19 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,6 °C

Madaniyat
3 Aprel  2019 8215

Jonli dostonlar sehri

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tadi. Unga dunyoning 75 ta davlatidan mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Ular – xalq baxshilari, ashuglar, oqinlar, folklorshunos-olimlar, musiqashunoslar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari va OAVidir.

Minhojiddin Mirzo,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018-yil 1-noyabrda imzolangan «Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorining kirish qismida «Har qaysi xalqning azaliy tarixi va madaniyati eng avvalo uning og‘zaki ijodi – folklor san’atida, doston va eposlarida mujassam topgan bo‘lib, ular millatning o‘zligini anglash, uning o‘ziga xos milliy qadriyatlari va an’analarini saqlash va rivojlantirishda bebaho manba hisoblanadi», deya keltiriladi. Epik an’analar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi, ammo ular O‘zbekistonda hozirga qadar musiqiy va shoirona ko‘rinishda saqlanib qolgan va rivoj topmoqda. Va bu o‘zida biryo‘la dostonchi, shoir, sozanda, xonanda va aktyorlikni mujassam etgan baxshi-shoir (dostonchilar, jirov, baksi, yuzboshi, sannovchilar) – xalq dostonchiligi san’ati bilan bog‘liq. Baxshilardan ulkan so‘z boyligi, jonli xalq tilining istalgan shaklidan mohorat bilan foydalanish, so‘z o‘yinlari va musiqiy bezaklar majmuidan boxabar bo‘lish talab etiladi. Negaki, dostonlar faqat og‘zaki ijro uchun mo‘ljallanmagan. Ularda o‘z musiqiy asoslari bilan farq qiluvchi 5 dan 36 tagacha ohang mavjud. Ohanglar qisqa va takroriy tuzilmaga ega. Ohanglar so‘zlab, kuylash tavsifiga ega. Do‘mbira, dutor yoki qo‘bizda o‘zi chalib ijro etiladigan termalar asosiy musiqiy-she’riy janr hisoblanadi.

So‘zsiz, O‘zbekistonda Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazilayotgani tasodifan emas. Mamlakatimizda o‘ziga xos baxshichilik, dostonchilik maktabi yaratilgan bo‘lib, u ustoz-shogird an’analariga asoslanadi. O‘zbek xalq musiqiy san’atida dostonchilik to‘rt: Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududlariga bo‘linadi. Har bir mintaqaning o‘z baxshi-shoirlari, epik san’at yaratuvchilari va ularni saqlovchilari bor. Ularning ko‘plari repertuaridan 20 tadan 100 tagacha doston ijrosi o‘rin olgan. XX asr dostonchilariga – Po‘lkan shoir (76 doston), Qodir baxshi (72), Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li (60), Ergash Jumanbulbul o‘g‘li (50), Mardonqul Avliyoqul o‘g‘li (43), Bola baxshi Abdullayev (20 tadan oshiq), Yusuf O‘tagan o‘g‘li (31)larni misol keltirish mumkin.

O‘zbek baxshichilik san’ati hozirga qadar mashhur hisoblanadi. Ular faoliyati ham davlatimiz tomonidan yuksak baholanadi. Ularga yuksak «O‘zbekiston xalq baxshisi» unvoni ham beriladi. Boshqa biror mamlakatda bu kabi maqom uchramaydi. Bola baxshi Abdullayev va uning o‘g‘illari – Norbek va Yetmishboy, Qalandar baxshi Normatov, Shomurot Tog‘ayev, Abduqahhor Rahimov, Ziyodulla Islomov, Shoberdi Boltayev, Abdunazar Poyonov, Boborayim Mamatmurodov, Qora baxshi Umirov, Jumaboy jirovlar ham xalq orasida katta hurmat-e’tibor qozongan.

Katta avlod an’analarini yosh avlod davom ettiradi. Xususan, Feruz Normatov va Jonibek Piyazovlar «Nihol» mukofoti sovrindorlariga aylanishdi.

Ko‘pgina taniqli baxshilar haqida «Yuragimning jo‘ri bo‘lgan do‘mbiram» to‘plamida batafsil ma’lumot  keltirilgan. Uning tuzuvchisi - O‘ktam Hakimov. Nashrga taniqli dostonchilar ijrosidagi epik dostonlar yozilgan disk ham ilova qilinadi.

Andrey Slonim,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri postanovkachi-rejissyori.

– Birinchi Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazilishi muhimligini baholashning imkoni yo‘q. Tarixi juda qadim-qadimga borib taqaladigan xalq dostonchilik madaniyati, milliy ijodkorligi  ma’naviy dunyomizni ham boyitadi.

Baxshilar ijodi  – mohiyatan bu ko‘hna dunyoni maftun etgan, had-hududsiz ma’naviy kengliklar va o‘lkada yashagan odamlarning boshqa eng oliy sifatlari, insonning atrofini o‘rab turgan chek-chegarasiz, ulkan  olam bilan uyg‘unlashuvi haqidagi g‘aroyib dostonlardir. Shu bois bo‘lsa kerak, har safar ularni tinglaganda o‘zimizni yaxlit bepoyon olamning bir zarrasiday his etamiz, ko‘p asrlik yuksak ma’naviyat an’analarining ishtirokchisiga aylanamiz. O‘zim opera rejissyori sifatida ular dramaturgiyasining juda faol ichki harakatlar bilan to‘yintirilgani juda qimmatli, deb bilaman. Ular tavsifiy va inson ruhiyatini bor butunligicha ochib beradi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan bunday ko‘lamdagi festival – chinakam xalq bayramidir. U yer yuzida ijodkor ajdodlarining o‘ziga jalb qiluvchi qo‘shiqlarida mujassam bo‘lgan vasiyatini ko‘z qorachig‘idan ardoqlaydigan, e’zozlaydigan mamlakatlar ozligi bilan ham o‘ta g‘aroyibdir.

Abzal Rafiqov,

O‘zbekiston xalq artisti, Akademik rus drama teatri artisti:

– Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining aynan Termizda o‘tkazilishini eshitish, favqulodda quvonarli bo‘ldi. Ushbu tadbirning qadimdan ana shu xalq ijodi rivoj topgan Surxondaryoda, xorijiy mehmonlar ishtirokida o‘tkazilayotgani ham o‘ziga xos chuqur ma’noga ega. Baxshilarning dostonlari – unutmasligimiz kerak bo‘lgan tariximiz va madaniyatimizning ajralmas qismidir. Zero, asarlarga jo bo‘lgan qadriyatlarimiz asrlar osha avlodda avlodga o‘tib keladi.

Texnologiyalar, texnik taraqqiyot jadal ilgarilab ketgan, bosma va elektron axborotni istalgan manbadan olish mumkin bo‘lgan hozirgi zamonda xalq ijodida o‘z aksini topgan tarixiy xotiralarini saqlab qolish, ayniqsa, muhim.

Masalan, bugun ham zamondoshlarimiz uchun ilhom manbai bo‘lgan, uning asosida pesalar yozilgan, spektakllar qo‘yilgan mashhur «Alpomish» dostonini olaylik. Dostonda hech qanday sinovlardan qo‘rqmaydigan mard va jasur qahramon aks etadi. Undagi jonajon yurtga, oilaga bo‘lgan muhabbat juda muhim ahamiyatga ega. Ana shu madaniyat va umuminsoniy qadriyatlarni tarqatishda baxshilarning roli juda muhim va bunga baho berish juda mushkul ish.

Bugun xalq ijodiyotining ana shu turiga e’tibor qaratilganining o‘zi g‘oyat muhim hodisadir. Yaqinda Termiz shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali uning kelgusida yanada ravnaq topishidagi ilk tayanch bo‘ladi, albatta. Festival nafaqat madaniy merosni saqlab qolish uchun, balki uni rivojlantirib, keng yoyish, u haqda kelgusi avlodlarga so‘zlab berish maqsadida ham o‘tkazilmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech