12 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12,5 °C

Tashvishli xabar
17 Dekabr  2018 5426

Kutilmagan tahdid yoxud ayrim o‘smirlar nega zararli odatlar quliga aylanmoqda?

«Pravda Vostoka» gazetasining 30 oktyabr sonida e’lon qilingan «Lirika» va tramadol: dorixona preparatlari nega narkotiklarga aylanmoqda?» maqolasi Toshkent, Samarqand viloyatlari va boshqa hududlardagi mushtariylarimiz o‘rtasida katta aks-sado uyg‘otdi. Shu munosabat bilan tahririyatga ism-sharifi oshkor bo‘lishini istamagan ayol murojaat qildi. Uning aytishicha, yuqorida nomlari keltirilgan dorilar notibbiy maqsadlarda suiiste’mol qilinayotgan yagona vositalar emas.

Ularni shartli ravishda ko‘zlarga tomiziluvchi № 1, 2 va 3 dorisi, deya qolaylik. Tushunarli sabablarga ko‘ra, dori vositalarining nomini to‘liq keltirmayapmiz, agar vakolatli instansiya va xizmatlarda bunga qiziqish paydo bo‘lsa, tahririyat ularning nomlarini berishga tayyor. Bunday vositalarning ishlatilishi bo‘yicha qo‘llanmalarida sotish faqat retsept orqali ekani ko‘rsatilgan.

Dorixonalarda ushbu preparatlar retseptsiz va shifokor tavsiyasisiz sotiladimi-yo‘qmi aniqlashga qaror qildik. Shunday qilib, birinchi navbatda poytaxtning Mirobod, Yashnobod, Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida 30 ga yaqin, shuningdek, Samarqanddagi sakkizta muassasani aylanib, N№N№ 1, 2 va 3 dorisi bormi yoki erkin savdoga chiqarilganini o‘rgandik. Ko‘pgina muassasalarda bunday dorilar yo‘q yoki ular talabga muvofiq dorinoma bo‘yicha sotilmoqda. Farmatsevtlarning aytishicha, ularni asosan, yoshi katta kishilar xarid qiladi, ammo ba’zida o‘smirlar ham kelishar ekan. Biroq dorixonalarni aylana turib, ularni baribir topsa bo‘lishini va shifokor tavsiyasini ko‘rsatmay xarid qilish mumkinligini aniqladik.

Ism-sharifini oshkor qilmaslik sharti bilan farmatsevtlardan biri bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldik:

№ 1, 2 va 3 preparatlari dorinomaga asosan, faqat yoshi kattalarga sotilishi kerak. Ammo amalda ayrim dorixonalarda ushbu dori vositasini o‘smirlar ham so‘rashadi va xarid qilishadi. Agar ota-onasi bundan xabar topsa, kelib, farzandlariga bunday dori vositalarini sotmaslikni talab qilib, mojaro qilishadi.

Ayrim bolalar, ularning tili bilan aytganda, «bo‘shashish» uchun ushbu ko‘zga tomiziladigan dorilardan foydalanadi, - deydi o‘g‘li preparatlardan notibbiy maqsadda foydalanishidan aziyat chekayotgan bir ayol. - Ularning noto‘g‘ri qo‘llanilishidan paydo bo‘ladigan nojo‘ya ta’sirini o‘z shaxsiy tajribamdan bilaman. Farzandingning ko‘z oldingda «so‘lib» borayotganini ko‘rish dahshatli, sen esa suvga tusha olmay muz ustida pitirlayotgan baliqday hech nima qila olmaysan. Balki bunday holatlardan qochish va o‘smirlarni zararli odatlardan saqlash uchun bu kabi dorilarni voyaga yetmaganlarga sotishni taqiqlab qo‘yish kerakdir?!

Dorixona preparatlaridan notibbiy maqsadlarda foydalanishning oqibatlari qanday? Nima uchun odamda unga nisbatan talab paydo bo‘ladi?

Toshkent shahar narkologik dispanseri narkolog-psixoterapevti Abdujamshid Po‘latov shunday deydi:

- Bugun dorixona preparatlaridan (sintetik va yarim sintetik) notibbiy maqsadlarda foydalanish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Albatta, bunga qarshi faoliyat olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida aylanishi taqiqlangan yoki cheklangan narkotik, psixotrop moddalar va prekursor (narkotik moddalar ro‘yxatiga kiritilgan modda)lar ro‘yxati mavjud. Zarurat tug‘ilganda ro‘yxat yangilanadi. Aslida, shifokor tavsiyasi bilan foydalanilgan har bir dori - o‘ziga xos almashtirib bo‘lmas preparatdir. Ammo o‘zboshimchalik bilan ularni notibbiy maqsadlarda ishlatish ongda o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi va ruhiy hamda jismoniy bog‘lanib qolishni hosil qilishi mumkin.

 Atrofda sodir bo‘layotgan hamma narsaga qiziqish insonga xos xususiyatdir. Uning tanlovi esa, qiziqishlari doirasiga aynan, nimalar kirishi bilan asoslanadi. Agar yengil-yelpi hayotni ko‘ngli tusasa, qandaydir vosita yordamida aql-idrokni o‘tmaslashtirish istagi paydo bo‘ladi, u bunday vositani topish va qabul qilish yo‘llarini qidira boshlaydi. Bu halokatli yo‘lni tanlashda ularning atrofidagi odamlarning ham roli kata. Giyohvandlikka berilgan yoki taqiqlangan preparatlarni tarqatayotganlar ham ularni to‘g‘ri yo‘ldan toydirishi mumkin. Bunday ta’sirga esa, asosan, bolalar va o‘smirlar oson tushadi. Negaki, ularning ruhiyati va qadriyatlar tizimi to‘liq shakllanmagan bo‘ladi.

 Bunday kishilarning yaqinlari va qarindoshlari, o‘z salomatligiga bo‘lgan e’tibori susayadi. Ular moddiy narsalarga o‘ralashib qoladi, hamma narsaga tez va oson erishishni istaydi, ayrimlari esa qandaydir vosita barcha masalalarini yechib bera oladi, degan qarorga ham keladi. Bu ko‘pincha o‘z shaxsiy hayoti barbodi evaziga to‘lanadigan aldovdir.

Tanlash erkinligini yo‘qotish

- Dori vositalarini notibbiy maqsadlarda qabul qiluvchi kishiga qanday oqibatlar xavf soladi?

Ular xavfli. Juda katta xavf. Bunga mos so‘zni topish mushkul. Inson organizmiga tushuvchi har qanday kimyoviy vositaning ijobiy va salbiy xususiyatlari bo‘ladi. Mijozlarimdan dorini qo‘llashdan oldin to‘g‘ri kelishi yoki kelmasligini bilib olish uchun qisqacha izohini o‘rganganmi yo‘qmi tez-tez so‘rab turaman. 60 foizga yaqini salbiy javob beradi (darvoqe, dorixona xodimi xaridorning e’tiborini dori vositasi yoki tibbiy buyumlarga oid qo‘llanmani diqqat bilan tanishib chiqishiga qaratishi zarur - Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 5-bob, 28 punkt – muharrir ilovasi).

Umuman, psixoaktiv dorilar ma’lum dozalarda turli xastaliklarda tayinlanadi: ruhiy buzilishlar, og‘ir jarohatlar, saraton kasalliklarida. Shifokor tavsiyasisiz o‘zboshimchalik bilan bunday dorilarni qabul qilayotgan kishi organizmiga, bosh miya hujayralariga, jigarning holatiga (surunkali gepatit, sirroz) va buyraklarga, oshqozon-ichak trakti faoliyatiga salbiy ta’sir qiluvchi kimyoviy moddalar tushadi.

Psixoaktiv moddalar qabul qilingandan keyingi asoratlar esa juda dahshatli. Negaki, zararli ekanini yaxshi anglay turib, inson ularni qabul qilishda davom etadi. U o‘z idrokini, erkin fikrlashni, tanlash erkinligini yo‘qotadi (nima yaxshi-yu, nima yomon ajrata olmay qoladi). Idrok qilish qobiliyatidan mosuvo bo‘lib, bu qobiliyatni moddaga qo‘shqo‘llab topshiradi, qo‘pol qilib aytganda, uning quliga aylanadi. Ruhiy bog‘lanib qolish, deb shunga aytiladi. Amaliyotimda «Uni doim iste’mol qilmayman, istalgan paytda tashlab keta olaman», deydiganlar ko‘p uchraydi. Ayniqsa, yoshlar o‘zini shunday, deb oqlamoqchi bo‘ladi. Inkor etishning sababi esa, bunday insonlarda organizmiga narkotik moddalar tusha boshlagach, shaxsda patologik qism paydo bo‘ladi. Va bu patologiya kun sayin kuchayib boradi.

Odatda narkotiklarga bog‘langanlar atrofida xuddi o‘ziga o‘xshagan «hamfikrlar» paydo bo‘ladi, ba’zan ularning o‘zi ham kishining bu og‘ir ahvoldan chiqishga yo‘l qo‘ymaydi. O‘ta og‘ir holatlarda, insonda tiklanish resurslari tugaganda esa shaxs tanazzuli kuzatiladi.

Bahona – hammamiz bandmiz

- Insonning biror preparatga bog‘lanib qolishini ko‘rsatadigan umumiy alomatlari bormi?

- Odamning qanday preparat iste’mol qilayotganini aniqlash mushkul: birinchidan, uning o‘zini tutishi va fe’l-atvoridagi o‘zgarishlarni bilish lozim, ikkinchidan, birorta ko‘rinarli alomatlar bo‘lmasligi mumkin yoki preparatning ta’siri shunchalik tez o‘tib ketadiki, birorta nojo‘ya holatni sezishga ulgurmay qolasiz. Ba’zida, hatto, tahlillar ham manzarani to‘liq ko‘rish imkonini bermaydi.

Agar kishi hamma narsaga loqayd, hissiz, mas’uliyatsiz bo‘lsa, o‘zini tutishi boshqacha bo‘lib qolsa, kun davomida kayfiyati besabab va tez-tez o‘zgarib tursa, shaxsiy rivojlanishi to‘xtagan bo‘lsa bong urish kerak.

Mutaxassislar narkotikka bog‘lanib qolgan kishilarni ikki toifaga ajratadilar. Birinchisi, shaxs sifatida shakllanib bo‘lgandan so‘ng preparatlarni qabul qila boshlaganlar. Bunda organizmdan zararli modda ketgach, miyasi ravshanlashgach, to‘g‘ri yo‘lga qaytish kerakligini darrov tushunishi ehtimoli mavjud. Ikkinchisi, ancha qiyini – asosan, ichki ruhiy tayanchi yo‘q, oddiy hayotiy qoidalarni anglab yetmagan, mas’uliyat tushunchasi hali noma’lum o‘smirlardir. Ular orasida farzandi uchun ota-onasi hammasini hal qiladiganlari ko‘p. Bunday mijozlar reabilitatsiya jarayonining to‘liq kursini o‘tashi lozim. Terapiyadan so‘ng ota-ona ham unga yangicha yashashiga qo‘yib berishlari kerak. Bordi-yu, yana o‘sha eski uslub, qonun-qoidalarga qaytilsa, qaytalanishni kutavering.

XXI asr muammosi - ommaviy bandlik ekanini ta’kidlamoqchiman. Butun diqqat-e’tiborimiz iste’molga qaratilgan, yaqinlarimizni bilmaymiz, ularning xatti-harakatlarini tushunmaymiz... Ota-onalar farzandini olib kelib, unga nima bo‘lganini tushunishga yordam berishimni so‘rashadi. Shundayam mutaxassis (o‘qituvchi, shifokor)lar jigarbandi muammosini bartaraf etishi lozimligiga alohida urg‘u berishadi. Nega ota-onalar o‘zlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyatlarini boshqa birovlarga yuklashadi, o‘g‘li yoki qizalog‘i qanday yashab, qanday nafas olayotganini bilishsaydi?!

Ixtiyoriymi yo majburiy?

- Agar insonning o‘zi buni istamasa, terapiya yordam beradimi?

- Bir oddiy narsani tushunish lozim, bog‘lanib qolish tanada ham kasallik bor degani emas. Bu psixosomatika: insonning dunyoqarashi, qadriyatlari, hayoti asoslari o‘zgaradi. Uni kompleks tarzda davolash lozim. U ixtiyoriy bo‘ladimi yoki majburiy muhim emas. Aks holda, vaziyat yanayam chuqurlashib ketadi. Agar kasal biror jinoyat qilgan bo‘lsa, terapiya qamoqxonada o‘tkaziladi.

Maxsus muassasalarda xastalar oshkor etmaslik asosida davolanish kurslarini o‘tashlari ham mumkin. Ilk maslahatda mutaxassis kasalga davomiyligi 25 kundan uch oyga qadar bo‘lgan statsionar terapiya o‘tkazish lozim.

Ilk bosqichda organizm detoksikatsiyasi (kimyoviy moddalarni chiqarish), ikkinchisida, tugagan resurslarni to‘ldirish (sog‘lik tiklanadi, immunitet ko‘tariladi), uchinchisi, ruhiyatni mustahkamlash (psixoterapevt bilan ishlash) o‘tkaziladi. Ijtimoiy qayta qurishning ham o‘rni katta (mijozni biror ish topishga undovchi suhbatlar), erishilgan ijobiy natijani mustahkamlash va uning yana qaytalanishi oldini olish maqsadida turmush tarzini o‘zgartirish lozimligi borasida oilalarga maslahatlar beramiz. Agar inson davolanib chiqqach, uch yil davomida psixoaktiv yoki narkotik moddalar iste’mol qilmay yursa, terapiyaning omadli chiqqani haqida gapira olamiz.

Xulosa qilib aytishim mumkinki, bunda muammo insonning dori vositalarini notibbiy maqsadlarda iste’mol qilib, o‘ziga zarar yetkazishida emas.  Ko‘plab moddalarning nojo‘ya ta’sirini bunga aybdor qilish, ularni taqiqlangan yoki ular aylanmasi cheklangan preparatlar ro‘yxatiga kiritish ham mumkin. Biroq miyani qanaqadir narkotik yoki psixoaktiv moddalarga bo‘ysundirmay, mustaqil ravishda rivojlanmasak, bilimlar olib va o‘zimiz va yaqinlarimiz oldidagi mas’uliyatimizni oshirmasak, turli zaharlovchi kimyoviy vositalarga qaramlik bilan kurashishimizga to‘g‘ri keladi.

Oksana MALOSABIROVA.

Yuliya SARIMSAKOVA.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech