11 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,3 °C

IT-xabarlar
30 Oktyabr  2019 4655

Mobil qurilmalar: ro‘yxatga olishmi yoki qonuniylashtirish

Ijobiy jihat: mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish noqonuniy foydalanishning oldini oladi, shuningdek, o‘g‘irlangan gadjetni topishga yordam beradi. Mobil telefon, planshet yoki shunga o‘xshash boshqa qurilmani yo‘qotish yoki o‘g‘irlatib qo‘yish - ko‘p uchraydigan holat. Ammo ularning egasiga qaytarilishi - juda kam uchraydi. Ichki ishlar organlari xodimlari ishi yoki yo‘qotilgan telefonni tasodifan topib olgan va uni tezda egasiga qaytarishga oshiqqan bitta-yarimta vijdonli vatandoshimizni aytmasa.

Mobil telefonlarda, seriya raqamidan tashqari, IMEI-kod ham mavjud. IMEI - har bir mobil telefon uchun noyob xalqaro identifikatordir, zavod ularni ishlab chiqarishda telefonga kodni, ya'ni barcha mobil qurilmalar uchun umumiy qabul qilingan standartni «o‘rnatib» yuboradi. Bu xuddi tarmoqdagi telefonni avtorizatsiya qilishda operatorga uzatiladigan seriya raqami kabi.

IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bu kabi masalalarga barham berishi kerak. Mobil qurilmani yo‘qotgan yoki o‘g‘irlatganlar ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilishadi, u yerdan esa tizim operatoriga qurilmaning IMEI-kodini «qora ro‘yxatga olish» haqida so‘rov yuboriladi. Unga SIM-karta kiritilishi bilan, dastur buni darrov qayd etadi va yangi foydalanuvchini aniqlaydi. Shundan so‘ng uni topish deyarli qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Bundan tashqari, ro‘yxatga olish GSMA xalqaro standartlariga javob bermaydigan va foydalanuvchi sog‘lig‘iga zarar yetkazadigan sifatsiz mobil qurilmalarning sotilishi oldini oladi. Ichki bozorni kontrafakt mobil qurilmalarini olib kirish va sotishdan himoya qilish ham muhimdir. Masalan, 1 noyabrdan boshlab mamlakat hududiga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan mobil qurilmalar UZIMEI yagona ma'lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Bu shuni anglatadiki, ular orqali mahalliy mobil aloqa operatorlari tarmog‘ida chiquvchi va kiruvchi operatsiyalar, ya’ni qo‘ng‘iroqlar yoki SMS xabarlarni amalga oshirish mumkin bo‘lmaydi.

UZIMEI tizimi o‘z faoliyatini dunyoning 43 mamlakatida 750 ta operator va 400 ga yaqin kompaniya (mobil telefon ishlab chiqaruvchilar, dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari, uskunalarni yetkazib beruvchilar va internet-kompaniyalar, shuningdek, tarmoqlardagi tegishli tashkilotlar)ni birlashtirgan «GSMA» xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Noqonuniy telefonlarni olib kirishdan bozorni himoya qilishning bunday yuqori darajasini ta’minlash unda sog‘lom raqobat muhiti uchun sharoit yaratadi. Ya’ni, xalqaro mobil qurilmalar brendlari ishlab chiqaruvchilari respublika bozoriga kirish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘ladi. Bu iste’molchi uchun nimani anglatadi? Bu nafaqat yuqori sifatli telefonlarni xarid qilish, balki kerakli xizmatni ham olish imkonini beradi. Xalqaro kompaniyalarning mamlakatga kirishi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasiga ixtisoslashgan yoshlar uchun yangi istiqbollar eshiklarini ochadi: amaliyot, tajriba, ishga joylashish.

Mobil aloqa allaqachon odatiy aloqa usuliga aylangan mahalliy iste'molchi IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotidan zarar ko‘rmasligi uchun qanday ishlar qilinmoqda?

Bunday mobil qurilmalar egalari uchun kodni ro‘yxatdan o‘tkazish - osongina jarayon. Shunday qilib, joriy yilning 1-aprelidan 1-noyabriga qadar SIM-modulga ega smartfon, tugmachali telefonlar va planshetlar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish qurilmani mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga ulashda (faollashtirishda) avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Oddiy foydalanuvchiga ro‘yxatdan o‘tish uchun O‘zbekiston mobil aloqa GSM-operatorlaridan birining faol SIM-kartasini mobil qurilmaning mavjud SIM-slotiga kiritish va birinchi tarmoq jarayonini (telefonni abonentning SIM-kartasidan foydalanish orqali mobil aloqa operatori tarmog‘iga ulashni) amalga oshirish kifoya.

Mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 1-noyabrdan boshlab ro‘yxatga olish tizimini joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirishning ikkinchi bosqichi boshlanadi. Ushbu bosqichda IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish UZIMEI tizimi operatoriga murojaat qilish orqali amalga oshiriladi. Bu importyorlar va mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, mamlakatning rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Ro‘yxatga olishni tizim operatorining www.uzimei.uz rasmiy veb-saytida, SMS (1170) yoki USSD-so‘rov (*1170#), yagona interaktiv davlat xizmatlari portali www.my.gov.uz orqali, shuningdek pochta aloqasi punktlarida amalga oshirish mumkin.

Bunday tartib UZIMEI yagona ma’lumotlar bazasiga ilgari ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalar IMEI-kodlari o‘tadi. Shuni esda tuting, jarayon bir marta amalga oshiriladi. Respublika hududida roumingda bo‘lgan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish talab etilmaydi.

Agar mobil qurilmada ikki yoki undan ortiq SIM-slot mavjud bo‘lsa, ya’ni bitta mobil qurilmada ikki yoki undan ortiq IMEI-kodlari mavjud bo‘lsa, hammasini ro‘yxatdan o‘tkazish talab etiladi. Aks holda, ro‘yxatdan o‘tmagan IMEI-kodlar «qora ro‘yxat»ga kiritiladi va ushbu SIM-slotdan uni qulfdan chiqarmaguncha foydalanib bo‘lmaydi, buning uchun tizim operatoriga murojaat qilish talab etiladi.

Yuqorida keltirilgan hujjatga asosan, 1-dekabrdan boshlab mobil qurilmalar IMEI-kodlarini pulli asosda ro‘yxatdan o‘tkazish boshlanadi. Jismoniy shaxslar, shuningdek, import qiluvchilar uchun ham, bu mamlakatda o‘rnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 20 foizini, lekin mahalliy ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatga olish uchun faqat o‘n foiz to‘laydi.

Ro‘yxatdan o‘tmagan telefonni sotib olishdan o‘zini himoya qilishni istaganlar uchun www.uzimei.uz saytidan mobil qurilmaning IMEI-kodi holatini yoki sotib olishdan oldin SMS (1170) yoki USSD-so‘rov (*1170#) orqali tekshirish tavsiya etiladi. Bunday tekshiruv, shuningdek, «qora ro‘yxat»da bo‘lgan o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan qurilmalarni sotib olishdan saqlab qoladi.

Ro‘yxatga olish egasining shaxsiy nomiga bog‘lab qo‘yishni o‘z ichiga olmaydi, telefoningizni sotishda hech qanday muammo bo‘lmasligi kerak. Mobil aloqa operatorini o‘zgartirganda ham hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Noto‘g‘ri yoki klonlangan IMEI-kodlari bo‘lgan mobil qurilmalar UZIMEI yagona ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Agar mobil qurilma to‘g‘ri IMEI-kodiga ega va mamlakat hududiga qonuniy olib kirilgan, lekin importyor yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, jismoniy shaxs UZIMEI yagona ma’lumotlar bazasida qurilmaning barcha IMEI-kodlarini mahalliy mobil aloqa operatorlari tarmog‘ida birinchi tarmoq jarayoni sodir etilgandan so‘ng 30 kalendar kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.

Mobil qurilmangizning IMEI-kodini bilish uchun klaviaturada *#06# kombinatsiyasini kiritishingiz kerak. Xuddi shunday kod qurilma qutisiga ham qo‘llaniladi va ba’zi modellarda u batareyasi ostida mavjud bo‘ladi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, 1-dekabrdan boshlab IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish pullik bo‘ladi. Har bir qurilma uchun importyorlar BHMning 20 foizini, mahalliy ishlab chiqaruvchilar - BHMning o‘n foizini, birinchi tarmoq janayonidan boshlab 30 kalendar kun ichida mustaqil ro‘yxatga olgan jismoniy shaxslar - BHMning 20 foizini to‘laydi. 30 kalendar kunidan oshgan holda ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda, uning uchun to‘lov miqdori BHMning 25 foiziga ko‘tariladi.

Maqolaning nashrga tayyorlanishi jarayonida mushtariydan: «Ayni damda chet elda o‘qiyapman, u yerga sentabrda ketgan bo‘lsam, shundan endi may oyida qaytaman. Agar mobil qurilmamdan shu yilning may-sentabr oylarida Toshkentda foydalangan bo‘lsam, kodni ro‘yxatdan o‘tkazishim kerakmi? Va agar kelganimdan so‘ng mobil operatorini o‘zgartirsam-chi?», degan savol kelib tushdi va unga vazirlik mutaxassislari zudlik bilan javob berdilar.

Javob: mobil telefonlarning IMEI-kodlarini 2019-yil 1-apreldan 1-noyabrgacha ro‘yxatdan o‘tkazish avtomatik rejimda amalga oshiriladi. Ushbu davr mobaynida mobil telefondan foydalanganingiz uchun ushbu mobil qurilmaning IMEI-kodi allaqachon UZIMEI yagona ma’lumotlar bazasida avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak va uni O‘zbekistonga qaytganingizda ro‘yxatdan o‘tkazish shart emas.

Aleksandr Zotov

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech