22 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -1 °C

Voqea-hodisalar
3 Oktyabr  2019 620

Yaponiya va Janubiy Koreyada to‘fon: qurbonlar bor

Yaponiyaning Sikoku orolidagi Koti prefekturasining salkam 43 ming aholisini kuchli jala quyishi tufayli evakuatsiya qilish tavsiya etildi. Tinimsiz quygan jala daryolarning o‘zanidan toshishi va ko‘chkilarga olib kelishi xavfi juda yuqori bo‘ldi, deya xabar beradi NHK telekanali.

Prefekturadagi qator maktablarda mashg‘ulotlar to‘xtatilgan. Koti, Tosa, Susaki shaharlarida bir soat ichida 120 millimetrdan ziyod yog‘ingarchilik qayd etildi. Kotida daryo o‘zanidan toshib, deyarli yengil avtomobillarning tomiga qadar ko‘tarilgan. Keyinchalik kuchli toshqin bitta avtomobilni oqizib ketgani va uning ichida ayol kishi bo‘lgani ma'lum bo‘ldi. Yaxshiyamki, ayol mashinasidan chiqa olgan va omon qolgan.

Ushbu mamlakatga yaqin joyda past atmosfera bosimi yuzaga kelgan va natijada Yaponiyaning janubi-g‘arbiy qismida kuchli jala quygan. Keyin u «Mitag» to‘foniga aylandi va Koreya yarimoroli tomon harakatlandi.

Janubiy Koreyada «Mitag» to‘foni qurbonlari allaqachon to‘qqiz kishiga yetgan va yana besh kishi bedarak yo‘qolgani haqida YTN telekanali xabar tarqatgan. Keltirilishicha, Pusan, Pxoxan, Uljin, Kannin shaharlarida suv toshqini va ko‘chkilar oqibatida qurbonlar paydo bo‘lgan. Kanvondo, Kyonsan-Pukto, Chedjudo viloyatlarida yetti kishi jarohatlangan.

Telekanalning keltirishicha, Janubiy Koreyada jami 318 kishi (175 oila) evakuatsiya qilindi. To‘fon mamlakatda transport qatnovini izdan chiqargan, 44 ming xonadonda elektr energiyasisiz qolgan. Ushbu mavsumda o‘n sakkizinchisi bo‘lgan to‘fon chorshanba kuni Janubiy Koreya qirg‘oqlariga yetib keldi va Yapon dengizidagi Ullindo orolida harakatdan to‘xtab, tarqab ketdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech