15 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,2 °C

Ijtimoiy hayot
28 Oktyabr  2019 438

“Yolg‘on xabar kimga va nima maqsadda kerak?”

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda “Jizzaxda uyi buzilgan odamlar chodirda kun ko‘rmoqda” sarlavhali bir enlik qisqagina xabar va unga qo‘shimcha ikkita surat joylashtirildi. Bu internet foydalanuvchilarining diqqatini tortdi.

Xabarni aynan keltiramiz.

“PAXTAKOR. “Barak tipidagi uylar pala-partishlik bilan, aholining o‘z hisobidan buzdirildi. Uyi buzilganlarga kompensatsiya berilmadi. Ayrim oilalar loy va paxsadan uy tikladi. Ayrim xonadonlar yangi uy qurishga imkoni bo‘lmagani sabab yarim vayrona uylarda qolib ketdi. Ko‘pchilik esa chodirlarda yashamoqda“. (Bu xabar “Ozodlik“ka 18-oktabr kuni kelgan)

Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida bo‘layotgan o‘zgarishlardan bevosita voqif bo‘lganim tufayli men uchun bu xabar kutilmagan voqyea bo‘ldi. Joriy yil iyun oyida O‘zAda e'lon qilingan “Obod qishloq” dasturi: navbatdagi manzil – Paxtakor” sarlavhali tahliliy maqolam turli internet saytlarida, radio va gazetalarda berilgandi. Shundan so‘ng qurilish ishlarining borishini kuzatib, ish yakuni haqida yanada atroflicha maqola yozishni niyat qilib turganimda bu xabar mening chorbog‘imga kimdir bildirmasdan bir arava axlat ag‘dargandek yoqimsiz edi.

Xabarning noma'lum muallifi o‘zining “Qish eshik qoqmoqda, aholi sovuq kunlarda qanday jon saqlar ekan?!” degan “tashvish“ va “xavotiri“ga tajribasiz o‘quvchini ishontirish uchun yangi qurilayotgan uylar orasida chodir aks etgan ikkita suratni ham ilova qilgan.

Shu o‘rinda o‘quvchi tajribasini nazarda tutganim bois, sal sinchkovlik va mulohaza bilan nazar soladigan kishida xabarning rostligiga shubha paydo bo‘lishi aniq. Avvalo, axborot olish va tarqatishning birinchi sharti bo‘lgan xabarning manbasi ko‘rsatilmagan.

Mayli, anonim xabar berishni bugun ayrim ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan “kasallik”, deb qo‘ya qolaylik. Ammo chop etilgan suratdagi yashil daraxtlar, o‘t-o‘lanlar “Bu xabar “Ozodlik“ka 18-oktabr kuni kelgan” degan izohga mutlaqo mos kelmasdi. Yurtimizda daraxt yaprog‘i oltin tusga kirganiga ancha bo‘ldi. Buyog‘i kuz-da, endi. Tabiatning ishi. Qolaversa, qurilish maydonida hali yashil o‘simlikning o‘zi yo‘q. Axborot tarqatishda ko‘p yillik va katta tajribaga ega “Ozodlik” “xabar”ning muhimligini nazarda tutib, shunday “arzimas xato”ga “e'tiborsizlik” qilgan bo‘lsa, ajabmas. Asosiy maqsad – o‘quvchini ishontirish! Bu maqsad qanchalik amalga oshganini xabar tagiga qoldirilgan postlar ko‘rsatib turibdi.

“Uysizla kashshok kambagalla juda kupayyapdi yakinda Indiyaga uxshab kuchaladayam Bush joyla kolmaydi bu olga kadam Bilan ketishda” (matn aynan keltirilmoqda – T.B.) deb munosabat bildiribdi bir “kuyunchak” o‘quvchi.

Bu manzaraga “xolis guvoh”lardan biri “To‘g‘ri yozilgan. Trassani chetida palatkalarda yotishgandi. Endi havo salkin bo‘lgani uchun yosh bolasi borlari karindoshinikiga, kvartiraga ko‘chishyabdi” desa, boshqa biri “Bahorda bir oy yomg‘ir bo‘ldi... palatkadagilarni ahvolini ko‘rganmiz... mana yana yomg‘irli, sovuq kunlar boshlanmoqda. Aholi, yosh bolla hozirgacha loydan g‘isht quymoqda... qachon quriydi u g‘ishtla.. qachon ko‘tariladi imorat” deya achinish bildirgan (matnlar aynanligi saqlangan – T.B.).

Sodda shevada, oddiy odamlar tilidan yozilgan bu izohlar xabarning rostligiga nisbatan tajribasiz o‘quvchida emas, oq-qorani tanigan odamda ham ishonch uyg‘otadi. Ushbu xabarni tarqatishdan maqsad ham shu – ODAMLARNI IShONTIRISh!

Aslida ahvol qanday?

Bugun butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham tumanlar markazi qayta qurilayotir. Mirzacho‘lni o‘zlashtirishning dastlabki davrida – 1967-yilda barpo etilgan tuman markazida o‘sha paytda qurilgan barak uylar haligacha bor. Cho‘lni o‘zlashtirishga dastlab kelganlar uchun qurilgan bu uylar cho‘lquvarlarning bir necha avlodiga boshpana bo‘lgan.

O‘tgan ellik yildan ziyodroq vaqt davomida bu uylar foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan. Ammo kommunal, maishiy qulayliklarga ega bo‘lmagan, ko‘rinishi xaroba holga kelgan bu uylarda odamlar hamon yashab kelishdi, hozirgi kunda ham yashayotganlar bor.

Endi bunday uylarda yashab bo‘lmasligi, eskirgan inshootlar, tor ko‘chalar, nochor infratuzilma tuman markazini qayta qurishni taqozo etayotgan edi. Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanishlar doirasida “Obod qishloq”, “Obod mahalla”,

“Obod markaz” dasturlari asosida bu muammo qanday hal etilayotganidan nafaqat yurtdoshlarimiz, balki qo‘shni mamlakatlar, hatto olis xorijda ham yaxshi bilishadi. E'tirof etishmoqda ham. Qolaversa, Do‘stlik tumanidagi butkul qayta qurilgan Manas qishlog‘ini, Mirzacho‘l tumani markazi Gagarin shahrini keyingi ikki yilda xorijdan ko‘plab odamlar kelib ko‘rib ketishdi. O‘zgarishlardan hayron ekanini ta'kidlashdi.

Paxtakor tumanida ham shunday o‘zgarishlar kutilayotgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil yanvar oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida Gagarin shahrida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, bu tajribani barcha tumanlarda qo‘llash taklifini bildirdi va ko‘p o‘tmay Paxtakorda ham ishlar boshlab yuborildi. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 3-yanvardagi “Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish to‘g‘risida”gi farmonida Jizzaxda “Ilg‘or hudud” sinov loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilab berildi va barcha tuman markazlari kabi Paxtakor tumani markazini ham yangilashga kirishildi.

Shu ezgu maqsadda boshlangan bunyodkorlik, yangilanish va o‘zgarishlar paxtakorliklar hayotiga yangi mazmun olib kirmoqda. Tuman markazini yangilash davomida 1960-1970 yillarda qurilgan 56 ta ko‘p qavatli, 88 ta barak tipidagi uy-joy ko‘chirilishi va ular o‘rnida ko‘p qavatli zamonaviy uy-joylar qurilishi belgilangan.

Tuman markazini bosh reja asosida qayta qurishda, avvalo, baraklardagi xonadonlarni turar joy bilan ta'minlash birinchi galdagi vazifa qilib qo‘yilganini bu ish hududiy rahbarlarning o‘ziga tashlab qo‘yilmasdan, Prezident Administratsiyasi rahbarligida tegishli vazirlik va idoralar, viloyat tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilayotganida ham ko‘rish mumkin.

Har bir xonadonni o‘rganish davomida barak uylarda istiqomat qiluvchilardan 120 ta oila yangi barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylarga ko‘chib o‘tish istagini bildirdi. 880 ta oilaga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib berildi. Shunday qilib, yarim asrdan ziyod nochor kulbalarda yashab kelgan 950 oila yangi turar joylar bilan ta'minlanayotir.

Buzish qiyin emas, lekin qurish vaqt, mablag‘, kuch talab qilishini yosh bola ham biladi. Bu yerda esa qariyb mingta uyning qurilishi haqida gap borayotir. Yangi uy qurishga hammaning ham qurbi yetmasligi aniq. Shuning uchun Mirzacho‘ldagi tajriba qo‘llanilib, baraklarni buzishga hyech kim shoshgani yo‘q.

Yangi uy qurib, ko‘chib chiqib ketganlardan ayrimlari o‘zlariga tegishli barakni buzib, eski qurilish materiallaridan foydalanayotir. Ko‘pchilik uchastkasi boshida hokimiyat tomonidan berilgan chodirda yashab, yoz davomida qurilishni yakunlab oldi. Hozirgacha uchta yangi massivdagi 470 ta uyning tomi yopilib, ko‘pida egalari yashayotir.

Oltinko‘l massivida iyun oyida bo‘lgandim. O‘shanda uy qaerdayu ko‘cha qaerdaligini ajratish qiyin, o‘ydim-chuqur, toshu shag‘al, g‘isht orasidan yurishning o‘zi mushkul edi. Sanoqsiz chodirlar tikilgan bu joy manzarasi o‘sha paytda olingan suratlarda saqlanib qolgan. Chunki xomiylar tomonidan bepul berilgan chodirlar quruvchilarga issiqda soya bo‘ldi.

Chodirlar bugun ham bor. Yangi uy qurayotganlar ulardan hali ham foydalanayotir. Yangi massivning markazida joylashgan uchta chodirda esa, tuman hokimligining qurilish shtabi joylashgan, mahalla guzari quruvchilari ham shu yerda.

O‘tgan to‘rt oydan ko‘proq vaqtda bu yerda ro‘y bergan o‘zgarishlardan hayrating oshadi. Hozirning o‘zida ushbu massivda qurilishi rejalashtirilgan 448 ta uydan 324 tasining tomi yopilibdi, qolganlarida ham bu ish nihoyasiga yetkazilayotir. Tomi yopilgan uylarning ko‘pchiligi pol, potolok ham qilinib, egalari ko‘chib kiribdi.

70 yoshni qoralagan Qahramon Rustamovning oilasi katta. Hali baquvvat, chayir mo‘ysafiddan “Ozodlik”da berilgan xabardagi kabi ahvol qaerda ekani haqida so‘ragan edik, hayron bo‘ldi. Otaxon internet nima ekanini bilmasligi tabiiy. Ammo yangi mahallada nima bo‘layotganini yaxshi biladi.

– Prezidentga, davlatimizga rahmat. Yordam beryapti, bolalar o‘zi ishlab qurayapti, – deydi mo‘ysafid. – 15 million so‘mdan kredit, sement, shifer, yana qancha yordam berdi. Shuncha yil 20 dan ziyod jon barakda tiqilib yashab kelayotgan edik. Yaratganga shukr, hozir har birimiz o‘z uyimizga ega bo‘ldik. Lekin siz aytgan nonko‘rlik, yaxshilikni yomonlik deyishni bizning qavmimiz qilmaydi. Men bunga Yaratganning oldida ham, vijdonim oldida ham kafil bo‘la olaman. Bunday yaxshi ishlarni ko‘rmaslik uchun ko‘r bo‘lishi kerak kishi.

Qahramon Rustamov kabi 2 va 3 tadan uy qurayotganlar ancha. Chunki bir uyda yashab kelgan bir necha oilaning har biriga turar joy uchun alohida yer berilgan.

– Ikki o‘g‘limning oilasi bilan bir uyda yashar edik, – deydi mehnat faxriysi Fotimaxon Nishonova. – Davlatimiz ko‘magida yangi massivda yonma-yon ikkita uy qurib bitkazdik. Bu yerda yashash uchun yaratilgan sharoitlarni ilgari havas ham qilmaganmiz. Uy keng, yorug‘, issiq. Elektr, ichimlik suvi o‘tkazilgan. Ballonli gazdan foydalanyapmiz. Ko‘chamiz asfalt. Bolalarimizning maktabga qatnashi uchun avtobus ajratilgan.

Kim bilan suhbatlashmang, shunday fikrni eshitasiz. Chunki bu yerga hyech kim yaxshi sharoitga ega uy-joyini tashlab kelgan emas. Agar yaxshi bo‘lganida ko‘chib chiqishga hojat bo‘lmasdi.

Eng muhimi, yangi uy qurganlarning hyech biri o‘z holiga tashlab qo‘yilmagan. Yangi uy quruvchilarga jami 5 milliard 549 million so‘mlik qurilish materiallari, ishlar, xizmatlar bilan yordam ko‘rsatildi. Jumladan, uy qurayotganlarga 1 ming 548 mashina shag‘al, 1 ming 170 tonna sement, 35 ming 100 dona shifer, 750 dona stropilla, 4 ming 660 tonna tuproq bepul keltirib berildi.

yer maydoni o‘lchamlari bir xil bo‘lsa-da, uyni har bir xonadon sohibi o‘z orzusi, istagi, didi va moddiy imkoniyatiga qarab quradi. Bu jihatlar ham hisobga olinib, tijorat banki tomonidan 214 fuqaroga 3 milliard 600 million so‘mlik 16 foizli kredit ham ajratildi. 102 nafar kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan oilalarning har biriga 20 million so‘mdan, jami 2 milliard 40 million so‘m moddiy yordam rejalashtirilib, hozirgacha ushbu ko‘makning 1 milliard 100 million so‘mi ehtiyojmandlarga berildi.

Albatta, yashash uchun faqat uyning o‘zigina kifoya qilmaydi. Yangi uylar qurilayotgan 5 ta massivda 5 ta elektr transformator punkti tashkil etildi. 266 ta simyog‘ochni o‘rnatish, 8,3 kilometr elektr uzatish tarmog‘i toritish uchun 1 milliard 263,5 million so‘mlik ish bajarilibdi.

1 milliard 406 million so‘mlik ish bajarilib, 3,1 kilometrlik markaziy, 15 kilometrlik ichki tarmoqlar tortilib ichimlik suvi keltirilganidan odamlar ayniqsa, mamnun.

Uy-joy qurilishi yillab cho‘ziladigan ish. Bitgandan so‘ng ham tugamaydi. Shu oddiy haqiqatdan kelib chiqib xulosa qilinsa, Paxtakor tumanidagi yangi massivlarda qurilishning nechog‘li tezkor borayotganini tushunish qiyin emas. Eng muhimi, faqat uylar emas, Oltinko‘l va Olmazor mahallalarida 200 o‘rinli yengil konstruksiyali tikuvchilik sexlari qurilib, foydalanishga topshirilayotgani tufayli xotin-qizlar ish bilan ta'minlanayotir. Shu maqsadda 230 nafar xotin-qiz kasb-hunarga qayta o‘qitildi.

Mahalla guzari bitish arafasida, maktabgacha ta'lim muassasasi, savdo, xizmat ko‘rsatish inshootlari qurilayotir. Yangi uylarga ko‘chib o‘tgan aholining 271 nafar bolasi maktabga avtobuslarda qatnab o‘qimoqda.

Ezgu maqsadni ko‘zlab amalga oshirilayotgan bunday katta ishlarga allaqanday bir ko‘rolmasning internet tarmog‘idagi yolg‘on xabari soya sololmaydi, albatta. Agar biz qayd etgan ishlarga kimdir ozgina bo‘lsa-da, shubha qilsa, marhamat, Paxtakor tumaniga kelsin, o‘z ko‘zi bilan ko‘rsin. Odamlar bilan gaplashsin. Uyiga kirib choy ichsa ham hech kim e'tiroz qilmaydi. Xalqimiz mehmondo‘st, yaxshini ham, yomonni ham nari tur demaydi. Shunday ekan, onda-sonda bo‘lsa-da, uchrab qolayotgan bunday yolg‘on kimga kerak va undan kim manfaatdor?

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech