24 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,3 °C

Agrosеktor
25 Iyul  2019 2457

Baliq mahsulotlari dasturxonimizda tansiq bo‘lishdan qachon to‘xtaydi?

Olimning tahririyatga yozgan maktubi ushbu suhbatga sabab bo‘ldi. Uzoq yillar davomida baliqchilikni rivojlantirish bilan shug‘ullangan, katta tajribaga, o‘z ilmiy ishlanmalariga ega. Lekin asosiysi - ilg‘or usullarga asoslangan baliqchilik sohasini iqtisodiy jihatdan rentabelli qilish istagida ekan.

Bugun «Pravda Vostoka» muxbiri O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohasidagi ilmiy ishlanmalarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, biologiya fanlari nomzodi Narimon Karimov bilan suhbatlashdi.

Me’yorlarsiz qanday rejalashtirish mumkin?

- Narimon Abduvohidovich, davlatimiz rahbari o‘z qarorlarida intensiv usulda baliq yetishtirishga yetarlicha e’tibor berilmayotganiga, suv havzalari maydonlaridan samarasiz foydalanilayotganiga ko‘proq urg‘u beradi. Sizningcha, bugun baliqchilikda nimalar sodir bo‘lmoqda?

- Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikda barcha jarayon biologik asoslarga tayangan me’yorlar ustiga quriladi. Bu me’yorlar ustida hyech kim ishlamayotganiga ham o‘ttiz yilcha bo‘p qoldi. Texnologiyalar va institutlar o‘zgarmoqda, ilm-fan rivojlanmoqda, Prezidentimizning 2017-yil 1-maydagi «Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinganiga ham ancha vaqt o‘tganiga qaramay, hali-hanuz baliqchilik tarmog‘ida zarur bo‘ladigan biologik me’yorlar mavjud emas.

Agar me’yorlar bo‘lmasa, biznes-reja tuzish, kerakli miqdordagi ozuqa, boqiladigan baliqlarni hisoblab bo‘lmaydi. Prezidentimizning 2018-yil 6-okyabrdagi «Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori sohani rivojlantirishga qaratilgan, ushbu hujjat asosida rejalar tuzishda ham me’yoriy bazaga tayanish zarur. Bu aniq belgilangan bo‘lishi lozim: suv havzasining bir gektar maydonida qancha baliq boqish, yaxshi rivojlanishi uchun qancha ozuqa kerak.

Bundan tashqari, davlat boshqaruvi organlari bilan hisob-kitoblar uchun ham me’yorlar kerak bo‘ladi. Tasavvur qiling, baliqchilik xo‘jaligiga soliq inspektori keladi va ma’lum bir baliq miqdori uchun soliq to‘lashni talab qiladi. Va qaysi asosda? Axir, me’yoriy hujjatlar mavjud emas va mahsulot chiqishi turli yo‘llar bilan hisoblanishi mumkin…

Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning birinchi yarmida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi xizmatlarining umumiy hajmi 82 390,5 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Ushbu miqdorning 0,5 foizi (412 milliardga yaqini) - baliqchilik xo‘jaligi mahsulotlaridir.

- Bunday me’yorlarni kim ishlab chiqishi kerak?

- yetakchi institutlarimiz: Fanlar Akademiyasi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti, «O‘zbaliq» AK va boshqalar. Lekin bu ish bilan hyech kim shug‘ullanmayapti, shtat, ilmiy xodimlar yo‘q, rahbarlar tarkibi esa  yetarlicha malakaga ega emas. Prezident tomonidan qo‘yilgan vazifalarni esa bajarish kerak. Bu o‘sha me’yorlarni fermerlar va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bilishi lozim, degani.

Masalan: ko‘p yillik ma’lumotlarga ko‘ra, hovuz xo‘jaliklari gektariga o‘rtacha o‘n sentner baliq beradi. Lekin bu juda kichik ko‘rsatkich. Ko‘rsatkichlarni yaxshilash, yangicha yondashuvlarni qo‘llash lozim. Zamonaviy texnologiyalar mavjud va ba’zi tashkilotlar ularni muvaffaqiyatli ishlatmoqda. Bunday tajribani umumlashtirish va tarqatish kerak.

Mahsuldorlik va innovatsiyalar

- Siz aytayotgan yangi texnologiyalar baliqchilikning qancha qismini tashkil etadi? Masalan, yaqinda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va bir necha afzalliklarga ega, xususan, suv va energiya tejovchi yopiq suv ta’minoti qurilmasi (YoSTQ) taqdimoti o‘tkazildi.

- Ayni paytda respublikada turli texnologiyalar to‘plami qo‘llanilmoqda: 553 ming gektar tabiiy suv havzalarida baliq ovlash (o‘rtacha baliq ishlab chiqarish mahsuldorligi - gektariga 6-8 kg) va umumiy maydoni 38 ming gektar bo‘lgan sun’iy hovuzlarda (12-15 sentner karp baliqlari). Amalga oshirilgan hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, innovatsion yondashuvda zamonaviy ixtiologiya yutuqlaridan foydalangan holda qo‘llaniladigan texnologiyalarni optimallashtirish (baliq ovlash samaradorligini gektariga 40-50 kg.gacha oshirish va hovuz baliqchiligini esa 40-50 sentnerga yetkazish) va intensiv texnologiyalarning yangi texnologik darajasini (mahsuldorligi bir kubometr suvdan 40-100 kg.gacha) o‘zlashtirish mumkin.

Baliq tovar mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun sholi-baliq xo‘jaligi zaxira hisoblanadi. Bir joyda suv mahsulotlarini nafaqat baliq va sholi, balki baliq va o‘rdak, qisqichbaqa va sholini parvarishlash mumkin. Masalan, respublikada sholi yetishtirish maydoni 100-110 ming gektarni tashkil etadi. Sholizorlardan yana gektariga ikki sentnercha baliq yetishtirish xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga innovatsion texnologiyalardan foydalanish qo‘shimcha ravishda 20-22 ming tonna qimmatbaho mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

Integratsiyalashgan fermer xo‘jaligi faoliyati atrof-muhitning ekologik holatini saqlab qolgan holda yuqori samarali baliq, qishloq xo‘jaligi jonivorlari va boshqa mahsulotlarini yetishtirishga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, tasdiqlangan fakt: bizda yetishtirilayotgan baliqlarning ayrim turlari yuqori biomeliorativ xususiyatga ega. Bu oq amur balig‘i bo‘lib, u bir kilogramm vazn olishi uchun 40-70 kg. suv o‘simliklarini iste’mol qilishi kerak. Oziqlanishining o‘ziga xos xususiyati tufayli, oq amur balig‘i vegetativ suv o‘simliklarining katta massasini qayta ishlashga, hatto, butunlay yo‘q qilishga qodir. Har yili sug‘orish tizimlarida baliqlarning ko‘payishi kollektor-drenaj tizimlarini tozalash uchun sarflanadigan mablag‘ni kattagina tejash imkonini beradi. Qo‘shimcha afzalligi - o‘zbekistonliklar dasturxonida tansiq (ayniqsa, baliq) mahsulotlar ko‘payadi.

Yopiq suv ta’minoti qurilmasiga kelsak, hozirgi bosqichda o‘rnatish ham, sotib olish ham amalda juda qimmat. Lekin bu mavzu bo‘yicha ilmiy ishlanmalarni to‘xtatib qo‘yish kerak emas. YoSTQ kelajagi va unga erishish uchun uning ustida hozir ishlash zarur.

Ko‘rsatkichlar o‘rtachadan ham past

- Tahririyatga yozgan maktubingizda baliq ovlash sohasidagi eng zaif bo‘g‘inardan biri tabiiy va sun’iy suv havzalaridan samarasiz foydalanishdir, natijada ularning samaradorligi jahon ko‘rsatkichlaridan ancha past ekanini ko‘rsatib o‘tgansiz. Baliq ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun nima qilish kerak?

- Respublikada tashkil etilgan baliq xo‘jaliklarining katta qismi baliqchilik sohasining uncha yoki buncha miqdorda baliq olish mumkin bo‘lgan me’yoriy o‘lchamlariga mos kelmaydi. Bugun O‘zbekistonda baliqchilik suv havzalari soni sezilarli darajada o‘smoqda, biroq ularning texnologik darajasi qurilish va obodonlashtirish sifati hamda ishlatiladigan baliq yetishtirish texnologiyalari bir-biridan farq qiladi. Qator baliq xo‘jaliklarida suv havzalarini qurish juda ibtidoiy bo‘lib, texnologik me’yorlar sezilarli darajada buzilgan, ularni to‘ldirish va quritish imkonini bermaydi. Bu baliq mahsulotlarini ishlab chiqarishning qisqarishiga olib keladi. Boshqalarida - baliq yetishtirishning eskirgan va samarasiz texnologiyasidan foydalanilmoqda. Natijada ko‘plab baliq xo‘jaliklarida hosildorlik o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ham past - gektariga besh-yetti sentner.

Hatto, shunday kamchiliklar bo‘lsa ham, davlat fermerlarga baliqchilik uchun yer va qimmatbaho suv beryapti. Shu bois baliqchilar oldida resurslardan oqilona foydalanish vazifasi turibdi. Fikrimcha, baliq mahsulotlarini yetishtirishning biologik me’yorlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish kerak, shuningdek, u yoki bu mintaqa uchun baliq mahsulotlarining normativlarini aniqlashtirish zarur, bunday me’yordan past mahsulot yetishtirgan xo‘jaliklar o‘sib boruvchi soliqqa tortilishi belgilab qo‘yilishi lozim. Xitoyda qo‘llaniladigan amaliyot bunga misol bo‘la oladi.

Zamonaviy olimlarning baliqchilikni rivojlantirish uchun juda ko‘p narsalarni taklif qilishlari turgan gap. Bu tog‘lar etagida (mahalliy ilmiy ishlanmalar mavjud) qimmatbaho baliq turlarini (karplar, osyotrlar va boshqalarni) ko‘paytirish joylarini, shuningdek kaskadli turdagi kichik suv havzalarini qurish mumkin. Bunday suv havzalarining xususiyati shundaki, ularga erta bahorda suv quyiladi, baliq chavoqlari tashlanadi, vegetatsiya mavsumida o‘g‘itlantiriladi, baliqlar oziqlantiriladi va sathni bir maromda saqlab turish uchun doimiy ravishda suv quyib turiladi. Kuzda baliqlar to‘liq tutiladi va suv havzalari quritiladi, biogen moddalar bilan boyigan suv qayta ishlatilishi mumkin.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2019-yilning birinchi yarmida baliq ishlab chiqarish hajmi 31 617 tonnaga yetib, 112,1 foizga o‘sdi. Biroq bu o‘sish davlatimiz rahbarining 2018-yil 6-noyabrdagi «Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan talablarni qanoatlantira oladimi, 201 ming tonnadan ziyod baliq ishlab chiqarish imkonini beradimi?

- Ehtimol, hammasi oddiy emasdir. Axir, hosildorlik nafaqat hovuz xo‘jaligining joylashgan joyiga bog‘liq. Boshqa omillar ham bo‘lsa kerak?

- Albatta, bugun baliqchilar oldida asosiy muammo ozuqa bazasining holatidir - baliq uchun to‘liq muvozanatli ekstrudirovka (maydalangan, yanchilgan va hokazo) qilingan ozuqani tuzish, ularni ishlab chiqish va ishlab chiqarish, yuqori oqsilli granulalangan yem ishlab chiqarishni tashkil etish va arzon narxlarda sotish, mahalliy va import xomashyolarining asosiy tarkibiy qismlarini yetkazib berish imkoniyat (baliq, qo‘ziqorin va chiqindilar uni, siqilgan uzum, maxsar taxtakunjarasi va boshqalar)lari va boshqalar.

Olimlar oldida turgan vazifa ozuqa barcha standartlarga mos kelishini va baliqlarning o‘sishiga hissa qo‘shishini ta’minlashdir va ularning narxlari ham arzon bo‘lishi kerak. Biroq buning barini hal etish mumkin va sohaning jadal rivojlanishi respublika uchun bemisil samara beradi. Bu nafaqat oziq-ovqat bazasini mustahkamlash, balki qishloq joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratish hamdir.

- Davlatimiz rahbari qarorida bayon etilgan mamlakatga yetkazib berilishi yuklatilgan baliqlarning 200 ming tonnalik prognoz ko‘rsatkichini bugun amalga oshirsa bo‘ladimi?

- Bunday yuksak pog‘onaga erishish uchun zarur baliqchilik bazasi yo‘q va bu bajarilishi juda qiyin bo‘lgan vazifa. Baliq xo‘jaliklari bilan bir qatorda ilm-fan ham ishlagan, ushbu vazifalarni bajarishga yo‘naltirilgan qonunchilik bazasi yaratilgan, innovatsion texnologiyalar jadal joriy etilsa, ana shunday raqamlarga erishish mumkin. Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, bu yil baliq mahsulotlari ishlab chiqarish 150-160 ming tonna bo‘ladi.

Dasturxonda «luqmai halol»

- Bugun yangi baliq – o‘zbekistonliklar dasturxonida kam paydo bo‘ladigan taom. Biroq keksa avlod yoqib qolgan sazan yoki do‘ngpeshonani gastronomdagi hovuzchadan o‘zlari matrap bilan tutib olishgan vaqtlarini yaxshi eslaydi. Tirik baliqlarni yetkazib berish har bir necha kun ichida amalga oshirilgan va u o‘rtacha narxga ega bo‘lgan oddiy go‘sht mahsuloti hisoblanardi. Narxlar bozordagisi bilan aytarli farq qilmagan. Avvalgi baliq mo‘l-ko‘lligini qaytarish mumkinmi?

- O‘tgan yili mamlakatimiz baliqchilari 94 ming tonna baliq yetishtirdi. Bu yil ikki barobar ko‘p bo‘lishi kerak. Lekin ajablanarlisi, shundayam narxlar tushmayapti. Iste’molchiga yangi baliq go‘shti tansiq taom bo‘lib boryapti. Bunda ham xuddi shunday, biologik me’yorlarni yaratishda olimlar hamjamiyatining kamchiligini ko‘rmoqdaman. Axir, fermer baliq ishlab chiqarishni ikki baravarga oshirish uchun qancha ozuqa, o‘g‘it kerakligini aniq bilishi kerak. Chunki birovga yem kamroq tegib, boshqasida ko‘payib ketishidan ziyon ko‘rishni hyech kim istamaydi va har bir bunday noto‘g‘ri hisob yakunda iste’molchi uchun narxlarda aks etadi.

Yana bir psixologik jihat mavjud. Barcha fermerlar ham birday baliq ishlab chiqarishni ko‘paytirishdan manfaatdor emas. Shusiz ham, to‘kin-sochin yashashmoqda. Bir kilogramm do‘ngpeshona balig‘i go‘shti ikki-uch ming so‘mga tushadi, lekin 15-20 ming so‘mga sotiladi. Ularga ishlab chiqarishga sarmoya kiritishning, yangi narsalarni o‘rganishning va tatbiq etishning nima keragi bor?

Bu bilan aynan, mutaxassislar shug‘ullanishi kerak. Ular bizda bor, lekin yangi texnologiyalarni targ‘ib qilish uchun maqsadga yo‘naltirilgan targ‘ibot yo‘q. Bu yerda gap yana me’yorlarga borib taqaladi.

Biz shuni ta’kidlay olamiz: bizda foydalanilmayotgan zaxiralar mavjud, ammo baliqchilikni ilmiy yondashuvsiz yanada rivojlantirib bo‘lmaydi, negaki tovar ko‘rinishidagi baliqni yetishtirish inson tomonidan boshqariladigan sharoitlarda amalga oshiriladi. Shuningdek, suv maydonlaridan samarali foydalanish masalalarida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining o‘zi fermer xo‘jaliklariga yangi yuqori mahsuldor texnologiyalarni qo‘llash orqali ishlab chiqarish hajmini qanday oshirish mumkinligini ilmiy asoslashi va ko‘rsatib berishi, yuqori rentabelli ishlab chiqarishga aylanishi lozim. Hozircha bunday gap yo‘q.

- Baliqchilik sohasi kadrlarini tayyorlash masalasi bo‘yicha. Yaqinda Toshkentda xuddi shu ish bilan shug‘ullanadigan Astraxan davlat texnika universiteti filiali ochildi. Bu qanchalik samarali bo‘lishi mumkin?

- Fikr yaxshi, lekin hammasi ijroga bog‘liq bo‘ladi. Mutaxassislarni tayyorlash qanchalik samarali bo‘ladi, buni vaqt ko‘rsatadi, lekin kelajakka umid bilan qarashni istardim…

Aleksandr Zotov.

«Pravda Vostoka».

Rashid Galiyev va Timur Kaysarov olgan suratlar.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech