22 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,8 °C

Salomatlik
5 Fevral  2019 1864

Vitaminlar nima ekanini bilamizmi?

“Vitamin” degan so‘zni tez-tez ishlatamiz. Oddiygina qabul qilamiz. U lotincha “vita” – “hayot” va inglizcha “amine” – “azotli birikma” so‘zlaridan olingan.

 Vitaminni o‘zbekchasiga “darmondori” deyish mumkin. U tirik organizmlar, jumladan, odamning yashashi va tanada moddalar almashinuvi uchun nihoyatda zarur bo‘lgan organik birikmadir. yeyayotgan ovqatimizda vitamin yetishmasa, gipovitaminoz, mutlaqo bo‘lmasa, avitaminoz yuzaga keladi.

 Darmondorilarning asosiy manbai o‘simliklar hisoblanadi. Vitamin hosil bo‘lishida mikroorganizmlar ham katta ahamiyatga ega. O‘simliklar o‘zlari uchun o‘zlari vitamin ishlab chiqara oladi. Odam esa darmondorilarning asosiy qismini oziq-ovqatlardan o‘zlashtiradi. Vitamin yetishmasligi turli kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

 A vitamini yetishmasligi shabko‘rlikka olib boradi. Hozir 15ga yaqin vitamin turi aniqlangan. Dastlab darmondorilarga alifbo harflari bilan nom berilgan. Keyinchalik ularning kimyoviy tuzilishiga ko‘ra xalqaro standartlashgan nomlar berilgan . Vitaminlar suvda eriydigan, yog‘da eriydigan va vitaminsimon birikmalarga ajratiladi. Hayvon yog‘lari va o‘simlik moylari tarkibida uchraydigan A, D, ye va K kabi yog‘da eriydigan ayrim vitaminlar tanada oylab turishi mumkin. Suvda eriydigan S vitamini va B guruh vitaminlari yashil yaproqlar, mevalar va yormalar tarkibida bo‘ladi. Odam ularni har kuni qabul qilishi kerak. Faqatgina D va K vitaminlarini odam tanasi mustaqil ishlab chiqara oladi. D vitamini bolalarda suyak o‘sishi uchun juda zarur. Bu darmondorini quyosh tushishi ta'sirida teri ishlab chiqaradi. S vitamini omma orasida “askorbin kislotasi” sifatida mashhur. U tanamizga infeksiyalar bilan kurashishda yordam beradi.  

Inson sog‘lom bo‘lishi uchun darmondorilarga boy mahsulotlarni iste’mol qilishi, yoki tayyor vitaminlardan foydalanishi lozim. Shundagina organizm  o‘ziga kerakli ozuqani oladi.

Mehrangiz Usmonovalari.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech