15 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21 °C

Salomatlik
18 Iyun  2019 3071

Tibbiyot: bemorlarni nima qiziqtiradi?

Yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi katta o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Shu munosabat bilan aholida ko‘plab savollar paydo bo‘lmoqda va mushtariylar ularni «Pravda Vostoka» tahririyatiga yuborishgan. Javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher ShODMANOVGA murojaat etdik.

Milliardlik qoidabuzarliklar

«Yaqinda Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi xabar berishicha, o‘tgan yilda davlat tuzilmalaridagi moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi birinchi o‘rinni egallabdi. Qanaqa qoidabuzarliklar haqida gap ketayotgani va ular qanday bartaraf etilayotganini bilsa bo‘ladimi?»

  1. Zoirov. Urganch shahri.

– 2018-yilda sog‘liqni saqlash tizimida Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi tomonidan 866 ta tekshirish o‘tkazildi, 738 ta muassasada 17,1 mlrd. so‘mlik qoidabuzarliklar aniqlandi. Ularning asosiy qismi shtatdan oshiqcha birliklarni rejalashtirish va saqlash, lavozimiy ish haqlarini noto‘g‘ri belgilash, shuningdek, tovar-moddiy boyliklarning yetishmasligi bilan bog‘liq. Bu holatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi kollegiyasida tanqidiy muhokama qilindi, tizim muassasalari va tashkilotlarida byudjet intizomiga rioya qilish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqildi. Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yangi namunaviy shtat birliklari tayyorlanmoqda, smeta-shtat intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirildi.

«Bir necha yil oldin Toshkentda xospis ochish rejalashtirilgan edi. U qachon paydo bo‘ladi?»

  1. Kalinina. Toshkent shahri.

– Tegishli qaror loyihasi ishlab chiqildi va ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Unga ko‘ra, 2019-2020-yillarda Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida (tibbiyot muassasalar bazasida yoki ularning bo‘linmalari negizida) har biri 50 o‘ringa mo‘ljallangan to‘rtta hududlararo XOSPIS (kasallikning oxirgi bosqichida tuzalmaydigan (asosan, onkologik) bemorlarga ahvolini yengillashtiruvchi yordam ko‘rsatuvchi tibbiy va ijtimoiy muassasa)lar ochiladi.

«Nima uchun davlat shifoxonalarida yotadigan joylar fondi kamaymoqda?»

Sh. Vafoyev. Samarqand shahri.

– Respublikada sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish hanuzgacha asosan byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Bunda xarajatlarning eng katta qismi kasalxonalarni saqlab turishga sarflanadi (umumiy xarajatlarning taxminan 66 foizi). Ushbu mablag‘larning aksariyati (85,7 foiz) tuman (shahar) tibbiyot birlashmalariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bemorlarning taxminan 40 foizi uyda yoki qishloq vrachlik punktlarida kunduzgi shifoxona shaklida davolanishi mumkin bo‘ladi. Bu ortiqcha xarajatlarga va moliyaviy mablag‘lardan foydalanish samaradorligining pasayishiga olib keladi. Bundan tashqari, xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, bu 2019-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida qayd etilgan, qimmat statsionar yordam o‘rniga ambulatoriya bo‘g‘iniga ustuvor ahamiyat berish, kasalliklarning oldini olish, faol turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni keng targ‘ib qilish, fuqarolarni o‘z salomatligi va atrofidagilar uchun javobgarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularning tibbiy madaniyati va savodxonligini oshirish lozim.

«So‘nggi paytlarda o‘qituvchilarning ish haqi oshdi. Muhim ishni bajarayotgan shifokorlarning ish haqi qanday o‘zgaradi?»

G‘. Faxriddinov. G. Marg‘ilon.

– Prezidentimizning 2018-yil 7-noyabrdagi «Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida sog‘liqni saqlash xodimlarining ish haqi o‘tgan yilning 1 dekabridan 20 foizga, 2019-yilning 1-aprelidan esa 15 foizga oshdi. Shunday qilib, qo‘shimcha haq va ustama to‘lovlarsiz birinchi razryaddagi oylik ish haqi 880 861 so‘mni tashkil etdi.

Transplantatsiya uchun - navbat

«Xorijiy ommaviy axborot vositalari muntazam u yoki bu mamlakat shifokorlari navbatdagi noyob operatsiyani o‘zlashtirganini xabar qiladi. Ular tajribasi bizning shifokorlar tomonidan qabul qilinyaptimi?»

  1. Shexovseva. Farg‘ona shahri.

– Albatta. Respublika mutaxassislari doimiy ravishda o‘z ustida ish olib boradi, eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni o‘rganadi, chet el tibbiyot markazlarida ta’lim oladi va stajirovka o‘taydilar. O‘zbekistonga keyingi yillarda tashxis qo‘yish va davolash usullari bo‘yicha mahalliy hamkasblar uchun mahorat-darslari o‘tkazadigan xorijiy mutaxassislar taklif etilmoqda. Masalan, 2018-yilda 400 ga yaqin xorijiy mutaxassis kelgan bo‘lsa, 460 nafardan ziyod xodimimiz chet elda malaka oshirdi.

2018-yil 12-fevralda Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot jarrohlik markazida birinchi marta Rossiya Federatsiyasi Transplantologiya va sun’iy a’zolar milliy tibbiy-tadqiqot markazi direktori akademik S.Gote rahbarligida jigar transplantatsiyasi operatsiyasi o‘tkazildi.

Shu yilning aprel oyidan boshlab Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida taniqli turk olimi professor Mahmud Xaberal rahbarligida buyrak transplantatsiyasini amalga oshirish boshlandi. Ayni paytda, mutaxassislarimiz bunday operatsiyalarni mustaqil ravishda amalga oshirmoqda.

«Transplantatsiya qilish uchun navbat bormi? Operatsiyalar pullikmi?»

K.Yodgorov. Toshkent shahri.

- Bunday operatsiyalarga ruxsat berilgan markazlarda bemorlarning navbatlari amalga oshiriladi. Imtiyozga ega kontingent uchun transplantatsiya davlat byudjeti mablag‘lari, aholining qolgan qismi uchun - pullik asosda amalga oshiriladi.

«2004-yildan boshlab o‘n ming kishini shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari bilan ta’minlash 21-26 foizga kamaygani rostmi? Nima uchun? Vaziyatni o‘zgartirish uchun nima qilish kerak?»     

L.Arseneva. Toshkent shahri.

– 2004-yilda barcha mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlar tomonidan ta’minlanganlik har o‘n ming kishiga 29,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich - 26,1 foizga teng bo‘ldi. Kamayish, birinchi navbatda, ana shu davr ichida aholi sonining 20,8 foizga o‘sgani bilan bog‘liq. O‘rta tibbiy xodimlar bilan ta’minlanganlik darajasi 2004-yildagi 102,2  foizdan 2017 yilda 106,6 foizga oshgan.

«Bola uchun maktabdan berilgan uy vazifalarini bajarishiga qancha soat sarflashining sanitariya me’yorlari bormi?»

  1. Maripova. Zarafshon shahri.

– Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan 0341-16-sonli «Umumta’lim maktablarida o‘qitish sharoitlari va tashkil etilishiga sanitariya-epidemiologik talablar» SanQvaN ishlab chiqildi. Uning 6-ilovasida («kengaytirilgan kun guruhlari faoliyatini tashkil etish va tartibga solish bo‘yicha tavsiyalar») uy vazifalarini tayyorlash bo‘yicha quyidagi tavsiyalar mavjud (o‘z-o‘zini tayyorlash):

 - o‘quvchilarning o‘sishiga mos keladigan mebellar bilan jihozlangan o‘quv xonasida darslarni bajarish;

 - soat 15-16 larda uyga vazifalarni tayyorlashni boshlash, chunki bu vaqtda ish qobiliyatining fiziologik ko‘tarilishi kuzatiladi;

 - uy vazifalarini bajarish vaqti (astronomik soatda), 2-3-sinflarda - 1,5 soat, 4-5-sinflarda - 2, 6-8-sinflarda - 2,5, to‘qqizinchi sinflarda - 3,5 soatdan oshmaydigan qilib cheklash;

- o‘quvchi xohishiga ko‘ra, unga o‘rtacha qiyinlikdagi mavzudan boshlashni tavsiya qilgan holda uy vazifalarini bajarish tartibini taqdim etish;

 - muayyan ish bosqichi tugagandan so‘ng bolalarga mustaqil tanaffuslar qilib olish imkoniyatini berish;

 - bir-ikki daqiqa davom etuvchi jismoniy tarbiya daqiqalarini o‘tkazish;

-  vazifalarni butun guruhdan oldin bajargan o‘quvchilarga qiziqishi bo‘yicha (o‘yin, kutubxonada) dars tayyorlashga imkon berish.

«Bizda insonning genetik portretini va kelib chiqishini aniqlash uchun tahlillar o‘tkaziladimi?»

  1. Ahmedov. Toshkent shahri.

– Bunday tahlillar mamlakatimizdagi davlat tibbiyot muassasalarida o‘tkazilmaydi. Kelajakda ular xususiy tibbiy muassasalarda tashkil etilishi mumkin.

«Poliklinikada kardiogramma olish jarayoni 15 soniya vaqtni oldi va o‘n santimetr uzunlikdagi qog‘oz tasmani qo‘limga tutqazishdi. O‘n yil muqaddam u uzoq davom etardi va tasmasi ham uzunroq bo‘lardi. Kardiogrammada qaysi vaqt kesimi aks etishi lozimligi borasida biror standart bormi?»

  1. Vahobova. Buxoro shahri.

– EKG tasmasi uzunligi unchalik muhim emas, chunki jarayonning o‘zi qurilmaga o‘rnatilgan muayyan standartlar bilan tartibga solinadi. Eng muhimi, yozuvni shifokor o‘qiy oladigan bo‘lishi kerak. Biroq EKG faqat tekshiruvning bir qismi, xolos, birgina u asosda tashxis qo‘yilmaydi. Tashxis miqdorini (EKG va shu jumladan, yurak UTTsini ham) mutaxassis shifokor tayinlashi kerak - mazkur vaziyatda terapevt yoki kardiolog. Tahlillar o‘rganib chiqilgach, tashxis aniqlanadi va tegishli davolash tayinlanadi.

«Damas»dagi bemorga qulaymi?

«Shahar ko‘chalarida «tez yordam» xizmatining «Damas» rusumli mashinalarini ko‘rib qolaman. Nima uchun ularda bemorlarni tashishga ruxsat etilgan, chunki ularning ichi tor va qattiq silkitib yuradi?»

  1. Tugusheva. G. Yangiyo‘l.

– 2017-yildan buyon 1200 ta «Damas» avtomobili xarid qilindi. Ularda tor ko‘chalar, qiyin joylarga, pod’yezdlar oldiga borish, kirish qulay. Bunday mashinalar jiddiy kasalliklarga chalingan bemorlarni shifoxonaga yetkazmaydi, balki barqaror holatdagi bemorlarni olib boradi. Og‘ir kasallar klinikalarga «Toyota» yoki «Hyundai» avtomobillarida yetkaziladi.

«Bir necha yil oldin poytaxt tibbiyot muassasalari mutaxassislarining bir qismi mintaqaviy klinikalarni boshqarishga jo‘natildi. «Xizmat safaridagi shaxs» maqomida yana qancha shifokor bor va tajriba qanchalik muvaffaqiyatli chiqdi?»

Z.Oripova. Jizzax shahri.

– Respublikaga bo‘ysunuvchi tibbiyot muassasalari, ilmiy-amaliy markazlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, klinikalar, oliy o‘quv yurtlarining 136 nafar mutaxassisi hududlarda ishlashga yuborilgan. Bugun joylarda 112 kishi mehnat qilmoqda. Poytaxtdan kelgan kadrlarning paydo bo‘lishi bilan tashkiliy ishlar, davolash-profilaktika va ixtisoslashtirilgan xirurgik yordam ko‘rsatish sifati, hududiy ekspertlarning tezkor faoliyati yaxshilandi. Ko‘plab viloyat muassasalarida yangi, zamonaviy davolash usullari joriy etildi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda xizmat safariga jo‘natilgan shifokorlarning yashashi va ishlashi uchun sharoit yaratilmagan.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati respublika ixtisoslashtirilgan markazlari va boshqa muassasalari davlat tomonidan zarur jihozlar, jumladan, shpritslar va bintlar bilan yuz foiz ta’minlanganini rasman tasdiqlay oladimi?»

  1. Temirov. Toshkent shahri.

– Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarini moliyalashtirish qisman davlat tomonidan, qisman markazlar tomonidan, 80/20 mexanizmi bo‘yicha qoplanadi. Imtiyozli toifadagi shaxslarga tibbiy yordam ushbu va boshqa muassasalarda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladi, aholining boshqa toifalariga esa - pullik asosda, shu jumladan, shprits va bintlar uchun xarajatlar ham.

Qanday dorilar yetarli emas?

«Mamlakatimizda qaysidir o‘ta zarur dori-darmonlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganilyaptimi?»

  1. Sabirova. G. Marg‘ilon.

– Prezidentimizning 2018-yil 14-fevraldagi «Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorini, farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ning 22-bandi (respublikada ishlab chiqish va ishlab chiqarish uchun sog‘liqni saqlashda ustuvor bo‘lgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ro‘yxatini aniqlash) ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash va Innovatsion rivojlanish vazirliklari  tomonidan tibbiyot yo‘nalishida ustuvor bo‘lgan dori vositalari va buyumlari Ro‘yxati yaratildi. U uch darajaga bo‘linadi: birinchisi - 100 mingdan to‘rt million o‘ramgacha bo‘lgan va ehtiyojni qondirmaydigan, ikkinchisi - 40 dan 100 minggacha, uchinchisi esa - 40 mingdan kam.

Shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda tibbiy maqsadlarga mo‘ljallangan mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlanmalari ro‘yxati, talab mavjudligi, ijtimoiy ahamiyatga egaligi, maqsadga muvofiqligi va ishlab chiqarishga joriy etish imkoniyatlariga qarab, dori vositalari va tibbiyot buyumlari toifalari ro‘yxatlari tasdiqlandi. Ular talab hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va olib kirilgan preparatlaru mahsulotlar miqdori haqidagi ma’lumotlar asosida tuzilgan.

«Chet davlatlar fuqarolari qaysi yo‘nalishlarda davolanish uchun O‘zbekistonga ko‘p kelishadi?»

A.Vohidov. Toshkent shahri.

– Jarrohlik, urologiya, ginekologiya, kardiologiya, neyroxirurgiya, endokrinologiya, onkologiya, travmatologiya, stomatologiya, kosmetologiya va dermatovenerologiya kabi sohalar bo‘yicha.

«Respublikadagi eng yirik klinikalarning zarur davolash-diagnostika texnikasi bilan ta’minlanganlik foizi qanday?»

E.Hamidov. Denov shahri.

– RIIATM (Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari)da jarrohlik, kardiologiya, pediatriya, endokrinologiya, terapiya, neyroxirurgiya va boshqa texnikalar bilan ta’minlanganlik o‘rtacha 80-90 foizni tashkil etadi.

«Nima uchun shifokorlarimiz hali-hanuz disbakterioz, neyrotsirkulyator yoki tomirlar vetegativ distoniyasi kabi dunyoga noma’lum va BSST kasalliklari xalqaro tasnifiga kiritilmagan tashxisni qo‘yishda davom etmoqda?»

L.Davronova. Buxoro shahri.

– Ko‘pchilik Kasalliklarning xalqaro tasnifi (KXT-10)da neyrotsirkulyator distoniya (NSK) vegetativ asab tizimining somatoform disfunksiyasi deb ataladi (F45.3 rukniga mos keladi) va ushbu tizim bo‘limlarining o‘zaro harakati muvozanati buzilishidan kelib chiqqan alomatlar kompleksi sifatida tan olinadi. Xuddi shu hodisani tomirlardagi vegetativ distoniya, vegetativ disfunksiya yoki vegetativ dizregulyasiya sindromi (sinonimlar) deb ham atashadi. Bu qon bosimining beqarorligi va kardiogen epizodlar, gastrointestinal, giperventilyasion buzilishlarni o‘z ichiga oladi.

Sechenov nomidagi Moskva tibbiyot akademiyasi (1997)da vegetativ patologiya markaziga rahbarlik qilgan professor Aleksandr Veynning zamonaviy tasnifiga ko‘ra, NSDni uch variantda kechadigan vegetativ distoniya sindromi (VDS), deb atash to‘g‘riroq bo‘ladi. Ushbu kasallikka chalinish darajasi yuqori - 70 foizgacha. Kattalarda ham, bolalarda ham kuzatiladi. Vaqt o‘tishi bilan alomatlari kamroq ko‘zga tashlanadi. Buning sabablari orasida:

 - asab tizimining kasalliklari. Genetik jihatdan moyillik bo‘lishi mumkin: uning tuzilishi va funksiyalarining buzilishi meros bo‘lib o‘tadi. Hayot davomida rivojlangan kasallik sabab yuzaga kelib:

- ona qornida homila rivojlanishining buzilishi va noto‘g‘ri tug‘ish jarayoni oqibatlari;

- ichki a’zolar surunkali kasalliklari;

- tez-tez stressga chalinish, jismoniy va ruhiy charchoq, hissiy iztiroblar bilan kechadi.

Biror kishi jarohat yetkazuvchi vaziyatni bartaraf eta olmasa, uni siqib chiqarish yuzaga keladi, natijada alohida a’zolar yoki butun tizimlarni nishonga oladigan nevrozlar shakllanadi.

Disbakterioz - qator noxush alomatlarga ega va odamlarga aziyat keltiruvchi keng tarqalgan patologiya va KXT-10 da K63.8 kodiga ega (ichaklarning boshqa aniqlangan kasalliklari). Bu oshqozon-ichak trakti a’zolarida mikroblar muvozanatining buzilishidir. Ushbu klinik-laborator sindrom kasallik hisoblanmaydi, ikkilamchi bo‘lib, turli kasalliklar natijasida kelib chiqadi.

«Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari aksiyadorlik jamiyatlari bo‘lib qoladimi? Nima uchun ushbu muassasalarda fuqarolar uchun juda kam qulayliklar mavjud, jumladan, elektron navbatning yetishmasligi va erta tongdan qabulga yozilib bo‘lmasligi, bemorlar uchun o‘rindiqlar yetishmasligi?»

  1. Qodirov. Navoiy shahri.

– Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi «Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazining namunaviy ustavini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan ular faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish, shuningdek, ularni davlat muassasasi yoki korxona shaklida tashkil etish tartibi belgilangan.

2019-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida «elektron navbat» tizimini tashkil qilish orqali axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va «elektron sog‘liqni saqlash»ni keng joriy etish, jumladan, uni masofadan zaxiralash imkoniyati ham o‘z ifodasini topgan.

Texnika bo‘sh qoldimi?

«Tez yordam» bemorlari o‘zi ro‘yxatga olingan tuman klinikasiga borishlari kerakligi rostmi? Poytaxtda ularga birinchi yordam ko‘rsatishga majbur klinikalarning yagona ro‘yxati bormi?»      

V.Ortiqov. Toshkent shahri.

– O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019-yil 14-apreldagi «Toshkent shahri aholisiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi buyrug‘iga asosan, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Tez tibbiy yordam shahar klinik shifoxonasi, 1-, 2-, 3-sonli Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikalari, 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi, 1-, 4-, 7-sonli shahar klinik shifoxonalari, Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika ixtisoslashgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va boshqalar belgilangan. Ularning har biriga poytaxt tumanlari biriktirilgan.

«So‘nggi yillarda sotib olingan tibbiy asbob-uskunalarning qancha qismidan hozirda foydalanilmayapti va nima sababdan?»

  1. Rahimov. Termiz shahri.

– Sog‘liqni saqlash vazirligining tuzilmalari tomonidan barcha tibbiy uskunalar va jihozlar parki xatlovdan o‘tkazildi. 2019-yil 1 fevral holatiga ko‘ra, muassasalar balansida jami 114 602 ta tibbiyot texnikasi mavjud, shundan 109 644 tasi ishchi holatda.  4958 tasidan ta’mirlashga ehtiyot qismlar yo‘qligi sababli foydalanilmaydi. Ularni zamonaviy muqobillari bilan tezkor almashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 41 862 ta ishlayotgan uskunalar yaqin kelajakda ma’nan eskiradi ularni almashtirish zarur bo‘ladi.

«Respublikada yagona va xorijda ham taniqli bo‘lgan P.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji taqdiri nima bo‘ldi?»

G‘.Vohidov. Toshkent shahri.

– Prezidentimizning 2018-yil 25-yanvardagi «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq vazirliklar tomonidan respublikaning barcha kollejlari o‘rganilib, ularning aksariyati optimallashtirildi, jumladan, P.Borovskiy nomidagisi ham. Hozir u yerda so‘nggi uchinchi kurs o‘qitilmoqda, bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom beriladi.

«Bizda tadqiqotlar olib borilyaptimi va elektron jihozlardan foydalanishning sanitariya normalari mavjudmi?»

  1. Zohidov. Nurafshon shahri.

– Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2015-yil 012-3/0260-sonli «Maktab o‘quvchilari organizmini uyali telefonlarning elektromagnit nurlanish ta’siridan himoya qilish» SanQvaN (uslubiy tavsiyalar) ishlab chiqildi. Ular ITI ilmiy kengashi, vazirlik huzuridagi mos qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilgan va tasdiqlangan. Tavsiyalar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari amaliyot shifokorlari, umumta’lim muassasalari xodimlari, axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi xizmatlari, oliy o‘quv yurtlarining gigienik va ekologik kasblar kafedralari, shu jumladan talabalarni o‘qitish va yosh mutaxassislarni tayyorlash darajasini oshirishga mo‘ljallangan.

Shuningdek, kompyuterlardan foydalanish qoidalari va ruxsat etilgan normalari ishlab chiqildi.

Topilmaydigan dorilar

«O‘zbekistonning qancha aholisi tibbiy sug‘urta bilan qamrab olingan va bu qanday natijalarga olib keldi?»

Sh. Alimov. Zarafshon shahri.

– Ayni paytda u mamlakatda mavjud emas. Biroq uni joriy etish 2021-yildan Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda «Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

«Ayrim dori mahsulotlariga qat’iy narx belgilangandan so‘ng ularning ba’zilari dorixonalarda deyarli sotilmay qoldi. Ro‘yxatga kiritilmagan boshqalarining narxlari esa ko‘pgina bemorlarni murakkab ahvolga solib ikki-uch baravarga ko‘tarilib ketdi. Bunday holatlar vazirlikka ma’lummi? Ko‘plab mashhur dorilarning mahalliy muqobillari mamlakatga olib kelinishi to‘xtatilgan xorijiy muqobillariga qaraganda ancha past shifo ta’sirini beradi, degan fikr qanchalik asosli?»   

  1. Suxov. Toshkent shahri.

– Prezidentimizning 2018-yil 20-iyundagi «Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot mahsulotlarini belgilangan narxlarda sotish talabi bekor qilindi. Ularni ijtimoiy dorixonalarda sotish, sotib olingan yoki ulgurji qiymatidan ko‘pi bilan o‘n foizgacha ustamalar qo‘yish yordamida amalga oshiriladi. Ijtimoiy ahamiyatga molik dorilar ro‘yxatiga kiritilganlari Prezidentimizning 2016-yil 31- oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq belgilangan ustamalar yordamida amalga oshirilishi mumkin: ulgurji savdoda - xarid qiymatining 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan, chakana savdoda - ulgurji narxning 20 foizidan oshmagan narxlarda.

Shifo berish ta’siriga kelsak, mahalliy vositalar sifat jihatidan importnikidan farq qilmasligini ma’lum qilamiz, chunki ro‘yxatga olish jarayonida mahalliy va xorijiy dori vositalariga bir xil talablar qo‘yiladi. Ularning markalanishi va idishga joylash-o‘rashiga ham talab bir xil. Ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va klinik sinovlarda standartlarni uyg‘unlashtirish tufayli korxonalarimiz juda yuqori darajadagi dori dori-darmonlarni chiqarmoqdalar. Mahsulotlarimiz 20 dan ortiq mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Dori-darmon, profilaktika va diagnostika vositalarini, xalqaro, davlatlararo talablarga javob beradigan mahsulotlarni sertifikatlashtirishni o‘tkazish (Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyulda qabul qilingan «Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibotini soddalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, 2011-yil 28-aprelda qabul qilingan «Sertifikatlashtirish tartibotlarini va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi va boshqalar) va aholini yuqori sifatli va xavfsiz tibbiy mahsulotlar bilan ta’minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida milliy standartlar va boshqa normativ hujjatlar ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

«Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, farmakologik nazorat dori vositasidan uning qo‘llanilishiga doir yo‘riqnomaga muvofiq foydalanilganda odamda kuzatiladigan, organizm uchun bexosdan va noxush ta’sir ko‘rsatadigan nojo‘ya reaksiyalarni aniqlashga, baholashga va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatdir.

Davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi va qo‘llovchi tashkilotlar dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligini yozma shaklda xabardor qilishi shart. Bunday vaziyatlarda aholi ham xabar berishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida aniqlangan nojo‘ya reaksiyalarga baho beradi, baholash jarayonida nojo‘ya reaksiyaning klinik ko‘rinishlari va dori vositasining qo‘llanilishi o‘rtasidagi sabab-oqibat bog‘lanishlari, shuningdek kutilayotgan foydaning dori vositalari qo‘llanilishining ehtimol tutilgan xavfiga nisbati aniqlanadi.

«Sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlari ish vaqtida o‘z binolari atrofida hududni tozalashga majbur bo‘lishadi va nima uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi majburiy mehnatning bunday shakllarini bartaraf etish bilan shug‘ullanmaydi?»

  1. Obidova. Toshkent shahri.

– 2018-yil 2-8-may kunlari barcha hududlarda vazirlik tasarrufida bo‘lgan muassasalar xodimlarini majburiy mehnatga jalb etishga, ularning ish haqi va boshqalardan ushlab qolinishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish borasida o‘quv seminarlari tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda majburiy mehnatga jalb qilingan hollarda qaerga va kimga murojaat qilish mumkinligi haqida ma’lumot beriladi.

Shuningdek, vazirlik tizimidagi barcha tashkilotlariga (71) 256-43-58 raqamli respublika «Ishonch telefoni» ko‘rsatilgan 9900 nusxadagi plakatlar tarqatildi va xodimlar uchun qulay joylarga osib qo‘yildi.

2018-yil 1-iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasalarida majburiy mehnatning har qanday shakliga yo‘l qo‘ymaslik va ish haqidan asossiz ushlab qolishning oldini olish bo‘yicha qaror imzolandi, tegishli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

2019-yil 18-mart kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi o‘rtasida 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan Tarmoq kelishuvi qayd etildi. Uning 2.21-bandida: «Sohada majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan belgilangan umummilliy xayriya hasharlari va favqulodda vaziyatlardan tashqari, xodimlarning ish haqidan qonunga xilof ravishda mablag‘ ushlab qolinmaydi, ular paxta yetishtirish va terishga jalb etilmaydi, kommunal yig‘imlar, tekshirishlar, obodonlashtirish, gul, daraxtlar ko‘chatlarini sotib olish va h.k.ga, qonunchilik hujjatlari talablariga javob bermaydigan hashar va shanbaliklarga, shuningdek xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarni bajarishga jalb qilinmaydi. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda tomonlar bu haqda bir-birini xabardor qiladi, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan rahbarlarni intizomiy jazoga tortish yoki tegishli davlat organlari rahbarlariga nisbatan choralar ko‘rish uchun birgalikda harakat qiladi», deyiladi.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech