19 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,8 °C

Mamlakatimizda
10 Sentyabr  2019 580

Xususiy notarial idoralar joriy etiladi

Notarial xizmat ko‘rsatishning sifat jihatdan yuqori, tezkor bo‘lishi fuqarolarda ishonchni mustahkamlaydi.

Prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon ayni shu maqsadlarni nazarda tutadi.

Farmonda nimalar nazarda tutilgan?

Birinchidan, 2020-yil 1-yanvardan xususiy notarial idoralar tashkil etiladi. Bu o‘zgarish aholining notarial idorada navbat kutib qolishi va idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini oladi.

Notarial palata tashkil etiladi va unga barcha notariuslar a'zo bo‘ladi.

Ikkinchidan, mol-mulklar bilan bog‘liq bitimlarni tasdiqlashda ham bir qator talablar bekor qilinadi.

Xususan, kelayotgan yilning 1-yanvaridan e'tiboran qurilishi tugallanmagan uy-joylarni sotishda hokimliklarning ruxsati, vasiylikdagi shaxs nomidan turar joyni ijaraga (arendaga) berishda vasiylik va homiylik organining roziligi talab etilmaydi.

Uchinchidan, bir qator notarial harakatlarni majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilinmoqda.

Xususan, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab yaqin qarindoshlar o‘rtasida notarial tasdiqlangan avtoishonchnoma bekor qilinadi.

2020-yil 1-yanvardan boshlab korxonani ijaraga, tekin foydalanishga berish, birlamchi bozorda mol-mulkni lizingga berish va garov (ipoteka) shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, 2020-yil 1-yanvardan quyidagi yangi notarial harakatlar joriy etiladi:

- fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha bo‘lgan jarayonda dalillarni ta'minlash;

- mulkiy va meros masalalarida mediator vazifalarini bajarish;

- mualliflik va turdosh huquq ob'ektining taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash.

2020-yil 1-yanvaridan quyidagi qulayliklar yaratiladi:

- ko‘chmas mulklar bo‘yicha bitimlarni notarial tasdiqlashda MIBning vakolatlariga kiradigan kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklar haqida ma'lumotlar faqat Byuroning axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi;

- agar taraflar turli hududlarda bo‘lsa, o‘sha huddagi notarial idorada turib videokonferensaloqa orqali bitimlarni notarial tasdiqlashi mumkin;

- ochiq axborot tizimidagi ayrim hujjatlarning elektron shakli mulkni begonalashtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirishda hujjatning qog‘oz shakli bilan teng huquqiy kuchga ega bo‘ladi;

- respublika hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar notariusga taqdim etilmasdan turib, ularni noyob raqam orqali tekshirish mumkin bo‘ladi;

- notariusga murojaat etishda elektron navbat olish va hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish xizmati joriy etiladi;

- notarial arxivda mavjud bo‘lgan hujjatlar nusxasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoni yaratiladi.

“Huquqiy axborot” kanali.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech