18 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,6 °C

Ijtimoiy hayot
2 Iyul  2019 3434

Na uyat bor va na nomus: bolalar bog‘chalarini tekshirishda nimalar aniqlandi?

Maktabgacha ta’lim tizimida maxsus vazirlik mavjud bo‘lmagan yillarda soha tezkor yechim talab qiladigan qiyin vaziyatda edi. Xususan, ish mas’ul shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlariga taalluqli masalaga oid edi. MTV shakllanishi bilan uzoq vaqt davomida joylarda hokimiyatni suiiste’mol qilgan va huquqbuzarliklarni sodir etganlar ustidan nazorat kuchaydi.

Afsuski, bolalar farovonligiga mutlaqo befarq bo‘lganlar haliyam uchrab turadi. MTM rahbarlari bila turib qonunga ko‘ra bolalarga berilishi kerak bo‘lgan narsalardan ularni mahrum etib, huquqlarini poymol etishgacha borishmoqda. Bunday holatlarni aniqlashga vazirlikning ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati faoliyati yo‘naltirilgan. O‘tkazilgan monitoring natijalari haqida MTV ichki audit xizmati boshlig‘i Dilshod NORMATOV so‘zlaydi:

– O‘tgan yili tekshiruvlar natijasida umumiy qiymati 11 milliard so‘mlik moliyaviy huquqbuzarliklar aniqlandi, ularning 47,6 foizi kamomad va noqonuniy xarajatlarni tashkil etadi. 2019-yilning birinchi choragida 5,4 mlrd. so‘mlik huquqbuzarliklar qayd etildi. Bundan tashqari, davlat xaridlari, byudjet mablag‘larini noto‘g‘ri rejalashtirish, ortiqcha va boshqa ko‘plab sohalarda noqonuniy xatti-harakatlar aniqlandi. MTMda noqonuniy mablag‘ sarflash «o‘lik jonlar»ga, ya’ni rasman ishga qabul qilingan, ammo aslida ishlamaydigan xodimlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bolalar bog‘chalari rahbarlari, ma’lum bo‘lishicha, ularning ish haqlarini o‘zlashtirishadi. «O‘lik jonlar»ga esa keyinchalik pensiya to‘lanadigan ish staji ketaveradi. Ishning bunday yo‘lga qo‘yilishi oxir-oqibat turli ko‘ngilsizliklarga olib keladi, albatta. Agar muassasada «o‘lik jonlar» bor bo‘lsa va ularning ham vazifasini ishlayotgan xodimlar bajarsa, turli chalkashliklar yuzaga keladi. Natijada bolalarga tarbiyachi va pedagoglar tomonidan yetarlicha e’tibor berilmaydi, bu esa ta’lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

«O‘lik jonlar» muammosi yangilik emas, bu MTM rahbarlarining eng ko‘p qo‘llaydigan «sevimli» amaliyotidir.  Ba'zan biror kishi muassasa rahbarligiga qo‘yib qo‘yiladi-da, lekin aslida bolalar bog‘chasini butunlay boshqa yoki bunga umuman aloqasi bo‘lmagan kishi boshqaradi. Ko‘pincha vazifalar mavjud xodimlarning zimmasiga tushadi, ularning aksariyati bu kabi ishlarga tayyor emas, shu bois bunday funksiyalarni ko‘ngildagidek bajara olmaydi. Bu muammo maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishda eng ko‘p zarar beruvchi omillardan biri hisoblanadi. Bunday holatlarni bartaraf etish va oldini olish maqsadida vazirlik muntazam ish olib bormoqda. Masalan, har bir maktabgacha ta’lim muassasasida jamoatchilik nazoratiga rioya qilish uchun faol ota-onalarni o‘z ichiga olgan kuzatuv kengashi tashkil etildi.

Qonunbuzarlikning yana bir keng tarqalgan turi – ishchi-xodimlarga soxta mukofot pullari va qo‘shimcha maosh yozish, ular amalda bu mablag‘larni qo‘llariga olishmaydi. Bunday holatlardan biri Xorazm viloyati Shovot tumanidagi 14-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. U yerda besh-olti yil davomida xodimlarga ish haqi to‘liq to‘lanmagan. Ba’zi oylar bepul ishlashgan. Bu ham yetmaganday, ularni mahalliy fermer xo‘jaligida ishlashga jalb qilishgan. Ushbu muassasani mudiraning maktabgacha ta’lim muassasasiga tarbiyachi lavozimiga rasmiylashtirilgan qaynonasi boshqararkan. Umuman olganda, dastlabki va yakuniy taftish natijalariga ko‘ra, bolalar bog‘chasida 197 mln. so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 16-maktabgacha ta’lim muassasasida tekshirish davomida 115 million so‘mlik ish haqi to‘lanmagan. Tekshiruvlar davomida ota-onalar badallari va homiylik tushumlari bolalar bog‘chasi kassasiga kirim qilinmagan holatlar ko‘plab aniqlanadi. XTV va Moliya vazirligining «Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta'minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga muvofiq bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘lov har oyning 15 kunidan kechiktirmay amalga oshirilishi lozim.

To‘lov mexanizmi shunday – ota-onalar bolalarni maktabgacha tarbiya bilan ta’minlash uchun pul olib kelishadi va guruh tarbiyachisiga beradi, u esa o‘z navbatida, mudira yoki uning ishonchli vakiliga beradi. Ikkinchisi pulni bank kassasiga o‘tkazishi kerak. Bu ota-onalar uchun ham katta xavf. Shunday qilib, ular beixtiyor mudiralar tomonidan mablag‘larini noqonuniy talon-toroj qilish mumkin bo‘lgan vaziyatni yuzaga keltiradilar. MTM xodimlariga ota-onalardan bolalar tarbiyasi uchun naqd shaklda pul olish qat'iyan man etiladi. Shu bois to‘lovni faqat bankda amalga oshirishni so‘raymiz.

Bundan tashqari, MTM rahbarlari bolani bog‘chaga yo‘llanmasiz qabul qilish uchun pora olish ham noqonuniy daromad manbaiga aylangan. Bu muammo kecha ham, bugun ham paydo bo‘lgan emas: bolalar bog‘chalarida joy yetishmasligi tufayli ota-onalarning o‘zi bunday qonunbuzulishlarga yo‘l qo‘yishadi. Endi MTMlar soni ko‘paydi va fuqarolarning huquqiy ongi ham o‘sdi. Biroq bolalarni noqonuniy qabul qilish hollari hali-hamon qayd etilmoqda. Birinchidan, bu korrupsiya faktini keltirib chiqaradi, ikkinchidan, muassasada rasman hech kim farzandingiz uchun javobgar bo‘lmaydi, negaki u rasman ro‘yxatdan o‘tmagan.

Qoidabuzarliklar orasida bolalarga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini qonunga xilof ravishda o‘zlashtirish holatlari ham qayd etilgan. Bu eng keng tarqalgan holatlardan biridir. MTMda oziq-ovqat mahsulotlarini tashkil etish sifatini o‘rganish uchun maxsus komissiyalar tuzilmoqda. Komissiya tarkibiga - hamshira, tarbiyachi, oshpaz, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, ota-onalar kiritiladi. Ammo ularning faoliyati ham hozircha qoniqarsiz qolmoqda. Hali ham kamchiliklar aniqlanyapti. Auditorlar muntazam ravishda bog‘lardagi yashirin joylardan, hujjatlarga ko‘ra, ular taom tayyorlashda allaqachon ishlatilgan oziq-ovqat mahsulotlarini topishadi. Qisqacha aytganda, mahsulot bolalar stoliga yetib bormaydi. Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 596-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida tarozi platformasi ostiga va omborxonaga, Sergelidagi 292-sonli MTMda choyshablar taxlami ostiga, Xorazm viloyatining Yangiariq tumanidagi 5-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida oziq-ovqatni elektr shchitiga yashirishgani aniqlandi. Jizzax shahridagi 39-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurilganda bog‘ ishchilari qonunbuzulishni yashirish uchun 27 kilogramm go‘shtni kanalizatsiya chuquriga tashlab yuborishgan. Ta’mirlash, kanselyariya tovarlari, mebel va boshqa zarur narsalarni sotib olish uchun ajratilgan mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish borasida ham katta qoidabuzarliklar qayd etilgan. Masalan, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi maktabgacha ta’lim bo‘limiga shartnomada ko‘rsatilganidan kichikroq hajmli muzlatgichlar yetkazib berilgan, rejalashtirilgan ta’mirlash uchun qurilish materiallari esa umuman olib kelinmagan.

Tizimda hal qilish lozim bo‘lgan muammolar ko‘p. Ishchilardagi huquqiy savodxonlikning past darajasi yuqorida ko‘rsatilgan oqibatlarga olib keladi. MTV bunday vaziyatlarni bola huquqlarini qo‘pol ravishda buzish, deb hisoblaydi. Mutasaddi organlar tomonidan tegishli choralarning ko‘rilishi tizimdagi huquqbuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan. Biz farzandlarimiz manfaati uchun hamma narsani qilish, ular uchun sharoit yaratish yo‘lida yagona maqsad sari intilmoqdamiz. Bu sohada mehnat qilayotgan har bir shaxs tomonidan tartib va intizomga rioya qilish orqali amalga oshirilishi mumkin.

 

Yevgeniya Yun yozib oldi.

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech