19 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +36,6 °C

Yashil sayyora
25 Iyun  2019 2993

Burqsigan tutun, olov tillari va achimsiq metan: Ohangaron poligoni bizni qanday kutib oldi

Birgina Toshkent shahrining o‘zi har yili 600 ming tonnadan ziyod maishiy chiqindilarni ishlab chiqaradi. Har kuni - 1600-2000 tonna. Chiqindilarning oxir-oqibat qaerga tashlanishi borasida hyech o‘ylab ko‘rganmisiz?

QMCh (qattiq maishiy chiqindilar)ni yig‘ish va olib chiqish jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, ular maishiy chiqindilarni dastlabki yig‘ish punktlarida, ya’ni kvartal va mahallalardagi «chiqindixona»larda to‘planadi. Keyin «Maxsustrans» avtomobillari ularni yig‘ib, yuklash stansiyalariga eltadi. Poytaxtimizda ular uchta joyda bor: Yashnobod, Yakkasaroy, Yunusobod tumanlarida. Bu yerda chiqindilar saralanadi - plastik, karton, shishalar ajratib olinadi - qolganlari ulkan «bochka»larga zichlab bosiladi va ... Ohangaron chiqindi poligoniga olib borib ag‘dariladi.

1966-yilda bu yerda 20 metrlik chuqurlikka ega kattagina kotlovan bor edi, keyinchalik u kengayib, 59 gektar maydonni egalladi. «PV» tahririyatining muxbiri ana shu poligonga tashrif buyurdi.

Ta'kidlash joizki, dastlab Ohangaron tuman hokimiyatiga bordik, ammo bu yerda rahbariyat yo‘q ekan.

Poligon shahardan o‘ttiz kilometr uzoqlikda joylashgan. Yo‘ldaligimizda allaqachon u yerning kattalariga xabar berishibdi. Ishchilar idorani tartibga keltirib, yo‘laklarga suv sepishga ulgurishibdi. Lekin yig‘ilib qolgan muammolarni yashirib bo‘larkanmi?

Biroq hammasi tartibi bilan. Ohangaron poligoni boshlig‘i Abdusabid Nishonboyev iltimosimizga ko‘ra, hudud bo‘ylab ekskursiya uyushtirdi.

Ba'zi joylari alangalanib ketuvchi tog‘-tog‘ uyulgan chiqindilar, atrofga ko‘ngilni aynitadigan darajadagi hid taralib ketgan. Bu chiqindilarning kimyoviy parchalanishi natijasida metan gazi hosil bo‘lgan. U yonuvchan. Bizga tushuntirishlaricha, shishalar siniqlari quyosh nurini xuddi linzalar kabi o‘tkazib, yong‘inlarni keltirib chiqarar ekan.

Shuningdek, chiqindilarni tartibga soluvchi o‘nlab ishchilar mehnat qilishmoqda – hatto, niqob ham taqishmagan, yuziga shunchaki, ro‘mol bog‘lab olishgan, ba'zilari esa ularsiz ishlashyapti.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokor-toksikologi, tibbiyot fanlari nomzodi Amir STOPNITSKIY vaziyatga izoh beradi:

– Organik qoldiqlarning parchalanishi natijasida asosan, metan va vodorod sulfidi hosil bo‘ladi. Havoda metan miqdori yuqori bo‘lgan sharoitda ko‘p bo‘linganda, odamda is gazidan zaharlanish kabi alomatlar paydo bo‘lishi mumkin. Nafas yo‘llarining yallig‘lanishi va uning zo‘rayishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi kuzatiladi. Ammo vodorod sulfidi undan ham xavfliroq, ayniqsa, u chiqindining quyi qatlamlarida juda ko‘p to‘planganda. Agar ana shunday qatlamlar titila boshlansa, vodorod sulfidi yuzaga ko‘tarilib, o‘lim  bilan tugaydigan zaharlanishga olib kelishi mumkin. Ushbu modda tarkibi kam bo‘lgan muhitda ishlansa ham ushbu gaz ensefalopatiya, surunkali va obstruktiv bronxit, hatto, bronxial astmagacha olib kelishi mumkin. Vodorod sulfidi ajraladigan sharoitida uzoq vaqt davomida bo‘lishdan toksik gepatit (jigar shikastlanishi) yuzaga kelishi mumkin.

Bunday poligonlarda mehnat qiluvchi ishchilar salomatligi bilan mintaqadagi gazlarning aholiga ta’sirini baholaydigan professional patologlar shug‘ullanishi kerak. Sanepidemstansiya bunday uchastkalarni doimiy ravishda kuzatib borishi lozim. Niqoblarga kelsak, bu zaif himoya. Vodorod sulfidi va metan molekulalari baribir tanaga kiradi.

Demak, xulosa qilamiz: bu yerda odamlar salomatligi va atrof-muhit bilan bog‘liq xavfsizlik qoidalari buzilgan. U yerning issiqligini aytmaysizmi?!

Ishchilar kuniga 12-16 soat davomida bu «issiqxona»da ishlaydi. Ulardan bir-ikkitasi bilan gaplashishga harakat qilib ko‘rdik. Istamaygina javob berishdi, ismlarini chiqarmasligimizni so‘rashdi. Manzara aniq: agar bunday mehnat sharoitlarda ishlashga rozi bo‘lishmasa, bo‘shatib yuborishadi. Va bu ko‘pchiligi uchun yagona daromadni yo‘qotish, degani…

Zamonaviy texnologiyalar kotlovan tubini suv o‘tkazmaydigan geomembrana, geotekstil, shag‘al kabi bir necha maxsus qatlam bilan qoplashni nazarda tutatdi… Bundan tashqari, uning yaqinida nasos va tozalash stansiyasi bo‘lishi lozim. Ammo ilgari buning birortasi qilinmagan va barcha zararli chiqindi suvlari tuproqqa singib ketgan. Endi ayrim quduqlardan odamlarning qanday suv ichishganini tasavvur qilaverish mumkin. Yana atrof-muhitning zaharlanishi-chi? Aytishlaricha, yaqin aholi punktlarida odamlar nafas qisilishi, bronxial astma va boshqa kasalliklardan aziyat chekisharkan.

Gazlar ajralib chiqishini rekultivatsiya, ya’ni chiqindilar ustidan tuproq tashlab (qatma-qat pirog ko‘rinishida) qisqartirish mumkin. Shuningdek, bu yerda chuqurlikdan metan gazini tortib olish va yoqib yuborish maqsadida quduq qazish hamda unga nasoslar tushirish nazarda tutilgan. Ushbu jarayon gazsizlashtirish, deb nomlanadi. Ana shu yo‘nalishda qadamlar tashlangan, biroq tizim ishlamayapti.

Shamol yo‘q paytlari ertalab va kechqurun poligon hududi va qo‘shni aholi punktlari ustini gazli zaharli havo bug‘i qoplaydi. Yaqin dalalarda birortayam hasharot, qush, boshqa biror tirik jonzotlarning yo‘qligidan ham uning zaharli ekani borasidagi xulosaga kelish mumkin.

Buldozerchi va traktorchilar uchun kasallanib qolish xavfi yuqori. Ular ham asosan, kecha-kunduz tinmay ishlashadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokimlar va sektorlar rahbarlari ishtirokida vaziyatdan to‘g‘ri chiqish belgilab berildi. Davlatimiz rahbari Ohangaron poligonini yopish zarurligini ta’kidladi. «Bu ekologiyaning tozaligi va aholi salomatligi uchun juda muhim», deya qo‘shimcha qildi mamlakatimiz yetakchisi.

Poligon deyarli to‘lgan va yangisini qurish kerak. Janubiy Koreyaning «Sejin G&E Co., Ltd» kompaniyasi chiqindilardan hosil bo‘lgan metan gazini qayta ishlab, elektr energiyasiga aylantirish korxonasini qurish loyihasini ishlab chiqa boshladi. Texnologiya qiymati - 55 million dollar. Eski chiqindixona yonidan 30 gektar yer ajratilgan. Poligon qurilishi Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtiriladi.

Ammo bu yerga hali-hanuz chiqindilar olib kelinmoqda, olib kelinmoqda…

Konstantin Bashlayev.

Muallif surati.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 23-iyundagi 127-sonida «Клубы дыма, языки пламени и едкий метан: чем нас встретил Ахангаранский полигон» sarlavhasi bilan nashr etilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech