22 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,4 °C

Tashvishli xabar
8 Fevral  2019 19507

Matbuotni pisand qilmaslik yoxud mahkam yopilgan eshiklarni taqillatish

Davlatimiz rahbarining farmoni bilan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga o‘zgartirildi. Uning bosh maqsadlariga so‘z va axborot erkinligi konstitutsion huquqini ta’minlash, OAV rolini kuchaytirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta’minlashda hamkorlik qilish, davlat xizmatchilariga matbuot bilan o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirish kabilar kiradi. Bunday o‘zgarishlar barcha mass-media vakillari qatori jurnalistlarni ham quvontirdi. Uzoq yillar davomida matbuot to‘qnash kelgan ko‘plab muammolar o‘z yechimini topishiga umid uyg‘ondi. Ular orasida – tubdan o‘zgartirishni talab etadigan amaldorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish ham bor.

«Ertaga qo‘ng‘iroq qiling», «Rasmiy xat bilan chiqing», «Nima haqida gapiryapsiz, bizga hech qanaqa xat kelgani yo‘q», «Sizga kerakli odam mehnat ta’tilida», «Hozir bizda tekshiruv ketyapti», «Rahbariyat nima desa shu-da, ammo hozir u joyida emas, qachon kelishiniyam bilmaymiz»... eh-he, matbuot xizmati bilan muloqotda bunday gaplarning qanchasini eshitish mumkin. Haftalab, ayrimlari, oylab, qo‘yningizni puch yong‘oqqa to‘ldiradi. Yakunida esa boshida kelishilgan savollarga javoblarni emas, balki butunlay boshqa narsalarni, to‘g‘rirog‘i, oddiy rasmiyatchilikdan iborat quppa-quruq xatni jo‘natishadi. Natijada gazetalar sahifalarida yorqin va asoslangan maqolalarni emas, balki «nimani berishgan bo‘lsa, o‘shandan yasadim» qabilidagi quruq hisobotlarni o‘qigan mushtariylarning ko‘ngli to‘lmaydi.

Nahotki, bunday amaldorlarga aholining muhim hodisalarni rasmiy xabarlardan emas, balki uch-to‘rt kun o‘tib tanishlari yoki ijtimoiy tarmoqlardan bilib olishi foydali bo‘lsa? Bunday hodisalar esa bir marta kuzatilmagan: kimlardir tomonidan pensiya yoshining oshirilishi, uylarning buzilishi, kasalliklarning tarqalishi haqidagi bir qancha bema’ni mish-mishlar paydo bo‘ldi.

– Bundan bir necha yil muqaddam xorijiy OAVda O‘zbekistonda Qorboboni taqiqlab qo‘yishgani haqidagi axborotni olaylik. Bu xabar yashin tezligida butun dunyoga tarqalib ketdi. Ammo haligacha mamlakatning bosh archasi yonida, butun respublika bo‘ylab yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan turli tadbirlarda Qorbobo diqqat markazida bo‘lganini va mavjud haqiqatning buzib ko‘rsatilgani borasida jurnalistlarga birorta matbuot xizmati murojaat qilmadi. Bundan ham yomonroq misollar ham bor, bu tashqaridan hech qanday zararsizday tuyuladi, ammo bunday mish-mishlar mamlakat nufuziga putur yetkazadi, – deydi matbuotda 30 yildan ziyod faoliyat ko‘rsatgan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Botir Temirov.

– Bir necha yil oldin shahar yo‘llarining ta’mirlanishi haqidagi ma’lumotlar e’lon qilina boshlandi,  – so‘zida davom etadi hamsuhbatimiz. – Bu aholi va OAVning ommaviy shikoyatlaridan so‘ng paydo bo‘ldi. Aslida bu allaqachon oddiy ish sifatida qabul qilinishi kerak edi. Boz ustiga birinchi maqolaning chiqishiga ko‘rsatilgan joylarning ko‘pida ta’mirlash ishlari yakuniga yetib ham bo‘lgandi. Biroq axborot xizmati mutaxassislari dalillarga e’tibor qaratmasa, oldini olish borasidagi ishlar to‘g‘risida nima ham deyish mumkin. Ammo tushunmovchiliklarga barham berib, OAV orqali aholiga oldindan qonunchilikdagi u yoki bu o‘zgarish nima berishini ma’lum qilib qo‘yish shunchalik qiyinmi?

Jurnalistlarning materiallari va mushtariylarning xatlari oddiy odamlar uchun dolzarb sanalgan mavzularga oid, albatta. Poliklinikaning ko‘chirilishi, transportlar yo‘nalishlarining o‘zgartirilishi, daraxtlarning kesilishi yoki aviachiptalarni xarid qilishning yangi tartiblari haqida o‘z vaqtida ularni xabardor etishni hech kim o‘ziga ep ko‘rmagan. Bu esa har kim o‘z fikri va tajribasi bilan o‘rtoqlashadigan, ba’zan hatto, vaziyatga mutlaqo teskari fikrlar «onlayn oshxonasi»da qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ladi. Mos tuzilmalarning matbuot xizmatlariga bunday hollarga aniqlik kiritishga nima xalaqit beradi va qanday sirni yashiradilar? Nega rahbarlariga chiqishga yo‘l qo‘ymay, ularni xuddi g‘oyat sergak qorovullar kabi OAVning «xira» e’tiboridan qo‘riqlashadi? Nima uchun tijorat kompaniyalaridan o‘rnak olib, fuqarolar bilan ijtimoiy tarmoq va boshqa veb-resurslar orqali muloqotga kirishish mumkin emas? Bunday vaziyatlar hali ko‘p emas.

«Pravda Vostoka» ayrim hokimiyat organlari bilan dolzarb mavzularda birgalikda materiallar tayyorlash rejasini tuzgandi, ammo bunga hammasi ham javob bergani yo‘q. Ayrimlari hatto, gapirib berishlari mumkin bo‘lgan masalalar ro‘yxatini taqdim etishdi. Ammo keyin ularning ayrimlari o‘zlari tasdiqlagan reja bo‘yicha biror axborot berishdan bosh tortishdi. Boshqa maqolalar ham rejalashtirilgan muddatning o‘tib borayotgani haqidagi qayta va qayta qo‘ng‘iroqlardan so‘ng kechikib chiqdi. Chindan ham, o‘ng qo‘ling qilgan ishdan chap qo‘ling mutlaqo bexabar vaziyati.

Hokimiyat rasmiyatchilik xati jo‘natdi

Shu va shunga o‘xshagan mavzularga izohlar olish uchun tahririyat davlat organlariga rasmiy xat bilan murojaat qiladi. Ularning bir qismi sirli sabablar bilan manziliga yetib bormaydi yoki rahbarlarga faoliyati haqida oshkora hisobot berish talab qilinmaydigan boshqa ishlarga aralashib qolib ketadi. Ammo ko‘plariga javoblar keladi, albatta. Ularning ayrimlari ba’zan nafaqat qonunga, balki sog‘lom aqlga ham zid va matbuotni ochiq-oshkora hurmat qilmaslikdan dalolat beradi. Deylik, hokimiyat «axborotni ma’lumotga olib qo‘ydi», ammo muammoli vaziyat qanday bo‘lsa, shundayligicha qolaveradi. Boshqa vazirlikdan normativ-huquqiy hujjatda keltirilgan aniq so‘zlarga tushuntirishlar va izohlar so‘raldi, u yoqdan esa xuddi o‘sha iqtibosning o‘zini keltirgan holda qaytdi, xolos. Agar savollar ana shu olingan javoblari bilan chop etilsa, nashr yoki muassasa borasida odamlar qanday fikrga kelgan bo‘lardi?

Eng so‘nggi misollar: 2018-yilning dekabrida tahririyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari nomiga xat jo‘natgandi. Unda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida Harakatlar Strategiyasining amalga oshirilishi natijalari, Prezident topshiriqlarining bajarilishi, mavjud muammolar va kelgusi vazifalar borasida materiallar tayyorlash taklif etilgandi. O‘quvchilar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijalariga baho berishi mumkin bo‘lgan butun boshli sikl rejalashtirilgan edi. Biroq xatga faqat Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo rahbarlaridangina javob keldi. Nahotki qolgan hokimlarda bajarilgan ishlar haqida aytadigan gap bo‘lmasa?

Yana bir boshqa vaziyat, joriy yilning 6-fevral kuni poytaxt qurilishi Bosh boshqarmasidan javob oldik. Hammasi yaxshidek go‘yo, ammo biz ularga ikki oy muqaddam, 3-dekabrda savollar bilan xat jo‘natgan edik, kelgan xatda esa 10-yanvar sanasi ko‘rsatilgan (xat bir oyda kelgan!). U ham bo‘lsa savollarga javoblar tayyorlab berilishi haqidagi navbatdagi quruq rasmiyatchilik xati. Yana qancha kutish kerak?

Biz davlat va xususiy OAVda mehnat qilayotgan hamkasblarimiz, gazetalar, televidenie, radio va onlayn-nashrlar xodimlari o‘rtasida amaldorlar va axborot xizmatlari bilan munosabatlar qandayligi borasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Hammasi (!) biz duch kelgan holatga o‘xshash vaziyatlar bilan to‘qnashishgan. Yillar davomida ularning ham bisotida o‘nlab, hatto, yuzlab bunday holatlar yig‘ilib qolgan ekan. Bularga shaxsan sharh beruvchi nomzod topilmadi – hammasi bir ovozdan matbuot-kotiblari va rasmiy tuzilmalar bilan maslahatlashib, gaplashib olishga to‘g‘ri kelishini ro‘kach qilishdi. Ammo hamkasblarimiz ko‘pgina narsalar haqida so‘zlab berishdi.

– Eng keng tarqalgan holat, bu matbuotning so‘rovlariga bepisandlik, – deydi markaziy gazetalardan birining xodimasi. – Davlat qo‘mitalaridan biri o‘sha paytda amalda bo‘lgan muddatlarga ko‘ra tahririyat so‘rovini umuman pisand qilmadi. Xatni topshirishgan mutaxassisga qo‘ng‘iroq qilganimizda: «Bizda odam kam va o‘zimizning ishlar ham boshimizdan oshib yotibdi, yana xatlar bilan ham shug‘ullanishimiz kerak», degan javobni oldik. Bu ham ularning rasmiy ishining bir qismi ekani mutlaqo muhim emas, jurnalistlar ham «ishdan chalg‘ituvchi» qo‘ng‘iroqlari bilan o‘zining ishini qilishyapti-da! Darvoqe, oradan bir-ikki hafta o‘tib biz javob oldik. Unda so‘rov yanglish jo‘natilgani yozilgandi. Ya’ni ishga juda ko‘milib ketgan mutaxassislar bir yarim oy davomida gazetadan kelgan o‘n qatorgina xatni o‘qib ko‘rish imkonini topa olishmagan bo‘lib chiqyapti. Ammo qonunga ko‘ra, birinchi haftadayoq masala ularning vakolatlariga kirmasligi haqida ogohlantirishlari lozim edi. Tahririyatning esa yangi xatni tayyorlab, boshqa muassasaga jo‘natishiga va yana sabr-toqat bilan kutishiga to‘g‘ri keldi...

Tahririyatlarning davlat va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlari va ular nomidan ish yuritadigan matbuot xizmatlari – media maydonidagi umumiy vaziyatning ko‘zgusidir. So‘nggi o‘n yillar mobaynida mamlakatimiz OAV katta yo‘lni bosib o‘tdi, Prezident va Vazirlar Mahkamasining «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida», «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida», «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida» va boshqa qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Uzoq tayyorgarlik va aprobatsiyadan so‘ng muhim, bir tomondan tor joylarni kengaytirish, fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash, boshqa tarafdan rasmiy tuzilmalarning qabul qilinayotgan qarorlari sifati borasidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Bu va boshqa hujjatlar axborotni to‘siqsiz izlash, olish, tarqatish huquqini, shuningdek, davlat hokimiyati organlari, boshqaruvi, jamoatchilik birlashmalari va NNTning OAVga sotsium uchun qiziqarli bo‘lgan hodisalar, dalillar, voqyealar va jarayonlar haqidagi xabarlarni berishdagi majburiyatini ham belgilab berdi. Ammo birorta hujjat ko‘pgina amaldorlarga xos bo‘lgan va qon-qoniga singib ketgan OAV bilan ishlashga yondashuvini bir zumda o‘zgartira olmaydi...

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Harakatlar strategiyasi o‘zgarishlarga yo‘l ochib berdi. Uning birinchi, asosiy tarkibida ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish haqida so‘z boradi. Prezidentimizning 2018-yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida: «Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda «to‘rtinchi hokimiyat» darajasiga ko‘tarilishi zarur. Bu – zamon talabi, islohotlarimiz talabi. Birinchi navbatda media tarmoqlari faoliyati samarasini oshirish, ularni xalq bilan muloqotning ishonchli vositasiga aylantirish, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish singari dolzarb masalalar doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi kerak. Hozirgi vaqtda hayotimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va yangilanish jarayonlarining tub mohiyatini xalqimizga yetkazish, odamlarni yangi marralar sari safarbar etish, oldimizga qo‘ygan vazifalarni sifatli amalga oshirishda sizlarning ta’sirchan so‘zingiz, faol grajdanlik pozitsiyangiz suv bilan havodek zarur»ligini ta’kidladi.

Agar turli tomonlarga, davlatga va aholiga so‘z berilmasa, matbuot muloqot va jamoatchilik nazorati uchun maydon bo‘la olmaydi. Bunda na OAVni nazorat qilishning iqtisodiy mexanizmlari, na ma’muriy bosim, na manbalarning yopiqligi va na o‘z-o‘zini senzura qilish bo‘lmasligi uchun hokimiyat organlari bilan o‘zaro munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga quyish juda muhim. Zero, amaliyot sohada hammasi ham silliq emasligini ko‘rsatmoqda. «Ayniqsa, hayotimizdagi mavjud muammolarni, joylarda tashkil etilgan Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonada aholi tomonidan ko‘tarilayotgan o‘tkir va dolzarb masalalarni, ularning sabab va omillarini ochib berish, jamiyatimizda tanqid va o‘zini o‘zi tanqid ruhini kuchaytirish, afsuski, ommaviy axborot vositalari faoliyatida hali to‘la o‘z ifodasini topgani yo‘q. El-yurtimizning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, ta’magirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan jurnalistlarni men haqiqiy jurnalist deb hisoblayman», deya ta’kidlagandi davlatimiz rahbari 2017-yilda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigida.

Barcha darajadagi amaldorlar OAV bilan muloqotga tayyormi?

Ushbu mavzu yangi emas. Masalan, 1997-yilda Farg‘ona viloyati xalq deputatlari kengashi sessiyasida: «Muxbirlarning axborot olishda katta qiyinchiliklarga duch kelayotgani hech kimga sir emas, ushbu muhim masalaga axborot berish majburiyati yuklatilgan amaldorlar loqaydlik bilan qaramoqda. Nega viloyat va tumanlar hokimlari, vazirlar va boshqa mas’ul kishilar matbuotdan qochadi? Nimadandir qo‘rqishadimi? Yo qo‘yilgan savollarga javob bera olmaydimi? Nega matbuot xodimlari oldida o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi? Yoki ularda o‘zining bevosita majburiyatlarini bajara turib ochiq gapirish, mazmunli javoblar berishga kuch, malaka, jasorat yetmaydimi?.. Bizning ochiqligimiz dushmanlarimiz tarqatayotgan turli uydirma, tuhmat va bo‘htonlarga qarshi javob zarbasi bo‘ladi. Shundagina «o‘zgalar ko‘zidan zarra cho‘p qidiradiganlarga» hech qanday ish qolmaydi».

Matbuot xizmatlari davlat organlari va OAV o‘rtasidagi asosiy ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-sentyabrdagi «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida «davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ushbu bosqichdagi ishlari axborotlar almashishning zamonaviy talablari va standartlariga hali to‘liq javob bermaydi, zarur darajadagi faollik mavjud emas, yetarli tashabbuskorlik ko‘rsatilmayapti», deya keltiriladi. Vaziyatni to‘g‘rilash uchun hukumat vazirliklar va mahkamalar tarkibida muassasaning axborot siyosatini amalga oshirish, uning faoliyatidagi dolzarb masalalarni OAVda yoritish, media va jamoatchilikning u haqidagi fikrini tahlil qilish uchun axborot xizmatini tashkil etish borasida topshiriq berdi. Ularni yuqori malakali kadrlar, zamonaviy moddiy-texnik baza bilan ta’minlash va boshqa bo‘linmalar bilan aloqalarini tashkil kerak bo‘ladi.

Hukumatning mazkur qarori yangisi, 2018-yil 15-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorning qabul qilinishi munosabati bilan o‘z kuchini yo‘qotdi. Hujjatda: «davlat va xo‘jalik boshqaruvi sohasida ochiqlik va shaffoflikka asoslangan samarali qarorlar qabul qilish tizimini joriy etish, axborot olishda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi hisobdorligi, ochiqligi va mas’uliyatini ta’minlash zarur. Bu davlat va xo‘jalik boshqaruvi apparatining samarali faoliyat yuritishi hamda jamiyatda adolatni qaror toptirishning muhim sharti hisoblanadi. Bunda jamiyatni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatidan keng xabardor qilish, ularning aholi oldidagi hisobdorligini ta’minlash «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» degan konstitutsiyaviy normani amalga oshirishning, «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarishning muhim sharti hisoblanadi», deya ta’kidlangan.

Chindan ham, juda ko‘p ishlar amalga oshirilgan va buni so‘rovnoma o‘tkazgan jurnalistlar ham tasdiqlaydi. Buxoro va Samarqand viloyatlarida «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi aprobatsiyasi bo‘yicha huquqiy tajriba o‘tkazildi. Vazirlar Mahkamasi va BMTTD Jizzax va Namangan viloyatlarida pilot axborot xizmatlarini barpo etish loyihasini ishga tushirdi. O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda O‘zbekiston axborot agentliklari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutlari milliy va xalqaro hamkorlar ko‘magida  rasmiy tuzilmalar axborot xizmatlarining OAV bilan o‘zaro birgalikdagi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda, seminar-treninglar, davra suhbatlari va konferensiyalar  tashkillashtirmoqda. Asosiy auditoriya – jurnalistlar va so‘nggi paytlarda ko‘plab vazirlik va idoralarda ochilgan matbuot xizmatlari xodimlaridir.

Vazir uchun ortiqcha tashvish

– Ammo hamma joyda ham o‘z ishining ma’nosini tushunadigan, muassasa, ba’zan butun boshli soha nufuzi uchun harakat qiladigan kerakli mutaxassis ishlayaptimi? Bu yerda inson omili katta rol o‘ynaydi. Lekin ba’zi vazirliklar rahbarlarining matbuot xizmatini ortiqcha tashvish sifatida qabul qilayotgani achinarli hol. Shu bois ham uning rahbari majburiyatlari boshqa bo‘limlar xodimlariga, yana jamoatchilik asosida, yuklatilgan. Balki bu mazkur tashkilotda bunday maqom yo‘qligi sabablidir? Ikki kishilik yuklamani qanday uddalash mumkin? – deydi hamsuhbatimiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist. – Muhim bir vazirlikdagi matbuot xizmatining hech qachon o‘zgarmas rahbari o‘z mahkamasining tadbirlariga deyarli hech qachon taklif qilmasdi. U yerda bizning muxbirimizni ko‘rib, chinakamiga hayratga tushdi: «Buni qayerdan bildinglar, men biror xabar berganim yo‘q-ku?!» Ushbu vazirlikda so‘nggi yillarda besh marta rahbar almashdi, ammo nomi tilga olingan xizmatni hamon o‘sha odam boshqaradi... Qayerlardadir matbuot-kotiblari qo‘lqopday almashadi – ko‘pchiligi uchun bu «issiqqina» joy uchun zina vazifasini o‘tagani bois unchalik jon koyitib ishlashmaydi ham. Natijalar ham ko‘zga ko‘rinmaydi. Ayrimlari yetarlicha tayyorgarlikka ega emas. Ba’zilari o‘z majburiyatlaridan tashqari bo‘linmalar xodimlari qanday masalalar bilan mashg‘ulligini va matbuotga kim izohlar, javoblar bera olishini bilmaydi. Uchinchilari  press-reliz tayyorlashni ham bilishmaydi-yu, biroq jurnalistlarga qanday yozish va qanday kiyinishni o‘rgatishga harakat qiladi!

Buning bari – shaxsiy amaliyotimda o‘zim duch kelgan misollar va turli OAVda ishlayotgan hamkasblarimning so‘zlab berganlari. Shu bois jurnalistlarda ko‘pincha savol tug‘iladi: hokimiyat organlari rahbarlari bunday xodimlarni tayinlasa va ularni shu lavozimda ushlab tursa, OAV bilan ishni qanday tashkillashtirishni biladimi o‘zi, degan. Nima uchun ochiqlik uchun bunga vakolati ham, xizmat vazifasini bajarishdan manfaatdorligi ham bo‘lmagan kishilar javob berishi kerak? Yoki ayrim vazir, hokim va boshqa xodimlarni bunday vaziyat qoniqtiradimi?

Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yilgi qarorida ham mahalliy va xorijiy OAV vakillari bilan muntazam (oyiga bir martadan kam bo‘lmagan) matbuot konferensiyalari, brifinglar o‘tkazib turishi belgilab berilgan. Ammo ana shu punktga qat’iy amal qilayotgan qancha mahkamani bilamiz? Yana bir tomondan, boshqalarga aytadigan gapning o‘zi ham bo‘lmaydi, ayrimlari hatto, yiliga atigi bir martagina matbuot konferensiyasi tashkil etadi, xolos. Biroq haliyam ko‘pgina mahkamalarda o‘zi tashabbus ko‘tarib, jurnalistlar bilan muloqot qilish istagi yo‘q. Agar to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilinsa – yana puch va’dalar bilan «qorinni to‘yg‘azadilar». Maqolani tayyorlash jarayonida jurnalistlar bilan suhbatlashganimizda, ular intervyu berishni kunlab emas, haftalab emas, balki yillab ortga suradigan shunday tuzilmalar va odamlar borligi haqida gapirishdi! Qator mahkamalar ishi haqida ma’lumotlar yo‘q va haftasiga kamida bir marta yangilanib turilishi lozim bo‘lsa-da, ularning veb-saytlarida ham shunday holat hukmron.

Matbuot xizmati ishida yana qancha muammo bo‘ladi?...

Prezidentimizning 2019-yil 2-fevraldagi «Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida: «Davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari matbuot xizmatlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan», deya aniq yozilganiga hayron qolmasa ham bo‘ladi. Va yana: «Davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga idoraviy bo‘ysunuvidagi matbuot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash bo‘linmalari)ning sifatli faoliyat yuritishi, ular oldiga qo‘yilgan vazifalarning samarali bajarilishi, shuningdek, ularni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin», deya keltiriladi.

– Ommaviy axborot vositalarining muhimligi, uning fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi roli va hissasiga yuqori baho berishning imkoniyati yo‘q. Prezidentimiz ham mamlakatimizda so‘z erkinligini rivojlantirishga ulkan e’tibor qaratmoqda va ushbu ishga qo‘limdan kelgancha hissa qo‘shish men uchun sharaf va ulkan mas’uliyatdir. Agentlik rahbari sifatida mahkamaning so‘z va matbuot erkinligi rivojiga hissa qo‘shayotgan organ sifatida jurnalistlik faoliyati erkinligi kafolati sifatida qabul qilinishi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman, – deydi O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov lavozimiga tayinlanganidan so‘ng. – Agentlik Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Gazetalarimiz, tele-radiokanallarimizda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchaygani, bevosita xorijiy mamlakatlardan tayyorlanayotgan materiallar soni ortib borayotganini biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz», degan so‘zlarini hayotga tatbiq etishi kerak...

Biz barcha matbuot xizmatlariga tosh otishdan yiroqmiz. OAV bilan faol hamkorlik qiladigan chinakam, tom ma’nodagi mutaxassislar ham bor. Masalan, «Pravda Vostoka» gazetasi tahririyati xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, moliya, adliya, investitsiya, tashqi savdo vazirliklari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Markaziy bank, Oliy sud va qator boshqa tashkilotlarning axborot xizmatlari bilan o‘zaro samarali munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan. Ular muntazam ravishda o‘tkazayotgan tadbirlari va yangiliklar haqida xabar qilib turishadi, press-relizlar tayyorlashadi va so‘rovlarga vaqtida javob qaytaradilar. Ana shu matbuot xizmatlari tufayli sahifalarimizda muntazam nomlari yuqorida tilgan olingan sohalar rivojlanishi, shuningdek, hayotning ushbu muhim jabhalarini ommaga yetkazishdan manfaatdor muassasalar rahbarlarining chiqishlari haqidagi tezkor va dolzarb materiallar chop etiladi.

Ayrim yo‘nalishlar haqida ma’lumotlarni misqollab, mas’ul kishilardan so‘rab-surishtirib yig‘ishga to‘g‘ri keladi. Buning bari nafaqat davlat siyosatini, yillik maqsadli dasturlarni amalga oshirishga oid maqolaning vaqtida e’lon qilinishiga, balki boshqa hujjatlarga ham to‘sqinlik qiladi. Bu mamlakatimiz rahbarining qarorlari har bir mahkamada o‘zicha va noto‘g‘ri talqin qilinayotgani va amalga oshirilayotganidan dalolat beradi ham. Zero: «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunda: «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: ular tomonidan taqdim etiladigan axborotdan hammaning foydalanishi mumkinligi, uning o‘z vaqtida berilishi va ishonchliligi; ular faoliyatining oshkoraligi va shaffofligi», deya aniq keltirilgan. Agar jamiyat o‘z so‘roviga sukut ko‘rinishidagi javobni olsa, bu o‘zini xalqi oldida hisob berishi kerak emas, deya hisoblayotgan, o‘zlari esa ularning puli hisobiga ta’minlanayotgan tuzilmalarning xatosidir. Bu mahkam yopilgan eshiklarni taqillatishga o‘xshaydi. Axborot asrida axborot erkinligiga past baho bermaslik kerak. Bo‘shliqni esa darrov turli asossiz mish-mishlar to‘ldiradi,  muassasaning nufuzi esa fuqarolar ko‘z o‘ngida to‘liq asos bilan tusha boshlaydi. Hurmatni yo‘qotishdan ko‘ra, tiklash ancha qiyin.

Ramil Islomov.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech