23 Fevral 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13,1 °C

Ta'lim
18 Dekabr  2019 3776

O‘zbekistonda yaponshunoslik taraqqiyotning yangi bosqichida

So‘nggi yillarda Respublika oliy ta’lim sohasida qator muhim islohotlarni amalga oshirish barobarida keng ko‘lamli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Oliy o‘quv yurtlari, jumladan, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda tashkil etilganlari soni ko‘paydi, o‘qishning yangi yo‘nalishlari ochildi, ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda. Bularning barchasi milliy ta’lim tizimini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Xorijiy sheriklar bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish ham muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimiz rahbariyati nafaqat iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar sohalarda ham O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon Yaponiya turli sohalardagi strategik muhim hamkorlardan biri bo‘lib, kunchiqar yurt bilan do‘stona munosabatlar biznes, ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohasidagi yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida Toshkent davlat sharqshunoslik institutida nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda birinchi yaponshunoslik fakulteti ochildi.

Fakultetning shakllanishi ichki mehnat bozorida ushbu profildagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarning ortib borishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, ToshDShIda 1990-yildan buyon yapon tili kafedrasi mavjud bo‘lib, u bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan ko‘plab munosib mutaxassislarni yetishtirib bergan.

Qariyb uch o‘n yildan buyon yapon o‘qituvchilari respublikada bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun mustahkam o‘quv-uslubiy, ilmiy asoslar yaratmoqda. Yaponshunoslik sohasida mutaxassislar tayyorlash yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan. Kafedrada, jumladan, orasida filologlar, iqtisodchilar, tarixchilar, faylasuflar va siyosatshunoslar ham bo‘lgan ikki mingga yaqin mutaxassis tahsil olgan. Ularning aksariyati ham Vatanimizda, ham xorijda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan.

ToshDShI Yaponiyaning yetakchi universitetlari, xususan, Sukuba, Vaseda, Xosey, Kansay Gayday, Sofiya va boshqa ko‘plab oliy o‘quv yurtlari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qiladi. 2006-yilda institutda Sukuba universitetining Markaziy Osiyo markazi ochilgan bo‘lib, 2012-yildan boshlab talabalarimiz uchun yapon professorlarining ma'ruzalari onlayn tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda yaponiyalik o‘qituvchi va olimlar O‘zbekistonda yaponshunoslikning rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqdalar va shu kunga qadar institutda mehnat qilishmoqda hamda ilmiy faoliyat olib borishmoqda. Yapon filologiyasi kafedrasi faxriy dotsenti Sugano Reyko qariyb 30 yildan buyon universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan, ulkan sonli sharqshunos mutaxassislar tayyorlashga beqiyos hissa qo‘shib kelayotganlardan. Umuman olganda, institut xodimlari Yaponiya tashkilotlari va oliy o‘quv yurtlari ko‘magida, yangi fakultet doirasida yanada jadal rivojlantirish maqsadida yaponshunoslikning boshqa yo‘nalishlariga ham turtki beradigan yapon tili va adabiyotini o‘qitish usullarini takomillashtirish borasida ulkan ishlarni amalga oshirmoqda.

ToshDShI rahbariyati yaponshunoslikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, institutga 12 yil rahbarlik qilgan professor Abdurahim Mannonov shu yilning noyabr oyida oliy ta'lim muassasasida O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlari va yaponshunoslikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Yaponiya tashqi ishlar vaziri faxriy yorlig‘iga sazovor bo‘ldi. Institutning amaldagi rektori Gulchehra Rixsiyevaning bevosita rahbarligida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan qisqa vaqt ichida yangi fakultet ochish bo‘yicha tashkiliy masalalar hal etildi. 

Yaponshunoslik, masalan, xitoyshunoslik va arabshunoslik, hindshunoslik bilan taqqoslaganda, O‘zbekiston uchun nisbatan yangi soha hisoblanadi. Yapon tilini o‘rganish boshlanishi bilan unga bo‘lgan qiziqish o‘sa boshladi. OTM Yaponiya universitetlari bilan o‘nta shartnoma imzoladi va 2012-yilda Yaponiya hukumati grantini qo‘lga kiritdi. Kunchiqar yurtdan muntazam ravishda professor-o‘qituvchilar institutga tashrif buyurib, talabalarga ma’ruzalar o‘qiydilar. Videokonferensaloqa ularni onlayn tarzda o‘tkazish imkonini beradi. Har yili hamkor universitetlarga o‘nga yaqin talaba stajirovkaga yuboriladi. Yaponiyadan ham talabalar keladi, mazkur o‘quv yilida ular soni beshtaga yetdi.

- Albatta, yangi fakultet faoliyatini takomillashtirish borasida hali qator muhim maqsad va vazifalarimiz bor. Uning ochilishi davlatlar darajasida aloqalarning mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi, bundan tashqari, bu universitetda ham, umuman mamlakatda ham yaponshunoslikning chuqurlashishini anglatadi, - deydi ToshDShIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Elyor Mahmudov. - Yaponiyalik hamkor universitetlar tashabbusimizni ishtiyoq bilan qabul qildi. Yaponiya biz uchun barcha sohalarda, jumladan, ta’lim sohasida strategik muhim hamkordir. Yaponshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar bitta fakultetga birlashtirildi. Ular allaqachon bu yerda tahsil olishmoqda va sentyabr oyida ma’lum bir kvota va tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishga qabul qilish amalga oshiriladi. Bundan tashqari, har yili institutimizda yaponshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkaziladi, grant mablag‘lari va investitsiyalar faol jalb yetiladi. Shuningdek, yapon filologiyasi kafedrasining noyob kutubxonasi ham mavjud. U 1996-yilda ochilgan va shu vaqtga qadar bolalar badiiy adabiyotidan tortib to lingvistika, iqtisod, adabiyot, metodika, tilshunoslik, Yaponiya tarixiga oid ilmiy nashrlargacha bo‘lgan 14 000 nusxadan ortiq kitobga ega. Kutubxona Xosey universiteti, Toshiba xalqaro hamkorlik fondi, O‘zbekiston do‘stlik jamiyati va Fukushima prefekturasi, Sukuba universiteti, Tokio chet tillar universiteti professorlari va boshqa qator tashkilotlarning beg‘araz yordami asosida yaratilgan. Bugungi kunda kutubxonada kitoblarning noyob nusxalari mavjud bo‘lib, ular har qanday yaponiyalikni hayratga solishi mumkin. Ular orasida - «Yapon adabiyotining klassik asarlari to‘plami» hamda kunchiqar yurt tasviriy san’atiga oid kitoblar ham bor.

Hozirda fakultetda bakalavriat va magistraturaning to‘rtta yo‘nalishi mavjud bo‘lib, ular orasida - filologiya, xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti (Yaponiya), siyosatshunoslik, tarix, lingvistika, sinxron tarjima yo‘nalishlari mavjud. Bu yerda jami 200 dan ortiq talaba tahsil oladi va ixtisoslashgan bo‘limlarda 16 nafar o‘qituvchi mehnat qiladi. O‘quv dasturi yapon tili o‘qitish metodikasini hisobga olgan holda institutda ishlab chiqiladi, jarayonda yapon tili darsliklari va o‘quv adabiyotlaridan ham foydalaniladi.

- Yangi fakultet tegishli darajada jihozlangan va ta’minlangan, lekin investitsiya va grant mablag‘larini jalb qilishga ehtiyoj mavjud hali, - davom etadi E. Mahmudov. - Yaponshunoslik yo‘nalishi bugun institutning eng talab katta va mashhurlaridan biri hisoblanadi. Hamisha shunday bo‘lgan va hozir tendensiya yanada kuchaygan. Yaponiya yoshlarimizni nimasi bilan o‘ziga jalb qiladi? Tabiiyki, fandagi texnologik taraqqiyot, yangiliklar va ilg‘or yechimlari bilan. Yaponshunos talabalar orasida mehnatsevarlik, intizomlilik, yangi bilim olish istagi kuchli chinakam yaponga xos uslub ko‘zga tashlanadi. Mamlakatga qiziqish yigit-qizlarga hamisha uning madaniyati, tili, iqtisodiyoti, siyosati va hokazolarni muvaffaqiyatli o‘rganishga yordam beradi. Albatta, yoshlarimizning yaponshunoslikka nisbatan bunday yondashuvi ko‘p jihatdan ikki tomonlama aloqalarning rivojlanayotgani bilan ham asoslanadi.

Yevgeniya Yun

«Правда Востока»

Muzaffar Abdullayev surati.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech