16 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,6 °C

Urbanizatsiya
14 Iyun  2019 2479

«Maktabimizni qachon ta’mirlashadi?»

Bu savolni o‘quvchilar, ularning ota-onalari va o‘qituvchilari ko‘p berishadi. Mamlakatimizda moddiy bazasi o‘tgan asr darajasida qolib ketgan va o‘ziga e’tibor qaratishlariga muhtoj umumta’lim muassasalari ham yetarli. Qaerlardadir esa bilim olish uchun hech qanday sharoit yo‘q…

Temur Kaysarov olgan surat

Sergelida - to‘rtta yangisi

Yaqinda O‘zbekistondagi mashhur maktablardan biri - Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni yaqinida joylashgan va katta nufuzga ega 50-maktabning buzilishi haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Xalq ta’limi vazirligi tushuntirish berishga shoshildi va asossiz bayonotlarga ishonmaslikka chaqirdi. Prezidentimizning 2018-yil 5-sentyabrdagi «Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 10-bandiga muvofiq umumta’lim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va ko‘chmas mulkini O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlanadi. Va XTV ham keltirilgan maktab uchastkasi va ko‘chmas mulkini begonalashtirish bo‘yicha hech qanday so‘rov olmagan.

Vazirlikdan izoh berilishiga sabab bo‘lgan maktabning buzilishi borasidagi mish-mishlar nima uchun bunday aks-sadoga sabab bo‘lganini tushunish qiyin emas. Bundan nafaqat muassasa bilan bevosita bog‘liq bo‘lganlar, balki shusiz ham ular yetishmayotgan bir paytda qanday qilib maktab binosini buzish mumkin, deya boshqa vatandoshlar ham hayron qolishdi…

Sergeli tumaniga o‘tamiz. Chor-atrofda qurilishlar avjida. Bu yerda o‘tgan ikki yil mobaynida o‘nlab ko‘p qavatli binolar qad rostladi, ba’zilariga odamlar ko‘chib kirgan ham. 2019-yilda 31 ming oilaga mo‘ljallangan yana 170 ta ko‘p qavatli binolar quriladi. Har bir insonning o‘z oilasi, farzandlari bor yoki yaqin orada farzandli bo‘lishadi. Agar mavjud umumta’lim muassasalari o‘quvchilarga to‘lib-toshib ketgan bo‘lsa, ular qaerda bilim olishadi? Bu yerga ko‘chib kelganlarni ana shu muammo tashvishlantirardi.

2017-yilda, 5 «A» massivida uylar bilan parallel ravishda 630 o‘quvchiga mo‘ljallangan 55-maktab qurildi. Tuman hokimligidan xabar berishlaricha, joriy akademik-yil oxiriga kelib, ko‘rsatkich 200 o‘quvchiga oshib ketgan. Kelgusida ana shu va 7 «A» massivi o‘g‘il-qizlari yettita qo‘shni umumta’lim muassasasiga taqsimlandi. Biroq o‘sha maktablarda ham joy yo‘q. Misol uchun, 300-maktabda belgilanganidan 1,5 baravar ko‘p o‘quvchi ta’lim oladi, shu bois o‘tgan-yili Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi litsey binosi ham ushbu o‘quv dargohi ixtiyoriga berildi.

Ayni paytda qurilish ishlari davom etmoqda - xususan, Choshtepa mahallasidagi 66 ta uy 16 mingga yaqin oilani qabul qiladi. Ularning farzandlari-chi, nima qilishi kerak? yechim topildi. Aprel oyining oxiridan boshlab yangi massivlarda to‘rtta umumta’lim muassasasi qurila boshlandi. Tumandagi ob’yektlarning ijtimoiy ahamiyatini hisobga olgan holda, ishlarni boshlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va bir qator vazirliklar rahbarlari ishtirok etdilar.

Maktablar uchun zamonaviy loyihalar tayyorlandi. Ularning har biri 1,5 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, kelgusi 2019/2020-o‘quv yilida o‘quvchilarni qabul qilishi lozim. Darvoqe, nafaqat bu ish atrofdagi muassasalar yuklamasini yengillashtirishga yordam beradi. Yana ikkita, 267 va 303-maktablar 360 o‘rinli qo‘shimcha korpuslarga ega bo‘ladi. Birinchisida, o‘quvchilar soni loyiha quvvatidan 1,5 baravar ko‘p, ikkinchisida esa 2,2 baravar ziyod. Ammo tez orada ikkalasi ham kengayadi.

Yarmi eskirgan

Ko‘pgina mushtariylarimizning «Poytaxtda - shunaqa!», deyishi aniq, lekin mintaqalarda, ayniqsa, uzoq-uzoq hududlarda qanchalik achinarli va tashvishli muammolar bor. Umuman olganda jami 2907 ta maktab qurilish-ta’mirlashga muhtoj, bu umumiy miqdorning qariyb 30 foizi degani, 28 foizini qo‘shimcha jihozlash talab etiladi. Ularda foydalanilayotgan jihozlarning yarmisi ma’nan va jismonan eskirgan. 11-yillik ta’limga o‘tish sababli o‘quv muassasalarida joylar, mebel, laboratoriya va kompyuter texnikasi hamda sport anjomlari yetishmasligi sezilmoqda. Elektr, gaz va suv ta’minoti, kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar mavjud va uzoq tumanlardagi 1726 muassasasini «burjuyka» pechlari bilan isitishga majbur bo‘lishmoqda. Mazkur kamchiliklar soha mutaxassislarining o‘ziga ham yaxshi ma’lum. Ular Prezidentimizning 2019-yil 29-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonida ham tilga olingan. Hujjat vaziyatni tuzatishni nazarda tutadi.

May oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu mavzuga alohida «hukumat soati» bag‘ishlandi va unga hisobot va deputatlarning savollariga javob berish uchun Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov taklif etildi. Unda yuqorida aytib o‘tilgan ko‘rsatkichlar va boshqalar tilga olindi. Xususan, o‘tgan-yili 1716 ta maktab interfaol panellar va proektorlar bilan ta’minlangan zamonaviy kompyuter sinflariga ega bo‘ldi. Sinf-komplektlar umumiy soni 11 468 taga yetdi, ammo bu ham oxir-oqibat jihozlanishning faqat 72,1 foizini tashkil etadi, xolos. Deputatlar Toshkent va viloyat markazlarida bir qator muassasalarning ba’zi sinflaridagi o‘quvchilar soni 40 tadan oshib ketgani, buning qonunchilik talablari va sanitar-gigienik me’yorlarga zid ekani, bilim olishning to‘laqonli bo‘lishiga to‘sqinlik qilishi haqida so‘z yuritdilar. XTVda bunday vazifalarni hal qilish uchun aniq istiqbolli rejalar mavjud va ularning qanday amalga oshirilayotganiga esa parlament nazorati baho beradi.

Ish yo‘nalishlaridan biri - «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari.

- Aytib o‘tilgan ikki dastur bo‘yicha maktab binolari, inshootlarini modernizatsiya qilish va ularni moddiy-texnika bilan ta’minlash borasida davlat tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilangan va amalga oshirilmoqda. Mintaqaviy hokimiyat organlari, homiylar ham bunga o‘z hissasini qo‘shyaptilar. Mahalliy byudjetning qo‘shimcha daromadlaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasida sohaga eng ko‘p mablag‘ ajratildi, Navoiy viloyatida o‘quvchilar soniga qarab, - deydi Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Ibrohim Jo‘raev yaqinda matbuot bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda. - 2864 maktabning isitish tizimi yaxshilandi, 181 tasida ichki kanalizatsiya ta’mirlandi, 173 tasi ichimlik suv bilan ta’minlandi. 579 muassasalarida hojatxonalar qayta qurildi, 493 ta hudud o‘rab olindi. 175 ta maktabda ilgari oshxona bo‘lmagan yoki bo‘lsayam juda ko‘rimsiz ahvolda bo‘lgan, endilikda yo‘qlarida oshxonalar qurildi va borlari tartibga keltirildi.

So‘nggi-yillarda Xalq ta’limi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash faqat Investitsiya dasturi bo‘yicha amalga oshirilmoqda. 2018-yildan boshlab, yuqorida qayd etilgan ikkita tashabbus boshlanganidan so‘ng yangilanishlar qamrab olgan soha ob’yektlari soni keskin oshdi. Masalan, 2017-yilda 484 ta maktab yangilanib, xarajatlari 556,6 mlrd. so‘mga teng bo‘lgandi. O‘tgan-yili ular soni allaqachon 918 ta muassasaga yetdi va xarajatlari 1,47 trln. so‘mga oshdi. O‘sish ham mos ravishda 90 va 160 foizga teng bo‘ldi.

Bu-yil 590 ta maktabda: 510 tasida «Obod qishloq» va 80 tasida «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha o‘zgarishlar yuz beradi. Dastlabki manzilli ro‘yxatlar 726,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini nazarda tutadi. Xususan, Prezidentimizning joriy yilning 20-fevralidagi «Obod qishloq» dasturini 2019-yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha 24 ta bino, eng ko‘p Surxondaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida, barpo etish rejalashtirilgan. Yana 145 tasi, shundan 33 tasi Qoraqalpog‘istonda, rekonstruksiya qilinadi, 302 tasi kapital ta’mirlanadi, bu borada Jizzax va Farg‘ona viloyatlari yetakchi. Ishlar binolar va uning atrofidagi hududlarning ko‘rinishini o‘zgartirishlar bilan cheklanib qolmaydi. Ular muhandislik kommunikatsiyalari tizimlariga ulanadi, pod’yezdlar yo‘llari ta’mirlanadi, to‘siqlar va yoritish tizimlari o‘rnatiladi. Natijalarga esa 242 mingdan ziyod bolalar baho berishadi.

Xo‘sh, qurilish va ta’mirlash ishlari qanday ketyapti? Xalq ta’limi vazirligi ishlarning shaffofligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan onlayn-monitoring yangi axborot tizimi orqali muntazam kuzatib boradi.

Yuzga chiqamiz...

Muassasalarni zamonaviy IT-uskunalar bilan ta’minlash loyihasi ham boshlangan bo‘lib, bu davlatimiz rahbarining beshta tashabbusidan biri talablariga javob beradi. Yaqinda XTV hamda Janubiy Koreyaning «KT» kompaniyasi o‘rtasida 2766 ta maktabga 2859 dona kompyuter yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Kompaniya tegishli tenderda g‘olib bo‘ldi, 33 mln. dollarlik kredit ajratgan do‘st respublika «Eksimbank»i moliyaviy hamkorlik ko‘rsatadi.

- Janubiy Koreya - O‘zbekistonning ishonchli hamkorlaridan biridir. Ishonchim komilki, ushbu qo‘shma loyiha ham muvaffaqiyatli amalga oshiriladi, - deydi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. - Bu maktab o‘quvchilarining kompyuter savodxonligini oshirishga yordam beradi, axborot texnologiyalarini rivojlantirish esa mamlakatimizning ustuvor yo‘nalishlari qatorida. Shu bois nafaqat moddiy bazani yangilaymiz, balki soha o‘quv dasturlarini ham qayta ko‘rib chiqamiz.

Bu hali hammasi emas. Iyun oyi boshida «Zamonaviy maktab» davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida Prezident qarori loyihasining jamoatchilik muhokamasi yakunlandi. Hujjatda bilim oladigan joyidan qat’i nazar, shahardami yoki qishloqda, bolalar uchun teng sharoitlar yaratish, qurilish ishlari va muassasalarni jihozlashda huquqiy va texnik talablarni yaxshilash ko‘zda tutilgan. Ularning moddiy-texnik ta’minoti standartlari eng yuqori talablar darajasida bo‘lishi lozim. Ekologik toza materiallar, muqobil energiya manbalari, ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlaridan foydalangan holda xalqaro tajriba hamda tabiiy-iqlimiy xususiyatlarni hisobga olgan holda qurilayotgan yoki yangilangan binolarning namunaviy loyihalari paydo bo‘ladi.

Kelgusi-yildan boshlab davlat ta’lim muassasalari «Zamonaviy maktab» maqomini beradigan yangi me’yorlar asosida modernizatsiya qilinadi. 2020-2022-yillarda 1,7 million o‘quvchi uchun 173 ta muassasa qurish, 1350 tasini rekonstruksiya qilish va 1312 tasini kapital ta’mirlash rejalashtirilgan. Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra, 2022-yilda bunday maqom egalari soni umumiy sonning 20 foiziga yetadi va 2030-yilda ko‘rsatkich uning yarmisini tashkil etadi.

Bundan tashqari, ochilish kunidan boshlaboq butunlay o‘zgacha ta’lim sifati darajasini belgilash imkonini beradigan - Prezident maktablarini alohida ta’kidlamoqchimiz. Hozircha kelgusida soni 14 ta yetadigan ana shunday maktablardan to‘rttasi qurilmoqda.

2030-yilga moddiy bazani rivojlantirishda yana bir vazifani amalga oshirish talab etiladi: muassasalarni toza ichimlik suv va yaxshi isitish tizimi bilan ta’minlash. Har ikkala ko‘rsatkich ham 2019-yil bilan solishtirganda, mos ravishda 70 va 75 foizdan 100 foizgacha ko‘tariladi. Maktablar tarmog‘ini kengaytirish binolarga tushadigan yuklamani kamaytirishga yordam beradi. Natijada 2020-yilda maktablarlarning 30 foizi, 2022-yilga borib ikki baravar ko‘p, 2030-yilda 80 foizi bir smenada ishlashga o‘tadi. Bunday maqsadlarga erishish mumkinligiga hammayam ishonavermaydi, ammo kuzatuvchilarning kelajakka ishonch bilan qarashini, ijrochilarning esa vaqtni behuda sarflamasliklarini tilab qolamiz.

Ramil Islomov.

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech