daftarchasiga qo‘yib beramiz. Bu talabalarning o‘qishga yanayam jiddiyroq qarashi va shu bilan birga, imtihon oluvchiga pora berishga vaqtlari qolmasligi uchun qilingan bo‘lsa kerak. Tizim bir necha soat ichida pedagogning o‘nlarcha daftarni tekshirishini nazarda tutadi, ba’zan esa ular soni 60-70 tagacha yetadi. Talabalar ham oxiriga qadar kutib o‘tirishadi, xullas, bordi-yu, fanning nazariy tomonlari ko‘proq bo‘lsa, hammamiz charchagan holda kechki soat sakkiz-to‘qqizlarga ishni yakunlaymiz. Bunda talabaga mos baho qo‘yish haqida qanday gap bo‘lishi mumkin?

Ko‘pgina talabalarning aytishicha, o‘qituvchilar o‘rtasida tavsiya ko‘rinishidagi og‘zaki qo‘llanma yurarkan: har bir guruhda a’lochilar soni ikkitadan oshmasin, degan. Ularni yanagi yilga qoldirish uchun besh daqiqasi kam bitiruvchilar uchun ham ikkinchi qaydnoma bekor qilingan. Yaqinda Facebookda shov-shuv bo‘lgan va OTM rahbarlarining talabalar bilan uchrashuvi yoritilgan postida ham shu haqda so‘z borgan:

«Talabalardan biri turib, hamma buni yaxshi biladigan rektorning «maxfiy» e’loni haqida gapirdi (buning mohiyati shundaki, endi butun boshli guruhning 5 foizi, ya'ni ikki kishi a'lochi bo‘la oladi. Aytishlaricha, birdaniga cho‘kdirishmaydi, biroq birgalikda harakat qilib, talabalarning ballarini pasaytiradilar).

Rektor qovog‘ini uzoq solib o‘tirdi va keyin dedi: «Bunaqa gap bo‘lmagan! Bo‘lmaydi ham! Nima deyapsiz, nima haqida gapiryapsiz? Biz adolat tarafdorimiz, kim beshga loyiq bo‘lsa o‘sha bahosini oladi!»

Buni qat’iyan rad etish qanchalik to‘g‘ri? Yana izoh istab, nomi oshkor qilinishini istamagan O‘zMU xodimiga yuzlanamiz.

– Chindan ham, rektor Avazjon Marahimovning o‘qituvchilar tarkibi bilan ochiq muloqot qilgani, ularga  yo‘l-yo‘riqlar bergani bor gap, – deydi u. – Biroq bunda gap baholarni pasaytirish haqida emas, balki talablarni oshirish haqida bordi. Bunga oddiy misol keltirish mumkin. Bu yil birinchi kurs talabalaridan imtihonni ma’ruza o‘qigan o‘qituvchining o‘zi emas, balki ularga notanish va hali dars bermagan kafedra xodimlari oladi. Agar ilgari ikkinchi qaydnomada birinchi kursdagi bir-ikkita talabaning ism-familiyalari ko‘rsatilgan bo‘lsa, endi bu raqam o‘nlab talabani tashkil etishi mumkin. Bu vaziyatda ikki xil xulosa chiqarish mumkin yo bu yil bilimi past talabalar o‘qishga kirgan yoki ilgari domlalar qandaydir rahmdillik qilib yuqoriroq baholar qo‘yishgan. Ikkinchisiga qo‘shilgan bo‘lardim. Har sessiyada: «Hamma baholarim «besh» edi, «uch» quyishdi!», «Meni yanagi yilga qoldirishmoqchi, kontrakt pulini to‘lab qo‘yganman-ku?!» kabi qo‘ng‘iroqlardan telefonimiz yorilib ketay, deydi. Talabalar ham o‘qishning yildan-yilga qiyinlashib borayotganidan achchiqlanadi. Bunda bizning ham aybimiz bor – uzoq vaqt ayrim betakallufliklarga imkon berdik, endi bunaqasi bo‘lmaydi. Biroq tizimni yanada zamonaviy qilish va natijalarni yaxshilash kerak.

Yuzaga kelgan vaziyatda kim haqu kim nohaqligini uzil-kesil hal qilish juda murakkab, negaki, har kimning o‘z haqiqati bor. Ko‘pgina talabalar ko‘proq stipendiya olish maqsadida kattaroq ball olishga harakat qilishini tan oladi. Agar kontrakt puli kamaytirilgan yoki undan ozod etish varianti bo‘lganda edi, ular hozirgi kabi boshog‘riqlarga e’tibor ham berib o‘tirmay, shunga harakat qilishgan bo‘lardi. Bundan tashqari, past baholar o‘qituvchilarning o‘zini ham xursand qilmaydi, albatta. Ular talabalarga «imtiyozli» diplomga intilishdan oldin o‘z bilimiga ob’ektiv baho berishni faol maslahat berishadi.

Rauza Mirzaakbarova.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech