13 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +1,1 °C

Suhbat
18 Dekabr  2018 2773

Abdullajonni tutolmay yig‘lagan general

Yuzdan ziyod rollarni maromiga yetkazib ijro etganiga qaramay, u baribir rejissyor sifatida taniqli. Vladimir Valentinovichning «O‘yin», «Muhabbat va kaptarlar», «Shirli-mirli» va «Oskar» mukofotiga taqdim etilgan «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi» filmlari bizga ham yaxshi tanish. Mamlakatimiz poytaxtida o‘tkazilgan «PROlogue» kinofestivali doirasida o‘tkazilgan ijodiy kechada xalq artisti, Rossiya davlat mukofoti laureati Vladimir Menshov o‘z hayot yo‘li, kechagi va bugungi kinematografiya, hamkasblari va boshqa ko‘p narsalar haqida so‘zladi.

- Faxriy mehmoni sifatida festival haqida fikrlaringiz qanday?

- O‘ta muhim va jiddiy hodisa hisoblangan Toshkent xalqaro kinofestivalini eslayman. O‘zbekistonning bugun ham san’atimizni qo‘llab-quvvatlayotgani juda ajoyib. Agar tashkilotchilar yaxshi kinoni qidirib topa olishsa, zo‘r ish bo‘lardi.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Sharq kuchayib bormoqda. Yaqinda Pxenyanda  g‘aroyib filmlar olib kelingan kinofestivalda ishtirok etib qaytdim. O‘shandayoq bozorni Xitoy egallab bormoqda, degan xulosaga kelgandim. Ular amerikaliklardan tajriba o‘rganib, endi buni namoyish etishmoqda. Darvoqye, mamlakatlarimiz ham ularning tajribasiga e’tibor qaratishi mumkin.

- Siz haqingizda, ko‘rinmas devorlarni buzgan, rus tilidagi kinolarni G‘arbga ochgan  kishi, deyishadi. Buni qanday uddaladingiz va hammasi qanday boshlangan?

- Ijodimni bunchalik zavq bilan baholamayman. Yaxshi kinolar hamisha bo‘lgan va o‘z kinoasarimni ulardan mo‘ljal olib, suratga olganman. 1930-yilgi kinematogarfiya, ayniqsa, kuchli. Ajoyib va aqlli fuqarolik komediya janridagi filmlar. Ayrimlariga odamlar yopirilib kirardi. Ularni yaratganlarning ko‘pchiligi millatning qalbidan joy olgan.

Grigoriy Aleksandrov komediyadan komediyaga o‘sib bordi, uning ishlarini tomosha qilganda kishi o‘zini kulgidan to‘xtata olmaydi. Professional o‘sish esa, 1950-yillar to‘lqinlariga to‘g‘ri keldi. Bu davrda kinozallar dunyoga yagona darcha vazifasini o‘tagan. Televizorni hammayam xarid qila olmasdi, kun bo‘yi radio tinglashardi va kinolarga xuddi bayramga ketayotgandek borishardi. Menga yana italyancha norealizm katta ta’sir ko‘rsatgan. Ularda vayronagarchiliklar ko‘rsatilardi, ammo shunday rakurs va did bilan namoyish etilardiki, qancha tushsangiz ham yana va yana ko‘rgingiz kelaverardi.

O‘z kinolarimni suratga olguncha ana shunday tajribalarga ega bo‘lib ulgurgandim. Biron nimani ochib tashlash umuman xayolimga ham kelmasdi, ammo qizig‘i, aynan ana shu ish uchun ko‘p «po‘stagimni» qoqishardi. Keyin esa mo‘’jiza yuz berdi, deyish mumkin. «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi» kartinasini tomoshabin juda yaxshi kutib oldi va «Oskar»ga taqdim etildi.  O‘shanda «Xorijiy tildagi eng yaxshi film» nominatsiyasiga beshta film taqdim etilgandi. Yosh va hali birov tanimaydigan men bilan birga Akira Kurosava, Fransua Tryuffo, Karlos Saura, Ishtvan Sabolar ham bor edi... Tabiiyki, hamma ular orasida mening hyech qanday imkoniyatim yo‘q, deb hisoblardi. Hatto, meni Amerikaga ham jo‘natishmagan.

Taqdirlash marosimi esa, 30-martda bo‘lib o‘tishi kerak edi. Hamma shunga radio va televizorlarini sozlashga urinardi. Ammo ertalab Reyganga suiqasd uyushtirilgani sababli tadbirni bir kun keyinga surishgani ma’lum bo‘ldi. Taqdirlash marosimi 31-martda bo‘lib o‘tdi, ammo vaqtdagi farq sababli bizda 1-aprel boshlangandi. Keyin tabrik qo‘ng‘iroqlaridan go‘shak sinib ketay dedi. Ammo men buni hazil, hazil bo‘lganda ham ahmoqona hazil, deya qabul qilardim.

- Juda ko‘p omadli kartinalarni suratga olgansiz, ularning davomini suratga olish haqida hyech o‘ylaganmisiz?

- Boshidayoq aytay, shunday takliflar bo‘lgan. Ammo shaxsan o‘zim bunday g‘oyalarga salbiy munosabatdaman. O‘zingiz o‘ylang, yangicha yana nima ham berish mumkin? Masalan, film haqida kitob yozgan sseraniy muallifi Valentin Chernix bilan huquqlarimiz alohida-alohida bo‘lgan «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi»ni olaylik. Ochig‘i, o‘sha kitobni o‘zim hali o‘qib chiqqanim yo‘q. Bu tarixning barini tomoshabin biladi, uning qahramonlarini yaxshi ko‘radi, uning davomini suratga olish esa yuqoridagi samarani o‘ldiradi, xolos. Bunga isbotlar juda ko‘p. «Taqdir hazili yoki qushday yengil bo‘ling»ni bir eslang. Aslida kartina tugallangan. «Seni shunchalik uzoq kutganmanki» jumlasi yangraydi va titrlar paydo bo‘ladi. Kinoning asl mazmuni shunday bo‘lishi kerak edi. Keyin-chi? Balki yarim yildan so‘ng ular ajrashib ketishgandir, ammo film boshqa narsa haqida. Bunday paytda Tolstoyning «baxtli yakun – o‘quvchini aldashdir», degan gapini esga olish o‘rinli. Aslida to‘ydan so‘nggina barcha muammolar boshlanadi.

- Yosh rejissyorlarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

- O‘zim Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (BDKI) va Ssenariynavislar va rejissyorlar oliy kursi (SROK)da dars beraman. Ammo haliga qadar biror omad formulasini topganim yo‘q. Yillar o‘tib, hamma narsaga, hatto, aktyorlarni tanlashga ham oddiy omillarga tayana boshlayapman. Ya’ni hyech nima bilmasligimni bilyapman. O‘yin yoki kartinani ko‘rsam, u joyi unday bo‘pti, bu joyi bunday bo‘lishi kerak edi, deya olaman, xolos. Qanday suratga olish, ijro etish yoki artistlarni tanlash maslalarini qandaydir umumlashtirishning shunchaki imkoni yo‘q.

Bunda kuchli amaliyot va yaxshi ma’lumot olgan bo‘lish zarur. Teatrlarga borishni hammaga tavsiya qilgan bo‘lardim. Teatr san’ati shaklan ijodda ancha topqirroq. Bu madaniyatni ham o‘stiradi va izlanishga turtki beradi.

Umidsizlikka berilmaslik kerak. Har bir kursimizda yorqin, o‘z so‘zini aytadigan, jo‘shqin insonlar ko‘p. Sezilmay, odamlar ko‘ziga tashlanmay, chetda turib ishlaydiganlari ham uchraydi. Ko‘pincha ikkinchilari shunaqa «otib» qolishadiki.

- Hozir filmlarda kompyuter texnologiyalaridan foydalanilmoqda. Bunga munosabatingiz qanday?

- Bunga bizning avlod vakillari ko‘nikishi qiyin. Bundan 20 yilcha muqaddam yangi oqimlarga qo‘shilib, singib ketish mumkin edi. O‘zim ham bunga ulgurmasam kerak, deb o‘ylayman, ammo texnologiya borasida ancha ilg‘or bo‘lgan «Tungi dozor»da suratga tushdim. Keyin suratga olingan materialni katta qiziqish bilan tomosha qilganman, texnik ishlovdan so‘ng natijalarni umuman tanib bo‘lmas ekan.

Texnikaning bunday keng imkoniyatlari ertaklarni suratga olishda juda qo‘l kelishi mumkin. Sohaning, zamon talablarining o‘zgarib turishi tushunarli holat. Lekin bu men kirib kelgan va jondan ortiq ko‘rgan kino san’ati emas. Insoniy munosabatlar rivojlanib boradigan, jiddiy ijtimoiy ohanglar singdirilgan filmlarni yaxshi ko‘raman.

- Siz kamera ortida va oldida turib ham kam sonli o‘zini omadli namoyish eta olganlar toifasidansiz. O‘zingizga qay biri ma’qul: rejissyorlik qilishmi yo suratga tushish?

- Ritorik savol bo‘ldi va unga javobim bor, albatta. Rejissyorlik kasbi – butun umringga tatiydigan ajoyib og‘udir. Kim suratga ola boshlagan bo‘lsa, aktyorlikka to‘laqonli qayta olmaydi. Ko‘pchilik bunga urinib ko‘radi, albatta, ammo ortga yo‘l yo‘q. Yana bir tomoni biror joyda suratga tushish uchun o‘zingga rosa «o‘t qalashing» kerak, yana ssenariy ham ko‘nglingga o‘tirishi lozim.

Rejissyor juda katta ishni amalga oshiradi. Ya’ni ssenariynavisga moslashishi, barchaning savoliga javob berishi, hammasini nazorat qilib turishi lozim. Aktyorga osonroq, u faqat ijro etadigan roli uchun mas’ul.

- Ishlaringizda o‘z shaxsiy hayotingizdan olingan syujetlar ham bormi?

- Rejissyor xuddi operator, rassom, aktyor kabi filmiga o‘zining ham bir bo‘lagini jo etadi. Lekin birorta filmimni qisman bo‘lsa-da, avtobiografik, deb aytolmayman. Buning uchun yetarli darajada jur’atli emasman.

Hayotda qiziqarli syujetlar juda ko‘p. Masalan, to‘rtinchi urinishdan so‘nggina Moskva badiiy akademik teatri (MBAT)ga kirganman. Bo‘sh qolgan paytlarda chilangar, dengizchi bo‘lib ishlaganman. O‘shandayoq kino mening taqdirim ekanini, shu sohada ishlamasam bo‘lmasligini tushunib yetganman. Kartinalarimga real hayotdan faqat tajribalarni ko‘chiraman, xolos.

- O‘zbekistonda olgan taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- Bu yurtga yana kelganimdan xursandman. Dunyoni, sayohat qilishni yaxshi ko‘raman. Umrim ham bolaligimdan ko‘pgina davlatlar bilan bog‘langan. Bokuda tug‘ilganman, urush paytida Eronda yashaganman, keyin Astraxanda. Shajaramiz ildizlariga hali chuqur kirib borganim yo‘q, ammo tanamda sharq qoni ham oqayotganiga ishonaman.

O‘zbekistonda iste’dodli insonlar juda ko‘p, qancha ajoyib do‘stlarim bor. San’atingiz va ijodiy hayotingiz haqida yanayam ko‘proq bilishni istardim. Buning madaniy tajriba almashuvisiz sira iloji yo‘q.

Sabina Alimova

yozib oldi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech