14 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +4,9 °C

Madaniyat
24 Yanvar  2019 5438

Yerdagi maktabda yetti yil o‘qigan «Marsdan kelgan odam»

Kinorejissyor Aliaskar Fatxullin 1950-80-yillarda O‘zbekistonda yashab ijod qilgan yozuvchi Yavdat Ilyosovni o‘zining bir hujjatli filmida «Marsdan kelgan odam», deya atagan. Uning hayot va ijod yo‘li aqlbovar qilmas hodisalaru sinoatlarga limmo-lim. Hatto, maktabni ham tugatmagan bu inson «G‘azab so‘qmog‘i», «So‘g‘diyona», «Olachipor o‘lim», «Ilon avrovchi», «Anaxitaning qasosi», «Paykon va quyosh» kabi kitoblar muallifidir. Ular nashr qilinganidanoq qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan, hozirda ham qayta chop etilmoqda, ular asosida opera va baletlar sahnalashtirilyapti, badiiy filmlar suratga olinmoqda.

Ilyosovni asarlarini tarixiy syujetlar ustiga qurgan, Markaziy Osiyoning ma’lum bir davri hodisalariga badiiy shakl bergan tug‘ma yozuvchi, deyish mumkin. Adib asarlarida haqqoniy hodisalar fonida real faktlarni badiiy to‘qima bilan, o‘sha davrning haqiqiy qahramonlari-yu, to‘qimalarini o‘zaro uyg‘unlashtira olgan. Yana voqyealarning bari tasvirlanayotgan davr doirasida kechadi. Uning yozish uslubini «valterskottcha uslub», deyish ham mumkin. Taniqli britaniyalik yozuvchi Valter Skott tarixiy roman janri asoschisi hisoblanadi. «Ueverli yoki oltmish yil ortga», «Rob Roy», «Ayvengo», «Kventin Dorvard» asarlari bunga misol. Ushbu yo‘nalishning yorqin namoyandalariga Viktor Gyugo, Katta Aleksandr Dyuma, Lion Feyxtvanger, Aleksandr Pushkin, Nikolay Gogol, Lev Tolstoy, Aleksey Tolstoy, Vasiliy Yan, Valentin Pikul, bizda - Oybek, Odil Yoqubov, Shukrullo, Maqsud Qoriyev va boshqalar kiradi.

Yavdat Hasanovich, so‘zsiz, g‘oyat iste’dodli adib, adolatparvar va vijdonli kishi edi. Yaxshigina taniqli bo‘lishiga qaramay, muhtojlikda yashagan, biroq taqdirning turli o‘yinlari-yu, to‘siqlariga qaramay, abadiylik uchun tinmay ijod qildi. U nima o‘tkinchi-yu, nima aynimas ekanini juda yaxshi bilardi. Shu bois ham uning kitoblari mamlakatimizning taniqli badiiy asarlari qatoridan joy olgan.

O‘zbekistonda yashagan boshqird millatiga mansub, va o‘zi asosan, rus tilida qalam tebratgan bu inson, afsuski, yaqin vaqtlarga qadar hozirgi avlod kitobxon vatandoshlarimizga notanish bo‘lib qolaverdi. Ana shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun yozuvchining farzandlari Ilona va Jangarlar ezgu ishga bel bog‘ladilar. Ular otasi to‘g‘risida ma’lumotlarni hujjatlaru tanish-bilishlari xotirasiga tayangan holda, go‘yoki o‘zga sayyoradan kelgan odamga ma’lumot to‘plagandek, misqollab yig‘dilar. Ularning «Qaramay – va qat’i nazar» kitobi 2018-yilda «Baktria press» nashriyotida chop etildi. Asarning nomi ramziy, albatta, mualliflar uni otasining doim ishlatadigan bir iborasidan olishgan. Ma’lum bo‘lishicha, yaxshi va yomon kunlarida, hayotining og‘ir vaziyatlarida undan hol-ahvol so‘rashsa, birday «Qaramay va qat’i nazar», deya javob berarkan.

Chindan ham, peshonasiga o‘ta nooddiy taqdir bitilgan ekan. U Boshqirdistonda, yermekeevsk rayonidagi Islambaxti qishlog‘ida tug‘ilgan. Mazkur qishloq Kama irmoqlaridan biri bo‘lgan Ik daryosi qirg‘og‘ida joylashgandi. Quloqlarning ashaddiy dushmani bo‘lgan o‘qituvchi otasini oq gvardiyachilar onasining ko‘z oldida otib tashlashgan. Onasi ham otasining fikrlari tarafdori bo‘lib, irodali va qat’iyatli ayol edi. Bolalarini ham ana shunday qismat kutayotganini anglagan ona qishloqdoshlari bilan xayrlashib, uyidan minglab kilometr uzoqlarga bosh olib ketdi. Oldin Toshkentga keldi, so‘ng Yangiyo‘lga yaqin joyga o‘rnashdi.

Qo‘shnilarining aytishicha, Yavdatning qobiliyati juda erta paydo bo‘lgan. Uch yoshida «Men kim bo‘laman?» she’rini yozib, uni bosib chiqarishga va’da bergan temiryo‘lchilar almanaxiga yuborgan.

Urush yillarida baxtli tasodif tufayli u o‘qiyotgan maktabga Leningraddan bir necha yuzlab tomdan iborat tarixiy adabiyotlar kutubxonasini olib kelishgan. Ushbu kitoblar Yavdat uchun o‘ziga xos ustoz, o‘zining aytishicha, «sirtqi ta’lim» vazifasini o‘tagan.

Uning iste’dodi juda serqirra bo‘lganiga misollar ko‘p: juda chiroyli chizardi, hatto, madaniyat saroyida rassom bo‘lib ham ishlagan, ko‘pgina sozlarda, ayniqsa, skripkani yaxshi chalgan. Bor-yo‘g‘i yettinchi sinf ma’lumotiga ega bo‘lsa-da, o‘ninchi sinf bolalariga o‘zbek tilidan dars bergan. Oliy ma’lumoti bo‘lmasa-da, «Komsomolets Uzbekistana» (hozirgi «Molodyoj Uzbekistana»), «Tashkentskaya Pravda», «Fizkulturnik Uzbekistana» gazetalari tahririyatlarida samarali faoliyat olib borgan, «Zvezda Vostoka» jurnalida bo‘lim mudiri, mamlakat Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib bo‘lib ishlagan.

Gazetalarda uning she’rlari muntazam bosilib turardi, 1956-yilda «Zvezda Vostoka» jurnalida «G‘azab so‘qmog‘i» qissasi e’lon qilindi. Asar, muallif uni doston deb ham atagan, real tarixiy hodisalarga asoslangan. Unda forslar shohi Doro I ni uzoq va kimsasiz, halokatli sahroga aldab boshlab borgan, massaget qabilasidan bo‘lgan Shiroqning qahramonligi haqida so‘z boradi. Muallifning ana shu asaridayoq uning o‘z takrorlanmas uslubiga egaligi yaqqol seziladi. Unda nasr va nazm, tushunarlilik, uzoq o‘tmishga oid murakkab savollarga sodda va bir necha jumla orqali javob berish o‘zaro uyg‘unlashib ketgan. Shu bois ham Yavdat Ilyosovning yozuvchi do‘stlari u haqda: «go‘yoki o‘rma qamchi bilan shart etib urganday yozadi», deyishardi.

Qissa e’lon qilingandan so‘ng hududning uzoq o‘tmishi haqidagi asarlar seriyasi boshlandi. Ular ichida eng keng qamrovlisi makedoniyalik Aleksandrning fors davlatiga yurishi va So‘g‘diyona aholisining unga qarshilik ko‘rsatgani haqida hikoya qiluvchi «So‘g‘diyona» asaridir. Bosqinchilarga qarshi kurashga so‘g‘d Spantamano (Spitamen) rahbarlik qilgan. 1964- yilda nashr etilgan «Olachipor o‘lim» qissasi esa fors shohi Buyuk Kir II ustidan g‘alaba qozongan sak va massagetlar hukmdori To‘marisga bag‘ishlangan.

Ya.Ilyosovning «Ilon avrovchi» qissasi Sharqning buyuk shoiri Umar Hayyom haqida, muallifning o‘zi esa uni avtobiografik, deb atagan. Unda yozuvchining qiyin va murakkab hayot yo‘li ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. «Sukut minoasi» uning davomi bo‘lishi kerak edi, biroq u tugallanmay qolgan. Muallif uning birinchi ikkita va uchinchisining bir qismini yozishga ulgurgan. Biroq shunga qaramasdan, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti har ikkita qissani bitta kitob shaklida nashr etdi.

Yozuvchining «Paykon va quyosh» deb nomlangan yagona romani ham o‘zida ikki ming yil oldinga voqyealarni jonlantiradi. Qudratli Bosfor shohi Asandr Qrimdagi ozodliksevar Xersonesni ham zabt etishni diliga tukkan. Niyatiga yetish uchun o‘g‘lini mahalliy hukmdorning qizi Gikiyaga uylantiradi. Biroq shohning istilo qilish bilan bog‘liq rejasi ma’lum bo‘lgach, Gikiya vatandoshlari erki-ozodligi uchun eriga nisbatan bo‘lgan muhabbatidan voz kechadi va qarshilik harakatiga rahbarlik qiladi.

Yozuvchi kinodramaturgiyada ham o‘z kuchini sinab ko‘rgan. Ilk yozgan ssenariysi «Yosh dorbozning sarguzashtlari» deb nomlangandi. U «Dorbozlar» nomi bilan badiiy film sifatida ekranlarga chiqqan. Muallif ushbu mavzuni bekorga tanlagan emas: uning ikkinchi umr yo‘ldoshi Anor Shakirovna taniqli Toshkenboevlar sulolasidan edi.

Shaxs va xalq, xalq va hokimiyat, ijod va hokimiyat, badiiy ijod mohiyati Yavdat Ilyosov asarlaridagi bosh mavzular edi. Uning tarixiy asarlarida romantizm usullari va real hodisa va shaxslarning chuqur tasviri qoyilmaqom tarzda o‘zaro uyg‘unlashib ketgan. Shu bois ham uni faqatgina tarixiy adabiyot ixlosmandlari o‘qishmagan.

Masalan, «Qaramay – va qat’i nazar» asarida shunday epizod keltiriladi: «Bir kuni O‘zbekiston yetakchisi Sharof Rashidovning kompartiya bosh kotibi Yuriy Andropov bilan suhbati bo‘lib o‘tadi. Va unda Andropov O‘zbekistondagi ahvol, ishlardan emas, balki kutilmagan savolni so‘ragan:

- Sharov Rashidovich, sizga yozuvchi Yavdat Ilyosov ismi tanishmi?

- Albatta.

- O‘ta sinchkov va istedodli yozuvchi ekan. Yaqinda uning bir tarixiy qissasini qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Hayratomuz va maroqli chiqibdi. Meni yozuvchining o‘lkangiz tarixini naqadar chuqur bilishi lol qoldirdi. Bunday yozuvchilarni asrab-avaylash kerak, ijod qilishi uchun sharoit yaratib berish lozim.

Mehmonxonaga qaytgach, Sharof Rashidov Toshkentga, yordamchisiga qo‘ng‘iroq qilib, dedi:

- Ertaga ertalab uchaman, kechqurunga Yavdat Ilyosovni taklif qil. U bilan suhbatlashmoqchiman...

Ammo uchrasha olmadilar. Xuddi o‘sha kuni yozuvchi cho‘kib ketdi».

Afsuski, hayotlik chog‘ida uning ijodi munosib baholanmadi. Uning o‘sha davrlarda birorta asari Moskvadagi nashriyotlar tomonidan chop etilmagani bois ittifoqqa unchalik tanilmagan. Uning mualliflik huquqini ham poymol etishgan. Masalan, Toshkentda Yavdat Ilyosov asari asosida libretto «So‘g‘diyona qoploni» operasi qo‘yildi. Biroq qandaydir sabab bilan syujet manbasi va yozuvchining o‘zi hyech qaerda tilga olinmagan. Spitamenga boshqa birorta tarixiy manbada «qoplon» deya nisbat berilmagan. Bu nomni unga aynan Ilyosov bergandi.

Biroq adolat hamisha o‘ziga yo‘l topadi. Bugun uning asarlari Moskvada faol nashr etilmoqda, boshqa tillarga, xususan, litva va slovak tillariga o‘girilgan. Bugun uning kitoblarini o‘zbek o‘quvchilari ham ona tilida mutolaa qilishi mumkin. Uning to‘rt kitobi: «So‘g‘diyona» (tarjimon Ma’ruf Jalil), «Ilon avrovchi» (Habiba va Shomuhiddin Mansurovlar), «Olachipor ajal» va «G‘azab so‘qmog‘i» (Shomuhiddin Mansurov) o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Yozuvchi ijodiga atoqli olim va adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor, Firdavsiy nomidagi xalqaro mukofot sohibi Shoislom Shomuhammedov yuksak baho bergan. U «Ilon avrovchi» va «Sukut minorasi» asarlaridagi so‘ngso‘zda «Bu qissalari bilan Yavdat Ilyosov nafaqat Umar Hayyomga, balki o‘ziga ham haykal o‘rnatib ketdi», degan so‘zlarni yozgan.

Yuqorida nomi tilgan olingan «Qaramasdan - va qat’i nazar» kitobi san’atshunos va arxeolog Jangar Ilyosovning: «Rasman qabul qilingan sanaga muvofiq 2019-yilning 16-fevralida Yavdat Ilyosov tavalludiga 90-yil to‘ladi. Bu sanaga bag‘ishlab biror rasmiy tadbirlar o‘tkaziladimi-yo‘qmi, bilmayman,  biroq  ushbu kitob murakkab taqdir sohibi va iste’dodli yozuvchiga nisbatan hurmat-ehtiromdir. Asarning o‘quvchiga «qaramasdan va qat’i nazar» yashagan va ijod qilgan Yavdat Ilyosovni yaqinroq bilish va tushunish imkonini berishiga umid qilib qolaman», degan so‘zlari bilan yakunlanadi.

Akmal Saidov,

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 24-yanvardagi 16-sonida e’lon qilingan.

 

 

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech