22 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,8 °C

Salomatlik
2 Fevral  2019 8220

Ishtahani o‘ldiradigan holat yoki fast-fudlarning tayyorlanish jarayoni

Toshkentda ochilayotgan umumiy ovqatlanish nuqtalari soni yildan-yilga oshib bormoqda. Bunda ko‘cha fast-fudlari «orolcha»larini alohida qayd etish lozim. Bunday variantning tanlanishi ham bejiz emas: tez tayyor bo‘ladi, mazali va cho‘ntakbop. Ammo tanganing ikkinchi tomonini ham unutmaslik lozim, bunda sifatsiz yemakdan zaharlanib qolish ham hech gap emas. Bunday joylarda tamaddi qilayotganda ichaklarimizga infeksiya tushishi mumkinmi? Ushbu savollarga javob topish uchun poytaxtdagi umumiy ovqatlanish punktlariga yo‘l oldik.

Ilgari poytaxtda xot-doglar tayyorlaydigan istalgan nuqtani fast-fud derdik. Hamma joyda bir xil do‘mboq kulchalar, sosiska, ketchup, mayonez, pomidor va bodring, sabzi salati bo‘lardi. Bugun bunday «orolcha»lar egalari turli ayyorliklarga qo‘l urmoqda, original ta’m o‘ylab topish uchun bir-biriga mos kelmaydigan masalliqlarni aralashtirmoqda, xo‘randalar e’tiborini tortish uchun turli aksiyalar o‘tkazmoqda. Ammo sifatli oziq-ovqat mahsulotiga bo‘lgan sanitariya talabi baribir o‘zgarmay qolaveradi. Biroq bunday nuqtalar egalarining hammasi ham qoidalarga amal qilavermas ekan.

Ochiqqan yigit och qoldi

Shunday qilib, Yunusobod tamanidagi budkalardan biriga o‘zim bilan olib ketish uchun tovuqli lavashga buyurtma berdim va jarayonni kuzatdim. Oshpazning jag‘i ochiqqina ekan, 12 ming so‘m uzatdim. Pulni olib sanab kurgach, lavashni tayyorlashga kirishdi. Unga qo‘lqop kiyish kerakligini eslatdim. «Iya?! Esdan chiqibdi-ku?!» deb qoldi. Demak, taom tayyorlashda sanitariya me’yorlariga amal qilmaslik va kimdir esiga solgandan so‘ng eslash mumkin ekan-da?! Ishtaham yo‘qoldi.

Yashnobod tumanida ham xuddi shu manzara kuzatildi. Avtobus bekatlaridan biridagi lavash tayyorlaydigan nuqta. Xuddi o‘shanday buyurtma berdim. Sotuvchi-oshpaz qo‘lqop kiygan. To‘g‘ri, buning uncha-muncha odam e’tibor beravermaydigan bir lekini ham bor. Vitrinaning bu tomonida turib, buni payqash ham oson emas. Asosiy masalliklar solingan idish toza emas ekan. Uning nega notozaligi bilan qiziqdim. Tan olishdi, buyurtmalar juda ko‘p bo‘lgani uchun hali yuvishga ulgurishmabdi. Biroq ular so‘nggi marta qachon hammasini tartibga solishganini aniqlashning ham iloji yo‘q edi.

Hamkasbim ham yana bir ko‘ngilsiz holatni so‘zlab berdi. Bir yigitning qorni ochib, donar, lavash, xot-dog va boshqalarni sotadigan budkaga kelibdi. Bu paytda sotuvchi hamma yoqni tartibga keltirayotgan ekan. Mijozni ko‘rgach, qo‘lidagi supurgini chetga otib yuborib, buyurtmani tayyorlashga kirishibdi. Buyurtmani tayyorlayotganda supurishdan hosil bo‘lgan  chang burniga kirgan, shekilli, og‘zini ham yopmasdan qattiq aksirib, yana ishini davob ettiribdi. Haligi ochiqqan yigitning birdan ishtahasi yo‘qolibdi.

...yog‘ shu darajada qorayib ketganki

Bunga o‘xshash vaziyatlarga bozorlarda ham duch kelish mumkin. Bu yerda odamlar ertadan kechgacha ishlashadi, va albatta, och yurishmaydi. Bundan tashqari, bozor-o‘char qilib bo‘lganlarning ko‘pchiligi ham u-bu taom yeb olishni istaydi. Odatda osh, norin, kabob, perashka va boshqa narsalarni iste’mol qilishadi. Oshpazlar ham ochiq joyda, rastalar orasida taom tayyorlaydi. Qozondagi yog‘ shu daraja qorayib ketganki, unda qancha taom pishirishganini aniqlashning imkoni yo‘q. Xullas, bir deganda ovqatdan zaharlanib qolish oppo-oson.

Umumiy ovqatlanish nuqtalariga yana kichkina restoranlar, kafe va oshxonalar kiradi. Ko‘pgina xo‘randalar arzon ovqatlardan, ko‘pi bilan 20 ming so‘mgacha, olishga harakat qiladi. Ammo ko‘proq xarj qiladiganlari ham yo‘q emas. Xizmat ko‘rsatuvchilarning xo‘randalarga muomalasi ham shunga qarab bo‘ladi, shekilli. Agar mijozning boyroqligi ko‘rinib tursa va ko‘p narsa buyursa, unga risoladagidek xizmat ko‘rsatiladi, agar cho‘ntagi bo‘shrog‘i kirib qolsa, taomni yuvilmagan idishda ham tortaverish mumkin. Tushlik tanaffuslarimda birida xuddi shunday vaziyat kuzatildi. Ovqat suzib kelishgan likopcha yog‘li edi, unda oldingi mijoz chala iste’mol qilgan sous qoldig‘i ko‘rinib turardi. Mening stolimga xizmat ko‘rsatayotgan ofitsiant qizni chaqirib, unga tanbeh berdim. U uzr so‘radi va odam ko‘payib ketganda shunaqa holatlar ham uchrab turishini aytdi va xatoni idish yuvuvchining e’tiborsizligiga yo‘ydi. Ammo buyurtmamni almashtirib berdi.

Ammo bunda vaziyatlarning hammasi ham qora ranglarda emas, albatta. Bozorda o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadigan umumiy ovqatlanish nuqtalari egalari borligini tan olish ham kerak. Raqobat tobora kuchayib borayotgan davrda mijozlarni birgina yangicha ta’m va taomlar o‘ylab topish bilan ushlab qolib bo‘lmasligini ular ham yaxshi anglashadi. Shu bois ham barcha me’yorlar, jumladan, sanitariya me’yorlariga ham qat’iy amal qilishadi. Yillar davomida misqollab yig‘ilgan nufuzni shubha ostida qoldirishni mutlaqo istamaydilar. Ana shunday kishilardan biri bilan, anonim qolish sharti asosida, suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.

– Davlatimiz tadbirkorlarga keng imkoniyatlar eshiklarini ochmoqda. Bu sohada o‘z nuqtasini ochish va ishga tushirish ilgariga qaraganda, ancha osonlashdi. Ammo bozorlarimiz bunga yetarlichi tayyor emasligi ham bor gap. Haliyam ayrim tadbirkorlar uchun umumiy ovqatlanish nuqtasi – bu biznes. Bosh mezon – pul ishlab olish. Agar e’tibor qilgan bo‘lsangiz, fast-fud tayyorlashning yagona retsepti mavjud emas. Bir masalliqni ikkinchisi bilan osongina almashtiraveradilar. Ayrim hollarda barcha masalliqlari o‘zgarib ketadi. Xodimlarni ishga olishda ham kamchiliklar kuzatiladi.

O‘z muassasamda shaxsan men mahsulotlarning sifatiga, ovqat tayyorlash jarayoniga, xomashyolarning to‘g‘ri saqlanishiga jiddiy e’tibor qarataman. Bino ichi hamisha toza-ozoda bo‘lishi lozim. Har oy dezinfeksiya, har hafta yaxshilab tozalash ishlarini o‘tkazamiz. Har biri alohida o‘quv kurslaridan o‘tgan professionallarni ishga olganmiz.

Endi hammasi vijdonga havola

Ana shu savol bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika davlat sanitar epidemiologik nazorat markazining tuman bo‘limiga murojaat qildik. Bu yerda vaziyatni shunday izohlashdi:

– Ilgari umumiy ovqatlanish nuqtalari monitoringi bilan tarkibi turli xizmat vakillaridan iborat maxsus muvofiqlashtiruvchi kengash shug‘ullanardi, bugun bu usul eskirdi. Tadbirkorlik sub’yektlariga biznesini rivojlantirishga «yashil chiroq» berilgandan so‘ng ko‘zda tutilmagan tekshiruvlar to‘xtatildi. Endi hammasi tadbirkorning vijdoniga havola. Ammo biz ham faoliyatdan to‘xtab qolganimiz yo‘q, bu borada maxsus me’yorlar ishlab chiqildi, tadbirlar, biznesmenlar bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda. Agar ularda qandaydir savol paydo bo‘lsa, hamisha bizga murojaat qilishlari mumkin. Ovqatlanish nuqtasida ko‘plab kishilar zaharlangan taqdirdagina tekshiruvlar o‘tkaziladi.

...O‘tgan yili noyabr oyida internet tarmog‘ida Samarqandda xot-dogdan 27 kishining zaharlangani haqidagi xabar paydo bo‘ldi. Bu holatda tadbirkorlik faoliyatini kerakli ro‘yxatdan o‘tkazilmay, fast-fudlarni sanitariya-gigiena me’yorlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan sharoitda tayyorlashgani aniqlandi. Bu yerda hatto, idish-tovoqlarni yuvishga suv ham bo‘lmagan. Savdo nuqtasi egasida tibbiy kitobcha ham yo‘q ekan. Laboratoriya tahlillari esa tayyorlangan souslar, salatlar, boshqa mahsulotlarda, stol oyoqlari va likopchalarda ichak tayoqchalari va stafilokokklarning ulkan manbai yig‘ilganini ko‘rsatdi. Ular esa sifatsiz mayonez bilan birga ommaviy zaharlanishni yuzaga keltirgan.

Xavfsizlik choralari

Hozircha talab bormi, taklif ham bo‘ladi. Ko‘chada fast-fudlarni tatib ko‘rishni xohlovchilar soni kamaymayapti. Terapevt Dilfuza Abdullaeva ko‘chadan taom sotib olganda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi bilan o‘rtoqlashadi:

– Avvalo, sotuvchining tashqi ko‘rinishiga e’tibor qarating. Uzun sochlar yig‘ilgan bo‘lishi kerak. Ularning sanitariya talablariga muvofiq ish qilyaptimi yo‘qmi, kuzating. Ikkinchi qoida, taomning qanday tayyorlanayotgani va qaerda saqlanayotgani nazardan chetda qolmasin. Agar bunga amal qilinmayotganini ko‘rsangiz, taomning sifati borasida ham xulosaga kelish mumkin. Kotlet tayyorlanadigan stol, taxta va asboblar tozami yoki go‘shtni qaerda kesishmoqda, muzlatgich bormi? Barcha masalliqlar past haroratda saqlanishi lozim. Va nihoyat, ovqatlanishdan oldin qo‘llaringizni yuving yoki nam salfetkalardan foydalaning.

Evelina Sinotova

 

 

 

 

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech