24 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,7 °C

Energetika
9 Iyul  2019 1884

Qurilajak AES maydonchasida deputatlar desanti

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov boshchiligidagi bir guruh deputatlar Jizzax viloyati Forish tumanidagi Tuzonko‘l ko‘li yaqinidagi atom stansiyasini qurish uchun tanlangan maydonga tashrif buyurdi. Tadbirda «O‘zatom» va «Rosatom» agentliklari mutaxassislari, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tashrifdan maqsad – AESni qurish uchun maydonda olib borilayotgan izlanishlar bilan tanishishdir. Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan «Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilindi, bu O‘zbekistonda atom energetikasini yaratishning huquqiy asosini ta'minlaydi va AES kabi noyob ob'ektni qurish va undan foydalanish xavfsizligini ta'minlash hamda ekspluatatsiya qilish huquqini beradi.

– Deputatlarimiz allaqachon Novovoronejsk AESi (Rossiya), Tokay AESi (Yaponiya) va Paksh AESi (Vengriya)da bo‘lib qaytishdi va shu bois Forish tumanida ishlar qanday ketayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni istadilar, – deydi B.Alixonov. – Ishlar ko‘lami, albatta, bizda katta taassurot qoldirdi va kelgusida ham ishlarning ketishi bilan tanishib borishni rejalashtirmoqdamiz. Axir, eng muhimi, bu texnologiyalar fuqarolarning sog‘lig‘iga va atrof-muhitga zarar yetkazmasligi lozim.

Ayni paytda, tadqiqot ishlarining faqat birinchi bosqichi yakuniga yetgan. Texnikalar olib kelingan va texnik loyihani yanada puxtaroq ta'minlash talab etiladigan ikkinchisi boshlanadi.

– Mazkur bosqichda geologik kesmalar quriladi, har bir bino markazi ostidan yuz metr chuqurlikdagi quduqlar burg‘ilanadi, kenrlar (quduqlardan olinadigan jinslar namunalari – muallif izohi.) olinadi, zichligi, mustahkamligi va turli fizik xususiyatlari tekshiriladi, – deydi «Rosatom» davlat korporatsiyasi Injiniring divizioni texnik siyosati bo‘yicha qo‘shma loyiha instituti vitse-prezidenti Andrey Kuchumov. – Bu AESni bevosita loyihalash uchun dastlabki ma'lumotlardir.

– «Rosatom» tomonidan O‘zbekistonga taqdim etilgan SSER-1200 (suv-suvli energetik reaktor – VVER - vodo-vodyanoy energeticheskiy reaktor) qurilmasi loyihasi nafaqat Rossiya federal normalari, atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha standartlar va talablarni, balki MAGATE tavsiyalarini, yevropa ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarining va G‘arbiy Yevropa yadroviy xavfsizlikni tartibga solish organlari assotsiatsiyasining talablarini ham hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. AESning faol va passiv xavfsizlik tizimlarining kombinatsiyalashtirilishi radiatsiya materiallarining tashqi muhitga chiqishi ehtimolini butunlay bartaraf etish imkonini beradi, ob'ektning har qanday kutilmagan vaziyatlarga bardoshliligini ta'minlaydi. Bu dunyodagi eng mukammal va xavfsiz loyiha, biz Rossiyada uni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganmiz va endi ushbu tajribani O‘zbekistonga ishonch bilan taklif qila olamiz, - deya ta'kidlaydi A.Kuchumov.

AESni joylashtirish uchun joy tanlash muhandislik qidiruvlarining birinchi bosqichi Qurilishda muhandislik qidiruvlari O‘zbekiston geoaxborot va shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tekshirish instituti – «O‘zGAShKLITI» DUK tomonidan amalga oshirilgan. Ikkinchi bosqichga «O‘zbekgidrogeologiya» DUK jalb etilgan bo‘lib, uning vazifasi yer qa'rini kompleks geologik o‘rganish, gidrogeologik hamda qurilish ehtiyojlarini muhandislik-geologik jihatdan ta'minlashdan iborat. Oldinda hali uchinchi va to‘rtinchi bosqichlar: boshqa institut va mahkamalarni jalb etgan holda muhandislik-gidrometeorologiya va muhandislik-ekologik qidiruvlarini amalga oshirish.

Bunday yuqori texnologik inshootlarni qurishda qo‘llaniladigan mezonlar juda jiddiy. Shu bois qidiruv ishlarida ishlatiladigan uskunalar o‘ta zamonaviy – bu tahlil qilish uchun yuqori sifatli material olish imkonini beradi. Geodeziya ishlarini bajarish uchun uch o‘lchamdagi keng ko‘lamli tasvirni yaratadigan dronlardan foydalaniladi. Loyiha barcha texnologik talablarga javob berishi, barcha sinovlardan o‘tishi kerak va shundan so‘nggina maydonning o‘ziga va AESni qurish uchun litsenziya beriladi.

– MAGATE O‘zbekiston bilan yadro energetikasini rivojlantirishda hamkorlikka tayyor ekanini tasdiqladi, dasturni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi va ushbu milliy loyihani amalga oshirishda davlatning rolini alohida ta'kidladi, - deydi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, «O‘zatom» agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Kelajakdagi AESning muvaffaqiyatli qurilishi va faoliyatining muhim omili kadrlarni tayyorlash tizimi hisoblanadi. Prezidentimizning 2018-yil 20-iyuldagi «Toshkent shahrida «MMFI» milliy tadqiqot yadro universiteti» federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasining filialini tashkil etish va uning faoliyatini tashkillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Joriy o‘quv yilidan boshlab universitet birinchi 100 nafar talabani to‘rt yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga qabul qiladi: yadro energetikasi va issiqlik fizikasi; yadro fizikasi va texnologiyalari; issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi; elektr energetikasi va elektrotexnika. Bundan tashqari, 56 kishi «MMFI» MTYaUda allaqachon o‘qitilmoqda, 30 tasi esa joriy yilda ushbu nufuzli muassasaning bakalavriat va magistraturasiga tanlanadi.

Maydondan 2,5 km masofada (joy allaqachon aniqlangan, ammo qidiruvchilarning fikrini tasdiqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar kerak) Tuzonko‘l ko‘li joylashgan. Maydonning o‘zi geografik jihatdan tuman markazidan 21 kilometr, poytaxtdan 175 kilometr masofada.

Respublikada belgilangan atom elektr stansiyasini qurish va foydalanishga topshirish nafaqat milliy fan-texnika modernizatsiyasiga kuchli turtki berishi, balki Forish tumani va butun mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit yaratadi.

Aniqrog‘i, bu elektr energiyasi ishlab chiqarish. Ikki blok qurilishidan yiliga 18-18,5 milliard kVt/soat darajasida barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Qurilish davrida sakkiz mingga yaqin mutaxassis, shuningdek, boshqa tegishli tarmoqlar: xizmat ko‘rsatish, transport, oziq-ovqat ta'minoti jalb etiladi. Qurilish yakuniga yetgach, 2,5 mingdan ko‘proq malakali xodimlar AESda ish bilan ta'minlanadi. Bu, asosan, maxsus dasturlar bo‘yicha o‘qitilgan mahalliy aholi bo‘ladi. Bundan tashqari, AES atrofida o‘z infratuzilmasiga, zamonaviy avtomobil va temir yo‘llariga ega atomchilar shaharchasi qad rostlaydi. Bularning barchasi mintaqaning umumiy iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi. Oddiy misol: yevropada AESni qurish uchun sarflangan bir dollar butun mamlakat iqtisodiyotini yaxshilashga besh dollar bo‘lib qaytadi.

Deputatlarning Forishdagi 18-san'at maktabida jamoatchilik bilan o‘tkazgan yig‘ilishida ham shu haqda so‘z bordi. Tumanning kelajagi muhokama qilindi. Aholidan juda ko‘plab savollar tushdi. Birinchi navbatda ular xavfsizlik va ish bilan ta'minlanish, tuman aholisi uchun ta'lim darajasini oshirish va infratuzilmani rivojlantirish bilan qiziqishdi. Deputatlar, «O‘zGAShKLITI» DUK va «Rosatom» vakillari savollarga to‘liq javob berdilar. Ular yana mahalliy aholining loyihada ishtirok etishi, qurilajak ob'ektning tuman qishloq xo‘jaligi va ekologiyasiga va boshqa ko‘p narsalarga ta'sir qiladimi-yo‘qmi qiziqish bildirdilar.

Aleksandr Zotov.

«Pravda Vostoka».

Muallif surati.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 9-iyuldagi 136-sonida «Deputatskiy desant na stroitelnoy ploщadke buduщey AES» sarlavhasi bilan nashr etilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech