16 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,6 °C

Ijtimoiy hayot
4 Noyabr  2019 361

Jabr ko‘rgan ayollarning aksariyati yaqini qarindoshlari va qaynonalaridan jabr ko‘radi

Poytaxt va uning tumanlarida ayollar duch kelgan zo‘rlikning 40 foizi erkaklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunday holatlarning 60 foizi esa jabr ko‘rganlarning qaynonalari va qarindoshlari sabab yuzaga keladi, deydi Toshkent shahar Toshkent shahrida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazining direktori Gulchehra Matkarimova.

Markaz rasman 2019-yilning 29-avgust kuni ochilgan. 10 oktyabrga qadar markazga 184 nafar ayol murojaat qilgan. Ularning 98 nafari psixologik yordam maqsadida, 25 nafari tibbiy yordam so‘rab hamda 35 nafari huquqiy yordam zarurati bilan murojaat qilgan. Bundan tashqari, reabilitatsiya markazi xodimlarining harakati bilan 17 ta oilani tiklashga erishildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qiladi.

Ko‘pincha janjalning o‘chog‘i yashash joyidan chiqadi

Markaz direktorining ta'kidlashicha, qarindoshlar tomonidan zo‘rlik ishlatishning deyarli barcha holatlari ichki muammolar bilan bog‘liq.

“Er-xotin o‘rtasidagi jiddiy kelishmovchilik sabab, ayol bolasi bilan uydan ketishga majbur bo‘ladi. Aksariyat holatda turar joy erga yoki uning otasiga tegishli bo‘lganligi sababli ayol o‘z qarindoshlarining uyiga qaytib boradi. Bizda jabr ko‘rgan ayol o‘z tug‘ishgan akasining uyiga borgan holat uchragan. Aka uylangan, uning bo‘yi yetib qolgan farzandlari bor. Shunda kutilmaganda singlisi qaytib kelib, uyning bir qismiga egalik qilgan. Shu sababli akaning xotini, ya'ni kelinoyi jabrdiyda ayolga qarshilik qilgan. Shu jumladan, unga nisbatan jismoniy zo‘rlik ishlatgan. Gulchehra Matkarimova suhbat davomida bunday holatlar ko‘p uchrayotganligini ham aytib o‘tdi.

Erkaklarning ayollarga nisbatan zo‘rligi – mamlakatning dolzarb muammosi

Erkaklarning ayollarga zo‘rlik ishlatishi jamiyatning o‘tkir muammosidir. Xotin-qizlarning hammasi ham yordam izlab murojaat qilmaydi, demakki, ushbu statistik ma'lumotlar katta muammoning bir qismi xolos.

 “Bunday holatlarning aksariyati odatda bir xil boshlanadi: boshida hammasi yaxshi. Keyin erkak sekin-asta agressiya belgilarini namoyon qila boshlaydi. Hammasi mayda gaplardan boshlanadi: masalan, ayol erining telefon qo‘ng‘iroqlari va  sms xabarlarini tekshirishni boshlaydi. Keyin yigit qizga arzimagan bahona bilan qo‘l ko‘taradi. Ayol indamay, bunday harakatlarni tabiiy qabul qiladi. So‘ng esa bu odatga aylanadi, er ayoliga nisbatan jismoniy zo‘rlikni hamda ma'naviy bosimni kuchaytiradi”, – deydi jabr ko‘rgan ayollarning ma'naviy-ruhiy holatini tiklash bilan shug‘ullanuvchi psixoterapevt.

“Men bolaligimdan otam onamga qo‘l ko‘targanini ko‘rib kelganman, shuning uchun erkakning ayolga zo‘rlik ishlatishi qandaydir yomon holat ekanligini tasavvur ham qilmaganman”.  Oilaviy zo‘rlik sabab markazga kelgan qizning bu so‘zlarini tabiiy qabul qilish uchun  emas, xulosa chiqarish uchun keltirilmoqda.

U o‘zining qadrdon insonidan jabr ko‘rgan. Qiz 19 yoshda, o‘zini dadil tutib, unga hyech narsa bo‘lmaganday o‘tirdi. Biroq markaz direktorining so‘zlariga qaraganda, boshida buning mutlaqo aksi bo‘lgan. 1,5 oy avval qizning ota-onasi markazga murojaat qilganida, u ruhan tushkun, qiyin ahvolda edi.

“Bolaligimda yetkazilgan ruhiy zarar sababli, ko‘ngil qo‘ygan yigitim ham bunday munosabat qilishiga yo‘l qo‘ydim”. Qizning so‘zlariga ko‘ra, u yigit bilan tanishganida 17 yoshda, yigit esa 19 yoshda bo‘lgan. Ular ishda tanishishgan. Boshida u qizni sevgan, erkalagan. Keyin u qizning uyida onasiga nisbatan otasi zo‘rlik qilishidan xabardor bo‘lib qolgan.

«Nima uchun bilmadim, lekin yigitim oilamdagi sharoitni bilganidan keyin, menga turli yo‘llar bilan ma'naviy bosim o‘tkaza boshladi, ko‘p o‘tmay qo‘l ko‘tardi. Unga ijtimoiy tarmoqlarda borligim yoqmasdi. Mening o‘qigim va ishlagim kelardi, unga fikrim yoqmasdi. U mendan uyda o‘tirishimni talab qilardi. U sabab-besabab yuzimga musht tushshirardi. Sochlarimdan tortib urardi. Belimga zarb bilan urganining izlari hozirgacha saqlanib qolgan».

Nega qiz bunday holatni avvalroq ota-onasiga aytib bermadi degan savolga u ota-onasi yigitga yoki yigit uning oilasiga jabr yetkazishidan qo‘rqqanligini aytdi.

 «U bilan orani ochiq qilmoqchiligim haqida aytganimda u meni do‘pposlab urdi. Keyin ota-onam yoki singillarimga biron narsa aytsam, ularni o‘ldirishini aytib qo‘rqitdi. Men undan qo‘rqardim» – deydi jabrdiyda qiz.

Ona qizining kaltaklanayotganidan xabar topganidan keyin qiz reabilitatsiya markaziga tushgan. U qizini prokuraturaga olib borgan va u yerda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uni so‘roq qilishgan. So‘ng qizni xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga jo‘natishgan. Markazda unga maksimal darajada psixologik, tibbiy va huquqiy yordam berilgan. Qiz bir yarim oydan beri reabilitatsiya markazida bo‘lib, hozirgi holati avvalgidan ancha yaxshi, uning o‘ziga nisbatan ishonchi ortgan.
“Menga bu yer juda yoqdi. Men bilan ishlagan shifokor ruhiy ahvolim yaxshilanishiga va  yashashga kuch topishimga yordam berdi. Men universitetda o‘qimoqchiman. Ishga kirmoqchiman va shundan keyin, nazarimda, munosib insonni uchrataman. Men bilan ro‘y bergan dahshat qaytarilishiga boshqa yo‘l qo‘ymayman”, – deb maqsadlari bilan bo‘lishdi qiz.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi Chilonzor tumani, Dilxush ko‘chasi, 38-uyda joylashgan. Respublika markazining shahar bo‘limida kunu tun ishlaydigan bo‘lim bo‘lib, u yerga ayollar anonim ravishda 1169 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali murojaat qilishlari mumkin.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech